Ijtimoiylashuv orqali ijtimoiy nazorat. E.Fromm odamlar o’zlari yashayotgan jamiyat uchun amalda nima qilish kerak bo’lsa, shuni bajarishni istaydigan darajaga erishilgandagina jamiyat samarali faoliyat ko’rsatishi mumkinligini qayd etgan edi.
Har qanday jamiyatda odamlar ijtimoiylashuv yordamida nazorat qilinadilar. Bunda ular o’z rollarini ongsiz tarzda, o’z-o’zidan, odatlar va moyilliklardan kelib chiqib bajaradilar. Bu insonda o’z hayotini tartibga solish va jamiyat qonunlariga bo’ysunish istagi va intilishlarini tarbiyalashni nazarda tutadi. Ijtimoiy rollarni samarali bajarmaslik hollari ko’pincha odamlar rolga oid muayyan talablarni bajarishga qodir emasligi bilan emas, balki ular yo rollar mazmunini qabul qilmasliklari, yo ularni bajarishni istamasliklari bilan belgilanadi.
Shunday qilib, ijtimoiylashuv shaxsning odatlari va mayllarini shakllantirish orqali jamiyatda ijtimoiy nazorat va tartib o’rnatishning asosiy omillaridan biri sifatida maydonga chiqadi. U hayotning muayyan vaziyatida qarorlar qabul qilishda yo’l ko’rsatish orqali qiyinchiliklarni yengishga ko’maklashadi. Bunda shaxs ijtimoiylashuv jarayonida qabul qilgan va o’zlashtirgan me’yorlarga zid bo’lgan har qanday qaror unga noo’rin, mavhum va xavfli bo’lib tuyuladi. Shaxsning o’z xulq-atvori ustidan ichki nazorati asosan shu yo’l bilan amalga oshiriladi.
Guruh ta’siriga asoslangan ijtimoiy nazorat.Inson jamiyat hayotida ishtirok etar ekan, ichki nazoratga asoslanish bilan kifoyalanishi mumkin emas. Shaxs xulq-atvoriga uni qurshagan ijtimoiy muhit ham o’z ta’sirini ko’rsatadi. Ayni hol individ ko’p sonli birlamchi guruhlar (oila, ishlab chiqarish brigadasi, sinf, talabalar guruhi va h.k.) a’zosi hisoblanishi bilan izohlanadi.
Birlamchi guruhlardan har biri uning o’ziga ham, butun jamiyatga ham xos bo’lgan odatlar, xulq-atvor va institutsional normalarning barqaror tizimiga ega bo’ladi.
Shunday qilib, guruh ijtimoiy nazoratini amalga oshirish imkoniyati har bir individning muayyan birlamchi ijtimoiy guruhdagi ishtiroki bilan belgilanadi. Bunday guruhga qo’shilishning zaruriy sharti sifatida individ mazkur guruhda qabul qilingan, rasmiy yoki norasmiy xulq-atvor kodeksini tashkil qiladigan me’yorlardan kamida beshtasiga roziligi amal qiladi.
Bunday tartibni har qanday tarzda buzish darhol mazkur xulq-atvor muayyan ijtimoiy guruh tomonidan qoralanishiga olib keladi. Buzilayotgan me’yorning muhimlik darajasiga qarab guruh qoralash va sanksiyalarning turli shakllarini (tanbeh berishdan mazkur ijtimoiy guruhdan quvg’in qilishga qadar) qo’llashi mumkin.
Ijtimoiy nazoratning o’z vaqtidalik va samaradorlik darajasi birlamchi jamoalarning barchasida ham bir xil bo’lmaydi. Me’yorni buzuvchi individga guruhning ta’siri ko’p sonli omillarga, eng avvalo mazkur individning maqomiga bog’liq bo’ladi. Guruhda yuksak va past maqomga ega bo’lgan shaxslarga guruh tomonidan ta’sir o’tkazishning turli usullari qo’llanadi. Birlamchi guruhda yuksak maqomli shaxs yoki guruh liderining asosiy vazifalaridan biri eski madaniy andozalarni o’zgartirish va o’zaro aloqalarning yangicha usullarini yaratish hisoblanadi. Buning evaziga lider ishonch kreditini oladi va o’zi guruh me’yorlari chegarasidan u yoki bu darajada chiqishi mumkin. Boz ustiga, o’zining liderlik maqomini yo’qotmaslik uchun u xulq- atvor jihatidan guruh a’zolariga to’la o’xshash bo’lmasligi kerak. Biroq amalda guruh me’yorlaridan chetga chiqishning ham o’z me’yori yoki chegarasi bo’ladi. Bu chegaradan tashqarida lider guruh qolgan a’zolarining gruppaviy ijtimoiy nazorati ta’sirini his eta boshlaydi va uning lider sifatidagi obro’siga putur yetadi.