Bugaku (「舞楽」 – “Raqs va musiqa”) – Yaponiyadagi mavjud barcha teatr janrlaridan eng qadimgisi hisoblanadi. VIII asr oxiri – IX asr boshlarida shakllangan bu teatr asoschilari Oto-no Kiyogami va Ovari-no Xanamushilar bo‘lib, aristokratlar, saroy ayonlari davrasida vujudga kelgan bu teatr shakli musiqa-raqs ko‘rinishida bo‘lgan. Bu janrda nafaqat qadimgi yapon musiqa va raqs an’analari balki Hindiston, Janubiy-sharqiy Osiyo, Xitoy, Manjuriya, Koreya va boshqa yaqin mamlakatlarga tegishli elementlarni ham o‘zida mujassam etgan8.
Yaponiyada musiqa va raqs qadimdan mavjud bo‘lgan. Ko‘plab tarixiy afsona va rivoyatlar aynan shu shaklda yozib qoldirilgan. Ulardan eng mashhuri quyosh xudosi Amaterasu g‘azabga to‘lib, samoni tark etganligi keyin uning uchun xudolar tomonidan ijro etilgan musiqa va raqslar ta’sirida dunyoga o‘zining yorqin yuzini ko‘rsatganligi haqida hikoya qiladi. Bu afsonani ibodatxona bayram va marosimlarida, imperator hayotidagi muhim voqealarga bag‘ishlangan tadbirlarda, yuqori martabali mehmonlar huzurida, turli xil bayram va festivallarda namoyish etilishi bugaku teatr janrining rivojlanishiga asos bo‘ldi.
Bugakudagi raqslar kelib chiqishi va xarakteriga ko‘ra turlarga bo‘linadi. Kelib chiqishi bo‘yicha saxo-no mai (「左方の舞」 – “chap tarafdagi qo‘shiqlar”) va uxo-no mai (「右方の舞」 – “o‘ng tarafdagi qo‘shiqlar”)ga bo‘linadi. Saxo-no mai guruhiga xitoy, hind, hindixitoy raqslari kirsa, uxo-no mai guruhiga koreys va manjur raqslari kiritilgan. Xarakter bo‘yicha esa raqslar bir necha guruhlarga bo‘lingan: bun-no mai yoki xirami (sokin raqs) – sokin latofatli raqs; bu-no mai (harbiy raqs) – qilich, oybolta yoki nayza yordamidagi harbiy raqslar; xashirimai (yuguruvchilar raqsi) – qurol, baraban tayoqchasi yoki boshqa predmetlar yordamidagi tezkor raqs; dobu (bolalar raqsi) va boshqalar9.
Bugaku ijrosi qat’iy belgilangan tartib bo‘yicha tashkil etilgan. Raqslar juft holda ijro etiladi (「次の舞」– tsugui no mai). Ushbu juftlik odatda “saxo-no mai” guruhidan bitta va “uho-no mai” guruhidan bitta raqsni o‘z ichiga oladi. Birinchi qism – “omogaku” (oliyjanob musiqa), ikkinchisi – tobu (qaytish raqsi) deb nomlanadi. Ushbu majmua raqs ijro etilmaydigan kirish va yakuniy musiqiy qismlardan iborat. Ushbu tuzilish barcha raqs turlari uchun talab qilinadi.
Bunday ijroga ikkita eng mashhur bugaku raqslaridan iborat kompleks – “Ama” va “Ni no may” raqslarini misol qilishimiz mumkin. Birinchi raqsni, odatda, to‘rtburchak shaklidagi kartonga qora bo‘yoq bilan bo‘yalgan ko‘zlar, burun va og‘iz tasvirlangan niqob kiygan ikkita raqqosa ijro etadi. Aktyorlar toj kiyib, qo‘lida tayoq ushlagan holda hokimiyatda tepasida bo‘lgan erkak va ayolni tasvirlashadi. Ushbu personajlar raqs ijro etayotgan paytda sahnada keksa odam va kampir niqoblarini kiygan ikkinchi raqs ijrochilari paydo bo‘ladi. Cholning niqobi kuladigan niqob (「笑い面」 – “varaimen”) bo‘lib, shlyapasi bambuk barglari bilan bezatilgan. Kampirning niqobida xunuk, semizlikdan shishgan yuz (「晴れ面」 – “haremenlar”) ifodasi mavjud bo‘lgan tasvir bor bo‘lib, bambuk barglari uning kamarini bezab turadi. Chol va kampir raqqosalarning raqslarini tomosha qiladilar va raqs tugagach, ulardan hokimiyat kuch ramzlari bo‘lmish toj va tayoqni berishlarini so‘rab murojaat qilishadi. Rad etilgan chol va kampir ular ijro etgan raqsga parodiya qiladigan kulgili raqsni ijro etishadi.
XII asrga kelib bugaku san’ati ikkinchi o‘ringa chiqib qoldi va uning o‘rnini yangi musiqiy ko‘rinishlarga ega dengaku va sarugaku teatri egallay boshladi. Qadimgi bugaku niqob va kiyimlari hozirgi kunda milliy xazina sifatida Yaponiya muzeyida saqlanadi.
Bugaku san’atining yana qayta gullab-yashnashi Meyji inqilobidan keyingi davrlarga to‘g‘ri keladi. Imperatorlik qudratini tiklash harakati natijasida bugaku san’ati, odatdagidek imperator nomi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha narsalar kabi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Agar ilgari ushbu teatrda rol ijro etishni o‘rganish zodagonlar va saroy musiqachilari uchun imtiyoz bo‘lgan bo‘lsa, 1873 yilga kelib ushbu san’at bilan shug‘ullanishni istaganlar uchun maxsus ruxsatnoma berilgan va uning ijrochilari doirasi kengaygan10.
Do'stlaringiz bilan baham: |