Gelios va Mitra. Quyosh ma’budlari Gelios va Mitraning ilohiy qudratidagi yaqinliklar bu ikki ma’budning yaratilish ildizi bitta degan xulosani beradi. Gelios va Mitra ham otash aravada osmonda uchadilar. Yunon mifologiyasida Geliosning hayoti bilan bog’liq bir tasvir berilgan. Gerakl Qizil orolga kelib, Gerion podasini haydab ketishi kerak edi. U O’rta yer dengizi sohiliga kelib, narigi qirg’oqqa o’tishga qiynalib qoladi. Shu payt osmonda quyosh xudosi Gelios o’t aravasi bilan tushib kelayotganligini ko’radi. Gelios har kuni o’t aravasini shu yerda qoldirib, oltin qayiqda narigi qirg’oqqa suzib o’tar edi. Gelios Geraklning maqsadini anglab yetgach, uni qayig’iga o’tqazib oladi. O’t aravasini qirg’oqda qoldirishi bilan yerni qorong’ulik qoplaydi. Ertasi kuni yana o’t aravasida osmonga chiqadi. Kechqurun oltin qayiqda yana dengizning narigi qirg’og’iga suzib o’tadi. Gelios Geraklning iltimosiga ko’ra podasini yerga olib chiqish uchun unga oltin qayig’ini beradi. Qadimgi Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasida ham Mitra aravasi adolat, e’tiqod, haqiqat sari yo’l ochib boradi. Mitraning Geliosga yana bir yaqinlik tomoni shundaki, Mitra ham hududsiz yaylovda podalarga, sigirlarga yordam beruvchi ma’bud sifatida ko’rinadi. «Avesto»da Mitraning bu fazilatini yorituvchi shunday satrlar keltirilgan:
Sigirini yetaklaganda,
Podasin o’ylab,
Qo’llarini ochganicha,
Yordamga chaqiradi:
«Bizni qachon yaylovlari
Keng va erkin podamizga
Haydaydi Mitra,
Yolg’onlar taqibidan,
Haqiqat yo’liga
Bizni qaychon qaytaradi u».14
Ma’bud va ma’budalar ilk daf’a qaysi xalqning tafakkurida paydo bo’lganligini isbotlash qiyin. Lekin aytish kerakki, yaratilgan miflarda ma’budalarning ma’budi osmon bilan bog’lanadi, ularning turadigan joyi yerdan balandda – tog’da, osmonda ko’rsatiladi.
Miloddan oldingi ikki minginchi yillarda Kichik Osiyo xalqlari, chunonchi xatti, xett, akkad, palay kabi xalqlarning yozuvlarida momoqaldiroq, quyosh, oy xudolari to’g’risida miflar keltirilgan. Bu xalqlarning adabiyoti ko’proq shumer xalqining mif va afsonalarga boy hamda osmon jismlarini xudo deb tushungan diniy ta’limoti asosida yaratilgandir. Quyosh qadimgi turkiy qabilalar orasida massagetlarning yagona xudosi hisoblangan. Xett va xurrit tillari orqali bizgacha yetib kelgan «Quyosh gimnida» massagetlarning ovozini eshitish mumkin. Gimnda Quyosh xudolar orasida eng muqaddasi bo’lib, unga ulug’ hokimiyat berilganligi kuylanadi. Quyoshga sig’ingan xalq o’zini qul deb hisoblaydi, Quyosh uchun qurbonlik qilishni zarurat deb biladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |