Nikoh va oila huquqi. “Avesto”ga binoan xonadon egasi va oila a’zolari, er va xotin, ota va o’g’il, kuyov va qaynota, qo’shnilar o’rtasidagi munosabatlar batafsil tartibga solinadi.
“Avesto” oilani, farzandlarni uy-joyni asrab-avaylashga chaqiradi: “Kimning uyi bo’lsa, u uysiz bexonumon odamdan yaxshiroqdir”. Jamoadagi tartib-intizomni nazorat qiluvchi maxsus kishilar bahsli masalalarni hal qilganlar.
“Avesto” qonunlari ijtimoiy va iqtisodiy hayotdan, axloq va dindan kelib chiqqan qarashlar, jamiyatdagi insonlarning o’zaro aloqalari tajribasiga asoslangan bo’lib, inson va jamoaning har kungi hayotini, ichki va tashqi munosabatlarini huquqiy nazorat qilishga qaratilgan.
“Avesto”ga binoan 15 yoshga to’lganlar balog’at yoshida hisoblangan. Bu bolalar zardushtiylikka e’tiqodi ramzi sifatida beliga yung ipakdan to’qilgan kamar bog’lab yurishi va “otashparastlar ibodatxonasida o’tkaziladigan diniy marosimlarda qatnashishi shart bo’lgan”. Diniy tarbiya bolaning 7 yoshidan otashparastlik ibodatxonasida boshlangan. Bu diniy va ahloqiy tarbiya, jismoniy tarbiya hamda o’qish va yozishga o’rgatishdan iborat bo’lgan.
“Zardushtiy”larda bolalarda axloqiy, aqliy, jismoniy, jinsiy hislarni, rostgo’ylik, vatanparvarlik, sahiylik fazilatlarini tarbiyalashga jiddiy e’tibor berilgan. O’g’il bolalarga kurash tushish, otga jilov solish, uni egarlash, mol boqish, urchitish, tuya-otlarni parvarishlash, ularni boshqara olish, ularni yirtqich hayvonlardan himoya qilish uchun 50 dan ortiq harbiy qurol ishlata olish malakasini egallash majburiy bo’lgan. Ularga chavondozlik va 32 xil harbiy hunar o’rgatilgan.
Qiz bolalarni tarbiyasiga alohida e’tibor berilgan. Qiz bola ip yigirish, liboslar tikish, o’g’il bola bilan kurash tushish, chavondozlik, qilichbozlik, suvda suzish, kamondan o’q uzish kabi jismoniy-harbiy malakani egallashi majburiy bo’lgan. Ana shundan so’ng qizlar 15, o’g’il bolalar 16 yoshida oqsoqol boshchiligida jamoa oldida maxsus imtihondan o’tkazilgan. Qizlarga “kadbonu” ya’ni, “uy bekasi”, yigitlar esa – “kad xudo”– “oila boshlig’i” bo’lish huquqini qo’lga kiritganlar.
“Avesto”da o’smirlar 15-16 yoshlarida balog’atga yetgan va turmush qurish huquqiga ega deb ko’rsatilgan. Agar erkak zurriyod qoldirish qobiliyatiga ega bo’lsa-yu, ammo uylanmasa, unga tamg’a bosishgan yoki beliga zanjir bog’lab yurishga majbur qilishgan. Yer yuzida zurriyotni ko’payishiga qarshi chiqib, turmush ko’rmay yurgan qizni qopga solishib, 25 darra kaltaklashgan. Zardushtiylik dinida erkak kishi sog’lom bo’lishi uchun o’z vaqtida to’yib ovqat yeb yurishi olqishlanadi. Zardusht Axuramazdadan “serfarzand xonadonga nima berasan” deb so’ralganda: u “bunday odamlarni o’z himoyamga olaman, hayotini farovon, rizqini mo’l qilaman” deb javob beradi.
“Avesto”da qarindoshlarning o’zaro oila qurishi qonun bilan qat’iy man qilingan. Ko’p bolali ayollarga tuyalar berilgan. Bolasini nobud qilgan ayollar esa o’limga mahkum etilgan. Shuningdek oilasini, bolalarini sarson qilgan oila boshlig’iga, zinoga berilgan erkak va ayolga nisbatan darra bilan kaltaklash yoki o’lim jazosi qo’llanilgan. Bir yo’la 2-3 ta farzand ko’rgan ayolga bir juft sog’in sigir, sariq tuya berilgan, davlat xazinasidan nafaqa to’langan.
Do'stlaringiz bilan baham: |