Gaya Marta. «Avesto»da ilk foniy odam – Gaya Marta haqida rivoyatlar keltirilgan. U zardo’shtiylikda yer yuzida yashagan birinchi odam sifatida tasavvur etiladi. O’rta asr manbalarida uning nomi Gavomard, Gayomat, Gopat shoh, Qo’bodshoh, Kayumars tarzida bitilgan. Gaya Marta ikki vujudli, ho’kiz va odamdan tashkil topgan. Uni ezgulik xudosi Axura Mazda Dantiya daryosining bo’yidagi Ar’yana Vejada yetmish kun mobaynida yaratgan. Daryoning chap sohilida odam, o’ng qirg’og’ida ho’kiz turgan. Gaya Marta insoniyat dushmani Axriman tomonidan o’ldirilgan.
Gavomard – Buqaodam yoki sigir, echki, qo’yga xos ayri tuyoqli odamlar haqidagi afsonalar o’zbek xalqi o’rtasida keng tarqalgan. Gerodot «Tarix» kitobida qadimgi turkiylar qavmi issidonlar haqida yozar ekan, unga tog’da echki tuyoqli odamlar yashashi haqida hikoya qilganligini aytadi. «Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlarning qahramonlaridan Rayhon arab ayri tuyoq deb ta’riflanadi. Turk olimi Abdulqodir Inon XIII asrda mo’g’ullar o’lkasida sayohatda bo’lgan Plano Karpini o’z xotiralarida it boshli, sigir oyoqli qavmlarni ko’rganligini yozgan. Xorazm ertaklaridan «Gul uzuk»da yarmisi odamga, yarmisi qo’tosga o’xshaydigan odamlar haqida hikoya qilinadi.
O’zbek xalqi o’rtasida Jo’mard qassob, Jonmardi qassob, Gavmard nomi bilan bog’langan rivoyatlar ham «Avesto»dagi Gaya Marta obraziga bog’lanadi. Rivoyat qilishlaricha, odamlarga go’sht yeyishni birinchi marta o’rgatgan kishi Jo’marddir. U Anushirvon davrida yashagan bo’lib, kunduzi qassoblik, kechasi podshohlik vazifasida o’tirgan va yomon odamlarni jazolagan. Jo’mard Ho’shamshohning o’n yettinchi avlodidan hisoblangan. Ho’shamshoh mol terisidan kiyim tikish, jundan mato to’qish, egar yasash kabi hunarlarga ega bo’lgan. Devlar unga ho’kiz terisini yopib, abadiy qolishni buyurgan.
Folklorshunos M. Jo’rayev Jo’mard qassob nomining kelib chiqishini mifologik afsonalar asosida shunday izohlaydi: «Qadim zamonlarda Gavmard ismli kishi bo’lgan ekan. Uning Baqar (Ho’kiz) degan do’sti ham bor ekan. U bir kuni ertalab uyqudan uyg’onib qarasa, hamma yerlar ko’m-ko’k ekan. Shunda u qari kishilardan: «Bu qanday hol?» deb so’rabdi. Qariyalar: «Bu – navro’z, u qish fasli tugaganidan darak berayapti», - debdilar. Shu payt shayton kelib vasvasaga solibdi, Gavmard o’z do’stini o’ldirib, go’shtini pishirib, dasturxonga tortibdi. Boshqa odamlar bo’lsa, yerda ko’kargan o’tlardan ovqat tayyorlab, dasturxonga qo’yibdilar. Gavmardning qilgan ishidan xabar topgan odamlar: «Iloyo juvonmarg bo’l!» - deb qarg’abdilar. Shundan so’ng uning nomi Juvonmarg bo’lib, keyinchalik Jo’mard deb atala boshlangan ekan. Navro’z bayramini nishonlash, dasturxonni ko’katlardan tayyorlangan taomlar bilan bezash va go’shtni iste’mol qilish o’sha vaqtdan qolgan deydilar. Jo’mardni bo’lsa, qassoblar o’zlariga pir deb bilishar ekan».24
Bu afsona o’zbek xalq og’zaki ijodi mahsulidir. Lekin unda «Avesto»da Angro Maynyu boshchiligidagi yovuz kuchlar Dantiya daryosining chap sohilidagi odam Gaya Marta va o’ng qirg’og’idagi Buqaga qilgan xuruji ma’lum darajada o’z ifodasini topgan. Bu voqyea zardo’shtiylik taqvimi bo’yicha ilk bahor kunlariga to’g’ri keladi.
Odam boshli, ho’kiz qiyofasidagi haykalchalar O’zbekiston (jumladan, Samarqand shahri yaqinidagi Tali Barzu tepaligi, Xorazm viloyatining Shovot tumani hududi)dan topilgan.
Tishtar. «Avesto»dagi mifologiyaga ko’ra, yerdagi barcha suvlarning manbai Tishtar yulduzida saqlanadi. Yovuz kuch Axraman suvli yulduzlarni egallash uchun ularga qarshi parilarni yo’naltiradi. Lekin Tishtar parilarga shikast berib, Farog’kart daryosi bo’yigacha quvib yuboradi. Zardo’shtiylik mifologiyasida Tishtar zaminni suv bilan ta’minlaydi. «Avesto»da Tishtar qasidasi (Tiyr yasht) keltirilgan. Qurg’oqchilik yillarida odamlar Tishtarga yomg’ir yog’dirishni so’rab, iltijolar qilishgan, balki maxsus marosimlar ham o’tkazilgan bo’lishi mumkin. Chunki bu marosimlar zardo’shtiylikning muqaddas an’anasi sifatida o’zbek xalqi o’rtasida hozirgi kunlargacha yetib kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |