Iqtisodiy asos. Ba’zi mamlakatlarda urbanizatsion hududlarni aniqlashda aholi soni boshqa mezonlar bilan birga qo’llanadi. Masalan, Hindistonda aholi manzilgohidagi 75 foizdan ortiq erkak aholi noqishloq xo’jaligi ishlarida band bo’lishi lozim.
Ma‟muriy talab. Dunyodagi ko’pgina shaharlar va shaharchalar qonuniy yoki ma‘muriy mezonlarga qarab ajratiladi. Milliy hukumat tomonidan urbanistik hududlarni izohlash turli xilma-xillik kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Bu esa dunyo bo’yicha taqqoslash, tadqiqot olib borish bo’yicha olimlar tomonidan o’z fikrlarini berishda qiyinchilik tug‘diradi. Ma‘muriy tushuntirishda ikkinchi muammo shundaki, urbanistik hudud haqiqiy fizik o’lchami bilan o’xshash bo’lishi mumkin. Ko’pincha shaharning o’z ma‘muriy chegarasidan chiqib ketishi kuzatiladi. Bu markaziy shaharda moliyaviy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Chunki, qatnovchilarda soliq va daromadning qayta taqsimlanishi va uning shahardan chiqib ketishi kabi muammolar kelib chiqadi. Shaharning chegaradan chiqib ketishi, uning o’zgarishi kabi bir qator muammolar tufayli urbanistik tadqiqotchilar tomonidan urbanizatsiyaning haqiqiy manzarasini ko’rsatadigan funksional urbanistik mintaqalar aniqlangan. Kengaygan urbanistik hududlar konsepsiyasi birinchi marta AQSH yillik to’plamida 1910-yilda va keyinchalik 1960-yilda Standart Metropoliten Hudud Statistikasida rivojlantirilgan. U ikki va undan ortiq Metropoliten Standart Hududini o’z ichiga oladi (M.Pacione, 2009, 61-b.). Hozirda Rossiyada 12 ming, AQSH da 2,5 ming, Islandiyada 200 kishi, O’zbekistonda 7 ming, Turkmanistonda 5 ming kishi bo’lgan aholi manzilgohi shahar deb yuritiladi.
BMT tadqiqotlarida xalqaro miqyosda aholi soni 20 mingdan, milliy miqyosda esa 5 mingdan kam bo’lmagan aholi manzilgohinin shahar deb hisoblash qabul qilingan. Shunday shaharlar ham borki ular davlat ham hisoblanadi va shahar-davlatlar deyiladi. Masalan, Vatikan, Singapur, San-Marino. O’zbekistonda qadimda poytaxtlar, yirik ma‘muriy va diniy markazlar, savdo-sotiq markazlari shahar deb yuritilgan va miqdoriy ko’rsatkichlar asos qilib olinmagan. Sobiq Ittifoq tarkibiga kirgach bir necha bor shahar maqomi berish tartib-qoidalari qabul qilindi. 1972 yildan buyon eng kamida 7 ming aholiga ega bo’lgan (ungacha 12 mingdan kam bo’lmasligi lozim edi) hamda ular aholisining 2/3 qismi qishloq xo’jaligi bilan bog’liq bo’lmagan sohalarda band bo’lgan aholi manzilgohi shahar deb yuritiladi. Boshqaruv (ma‘muriy) nuqtai nazaridan shahar aholi manzilgohlari respublikaga, viloyatga va tumanga bo’ysunuvchi shaharlarga ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |