Shaxs normativ nazariyalari. SHaxs rollari nazariyasidan farqli o’laroq, mazkur konsepsiyalar majburiyat yuklovchi va yo’l ko’rsatuvchi xususiyatga ega bo’lib, insonga o’zini qurshagan muhitda idrok etish, baholash va o’zini tutishning muayyan shakllarini buyuradi.
Normativistik konsepsiyalar doirasida shaxsning qadriyatlarga munosabati konsepsiyasi ayniqsa faol rivojlangan.
“Qadriyat” - serma’no tushuncha. U oddiy ong sohasida va ilmiy bilim tizimida amal qiladi. SHaxs anglagan va his qilgan narsalar va hodisalarni aktual muhimlik sifatida, ma’no va ideal sifatida aks ettirish orqali qadriyat ongni, xulq-atvorni va ijtimoiy faoliyat maqsadlarini tavsiflaydi. “Qadriyat” tushunchasini fanga nemis faylasufi I.Kant (1724-1804) maqbullik (qadriyatlar va me’yorlar) va mavjudlik (mavjud narsalar va hodisalar) haqidagi tasavvurlarni taqqoslash jarayonida kiritgan.
Hozirgi vaqtda ijtimoiy qadriyatlar deganda jamiyat, ijtimoiy guruhlar va shaxs ehtiyojlari va manfaatlariga muvofiqlik nuqtai nazaridan real voqelikning muhim g’oyalari, hodisalari va predmetlari tushuniladi. Har qanday qadriyat o’z-o’zicha maqsad sifatida namoyon bo’ladi, unga erishishga u qadriyat bo’lgani uchun ham intiladilar, zero u idealdir. Hodisalar va voqelik ob’yektlarining qadriyat sifatidagi mazmuni insonni faoliyatga rag’batlantiradi. Muqobillar dunyosida muttasil ravishda bo’lish insonni yo’l tanlashga majbur etadi. Qadriyat tanlash mezoniga aylanadi, unga erishish odamlar xulq-atvorini tartibga solish funksiyasini bajaradi.
Sotsiologiyada qadriyatlar jamiyat hayoti va kishilar xulq-atvorini ijtimoiy-normativ tartibga solish vositalari sifatida qaraladi. Parsons fikriga ko’ra, qadriyatlar - kishilarning nomoddiy tushunchalar haqidagi umumiy tasavvurlari, kichik ijtimoiy guruhlarda va jamiyatda totuvlikni ta’minlovchi oliy prinsiplardir. Qadriyatlar keng ijtimoiy-madaniy zaminga ega, normalar esa, konkret vaziyatlar uchun konkret qoidalardir. Qadriyatlar va qadriyatlarga munosabatlar ikki muhim xususiyat - o’ta barqarorlik va o’zgaruvchanlik bilan tavsiflanadi, jamiyat, uning guruhlari va individlar faolligi va ochiqligi darajasining ifodasi sifatida namoyon bo’ladi.
Qadriyatlar va qadriyatlarga munosabatlar dinamikasini hisobga olish ijtimoiy va shaxsiy rivojlanish xususiyatlarini o’rganish, hayotning inqirozli davrlarida ijtimoiy sub’yektlarning qadriyatlarini hamda o’z taqdirini o’zi belgilash va o’z imkoniyatlarini o’zi ro’yobga chiqarish jarayonlarini tushunish uchun muhimdir
Shaxs sotsiologik nazariyalarining mazkur guruhiga dispozitsion nazariya ham kiradi. U shaxs xulq-atvorining ijtimoiy omillari ijtimoiy-psixologik omillar - shaxs ijtimoiy vaziyatni baholash va adekvat xulq-atvorga ongli ravishda tayyorligi bilan belgilanishidan kelib chiqadi. Sub’yektning muayyan xulq-atvorga, harakat usuliga, qilmishlar ketma-ketligiga tayyorligi (dispozitsiya) shaxsning bundan oldingi ijtimoiy tajribasi bilan belgilanadi.
Ijtimoiy nazorat va uni amalga oshirish usullari
Ijtimoiy nazorat, ya’ni jamoat yoki ijtimoiy guruh o’z a’zolari rollarga oid talablarni aniq bajarishlarini ta’minlashda foydalanadigan vositalar to’plami tahlilini kishilarning bir-biri bilan o’zaro aloqalarini aks ettiruvchi ijtimoiy tartibni tadqiq etishdan boshlash, bizningcha, o’rinli bo’ladi.
Yo’l harakati qoidalariga odamlar militsioner bo’lmasa ham rioya etadilar, u faqat ba’zan mazkur qoidalar bajarilishini tartibga soladi; ishchilar ishga belgilangan grafikka muvofiq, nazoratchining doimiy nazoratisiz ham keladilar, nazoratchi faqat ularga grafikni bajarish zarurligini eslatib turadi. Agar bunday shartlarga jamiyat a’zolarining o’zlari rioya qilmasalar, jamiyatda tartib ham bo’lmaydi. Jamiyatdagi tartib kishilarning o’zaro bog’langan rollariga asoslanadi. Bunda har bir shaxs boshqalarga nisbatan muayyan majburiyatlarni oladi va ayni paytda o’z majburiyatlarini bajarishni boshqalardan ham talab qiladi.
O’zaro huquqlar va burchlarning mazkur tizimi to’laqonli amal qilishi uchun nima qilish kerak? Bu savolga javob topishda sotsiologlar “ijtimoiy nazorat” tushunchasini ishlatadilar. Ijtimoiy nazoratning mohiyatini aniqlash uchun uni guruhda va jamiyatda amalga oshirish usullarini ko’rib chiqish foydalidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |