FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI..........................................78
ILOVALAR
KIRISH
Magistirlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi.
O‘zbekiston mustaqilligining fazilatlari bisyor. Shulardan biri sifatida jahon xalqlari tillarini biluvchi tarjimonlarning soni ortib borayotganini aytish mumkin. Endi o‘zbek kitobxoni jahon xalqlari adabiyoti bilan asl (ona) tilidan o‘girilgan tarjima orqali tanishish imkoniyatiga ega bo‘lyapti: badiiylik to‘kisligi, nozik tomonlari bilan kitobxonga yetib kelishiga sharoit tug‘ildi.
“Mamlakatimizda hayotning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning taqdirida, odamlar dunyoqarashining o‘zgarishida, buyuk davlat barpo etishdek oliyjanob orzuimizning ro‘yobga chiqishida zamon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi”. Malakali va mustaqil fikrli kadr tayyorlash uchun yurtimizda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu imkoniyatlar qonun hujjatlari bilan ham mustahkamlangan. O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida aytilganidek, ta'lim O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e'lon qilingan1.
Oliy ta’limda kadrlar tayyorlashni markazlashtirishdan huquqiy yo‘nalishga o‘tkazish ishi olib borilmoqda, o‘quv yurtlarining tarmog‘i kengaymoqda, universitet ta’limi rivojlanoqda. Xususan, ta’lim jarayonini, oliy ta’limning o‘quv reja va dasturlarini yangi pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini keng joriy etish asosida yanada takomillashtirish borasida harakatlar boshlab yuborilgan. Ma’lumki, magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir. Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining PhD va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, oliy ta’lim muassasalari va qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari o‘quv jarayonlariga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish kabi vazifalar ta’lim sohasini tubdan isloh etish bo‘yicha qo‘yilgan dadil qadamlardan biridir. Ayni vaqtda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish zarurati bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Preidenti I.A. Karimovning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” nomli asarlarida “Boshqa sohalar qatori adabiyotimiz, madaniyatimiz, qadriyatimizga hurmat bilan qarashadi, xorijdan biz nimalarni o‘rganishimiz mumkin va o‘z navbatida, ularga nimalarni taqdim etishimiz mumkin”2 deb aytgan fikrlari ham adabiyot sohasining rivoji muhim masalalardan biri ekanligi, jahon durdonasi bo‘lgan badiiy asarlarini o‘zbek tiliga va albatta, o‘zbek adabiyotidagi nodir asarlarni chet tillariga tarjima qilish yo‘li bilan adabiyot sohasini rivojlantirish e’tiborga olingan.
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qat’iy nazar, tatbiq etiladi. Fan, adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi bo‘yicha ta’lim olish yagona va uzluksizdir. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga belgilangan tartibda fan ilmiy darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi. Hozirgi kunda davlat grantlari tashkil qilindi.
Fan, texnika, san’at, madaniyat tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan, jahon xalqlari o'rtasida iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar tobora kengayib borayotgan bir davrda badiiy adabiyot sohasiga qiziqish ham ortib bormoqda. Badiiy adabiyot shunday buyuk san’atki, unda biron bir xalqning dunyoqarashi, ijtimoiy sharoiti, tarixi, madaniyati, etnografiyasi va urf-odatlariga doir qator masalalar bog‘lanib ketadi.
Har bir xalq adabiyoti umumbashariy va ma’naviy qadriyatlar kontekstida jahon tamadduni, adabiy aloqalar rivojida o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega. Boshqa xalqlar qatori yapon xalqi adabiy merosi jahon adabiy jarayonida muhim o‘rin egallaydi. Tarix va adabiyotning o‘rganilishi, urf-odat va an’analar, din va odob-axloq me’yorlari, qadriyatlarning tushunilishi xalqning mentaliteti, ijtimoiy-ma’naviy madaniyati va salohiyatini yanada chuqurroq anglashga ko‘mak beradi. Bundan tashqari, turli mamlakatlar xalqlarining adabiy va madaniy merosini ilmiy o‘rganishga bag‘ishlangan har bir tadqiqot ishi milliy madaniyat va fanni boyitib, uning ufqlarini egallashga ko‘mak beradi. Mamlakatimizda istiqlol yillarida milliy-madaniy meros va ma’naviy qadriyatlarni tiklash, ilm-fan, san’at va adabiyotni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, nafaqat jahon adabiyotining nodir namunalari bilan tanishish va ularni o‘rganishga, balki jahon adabiyoti “durdonalari”ni ilmiy-nazariy va qiyosiy-tipologik jihatdan tadqiq qilishga katta qiziqish uyg‘ondi. Darhaqiqat, o‘zbek adabiyotshunosligi xalqaro maydonga chiqib, ilmiy muammolarning ko‘lami va yechimi bilan jahon hamjamiyatining e’tirofini qozonayotgan davrda, uning oldida o‘zbek madaniyati va adabiyoti bilan turli o‘zaro aloqalarga ega Sharq xalqlari adabiyotining yanada chuqurroq tadqiq etish dolzarb masalalari qatoridan o‘rin olgan. “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar qatorida olim va mutaxassislar oldiga muhim vazifalar qo‘yilib, “bu o‘rinda gap, eng avvalo, yoshlar va aholi o‘rtasida mamlakatimizning boy tarixini, uning betakror madaniyati va milliy qadriyatlarini keng targ‘ib qilish, jahon ilm-fani va adabiyoti yutuqlarini yetkazish uchun zarur muhit va shart-sharoit yaratish haqida bormoqda”3, deya ta’kidlanadi.
Ma’naviyat – insonni ruhan poklanish, qalban uyg‘onishiga chorlaydigan, odamning ichki dunyosini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir.
Darhaqiqat, ma’naviyatli inson kamol topishiga xizmat qiluvchi ulkan kuch adabiyotdir. Adabiyot bu so‘z san‘ati demakdir, unga oshufta bo‘lish orqali insonning ichki dunyosi, dunyoqarashi shakllanadi.
Davlatimizda kelajakda “Oliy talim tizimini yanada rivojlantirish” maqsadida oliy o‘quv yurtlarida va malaka oshirish markazlarida o‘qituvchi va mutaxassislar, magistr va ilm-fan arboblarining bilimi va malakasini oshirish uchun yangi dastur ishlab chiqildi va ilmiy muassasalarida bepul ta’lim olish imkoniyati va O‘zbekiston Respublikasining “Iste’dod” fondi uzluksiz ta’lim olish to‘g‘risidagi masalalar haqida Prezidentimiz Mirziyoev Shavkat Miromonovich e’lon qildilar.
Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, milliy davlatchilikni shakllantirish, huquqiy demokratik davlatni barpo etish va fuqarolar jamiyatini qaror toptirishdek ulug‘ orzu-umidlar bilan yashar ekanmiz, ijtimoiy fanlar sohasidagi ilmiy izlanishlar va ularning natijalariga alohida e’tibor bermaslik mumkin emas. Kimki, millatni o‘ziga qaram qilmoqchi bo‘lsa, avvalo, uning madaniyatiga chang soladi.
Bu borada prezidentimiz o‘zlarining ma‘ruzalarida quyidagi fikrlarni bildirganlar: “Hozirgi notinch va tahlikali zamonda butun bashariyat oldida paydo bo‘layotgan, biz ilgari duch kelmagan g‘oyat murakkab muammolar, global xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etish, shu yo‘lda barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirishda, dunyo aholisining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadigan yoshlarni gumanistik g‘oyalar ruhida tarbiyalashda badiiy so‘z san’atining o‘rni va mas’uliyatini har qachongidan ham yuksaltirish zarurligini bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda”4.
Yurtimizda dunyo adabiyotining bebaho mulki bo‘lgan ming-minglab asarlar tarjima qilinib, kitobxonlar qalbidan joy olgani, badiiy tarjima va tarjimashunoslik bo‘yicha o‘ziga xos ijodiy maktab shakllanganini alohida ta’kidlash lozim.
Shu bilan bir qatorda, asrlar davomida komil inson tarbiyasi, adolatli jamiyat, shaxs erkinligi, Vatan ozodligi, bunyodkorlik, bag‘rikenglik va baynalmilalchilik, odamiylik kabi o‘lmas fazilatlarni tarannum etib kelayotgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga o‘girish va chet ellarda targ‘ib etish bo‘yicha ham mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada respublikamizda ta’lim muassasalarida o‘zbek tili bilan birga qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman, tillarida ta’lim berish yo‘lga qo‘yilgani, oliy o‘quv yurtlarimizda ingliz, fransuz, nemis, ispan, yapon, xitoy, koreys, arab filologiyasi maxsus fan sifatida o‘qitilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Milliy adabiyoti taraqqiy etgan har bir xalqning yutuqlari jahon miqiyosida juda tez tarqaladi. Lekin, o‘z navbatida, hech qaysi millat adabiyoti o‘z holicha, dunyodan uzilgan holda rivojlana olmaydi. O‘zbek adabiyotshunos olimasi F.Sulaymonova o‘zining “Sharq va g‘arb” nomli kitobida “Hech qachon qaysi xalq, elat boshka xalqlardan uzilib qolgan, o‘z holicha yashagan emas, aks holda hech qanday taraqqiyot bo‘lmagan bo‘lar edi”5 deb aytganlaridek, badiiy adabiyot xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro adabiy aloqalarsiz rivojlana olmaydi. Badiiy adabiyotsiz badiiy-estetik tafakkurni boyitib, yangilab, rivojlantirib bo‘lmaydi. Bunda ayniqsa hayotni badiiy yorqin tasvirlash, betakror obrazlar yaratish adabiyot xazinasini poetik kashfiyotlar bilan boyitishga muvaffaq bo‘lgan yozuvchilar ijodini tadqiq etish beqiyos o‘rin tutadi. Shu ma’noda nafaqat o‘zbek adabiyotidagi balki, jahon adabiyoti namunalarini o‘rganish va ularni tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu masalani taraqqiy ettirish maqsadida biz ham bugungi kun yapon adabiyotida, xususan, drama janrida samarali ijod qilgan, iste’dodli va o‘ziga xos badiiy mahoratga ega bo‘lgan Yaponiyalik zamonaviy dramaturg, yozuvchi Kinoshita Junji ijodi va uning pyesalarini tahlil qilish hamda ijodkorning hikoyalari bilan o‘zbek o‘quvchilarini yaqindan tanishtirishga imkon qadar harakat qildik. Hali umuman o‘rganilmagan dramaturgning ijodini uning o‘ziga xos uslubi haqida o‘zbek o‘quvchilariga tanishtirishni maqsadga muvofiq deb bildik.
Tadqiqot obekti va predmeti. Tadqiqotning obekti Kinoshita Junji va uning “Tungi turna” pyesasi bo‘lib, tadqiqotning predmeti – yapon adabiyotida zamonaviy dramaturgiya bo‘lgan “shingeki” janri va bu janrdagi folklor motivlarining badiiy xususiyatlaridir.
Tadqiqotning maqsadi va vazifalari. Adabiyot xususan dramaturgiya olamida har bir ijodkorning o‘ziga xos ijodiy uslubi mavjuddir. Yozuvchining ijod namunlari orqali uning ichki olamiga nazar solib, u yashayotgan muhitdagi o‘zgarishlar, adabiy jarayonning guvohi bo‘lish mumkin. Mazkur tadqiqotning maqsadi XX asr birinchi yarmida zamonaviy yapon dramaturgiyasini Kinoshita Junjining “Tungi turna” pyesasi misolida o‘rganish, undagi go‘yaviy va badiiy xususiyatlarni aniqlash. Yuqoridagi ilmiy maqsadni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalar belgilanadi:
– Yaponiyada XX asrda ijtimoiy-siyosiy rivojlanish va madaniy muhitni o‘rganish;
– XX asr birinchi yarmi yapon dramaturgiyasining rivojlanish yo‘llarini o‘rganish;
– Dramaturg Kinoshita Junji ijodiy yo‘lini o‘rganish;
– “Tungi turna” pyesasining mavzu ko‘lami va badiiy xususiyatlarini ochib berish;
– “Tungi turna” pyesasida “Turnaning iltifoti” ertak mavzusining yangi talqinini o‘rganish;
– “Tungi turna” pyesasida obrazlar tizimini yoritish;
– Qadimgi xalq ertaklarining zamonaviy dramaturgiyada qaytadan qo‘llanilish jarayonini tahlil qilish.
– “Tungi turna” pyesasida oilaviy munosabatlar muammolarini tahqil qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |