No (能 – “mahorat”) – qadimgi yapon teatri deyarli 600 yildan beri mavjud. Uning kelib chiqishi esa taxminan 1374 yilga borib taqaladi. Yaponiya tarixida qo‘sh hokimiyatchilik davridan boshlab Muramachi davrini o‘z ichiga olgan XIV-XV asrlarda shakllangan. Unga qadar o‘tkazilib kelingan ko‘ngilochar tomoshalardan biri bo‘lmish “Sarugaku” (biror narsani parodiyasini qilish) rivojlangan bo‘lib, tantanavor, nafis kuy va raqsdan iborat sahna teatri sifatida shakllangan Yaponiyaning o‘ziga xos mumtoz teatr san’ati hisoblanadi. Ayniqsa raqsinkor, musiqiy nafosatga boy bo‘lgan niqobli teatr sifatida ham mashhurdir. No teatri pyesalari yokyoku (「謡曲」 – “kuylash va tarona”)11 deb atalib, hozirgi kungacha 1002ta pyesadan 230tasi bizgacha yetib kelgan. Teatr paydo bo‘layotganda yaratilgan pyesalar, afsuski saqlanmagan. Teatr pyesalarini yaratish va ularni qayta ishlab chiqishda Kanami va uning o‘g‘li Zeamining xizmati juda katta hisoblanadi.
No teatri zaminida ikkita asosiy estetik konsepsiya yotadi. Bular: “monomane” (「ものまね」– “mavjudlikka taqlid”) va “yugen” (「有限」– “ichki ma’no”). Bu konsepsiyalar matnda, raqsda, musiqada, ashula aytishda va sahna harakatlarida namoyon bo‘ladi12.
Katta miqdordagi No pyesalari o‘z ichiga klassik yapon va xitoy poeziyasidan iqtiboslar olgan holda mumtoz adabiy tilda yozilgan.
No teatrida niqobdan foydalanilganligi uchun Gretsiya teatri bilan ko‘p bora taqqoslanadi. Niqob taqish, musiqiy ansamblning borligi, tantanavor raqsga tushish, hissiyotga to‘la she’riy jumlalardan did bilan, ustalik bilan foydalanilishi kabi xususiyatlar ikkala teatrga xos. Lekin Gretsiya teatrida voqealarning boshlanishi, rivoji va yakuni bo‘lmish syujetdagi voqealar rivojiga asosiy e’tibor berilsa, No teatrida esa “makoto” (誠) – haqiqat, “dzen” (禅) – yaxshilik, “bi” (美) – go’zallik, “aku” (悪) – yomonlik, “unmei” (運命) – taqdir kabi tushunchalarni ramziy tarzda ijro etilishiga ahamiyat qaratiladi. Bundan tashqari, Gretsiya teatrida qahramonlik ko‘rsatgan shaxslar asosiy rolda namoyish qilish holatlari ko‘p bo‘lsa, No teatrida “tennin” (天人) – iloh, “oni” (鬼) – shayton, “tengu” (天狗) – uzun burunli maqtanchoq, “bourei” (亡霊) – arvoh kabi turli xil bosh roldagi qahramon (仕手 – “shite”) niqob taqqan holda sahnaga chiqadilar13.
Ushbu teatr yuqorida ta’kidlanganidek XIV-XV asrlar orasida yuksak iqtidor egasi bo‘lmish ota-o‘g‘il Kan’ami va Zeami tomonidan mukammal holga keltirilgan. O‘sha vaqtda No teatri “Sarugaku no No” deb atalgan.
Yokyoku – No ning ssenariysi. Yokyokuda dostonlar syujetiga ko‘r-ko‘rona ergashish emas, balki ota-onaning bolalariga bo‘lgan muhabbati, sevgi, rashk, qasos, samuray ruhiyati kabi qarashlar va hissiyotlarni yetkazib bera olish asosiy o‘rinda turadi. Mana shu jihatlari voqealar rivoji va spektaklni markazga qo‘yadigan boshqa teatrlardan ham mazmunan, ham tuzilishi bilan ajratib turadi14.
No paydo bo‘lganda davrdan boshlab aktyorlar o‘zlari she’r yozib, kuy bastalab, rollarni ijro etishgan. Uzoq yillar davomida yaratilgan asarlar qayta ishlanib, qisman o‘zgartirilib bugungi kungacha yetib keldi. Shu sababli hozirgi kunda ijro etiladigan pyesalar (qariyb 240ta) XIV-XV asrlargacha bo‘lgan qadimiy dramaturgiyaning ijod mahsullari, shuningdek XIV-XV asrlarda Kan’ami va uning o‘g‘li Zeami tomonidan yaratilgan va keyingi asrlarda paydo bo‘lgan pyesalar hisoblanadi.
No teatri inson ehtiroslarini yanada kuchaytirgan holda sahnaga olib chiqadi. Muhabbatning xursandchilik va dardlari, inson qalbi tubida yashiringan shaytoniy hislatlar, insonlar orttirgan gunohlar, beg‘uborlikka intilish, taqdir va boshqa inson ruhiyatiga xos xususiyatlarni ko‘rsatib beradi.
No teatrida vaqt va makonni erkin boshqarish imkoniyati mavjud. Vaqtni bemalol to‘xtatish, ortga qaytarish mumkin. Makondan ham erkin foydalaniladi. “Mugen No” (fantaziyaga boy No) dan tashqari, “Genzai No” (hozirgi zamon No teatri) deb ataluvchi No turi ham mavjud. Makonni erkin tasvirlash va mavzuning soddaligi jihatidan “Genzai No” “Mugen No” bilan uyg‘unlashib ketadi va bu uning farqli tomonidan biri hisoblanadi.
No aktyorlarining o‘zlari she’rlar yozib, musiqa bastalab, rol ijro etishlari bugungi kunga qadar yetib kelgan. No teatri asoschisi bo‘lmish Kan’ami “Jinen koji” (「自然居士」) va “Sotoba komachi” (「卒塔婆小町」) kabi erkin turdagi pyesalarni yaratgan. Uning o‘g‘li Zeami dramatik she’rlar deb ataladigan mashhur pyesalar qoldirgan. Bular “Izutsu” (「井筒」– “Yog’ochdan qilingan quduq”), “Koi no omoni” (「恋の主に」– “Muhabbat dardi”) kabilar. Zeamining katta o‘g‘li bo‘lmish Motomasa “Sumidagava” (「隅田川」), “Yoroboshi” (「弱法師」– “Kuchsiz monax”) kabi tragedik pyesalar yaratgan. Yana Zeamining jiyani bo‘lmish Nobumitsu “Ataka” (「安宅」), “Funabenkei” (「船弁慶」), “Momijigari” (「紅葉狩」) kabi pyesalar yaratib, keyingi asrlarda paydo bo‘lgan Kabukiga ulanib ketuvchi “Zamonaviy No teatri”ni yaratadi15.
No bilan Kyogen aktyorlari har birining rollari ajratilgan bo‘lib, shu rolning mutaxassisi hisoblanadilar. Shite ijrochilari No teatri davomida niqob taqadilar. Vaki ishtirokchilari niqob taqmasdan, asl yuzi bilan ijro etuvchi aktyorlar turidir. Kyogen ishtirokchilari mustaqil ravishda kyogen-komediya ijro etishlaridan tashqari, No teatrida rol ham ijro etishlari ham mumkin. Bu “aikyogen” (間狂言) – oradagi kyogen deb nomlanadi.
Bugungi kunda “No” yapon teatri – raqs, maqom, maxsus musiqa, personajlar holati va harakatining uyg‘unligidir. Unda har bir ovoz va har bir harakat o‘z o‘rniga ega. Unda ortiqcha narsaning o‘zi yo‘q. Yurtimizda o‘zbek tomoshabinlariga havola qilingan pyesalarining barchasi insonning tabiatga munosabati, insoniy hissiyotlar va qadr-qimmatlar haqida hikoya qiladi. Mahoratli aktyorlar niqoblar, hatti-harakat va ovozlar yordamida “Kunchiqar mamlakat” madaniyatini aks ettirishga urindi.
An’anaviy “No” teatri aktyori Noboru Katsumi teatr haqida shunday deydi: “Spektakllarning hammasi – raqsli pantomima asarlardir. Odatga ko‘ra, voqealar asta-sekin va tantanavor tarzda, aktyorlarga harakatning kerakli tempini aytib turuvchi barabanlar ovozi ostida rivojlanadi. Odatda “No” teatrining bitta pyesasini 20 ga yaqin odam namoyish qiladi. Ular orasida musiqachilar ham, aktyorlar ham bor”16.
Quyida No teatri ssenariysidan namuna keltirilgan.
Sahnaga turli davlatlar bo‘ylab sayohat qilayotgan rohib – ikkinchi darajali qahramon – “vaki” (脇) chiqadi. Bu odam asosiy qahramon emasligi va tomoshabinlar vakili sifatidagi ruhoniy bo‘lganligi uchun ham niqob taqmaydi. Rohib mashhur tarixiy obidaga tashrif buyuradi (u sahnani bir marotaba aylanib chiqib ko‘zlangan joyga yetib keladi). U yerda niqob taqqan asosiy qahramon – “shite” (仕手) paydo bo‘ladi. Asosiy qahramon va rohib tanish bir odam haqida sog‘inch bilan xotirlab, u haqida suhbat quradilar. Suhbat orasida asosiy qahramon o‘zini o‘sha rohibga tanish bo‘lgan odamning arvohi ekanligiga ishora qilib o‘tadi. Rohib bu tushimi yo o‘ngimi anglay olmaydigan holatga tushadi. Asosiy qahramon esa o‘zining asl ko‘rinishiga ishora qilganicha sahnani tark etadi. Tanaffus orasida “aikyogen” (kichik yapon mumtoz komediyasi) ijro etiladi.
Birozdan so‘ng asosiy qahramon yana sahnaga chiqadi. Niqob taqqan, o‘sha obida yonida boyagidek tanish insonning arvohi holatida namoyon bo‘ladi. Arvoh rohib bilan suhbatlashganicha, uning tuyg‘ulari, taqdirini tasvirlagan holda raqsga tushadi. Raqsini tugatgach arvoh astagina sahnani tark etib boradi.
Shu tarzda No teatrida mashhur joy yoki tarixiy obida oldida tanish insonining vafot etgandan keyingi holati, uning hayot bo‘lgan damlariga qaytishi holati, shu oraliqdagi vaqtni tasvirlab, abadiy davom etuvchi tuyg‘ular ko‘rsatib beriladi. Bunday oldingi va keyingi holatdan iborat ikki tizimli No teatrini “murakkab orzu-hayolli No” deb atashadi. No teatrining bunday shakli Zeami tomonidan yaratilgan17.
Do'stlaringiz bilan baham: |