5.4. Boshqarishning ijtimoiy-ruhiy usullari.
Ijtimoiy-ruhiy usullarnnig asosiy maqsadi jamoalarda sog’lom ijtimoiy-ruhiy muhitni yaratishdir. Bu usul ijtimoiy-ma’naviy vaziyatga ta’sir etish yo’li bilan kishilarning fe’l-atvori, ruhiyatini hisobga olib ularning ijtimoiy (sotsial) talablarini qondirish orqali boshqarishni bildiradi.
Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy-ruhiy usullar bu ishlab chiqarish jamoalarini, ulardagi "psixologik vaziyatni", har bir xodimning shaxsiy xususiyatlarini o’rganishga asoslangan usullardir.
O’z mohiyatiga ko’ra boshqarish usullarining bu guruhi jamoaning shakllanish va yuksalish jarayoniga, kishilarning ongiga, ma’naviy manfaatlariga jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda ta’sir qiluvchi vositalarning majmuidir.
Ijtimoiy-ruhiy usullar "Boshqarish sosiologiya"si va "Boshqarish psixologiyasi"ga asoslanadi.
Boshqarish sosiologiyasi insonning ishlab chiqarish omillari bilan o’zaro aloqasi, jamoaning sotsial rivojlanishini rejalashtirish, mehnat jamoasini tarkib toptirish, xodimlarning tashabbusi va ijodiy faolligini oshirish kabi muhim muammolarni ko’rib chiqadi.
Boshqarish psixologiyasi kishilarning boshqarish faoliyatlari xususiyatlarini va natijalarni aniqlashga xizmat qiladigan hodisalarni o’rganadi. U kadrlarni tanlashda, ularni joy-joyiga qo’yishda, topshiriqlarni, funksiyalarni taqsimlashda, xodimlarni rag’batlantirishda, intizomni mustahkamlashda va hokazolarda qo’llaniladi.
Psixologiya insonning ruhiyatini o’rganuvchi fandir. Inson ruhiyatiga esa sezish, idrok qilish, tasavvur, tafakkur, taassuf jarayonlari, xotira, dikkat, e’tibor, iroda, shuningdek inson shaxsining ruhiy xususiyatlari, chunonchi, qiziqish, qobiliyat, xarakter va mijoz kiradi.
Ijtimoiy psixologiya — bu kishilar va jamoa faoliyati psixologik va sotsial omillarning o’zaro aloqasi qonunlarini, turli ijtimoiy guruhlar xususiyatlarini, jamoa muloqoti va o’zaro ta’sir ko’rsatish shakllarini o’rganadigan psixologiya fanining sohasidir.
Sosiologik axborotlarni maxsus tadqiqotlar o’tkazish yo’li bilan olish mumkin. Bulardan eng muhimlari quyidagilardir:
1. Hujjatli usul, bunda zarur ma’lumotlar statistik to’plamlardan, boshlang’ich hisobga olish hujjatlaridan olinadi.
Shaxsiy xarakterdagi hujjatlardan foydalanish usuli-turli masalalar yuzasidan kishilarning o’z qo’llari bilan yozilgan narsalar: ariza, shikoyat, qarindosh-urug’ va tanishlarga yozilgan xatlar, tarjimai hol, tushuntirish xatlari va hokazolar.
Ilmiy konferensiyalar o’tkazish usuli, bunday konferensiyalarni tayyorlash va uni o’tkazishda, odatda, ayrim masalalar yuzasidan material to’plovchi, amaliy tavsiyanomalar ishlab chiquvchi bir qancha xodimlar ishtirok etadi.
2. Anketali usul - oldindan tayyorlangan dastur bo’yicha yozma ravishda savollar beriladi va yozma javoblar olinadi.
3. Intervyu olish usuli - bunda muammoni o’rganish uchun xodim bilan bevosita suhbat o’tkaziladi.
4. Kuzatish usuli - jamoa faoliyatini shaxsan kuzatish odamlar bilan uchrashish va muloqotda bo’lib, ob’yektiv va batafsil axborot yig’ish, shuningdek har bir jamoa rolini baholash imkonini beradi.
5. Sotsial eksperiment o’tkazish usuli - bu usulda sun’iy ravishda ijtimoiy vaziyatni vujudga keltirish yo’li bilan ijtimoiy hodisalar to’g’risidagi ilmiy xulosalar va mavjud bilimlar tekshirib ko’riladi.
Qayd qilingan ijtimoiy tadqiqotlarning ham ijobiy jihatlari, ham kamchiliklari bor. Shuni hisobga olgan holda, u yoki bu usulni voqye’likni real aks ettirishi va ko’prok samara berishiga qarab tanlash lozim. Tajribalar esa bu usullarni ma’lum darajada birga qo’shib qo’llanishi maqsadga muvofiq ekanligini ko’rsatadi.
Mehnat jamoalaridagi sotsial-ruhiy vaziyat yuzaga kelgan nizolar soni bilan belgilanadi.
Nizo — bu rahbar, ishchi va boshqa xodimlar orasida muayyan masalalarni hal qilishda tomonlarning bir-biri bilan bir yechimga kela olmaganligini bildiradi.
Jamoa a’zolari orasidagi nizolar, asosan ishlab chiqarishning qoniqarsiz tashkil qilinganlili, jamoa a’zolarining ruhiy holatlari hisobga olinmaganligi, zarur ish sharoitining yaratilmaganligi va boshqa sabablar natijasida vujudga keladi.
Nazorat uchun savollar:
1. Usul nima? Boshqaruv usuli nima?
2. Delfa usuli nima?
3. Majbur qiluvchi usul qaysi usulga xos?
4. Tashkiliy-ma’muriy usullargi nimalar kiradi?
5. Manfaatdorlik usuli qaysi usulga xos?
6. Iqtisodiy usullarga nimalar kiradi?
7. Ishontiruvchi usul qaysi usulga xos?
8. Ijtimoiy-ruhiy usullarga nimalar kiradi?
9. Siz o’z guruhingiz rahbari bo’lsangiz boshqaruvning qaysi usulidan foydalangan bo’lar edingiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |