Tabiatdagi ulkan narsa. Tirik jonivorlar orasida eng kattasi – baliq, jonsizlar orasida – qamish; jonlida baliq ulkan, jonsizda qamish yo’g’on.
Dunyodagi eng katta tog’ – Kap-tau, eng katta suv Muhit, eng katta daraxt – qamish, hayvonlar shohi – sher, arslon, qushlardan semurg’dir. Semurg’ning ikki boshi bor. Bir boshi odamlarga xos gapiradi, ikkinchisi qushlardek kuylaydi. Eng katta ilon – ajdaho, eng katta baliq – jayin.3
Qo’rqmas sigir. Qadim zamonlarda Surayyo o’n ikki yulduzdan iborat ekan. U paytlarda bahor, yoz bo’lmagan, faqat boqiy qish hukmronlik qilgan. Shunda hayvonlar Surayyoni tutish va uni yo’qotishga qaror qilishibdi. Ot to’rtta, tuya esa ikkita yulduzni ushlabdi va uni oyog’ining ostiga olib, majaqlab tashlabdi. Oltitasi esa sigirning tuyoqlari ostiga tushibdi. Ammo sigir yulduzlarni ezg’ilamabdi, oltovi ham sog’-omon qolibdi. Shundan beri qish olti oy davom etadigan bo’libdi. Shunda barcha hayvonlar ajablanishib, sigirdan so’rashishbdi.
- Nega yulduzlarni qo’yib yubording?
Sigir shunday javob beribdi:
- Issiqda qovjiragandan ko’ra, saharlab sovuqda yurgan yaxshi.
Shundan beri sigirlar sovuqdan qo’rqishmas ekan. 4
Animizm
Animizm (lat. anima – jon, ruh) odamlarning tabiatga sig’inishi va unga itoat etishi asosida yuzaga kelgan din shakli hisoblanadi. Anima («jon» va «ruh») odam vafot etganidan so’ng uning joni tabiatdagi jonsiz narsalarga ko’chishiga inonishdir. Animistik tushunchaga ko’ra, inson tabiatdagi narsa-hodisalar bilan o’zini mushtarak holda tasavvur etadi, tabiat inson qiynalganida, u ojizlikka tushib qolganida unga jonli odamdek yordam beradi. Turkiy xalqlar o’rtasida saqlangan ko’plab afsonalarda animizm tushunchasi o’z ifodasini topgan. Masalan, o’zbek xalq og’zaki ijodidagi «Oq bilakxon» ertagida yigit toshga aylanishi, «Ochil-ochil qamishlar», «Yoriltosh»da qizlarning iltijolari, yolvorishlari natijasida mo’jizalar ro’y berishi buning yorqin misolidir.
Qadimgi turkiylar tabiat kuchlarida pinhoniy kuch va ruhning borligiga ishonishgan. Ularning fikricha, oy, quyosh, momoqaldiroq va chaqmoqlarning ham o’z ruhi mavjud. Go’yo ruhlar erkaklik va ayollik jinsiga mansub edi. Ayol ruh malikasi «O’may» deb atalgan. Mahmud Koshg’ariy ona qornidagi bolalarni O’may muhofaza qiladi deb hisoblashi ham uning ruhlarga bo’lgan ishonchini ko’rsatadi. Yer va suvni, ayniqsa, kuchli ruhga ega deb hisoblashgan. Bular turkiy qavmlar o’rtasida turlicha nomda ( «Yer-Su», «Yer-Sub», «Yer-Suv», «Suv-Yer», «Yir-Sub», «Sub-Yer» ) aytilgan. Qadimda turkiy qavmlar istiqomat qilgan Sibir (Sib-ir) vodiysining nomi ham ana shu muqaddas tushunchalar hosilasi bo’lgan degan farazlar mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |