2. Var shaxarlari
O’rta Osiyo hududida mil.avv IV-III mingyilliklarda quyi Amudaryo havzasi etaklarida Adjikuy va yuqori Zarafshon vohasida Sarazm madaniyati arxeologik tadqiq qilishgan. Bu qarorgohlarda xom g’isht va paxsadan ishlangan turli maqsadlarda ishlatilgan qator xonlar ochib o’rganilgan. Surxandaryo viloyatida esa mil.avv.XVIII-XIVasrlarga oid 82x82 metr o’lchamli Sopolli tepa yodigorligi o’rganilgan. Kvadrat ko’rinishli bu qo’rg’onning har bir tomoni biri kattaroq ikkinchisi esa undan kichikroq bo’lgan ikkita uzunchoq to’rt burchaklardan tashkil topgan. Bu ikki to’rt burchaklarning oraliqlaridan markazga o’tkazilgan perpendikulyarlar otashparastlar keng qo’llagan “ezgulik ramzi” deb nomlanuvchi xoch tasvirini beradi. Mana shunday mukammal tashqi devorlarga esa bo’lgan qo’rg’onning ichidagi imoratlari qing’ir-qiyshiq, turli-tuman shaklda qurilgan. Morfologik jihatdan qal’a ichi imoratlari tashqi devorlar shakliga umuman mos kelmaydi. Shu tufayli biz bu qal’a dastlab faqatgina tashqi devorlari mustahkam istehkom sifatida qurilgan bo’lib, uningsahni chodirlar tikib, ma’lum muddatda muhofazalanish yoki yashash uchun foydalanilgan qo’rg’ondan tashkil topgan bo’lsa kerak degan taxminiy xulosaga keldik. Bu inshootning ichkarisidagi imoratlari qal’a tashqi devorlaridan keyin qurilgan bo’lishi kerak.
Bu ko’rinishdagi shaharlar qadimgi Xorazm misolida yaxshi o’rganilgan var (yoki vara) deb nom olgan qal’alar misolida ma’lum. Bu an’ana Amir Temur zamonida ham barqaror bo’lganligi uning Samarqand yaqinidagi Koni gil qo’rig’ida ulkan chodir shahar tiklab, to’y-tantanalar o’tkazganligi to’g’risidagi Rui Gonzales de Klavixo va Sharafiddin Ali Yazdiy ma’lumotlarida o’z ifodasini topgan. Xitoylik tadqiqotchi Bao Muping bergan ma’lumotga qaraganda chodirli shaharlar tiklash an’anasi Mo’g’ilistonda yaqin paytlargacha mavjud bo’lgan.
Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi O’rta Osiyoning ikki buyuk daryolari - Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida urbanizatsiyalashgan hududning markaziy qismini tashkil etadi. Bu hudud tarixiy-siyosiy, geografik manbalarda Transoksiana (Yunon-Rim manbalari), Turon (Eron manbalari, xususan “Shohnomada”) “Movarounnahr (Arab manbalari) va Turkiston (mahalliy va yondosh o’lkalar manbalarida) nomlari bilan ulug’ yurt sifatida tilga olinadi. Bu yurtning ulug’lanishining sababi shundaki, juda qadim zamonlardan boshlab bu erdan ko’pgina o’lkalarni o’zaro bog’lagan” Qalay va Qo’rg’oshin yo’li”, ”Mis yo’li”, ”Zumrad yo’li”, “La’l yo’li”, “Buyuk ipak yo’li” singari transkontinental marshrutlar o’tgan. Bu erda jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qo’shgan imomlar-muhaddislar al Buxoriy va al Termiziy, islom ilmida benazir bo’lgan “Motrudiya” ta’limotining asoschisi Abu Mansur Maturidiy, algebra asoschisi Muhammad Muso al Xorazmiy, qomusiy olimlar Beruniy va Ibn Sino, Sharq falsafasi asoschilaridan biri Forobiy, buyuk davlat arbobi Amir Temur, uning nabirasi shoh va astronom Mirzo Ulug’bek singari talaygina shaxslar etishib chiqqan. Shuning uchun ham bu o’lka davlatchiligi tarixi va davlatchilikning asosini tashkil etadigan shaharsozlik madaniyatini o’rganish katta ahamiyat kasb etadi. Chunki bu erdagi Toshkent, Samarqand , Buxoro, Xiva singari shaharlar madaniyat chorrahalari sifatida o’zida moddiy va ma’naviy taraqqiyot siru asrorlarini saqlab kelmoqda.
O’zbekiston hududida, ko’pgina daryo irmoqlari, soylar va buloqlar bo’yida tosh asri bilan bog’liq bo’lgan qarorgohlar ochib o’rganilgan. Bu erdagi tabiiy iqlim sharoiti ham o’troq, ham ko’chmanchilik tarzida hayot kechirishga imkon bergan. Mana shu narsaning shaharsozlikda ham o’z ifodasini topganligini kuzatish mumkin. Binobarin O’zbekiston hududida tadqiq etilgan qadimiy shaharsozlik namunalarini kompozitsion jihatdan quyidagi uch turga bo’lish mumkin:
Atrofi usti berk yo’lak bilan o’ralgan, ichida aytarli muqarrar imorati bo’lmagan, ilmiy davrada “vara” yoki “var” nomini olgan to’rtburchak qal’a-shaharlar;
O’rtasidan markaziy ko’cha kesib o’tgan, shahar to’rida ma’muriy, savdo, jamoa binolari joylashgan, bir darvozali, to’rtburchak shaklidagi dual shaharlar;
Ark, shahriston va raboddan tashkil topgan uch qismli shaharlar.
Bu ma’lumotda shaharlarning uch strukturali – ark shahriston, raboddan tashkil topganligini ko’ramiz. Yirik shaharlarda esa ichki va tashqi shahristonlar bo’lgan. Shu tufayli ichki shahar (shahri darun) va tashqi shahar (shahri birun) atamalari kelib chiqqan. Bu arabcha madina daxil, madina xarij iboralariga mos keladi. Ibn al Faqih ma’lumotidagi shahristonning to’rt darvozasi bo’lganligi haqidagi xabar juda ham muhim hisoblanadi.
To’rt darvozali shaharlar O’rta Osiyoda juda qadim zamonlardan boshlab paydo bo’lgan. Buni shaharoldi madaniyati deb hisoblash mumkin bo’lgan Sopolli tepa (m.avv. XVIII-XIV asrlar) misolida ko’rish mumkin. Keyinchalik buni “var” (vara) deb nom olgan chodirli shaharlar misolida kuzatish mumkin. Masalan, Qal’ali qir, Qo’nirli Qal’a, Angqa qal’alarning to’rt tomonga
qaragan to’rttadan darvozasi bo’lgan. Bu darvozalar dunyoning to’rt tomonidagi shahar va yurtlarga olib boruvchi karvon yo’llariga ulanib ketgan. O’rta asrlarga kelib bu an’ana ma’lum bir tartibga solindi. Amir Temur davridan boshlab shaharlar markaziy qismi “rub’a” (arab tilida to’rtlik degani) yoki “qit’a” deb ataluvchi shahristondan tashkil topgan. Bu shahristonlarning to’rt darvozasini kesib o’tuvchi ikki katta ko’cha shahar markazida o’zaro kesishgan va bu joy “chorsu” deb nomlangan. Amir Temur Samarqand Chorsusida Saroymulkxonimga bag’ishlab Kulohfurushlar gumbazi deb nomlangan yopiq bozor qurdiradi. Shundan so’ng bu an’ana Shahrisabz, Qarshi, Andijon, Buxoro va boshqa shaharlarga tarqaladi. Amir Temur va boshqa temuriylar davrida rub’a (qit’a) shaklidagi shahristonlar Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Toshkent, Marv, Baylaqon, Hirot, Andijonda qo’llanilganligini e’tirof etish kerak. Keyinchalik Xiva Ichan qal’asi ham shu yo’sinda qurilgan. Shaharlarning tashqi qal’alari X-XII asrlarda 12 darvozali bo’lgan bo’lsa, keyinchalik turli shakl va turli sondagi darvozalar qo’llanila boshlandi. Lekin barcha holatlarda to’rt darvozali shahriston ichki yadroni tashkil etardi.
To’rt burchak ko’rinishidagi shahristonning shakli o’zgargan bo’lsada ularning markazida joylashgan Chorsu nomli bosh savdo chorrahalarning o’rni va nomi saqlanib qolgan. Buni Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Andijon, Namangan, Qo’qon va boshqa shaharlar chorsulari misolida ko’rish mumkin. Bundan tashqari yuqoridagi shaharlarning aytarlik barchasida Registon nomli shaharning bosh ma’muriy-ijtimoiy maydonlari mavjud bo’lgan. Tarixiy shaharlar uchun shuningdek tim, rasta, xiyobon, chaqar (harbiy garnizon), qalandarxona singari elementlar xarakterli bo’lgan. Bularning noyob namunasi sifatida Samarqand Registoni, Buxoro Labi Hovuzi, Qo’qon o’rdasi va boshqa ko’plab me’moriy ansambllarni ko’rsatib o’tish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |