O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TERMIZ DAVLAT UNIVERSITETI
PEDAGOGIKA FAKULTETI
2-KURS 208- GURUH
NURQOBILOVA SABOHATNING
DEVITASIYA KONSEPSIYALARI
mavzusida tayyorlagan
KURS ISHI
Qabul qildi : Norboyev Farhod
Termiz – 2020
Reja:
Kirish………………………………………………………………..….3
Ijtimoiy maqom……………………………………………………..6
Shaxs rollari nazariyasi. Shaxs normativ nazariyalari……...….10
Ijtimoiy nazorat va uni amalga oshirish usullari………….……13
Og’uvchi (deviant) xulq-atvori va uning turlari………………..17
Deviatsiya nazariyalari…………………………………………...19
Deviant va delinkvent xulq-atvor………………………………..23
Xulosa………………………………………………………………….26
Foydalanilgan adabiyotlar……………………………………………28
Kirish
Shaxs sotsiologiyasi ba’zan sinonimlar sifatida qaraladigan shakllantirish, rivojlantirish, tarbiyalash, ijtimoiylashuv kabi tushunchalar bilan ish ko’radi. Ular teng ma’noda ishlatilmasligi sotsiologik tahlil imkoniyatlarini cheklaydi.
Shaxsni shakllantirish tushunchasi ishlatilganda, shaxsning shakllanishi va kamol topishi jarayoniga izchil ta’sir ko’rsatuvchi ob’yektiv sharoitlar va sub’yektiv omillar birligi nazarda tutiladi. Ijtimoiylashuv esa shaxsning shakllanish, jamiyat talablarini asta-sekin o’zlashtirish, ong va xulq-atvorning ijtimoiy ahamiyatga molik xususiyatlarini kasb etish (ular shaxsning jamiyat bilan o’zaro munosabatlarini tartibga soladi) jarayonidir. Shaxsning ijtimoiylashuvi jarayoni inson umrining dastlabki yillaridan boshlanadi va u fuqaro sifatida kamol topgan davrda yakunlanadi. To’g’ri, u o’zlashtirgan vakolatlar, huquqlar va burchlar ijtimoiylashuv jarayoni to’liq yakunlanganidan dalolat bermaydi: ba’zi bir jihatlarga ko’ra u umrbod davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiylashuv inson o’ziga jamiyat amr etgan xulq-atvor qoidalari va me’yorlarini muttasil anglab yetishi, ijodiy o’zlashtirishi va o’z ongida mustahkamlashi jarayonini anglatadi.
Dastlabki elementar ma’lumotlarni inson ong va xulq-atvor asoslarini yaratuvchi oilada oladi. Shaxsning ijtimoiylashuvi estafetasini oiladan maktab qabul qilib oladi. Voyaga yetish va o’z fuqarolik burchini ado etishga tayyorlik darajasiga qarab inson o’zlashtirayotgan bilimlar majmui murakkablashib boradi. O’quv yurtini tamomlab mehnat faoliyati bilan shug’ullana boshlagan yoshlarning ijtimoiylashuvi jarayoni ishlab chiqarishda nainki ijtimoiy munosabatlar, balki mazkur ijtimoiy institutga xos bo’lgan xususiyatlar ta’sirida yuzaga kelgan konkret sharoitlarda davom etadi.
Ommaviy axborot vositalari - matbuot, radio, televideniye shaxs ijtimoiylashuvining qudratli vositasi hisoblanadi. Ular jamoatchilik fikrini shakllantirishni, uni muayyan izga solishni amalga oshiradi. Bunda ham bunyodkorlik, ham vayronkorlik vazifalari teng darajada amalga oshirilishi mumkin.
Shaxsning ijtimoiylashuvi insoniyat ijtimoiy tajribasini o’zlashtirishni nazarda tutadi, shu tufayli ham vorisiylik, an’analarni asrash va o’zlashtirish kishilarning kundalik hayoti bilan uzviydir. Ularning vositasida yangi avlodlar jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy muammolarini yechishga jalb qilinadilar.
Nihoyat, shaxsning ijtimoiylashuvi insonning mehnat, ijtimoiy-siyosiy va ma’rifiy faoliyati bilan bog’liq. Bilimlarni o’zlashtirishning o’zi kifoya qilmaydi, ularni shaxsning harakatlarida namoyon bo’luvchi e’tiqodlarga aylantirish talab etiladi. Aynan bilimlar, e’tiqodlar va amaliy harakatlar birikmasi u yoki bu shaxs tipiga xos bo’lgan xususiyatlarni hosil qiladi.
Shunday qilib, shaxsning ijtimoiylashuvi inson jamiyat hayotining barcha sohalarida mavjud bo’lgan fuqarolik munosabatlarini o’zlashtirishining alohida shaklini o’zini ifodalaydi.
Hozirgi davr sharoitida ijtimoiylashuv jarayoni odamlarning ma’naviy qiyofasi, e’tiqodlari va harakatlariga yangi talablar qo’yadi. Bu, birinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy o’zgarishlarni amalga oshirishga faqat o’ta o’qimishli, yuqori malakali va ularni hayotga tatbiq etishda ongli ravishda ishtirok etayotgan kishilar qodir bo’lishi mumkinligi bilan belgilanadi. Amalga oshirish mo’ljallangan o’zgarishlarning zarurligiga ishonchi komil bo’lgan insongina tarixiy jarayonning faol, ta’sirchan kuchiga aylanishi mumkin.
Ikkinchidan, shaxsning ijtimoiylashuvi jarayonining o’ta murakkabligi uni amalga oshirish vositalarini muttasil ravishda takomillashtirishni talab qiladi. Ular yangilashga, ijtimoiy va shaxsiy muammolarni yechishda insonning o’rni va javobgarligini konkretlashtiruvchi kundalik izlanishga muhtojdirlar.
Uchinchidan, shaxsning ijtimoiylashuvi barcha ijtimoiy muammolarni yechishning ajralmas qismi hisoblanadi. Bu o’zaro bog’langan jarayon ijtimoiy taraqqiyotni ko’p karra kuchaytirishi yoki ob’yektiv o’zgarishlar, shuningdek kishilar ongi va xulq-atvoridagi o’zgarishlar hisobga olinmasa, uni susaytirishi mumkinligini hayotning o’zi tasdiqlaydi.
To’rtinchidan, shaxsning ijtimoiylashuvi kishilar ongi va xulq-atvoridagi salbiy hodisalarni bartaraf etishni nazarda tutadi. SHaxs sotsiologiyasi quyidagi savollarga hanuzgacha javob topgani yo’q: hayotning dastlabki bosqichida teng imkoniyatlarga ega bo’lgan kishilarning bir qismi nima uchun bezorilar, piyonistalar, o’g’rilar bo’lib yetishadilar? nima uchun ularning yana bir qismi byurokratlar, laganbardorlar, mansabparastlar, manfaatparastlar va hokazolarga aylanadi? nima uchun jamiyat xulq-atvorning ijtimoiy xavfli tiplari shakllanadi?
Nihoyat, shaxsning ijtimoiylashuvi jarayoni jahon madaniyati va milliy madaniyatlarning o’zaro aloqasi sharoitida yuz beradi. Garchi umuminsoniy motivlar ijtimoiy ong va xulq-atvor strukturasida yetakchilik qilishi tan olingan bo’lsa-da, milliy xususiyatlar ta’siri ba’zan inson qiyofasini ko’p jihatdan belgilovchi hal qiluvchi omilga aylanadi. Ijtimoiylashuv jarayonida milliylik fenomeni sotsiologiya oldiga uni umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg’unlashtirishning yangi imkoniyatlarini topish, jamiyat hayotida har bir xalq, har bir millat va elat hamda ularning har bir vakili alohida o’rin egallashini tan olish ijtimoiy-psixologik mexanizmlarini yanada teranroq anglab yetish vazifalarini qo’ydi.
Shaxsning ijtimoiylashuvi insonning bir yoki bir nechta ijtimoiy ahamiyatga molik xususiyatlari emas, balki ularning butun majmui tadqiqot ob’yektiga aylanishini nazarda tutadi. Ular ong va xulq-atvor xususiyatlari: bilimlar, e’tiqodlar, mehnatsevarlik, madaniyatlilik, tarbiyalilik, go’zalik qonunlariga muvofiq yashashga intilish, jismoniy tayyorgarlik va hokazolarni to’liq qamrab oladi.
Ma’naviyat omili shaxsning ijtimoiylashuvida hal qiluvchi rol’ o’ynaydi. Bizning nazarimizda, bu sotsiologiya fanining mazkur tarmog’ini madaniyat, ta’lim, fan, adabiyot va san’at muammolariga bog’lab o’rganishni talab qiladi. Bu iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy munosabatlarning o’rni va ahamiyatini aslo kamsitmaydi. Biroq insonni faqat madaniyat darajasi, uning boy va teran ma’naviy dunyosi, insoniylik, mehr-muruvvat, boshqa insonlarga hurmatning rivojlanish darajasi yuksaklikka ko’taradi.
Ijtimoiy maqom
Ijtimoiy maqom - bu individning jamiyatdagi o’rnini aks ettiruvchi ko’rsatkich. Har bir inson amalda bir nechta maqomga ega bo’ladi (masalan, o’g’il, geolog, darvozabon va h.k.).
Belgilangan (insonga ajdodlaridan meros bo’lib o’tadigan) va erishilgan (o’zlashtirilgan) maqomlar farqlanadi. Belgilangan maqomni inson o’z-o’zidan - etnik mansubligi, tug’ilgan joyi, oilasining mavqeiga ko’ra, shaxsiy kuch-g’ayratidan qat’i nazar oladi (o’g’il, buryat, volgabo’yilik, aristokrat). Erishilgan maqom (yozuvchi, talaba, er, ofitser, laureat, direktor, deputat)ga inson o’z kuch-g’ayrati bilan u yoki bu ijtimoiy guruhlar - oila, brigada, partiya yordamida ega bo’ladi.
Biroq maqomlar teng bo’lmaydi. Insonning jamiyatdagi o’rni va mavqei uning asosiy maqomini belgilaydi. Mazkur maqom zamirida, odatda, lavozim, kasb yotadi. Kasb shaxs maqomining ayniqsa keng qo’llaniladigan, umumiy, integrativ ko’rsatkichi hisoblanadi. Ish turi inson maqomining avtoritet, nufuz, hokimiyat kabi resurslarini belgilaydi.
Ijtimoiy maqom muayyan huquqlar va imkoniyatlarni ta’minlash bilan bir vaqtda, insonga majburiyatlar ham yuklaydi. Maqomlar yordamida kishilar o’rtasidagi munosabatlar tartibga solinadi. Ijtimoiy maqomlar shaxsning tashqi qiyofasi va xulq-atvori - ust-boshi, gapirish uslubi (jargon), o’zini tutishida ham, uning ichki pozitsiyasi - mo’ljallari, qadriyatlari va motivlarida ham aks etadi. Pol’shalik taniqli sotsiolog F.Znanetskiy (1882-1958) fikriga ko’ra, sotsiologiya nuqtai nazaridan individda uning ijtimoiy pozitsiyasi va funksiyasi birinchi o’rinda turadi. Individning organik va psixologik xususiyatlari esa oddiy bir material bo’lib, ta’lim olish va mustaqil o’qib-o’rganish jarayonida undan ijtimoiy shaxs shakllanadi.
Shaxs rollari nazariyasi. Shaxs normativ nazariyalari
Rol - shaxsning maqomi bilan belgilanadigan, unga xos bo’lgan xulq-atvor tipi. Mazkur maqom bilan muvofiq keluvchi rollar majmui rollar to’plamini tashkil qiladi. Rol’ amalda shaxsning ijtimoiy pozitsiyasi bilan, mazkur pozitsiyani egallab turgan insonning individual xususiyatlaridan qat’i nazar belgilanadi. Rolni bajarish insonning qabul qilingan ijtimoiy me’yorlar va atrofdagilarning o’ziga nisbatan mo’ljallari bilan muvofiq kelishga intilishi bilan bog’liqdir.
Rollarni o’zlashtirish ijtimoiylashuv jarayonida yuz beradi. Bunda rollarning soni tinimsiz oshib boradi. Ilk bolalik davrida inson bitta rol’ - bola rolini bajaradi. Bu davrda uning ongiga muayyan o’yin qoidalarini singdiradilar. Shundan so’ng bunga bolalar bog’chasi tarbiyalanuvchisi va birgalikdagi o’yin, bo’sh vaqtni birgalashib o’tkazish, dam olish va hokazolar bo’yicha birlamchi ijtimoiy guruh a’zosi roli qo’shiladi. Keyinchalik bola ulg’ayish jarayonida o’quvchi, yoshlar guruhi a’zosi, ijtimoiy harakatlar (jamoat tashkilotlari) ishtirokchisi, qiziqishlar bo’yicha turli guruhlar a’zosi rolini bajaradi.
Hamonki har bir inson bir nechta rolni bajarar ekan, rollar o’rtasida to’qnashuv yuz berishi ham mumkin: ota-onasi va tengqurlari o’smirdan har xil xulq-atvorni kutadilar, u esa, o’g’ir va o’rtoq rollarini bajarar ekan, ularning umidlarini teng darajada oqlay olmaydi. Bunday konflikt - rollar to’qnashuvi voyaga yetgan insonga bir umr yo’ldosh bo’ladi. Oila boshlig’i roli uning xulq-atvorini fuqaro roli bilan, muayyan ishlab chiqarish tashkilotining xodimi roli bilan muvofiqlashtirishni talab etadi.
Rollarga oid umidlar va rollar ijrosi o’rtasida to’la muvofiqlik hech qachon mavjud bo’lmaydi. Rolni bajarish sifati ko’p sonli omillarga bog’liq bo’ladi. Bu omillar orasida rolning shaxs ehtiyojlari va manfaatlariga muvofiqligi birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Rollarni ularga oid umidlarga muvofiq bajarmagan shaxs jamiyat bilan to’qnashadi, jamoat va guruh sanksiyalariga duchor bo’ladi.
Rolning xususiyatlarini tadqiq etar ekan, T.Parsons uning quyidagi belgilari va bog’lanishlarini tavsiflagan. Rollarning bir qismi makon va zamonda aniq bo’ladi (o’quvchi, talaba), boshqasi mavhumlik, nomuayyanlik bilan tavsiflanadi (jamoat tashkilotlariga, qiziqishlar bo’yicha guruhlarga a’zolik), ba’zi bir rollar amal qilish vaqtiga ko’ra davomli bo’ladi (xodimning mehnat hayoti davomidagi roli, otalik, onalik va h.k.).
Rollarning bir qismi aniq belgilangan qoidalarga rioya etishni talab qilsa (askar, ishlab chiqarish tashkiloti a’zosi), ayrim rollar uchun bunday talablar ancha erkin belgilanadi (musiqiy klub yoki jamoat birlashmasi a’zosi).
Rolni bajarish uning motivatsion jihati bilan ham bog’liq: ayrim holda rol’ shaxsiy naf ko’rishga intilsa (xususiy mulk egasi), ba’zi hollarda ijtimoiy manfaatlarga qarab mo’ljal oladi (siyosiy partiya a’zosi, kooperativ a’zosi va h.k.).
Nihoyat, ba’zi bir rollarni bajarish qat’iy tartibga solingan (soqchi, o’t o’chiruvchi, navbatchining roli), boshqa rollar esa boyib borishi yoki ayrim jihatlarini yo’qotishi mumkin bo’lib, bu hol, masalan, mansab pillapoyalaridan ko’tarilish jarayonida kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |