Ish tuzilmasining tavsifi. Magistirlik dissertatsiyasi tarkibi kirish, olti faslini o‘z ichiga olgan uch bob, har bir bobning qisqa xulosalari, umumiy xulosa, foydalanilgan adabiyotlar va manbalar ro‘yxatidan iborat. Dissertatsiyaning umumiy hajmi 80 bet.
1 BOB. XX ASR YAPON DRAMATURGIYASINING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISH TAMOYILLARI.
. XX asr zamonaviy yapon dramaturgiyasi shakllanishiga qadar mavjud teatrlar.
Yaponiya – qadim asrlardan buyon o‘z milliy qadriyatlarini o‘zida saqlab qolgan mamlakatlardan biridir. Uning dramaturgiyasi VII-VIII asrlardan rivojlana boshlagan bo‘lsa, davlatlararo aloqalar natijasida zamonaviy teatr XX asrda vujudga kela boshladi. Bu davrda yaratilgan zamonaviy teatrlar yapon xalqi madaniyatining ajralmas bir bo‘lagiga aylanishiga, mahoratli dramaturg, aktyor, aktrisalarning yetishib chiqishiga tayanch bo‘ldi.
Yaponiya – an’anaviy qadriyatlarini o‘z teatrida saqlab qolgan mamlakatdan biridir. Uning teatri o‘zining g‘ayrioddiy janrlari bilan ajralib turadi. Har bir janr o‘ziga xos ekspressiv vositalar quroliga ega bo‘lib, shu orqali tomoshabinga ta’sir etadi. Yapon teatri haqida so‘z yuritilar ekan, avvalo uning bir necha asrlik tarixga ega “No”, “Kabuki” va “Joruri” kabi teatrlari haqida tushunchaga ega bo‘lish lozim. Bu teatrlar yapon teatrlarining qadimiy ildizlari bo‘lib, bugunga qadar o‘z qonun-qoidalari, qat’iy belgilangan me’yordan aslo og‘ishmasligi, hatto rol o‘ynayotgan aktyor va aktrisalarning maxsus niqoblari ham bir necha yuz yillik tarixga ega ekanligi bilan boshqa teatrlardan tubdan farq qiladi.
Yaponiya – bu adabiyotning juda ko‘p turli janrlarga ega bo‘lgan va ko‘p asrlik tarixiy badiiy an’analarini zamonaviy adabiyotda saqlab qolgan dunyodagi yagona mamlakatdir. Yapon dramaturgiyasiga nazar tashlar ekanmiz, avvalo uning klassikasi — an’anaviy teatrning eng qadimgi shakllari (bugaku, no, kabuki, ningyo joruri) Yaponiya tarixida katta ahamiyatga ega ekanligni kuzatishimiz mumkin. Meyji inqilobidan keyin paydo bo‘lgan yangi shakllar (shimpa, shinkokugeki, shingeki), shuningdek, Yevropa teatr janrlari (opera, balet, revyu), faqat so‘nggi XIX asr oxiri va XX asrda keng tarqalgan. Zamonaviy janrlarning har biri avvalgi janrlar bilan bog‘liq va uning ta’sirini o‘zida aks ettiradi6.
VII-VIII asrlarda Yaponiyaga buddizmning kirib kelishi natijasida madaniyat sohasida turli yangiliklar ham kirib keldi. Ushbu oqim bilan birgalikda Yaponiyada Hindiston, Vetnam, Koreya, Xitoy va boshqa Osiyo xalqlari musiqa, raqs, shuningdek teatr aktyorlari paydo bo‘ldi7. Ularning ta’sirida yaponlarda ham teatr aktyorlari chiqa boshladi. Yangi san’at turlari saroy zodagonlari va buddist ruhoniylari, shu qatorda o‘sha paytdagi hukmron sinflar tomonidan iliq kutib olinib, ularning ijodi qo‘llab-quvvatlandi.
Chet ellik aktyorlar ikkita teatr shaklining tug‘ilishiga turtki berdi. Bular – gigaku va bugaku teatrlari edi. Gigaku (「伎楽」– “Aktyorlik teatri”) – musiqa va sahna ijrosi hamkorligidagi qo‘shiq va raqs birlashmasidan tashkil topgan teatr turi. Ijrochilar tomonidan taqilgan niqoblar bugungi kungacha saqlanib qolingan. Quyida Yaponiyadagi mavjud bo‘lgan va uning madaniyati rivojlanishiga katta ta’sir o‘tkazgan teatrlar haqida tanishtirib o‘tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |