2-MAVZU: DEMOKRATIK JAMIYAT TOʻGʻRISIDA QARASHLAR
VA UNING RIVOJLANISH BOSQICHLARI
REJA:
Vatanimiz hududida davlatchilik toʻgʻrisidagi qarashlarning shakllanishi va rivoji.
“Temur tuzuklari”da davlatchilik toʻgʻrisidagi qarashlar va demokratik tamoyillar.
Jadidchilik harakatining ma’rifatparvarlik va vatanparvarlik qarashlarida demokratik tamoyillar.
Oʻzbekistonda demokratik jamiyat qurilishining rivojlanish bosqichlari.
Tayanch tushunchalar: adolatli jamiyat, jadidlar qarashlarida ma’rifiy-demokratik tamoyillar, demokratik jamiyat qurishning nazariy negizlari.
MA’RUZA MATNI:
2.1. Vatanimiz hududida davlatchilik toʻgʻrisidagi qarashlarning
shakllanishi va rivoji
Har qanday davlat oʻz jamiyatining tarixiy, madaniy va axloqiy merosi negizlari asosida rivojlanadi. Bunday uygʻunlik halqning rivojlanishida yangi bosqichlarga koʻtaradi. uning istiqbol omillarini kengaytiradi. Ajdodlarimiz tomonidan Oʻzbekiston hududida yaratilgan «Avesto» ana shunday davlatchiligimizning nazariyasi sifatida insoniyat tarixini anglashda alohida oʻringa ega.
Mamlakatimizning Birinchi Prezident I.A.Karimov tarixchi olim va jurnalistlar bilan boʻlgan uchrashuvda - “Hozir Oʻzbekiston deb ataluvchi hudud, ya’ni bizning Vatanimiz nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri boʻlganini butun jahon tan olmoqda. Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan buyuk allomalar, fozilu-fuzalolar, olimu-ulamolar, siyosatchilar, sarkardalar yetishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari mana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan” deydi. Darhaqiqat, Movarounnahr oraligʻida paydo boʻlgan ulkan davlatchilik madaniy merosi insoniyat tarixi ibtidosida eng dastlabki hamda qadimiy davlatchilik madaniyati sifatida ma’lum. Mustaqilligimiz sharofati bilan bunday merosni milliy, demokratik qadriyatlarimizning muhim zamini sifatida oʻrganish imkoniyatlari ochiladi.
Ma’lumki, Oʻzbekistonda milliy davlatchiligimiz toʻgʻrisidagi eng qadimgi manba “Avesto”dir. U eramizdan oldingi 3 minginchi yillarda ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilk davlatchilik toʻgʻrisidagi ijtimoiy qarash hisoblanadi. Agar “Avesto”da ilgari surilgan gʻoyalarga e’tibor beradigan boʻlsak, bugungi adolatparvar - demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan gʻoyalarimiz bilan hamohang ekanligini koʻramiz.
Davlatchilik asoslarini shakllantirish borasida “Avesto” deyarli barcha siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar davlat tuzum asoslari, zardushtiylarning falsafasi, dunyo tarixining rivojlanishi haqidagi ma’lumotlarni oʻz ichiga qamrab oladi. Manbada avvalo, inson erki, uning ruhiy komilligi masalalari ustuvor qoʻyiladi. Masalan; “Men yaxshi fikr, yaxshi soʻz, yaxshi ishga shon-shavkat baxsh etaman” deyiladi Yasna (14) kitobida. Axuramazda, insonlar oʻrtasida boʻlayotgan munosabatlar oʻzaro samimiylik, hurmat begʻarazlik, yordam va oqibatli boʻlish zarurligiga, yomon fikrlardan holi boʻlishga chaqiradi. Kattaga hurmat va kichikka izzat, sabr-bardosh, halollik, mehr-oqibat va boshqa bir qator tamoyillar borki, bular milliy gʻoyamizning asosiy tamoyillariga uygʻun keladi.
“Avesto”da eng muhim masalalardan biri- bu huquqiy munosabatlarning nazariy jihatdan shakllanganligidir. Unda inson hayoti va odamlar oʻrtasidagi ijtimoiy - iqtisodiy munosabatlar huquqqa asoslanganligi haqida ma’lumotlar bor. xaqiqat, yaxshi soʻz va maqsad, poklik va ezgulikka intilish, suv, yer, olov, xonadon va chorvani asrab-avaylash axloqiy burch sanalgan. Inson oʻzining ishlari va fikrlari bilan yaxshilik, yorugʻlik va baxt keltiruvchi, hayot va haqiqat beruvchi oliy tangri Axuramazdaga yordamchi boʻlib xizmat qiladi.
Oila va jamoada berilgan soʻzdan yoki qasamdan voz kechish, odamlar oʻrtasida tuzilgan ahdnomani buzish katta gunoh hisoblangan: “O Spitama, shartnomani buzuvchi kishi butun mamlakatni buzadi, shu bilan birga Artaga tegishli barcha mulku mollarga putur yetkazadi. O Spitama, ahdingni buzma...” (“Yasht”, X bob.)
Tarixiy hujjatlar asosida aytish mumkinki, “Avesto”ning “Yasna”, “Visprat”, “Yasht”, “Videvdat” kitoblarida ilgari surilgan huquqiy ta’limotlar Rim huquqidan qadimiyroq hisoblanadi. Boz ustiga, ular keyinchalik tashqil topgan davlatlar siyosiy tizimining shakllanish manbasi boʻlib ham xizmat qilgan. Shu tariqa “Avesto” Grek mutafakkirlari va Rim huquqshunoslari ijodiga Oʻzining har tomonlama mukammalligi bilan ta’sir koʻrsatgan. Jumladan, inson huquqi, jismoniy va huquqiy shaxs erkinligi, inson erkinligi, erkak va ayolning tengligi masalasi, ozchilikning huquqi, voyaga yetmaganlar huquqi, vijdon, e’tiqod va din erkinligi, jamoa va guruhlarning huquqi, mol-xol huquqi, oila huquqi, shartnomalarning majburiylik huquqi, qasddan yoki ehtiyotsizlik natijasida sodir etilgan jinoyatning turlari ishlab chiqilgan. Shuningdek «Avesto»da oʻgʻrilik yoki bosqinchilik farqlari tasniflangan, himoya huquqi va sud ishlarini yuritish hamda tashqil etish kabi boshqa huquqiy prinsiplar ham oʻz ifodasini topgan.
Ma’lumki, demokratik jamiyat asoslari davlatda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy prinsiplarning tizimiy yaxlitligi mavjudligida namoyon boʻladi. Ayni paytda, ular umuminsoniy qadriyatlar bilan uygʻun holda boʻlishiga asoslanadi. «Avesto»da bunday qadriyat va prinsiplar shakllantirilganligining guvohi boʻlamiz.
Inson tabiatan erkinlikka, ezgulikka intilib yashaydi. bunday ehtiyojlarning barcha uchun umum boʻlgan qoidalarini va ularning tartibotlarini tashqil etishda davlatga boʻlgan ehtiyoj vujudga keladi. mana shunday ehtiyoj umuminsoniy qadriyatlarning nazariy mezonlarini shakllantirgan. ayni paytda, kishilik jamiyatining oʻzaro urushlar va ixtiloflar bilan bogʻliq davrlarida yangi ma’rifiy ta’limotlar haloskor gʻoya sifatida ham vujudga kelgan. aynan IX va XII asrlar Oʻrta Osiyo tarixida shunday murakkab davr boʻlgan. halqning oʻz mustaqilligi uchun kurashi va bunda hurriyat va inson erkinligi bilan bogʻliq gʻoyalar millatni ma’naviy yuksalishga chaqiradi. dunyoga mashhur Xorazmiy, Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Yusuf Xos Hojib, Nizomimulk kabi faylasuf, siyosatchi, tarixchi olimlar, shu davrda yashab ijod etdilar. Bu davr oʻz mazmuni, salmogʻi jihatidan Oʻrta Osiyo uygʻonish davri deb tarixga kiradi. Uygʻonish davri madaniyatining oʻziga xos tomonlari mavjud boʻlib, ular davlatchiligimiz nazariyasining vujudga kelishida quyidagilarga asoslangan holda talqin etiladi:
1. Dunyoviy ma’rifatga intilish, bu yoʻlda oʻtmish va qoʻshni mamlakatlarning madaniyati yutuqlaridan keng foydalanish, ayniqsa tabiiy-falsafiy, diniy, tarixiy hamda ijtimoiy ilmlarni rivojlantirish.
Tabiatga qiziqish, tabiatshunoslik ilmlarining rivoji, rasionalizm, aql kuchiga ishonish, asosiy e’tiborni haqiqatni topishga qaratilgan fanlarga berish, haqiqatni inson tasavvuri, ilmining asosi deb hisoblash.
Insonni ulugʻlash, uning aqliy, tabiiy, ruhiy, badiiy, ma’naviy fazilatlarini asoslash, insonparvarlik, yuqori axloqiy qonun va qoidalarni namoyon etish, komil insonni tarbiyalash.
Universallik - qomusiylik, barcha tabiat hodisalari bilan qiziqish va uning mohiyatiga intilish.
Davlat qurilishi va boshqaruvining nazariy negizlarini adolat, axloq prinsiplari asosida shakllantirish, ularning huquqiy hamda amaliy asoslarining rivojlantirilishi.
Davlat rahbari va xizmatchilarining faoliyat darajalari tasniflari, mas’uliyati mezonlari tizimining nazariy negizlarining yaratilishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |