Abu Nasr Forobiy (873-950)
«Sharq aristoteli» nomini olgan qomusiy olim. 160 dan ortiq asar yaratgan. «mantiqqa kirish kitobi». «isbot kitobi», «falsafaga izohlar», «musiqa haqida katta kitob», «inson a’zolari haqida kitob», «lugʻatlar haqida kitob», «shaharni boshqarish», «fazilatli hulqlar» kabi asarlari jahon madaniyatiga qoʻshilgan katta hissadir. Shu davrning yirik namoyondalardan biri Abu Nasr Forobiy oʻzining “fozil odamlar shahri” asarida insoniyat jamiyatini boshqarishda va rivojlanishida adolat va axloqning ahamiyatini shakllanishi qonuniyatlarining nazariy prinsiplarini yaratganligi bilan mashhurdir. u - «madaniy jamiyat va madaniy shahar (yoki mamlakat) shunday boʻladiki, shu mamlakatning aholisidan boʻlgan har bir odam kasb-hunarda ozod, hamma bab-barobar boʻladi, kishilar oʻrtasida farq boʻlmaydi, har kim oʻzi istagan yoki tanlagan kasb-hunar bilan shugʻullanadi. odamlar chin ma’nosi bilan ozod boʻladilar. odamlarning tinchlik va erkinliklariga halaqit beruvchi sulton boʻlmaydi. ular orasida turli yaxshi odatlar, zavq-lazzatlar paydo boʻladi». Shu tariqa olim bugun bizning tasavvurimizdagi demokratik davlat shakllari va unda boshqaruvning siyosiy va falsafiy mohiyatini yaratishga erishadi. masalan, fozillar shaharining (davlat nazarda tutilgan) tarkib topishi va unda qanday axloqiy sifatdagi shaxsning rahbar boʻlishi tasniflari bugungi demokratik jamiyat qurishning bevosita nazariy talablari bilan uygʻun keladi. bu borada Abu Nasr Forobiy - «ularning oʻzlaridan saylangan rahbar yoki boshliqlar hokimi mutloq boʻlmaydi. ular odamlar ichidan koʻtarilgan, sinalgan eng oliyjanob, rahbarlikka loyiq kishilar boʻladilar. shuning uchun bunday rahbarlar oʻz saylovchilarini toʻla ozodlikka chiqaradilar, ularni tashqi dushmandan muhofaza qiladilar», deb davlat boshqaruvida demokratik prinsiplarni ta’minlash bilan bogʻliq axloqiy va madaniy qadriyatlarni tizimlashtiradi. E’tiborli jihati shundaki, Forobiy qarashlaridagi «hokimi mutloq boʻlmasligi», «saylovchilar irodasi», «ozodlik» kabi fikrlari nafaqat shu davrda, balki, bugunda ham insoniyat madaniyati noyob mahsuli hisoblangan - demokratiyaning bosh gʻoyasi boʻlib xizmat qiladi.
Davlat va uning boshqaruviga dahldor masalalar Yusuf Xos Hojib ijodida ham katta oʻrin tutgan. U “Qutadgʻu bilig” dostonida davlatni boshqarish amallari, qoidalari va siyosiy - axloqiy munosabatlarni jamiyatda qaror toptirishga qaratilgan qarashlari bilan e’tiborlidir. U davlat boshqaruvi va xizmatini tashqil etish turlarini hamda shu darajalarga muvofiq sifatlarini tasniflaydi. Jumladan, «Shohlikka da’vogarlar onadan ajib bir iste’dod bilan tugʻiladilar va ular darhol yaxshi-yomonni ajratish fitratiga ega boʻladilar. Bundaylarga Xudo idrok, farosat va yumshoq bir koʻngil ato etadi, qolaversa yaxshi ish yuritish uquvi bilan ham siylaydi» deb koʻrsatgan. Shuningdek Yusuf Xos Hojib oʻz asarida koʻrsatgan barcha ishlarda tajribali, yomonlikni darhol sezuvchi, oqillik bobida ibratli, zakovatli, ma’rifatga tashna, kichiklarga tayanuvchi, adolatparvar, sadoqat kabi sifatlarning sohibi boʻlishi shartligini ta’kidladi. Buyuk alloma faqat bu bilan chegaralanib qolmaydi, balki diqqat-e’tiborini jamiyat rivoji va taqdiri uchun mas’ul boʻlgan shaxslarning davlat boshqaruvidagi sifatlari tasnifini rivojlantirishning muhimligiga qaratgan. Ayni paytda, u jamiyatda ilmiy va madaniy salohiyatni adolatli davlat asoslarini yaratuvchi omil deb bilgan. Masalan, u, ziyolilar toʻgʻrisida shunday deydi: - «Haqiqiy ziyoli haqiqat tayanchi boʻladi. Agarki olamda donishlar boʻlmaganda, yerda rizq-roʻz unmas edi. Ularning ziyosi halq yoʻlini yorituvchi mash’aldir. Donishlarga shirin soʻz bilan bahra ber, moddiy manfaatini qondirishga harakat qil». Zero, agar biz demokratiyani jamiyatning yuksak madaniy shakli deb qaraydigan boʻlsak, unda ajdodlarimiz yaratgan meros bevosita adolatli davlatning poydevoriga asos boʻla oladi.
Unga zamondosh boʻlgan qomusiy olim Ibn Sino Oʻrta Osiyo tabiiy-ilmiy va ijtimoiy-falsafiy fikrlarning buyuk namoyondasi, tibbiyot, falsafa, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy ta’limot tarixiga ulkan hissa qoʻshgan mutafakkirdir. Uning “Ishorat va Tanbixot”, “Risolatu tadbiri manzil”, “Qush tili” kabi asarlari bevosita davlat boshqaruvining adolatparvar va axloqiy asoslariga bagʻishlanadi.
Oʻrta Osiyoda vujudga kelgan tasavvufchilik ta’limotida erkinlik va adolat.
Milliy davlatchilik negizlari haqida fikr yuritar ekanmiz, qadimgi Turon, Movarounnahr Turkiston hududida dastlabki davlatlar vujudga kelgan muqaddas makonlardan biri sifatida hattoki qadimgi dunyo olimlari tomonidan e’tirof etilgan. Masalan, bundan 2000 yil avval yashagan rimlik tarixchi Pompey Trog Turkiyzabon halqlarning eng qadimgi ajdodlari haqida shunday yozgan: «Baqtriyaliklar, soʻgʻdlar va xorazmliklar kelib chiqishining qadimiyligi boʻyicha misrliklar bilan bemalol bellasha oladi». Bunday fikrni yunon tarixchilari Strabon, Gerodot, Hikatiylar yozib qoldirgan ma’lumotlarda ham uchratish mumkin.
Oʻzbek milliy davlatchiligimiz negizlarining qadimiyligi haqida buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning «tarixi muluki ajam» asaridagi fikrlar alohida diqqatga sazovordir. navoiy davlat soʻzini mulk deb yozadi. ajam degani esa arabchada arabdan tashqari degan ma’noni anglatadi. Demak, qadimiy tarixlarda eron va turon hududida ilk bor tashqil topgan va uzoq asrlar davomida hukmronlik qilgan davlatni arablar ajam, ya’ni arab davlatidan tashqari, degan nom bilan ataganlar.
Ma’lumki, islom dini ijtimoiy dunyoqarash shakli sifatida keng tarqala borishi bilan uning nazariy, falsafiy, huquqiy tomonlarini ishlab chiqishga e’tibor ham tobora ortib borgan. Shu tariqa IX-XII asrlarda Movarounnahrda ilm-fan, madaniyat, islom falsafasining nazariy jihatdan yuksak darajada rivojlangan davri boʻldi. Ulardan Imom Al-Buxoriy, Imom At-Termiziy, Al-Moturudiy, Muhammad Imom-Gʻazzoliy, Mahmud az-Zamaxshariy, Burhonuddin al-Margʻiloniy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Abdulholiq Gʻijduvoniy, Bahovuddin Naqshband, Jaloliddin Rumiy kabi buyuk allomalar oʻzlarining ilmiy tadqiqotlari bilan jahon madaniyatiga ulkan xissa qoʻshdilar. Diniy-ilmiy tadqiqotlarda borliq, ilohiy qudrat, inson komilligi, adolat, insof, diyonat, vijdon kabi gʻoyalar inson ruhiyatini poklash orqali erkin jamiyatga chorlanadi. Bu borada J.Rumiy shunday deydi: “Inson buyuk bir mOʻ’jiza va uning ichida hamma narsa yozilgan. Biroq zulmat va pardalar borki, ular yozuvlarni Oʻqishga imkon bermaydi. Zulmat va pardalar, turli-tuman mashgʻulotlar insonning dunyo ishlari borasida olgan tadbirlari va koʻngilning soʻngsiz orzularidir.” Darhaqiqat, J.Rumiyning qarashlarida insonning farqi uning komilligiga asoslanadi. U dunyoga irqi, dini, millati, tabaqasidan qat’iy nazar, barcha insonlarga barobar murojaat qiladi. “Menga vahdai mayini tutgil, oʻzgalarni ham ondin bahramand etgil, toki jamoat jam boʻlib, faqat suvratda boʻlmish tafovutlarni bartaraf etaylik. Biz hammamiz yagona ogʻochning butoqlari, yagona qoʻshinning navkarlarimiz”. Jaloliddinning bashariyat birligi haqida gapirishi oʻsha davr uchun mislsiz jasorat edi.
Ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot rivojining ma’naviy asoslarini oʻrganishda Oʻrta Osiyoda vujudga kelgan tasavvufchilik oqimining ahamiyati ham alohida muhim oʻrin tutadi. Tasavvuf garchi islom bagʻrida nish urib, Qur’on va hadislar hikmatidan oziqlangan, koʻp hollarda shariat ahkomiga suyangan boʻlsada, lekin u rasmiy diniy aqidaparastlik va mutaassiblikka hamda hokim tabaqalarning ayshu-ishratlarga gʻarq turmush tarziga, talonchilik va manfaatparastlikka zid oʻlaroq, mehnatkash halq noroziligini ifodalab keldi. Ushbu ta’limotning el orasida yoyilib, fikriy yangilanishlarga qanot bergani, haq va haqiqatga tashna ziyolilar yuragini band etganiga sabab shu. Tasavvuf ta’limoti asosida adolat, haqiqat, toʻgʻrilik, mehr-shafqat, insof, iymon, e’tiqod, ilm, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi umuminsoniy gʻoyalarni targʻibot qiluvchi futuvvatga asoslangan bir qancha diniy, siyosiy oqimlar paydo boʻladi. Ular jamiyatning axloqsiz unsurlariga gʻoyaviy kuch sifatida qarshi qoʻyiladi. Bu borada, A.Yassaviy shunday deydi: “Shayx uldurkim, niyoz olsa, mustaqihlargʻa, gʻarib, bechoralargʻa bergaylar. Agar olib oʻzi yesa, murdor et yemishdek boʻlgʻay. Agar toʻn qilib kiysa, ul toʻn toʻzgʻuncha Haq ta’olo namoz, roʻzasini qabul qilmagʻay va agar olgʻan niyozidin non qilib yesa, Haq ta’olo oni doʻzaxda turluk azobgʻa giriftor qilgʻay. Va agar ondogʻ shayxgʻa har kishi e’tiqod qilsa, kofir boʻlgʻay”.
Yassaviyning hikmatlarida jamiyatda yetakchi shaxslarning sifatlari toʻgʻrisidagi talqinlar, ayni paytda, achchiq tanqidiy munosabatlari ijodining asosini tashqil etadi. Chunki shu davrda shayxlar siyosatga bevosita aralashib kelganlar.
Bu borada Amir Kulolning oʻgʻli Amir Umarning qarashlari (1406 y. vafot etgan) siyosatning nazariy va amaliy mohiyatini ochishda e’tiborlidir. Unda siyosatga shunday nisbat beriladi: “Bilgilkim siyosat - tutib turish va tartibga solishdir, yomon kishilarni qoʻrqinch va titroqda tutmoq, yaxshilarni taqdirlamoq kerak. Agar siyosat boʻlmasa, davlatning muhim ishlari amalga oshmaydi; agar tartibot, jazo qonunlari boʻlmasa, davlat ishlari ham oʻnglanmaydi, chunki hukmdorning, jamoaning koʻrki, davlat va dinning rivoji siyosatdir”. Ya’ni, din orqali siyosatda umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilishi va bunday siyosat bevosita davlat qonunlari orqali amalda oʻz tasdigʻini topishiga erishmoq lozim, deb qaraladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |