3. Ahmoniylar hukmronligi davrida ijtimoiy-siyosiy
tuzumdagi o’zgarishlar
Mil. avv. VI asrda Eron hududida yashovchi xalqlar podsho Ahmon boshchiligida kuchli davlatga uyushdilar. Ikki yuz yildan ortiqroq hukm surgan bu davlat sarhadlari Misrdan to Shimoli-G’arbiy Hindistongacha cho’zilgan edi. Qadimgi yunon muarrixlari – Gerodot, Ksenofont, Yustin, Strabon va boshqalarning bergan ma’lumotlariga qaraganda, ahamoniylar podsholaridan Kir II mil. avv. 545-539 yillarda Sharqiy Eron viloyatlarini, O’rta Osiyoning Xorazm, Baqtriya, So’g’diyona, Marg’iyona va sak qabilalari yashayotgan hududlarini bosib oladi.
Ahmoniylar podsholari bosib olgan barcha hudud satrapiya – hokimliklarga bo’lingan bo’lib, ularni fors podsholari tomonidan tayinlanib qo’yilgan satraplar – hokimlar boshqarardi. Gerodotning ma’lumotlariga qaraganda, O’rta Osiyo viloyatlari uchta satrapiyani tashkil etgan. Baqtriya XII satrapiya bo’lib, 360 talant, saklar XV satrapiya bo’lib, 250 talant, Xorazm, So’g’d va Parfiya XVI satrapiya bo’lib, 300 talant miqdorida yillik soliq to’lar edilar. (Bobil kumush pul birligi: 1 talant 30 kg kumushga teng). Shuningdek, Suzadagi (Eron) yozuvlarga qaraganda O’rta Osiyoliklar soliq sifatida qimmatbaho toshlar, chorvachilik va dehqonchilik mahsulotlarini ham fors podsholariga berib turganlar.
O’rta Osiyodagi eng katta viloyat Baqtriya ahmoniylar davlati inqirozga uchragunga qadar uning tarkibida bo’lib, ahmoniylarning sharqdagi eng muhim markazlaridan biri edi.
Qadimgi Baqtriya aholisining asosiy mashg’uloti dehqonchilik edi. Juda ko’p o’troq manzilgohlar va ulardagi topilmalar viloyatda aholi kulolchilik, temirchilik, bronza quyish, to’qimachilik, shuningdek sug’orma dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanganidan dalolat beradi.
Ahmoniylar davrida So’g’diyonada (Zarafshon va Qashqadaryo vohalari) ko’plab shahar va qishloqlar bo’lib, ular fors podsholariga katta-katta soliqlar to’lab turardilar. So’g’diyonaning poytaxti bo’lgan qo’hna Afrosiyob aholisi asosan hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug’ullangan. Afrosiyob atrofidagi aholi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan, dushman hujum qilgan paytlarda ular chorva mollarini va mol-mulklarini qal’a ichida saqlaganlar.
Miloddan avvalgi I ming yillikning o’rtalarida Xorazm ham rivojlanish jarayonini boshdan kechiradi. Xorazmda ahmoniylar davrida mahalliy o’troq aholidan tashqari ko’chmanchi chorvadorlar ham yashagan bo’lib, ular o’rtasida doimiy harbiy to’qnashuvlar, iqtisodiy munosabatlar bo’lib turgan.
Ahmoniylar davrida hunarmandchilik va savdo-sotiq munosabatlarining rivojlanishi natijasida O’rta Osiyo hududida ko’pgina shaharlar va shahar ko’rinishidagi manzilgohlar paydo bo’ldi va jadal rivojlandi. Samarqand (Afrosiyob), Marv, Balx, Ko’zaliqir, Yerqo’rg’on, Qiziltepa ko’hna shaharlari hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari edi.
Ahamoniylar davlatining ma’muriy viloyatlari satrapliklar deb yuritilgan. Ularning tepasiga fors podsholariga yaqin kishilar satraplar etib tayinlanardi. Satraplar bosib olingan aholi ustidan cheklanmagan hokimiyatdan foydalanganlar.
Sartapning asosiy vazifasi podsho buyruqlarini zudlik bilan bajarish va xazinaga soliqlarning to’g’ri kelib tushishini ta’minlashdan iborat edi. Satrap viloyatni boshqargan, aholidan o’lponlar yig’gan, kumush tangalar chiqarishni tashkil etgan (oltin tangalar chiqarish huquqi faqat podshoga tegishli edi) va o’ziga tegishli viloyatning qurolli kuchlariga qo’mondonlik qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |