do‘ppisi.
Joylarning tabiati kishilar didi, xalq amaliy san’ati usullari ta’sirida do‘ppining turli xillari vujudga kelgan. Viloyatlarning tumanlarida tikiladigan Iroqi, Chust do‘ppi, Gilam do‘ppi, Chakma to‘r, Qizil gul, Piptado‘zi, Zardo‘ppi, Guldirma deb nomlanadigan milliy do‘ppi turlari mavjud. Masalan, Surxondaryo (ayniqsa, Boysunda) va Qashqadaryoda yumaloq, konussimon tuzilishdagi do‘ppilar ipak tolalaridan tikiladi. Shahrisabzning tepa va kizagi yaxlit (ipak va ipdan) to‘qilgan «gilam do‘ppi» si ham o‘ziga xos. Surxandaryoning Boysunida konussimon-yumaloq shakldagi, «to‘ldirma» deb ataluvchi kashta bilan bezatilgan, chetlariga jiyak va popuk bilan bezak berilgan piltado‘zi do‘ppilar mashhur. Bundan tashqari ushbu hududlarda «Sanama», «Chizma», «Tax’ya», «Chumakli», «Qush» kabi turlari ham bor.
Buxoroda ularga asosan zardo‘zi kashta bilan bezak berilgan. Buxoro zardo‘zlarining zamindo‘zi ( «Yulduz», «Tovus» va boshqa ) do‘ppilari badiiy jihatdan yuqori baholanadi. Qadimda Buxoro erkaklarining do‘ppilari yumaloq shaklli, chap tomonida popugi bo‘lgan.
Chust, Marg‘ilon, Qo‘qon, Andijon kabi shaharlarda do‘ppilar boshqa hududlardan ancha ilgari yaratilgan. Bugun ko‘pgina hududlar, masalan, Samarqand, Jizzax erkaklarining tepasi baland do‘ppilari aslida vodiydan kirib kelgan. Farg‘ona vodiysida do‘ppi turlari rang-barang bo‘lib, ulardan «Sandali», «Akka ikki so‘m», «Chimboy» va «Surkachekma» kabi do‘ppilardir.
Toshkentda «duxoba do‘ppi» mashhur. U «Oq par», «Chorgul» deb ham atalib, sidirg‘a baxmaldan tikiladi. Toshkent va Andijonda biser bilan bezatilgan «Nozik» nomli do‘ppi ham mashhur.
Xorazmda do‘ppi deyarli kiyilmaydi. Voha erkaklari asosan chugurma kiyishadi.
Demak, do‘ppilarning oltita mahalliy guruhi farqlanadi: toshkentcha, farg‘onacha, buxorocha, qashqadaryocha, surxondaryocha va xorazm-qaraqalpoqcha. O‘sha davrlarda do‘ppilar nomiga ular yaratilgan shaharlar nomi ham qo‘shib aytilgan: «Chust do‘ppi», «Qo‘qon do‘ppi», «Shaxrixon do‘ppi», «Marg‘ilon do‘ppi», «Gilam (Shahrisabz) do‘ppi» va b.
Farg‘ona do‘ppichiligida «chust» do‘ppilaridan keyin, ularga o‘xshatma qilib marg‘ilon do‘ppilari yaratildi. Do‘ppining tepa qismi to‘rt karjga ajratilib, har karjiga bir dona qalampir nusxa tikilib, asosan qora rangdagi satin va ipak matolardan tayyorlanadi.
Marg‘ilon do‘ppilarining qalampir nusxasi chust do‘ppisinikiga nisbatan ingichkaroq va kashta tikish usuli bilan farq qiladi. Marg‘ilon xotin qizlari do‘ppilarining o‘ziga xosligi shundaki, ularning tagligi yaxlit oq iplarda tikiladi. Bezagidagi asosiy mavzu-gullayotgan buta, ba’zan uning shoxida turgan yashil yoki ko‘k rangdagi qush bo‘lib bunday do‘ppilar Farg‘onaning markaziy va g‘arbiy qismidagi barcha joylariga xos. Do‘ppilarning gullari oq ipak bilan tikilib, gul naqshlari bo‘rtib turadi. Bunday ko‘rinishni hosil qilish uchun naqsh chizig‘i bo‘ylab chok ostidan yo‘g‘onroq xom ipak (to‘shama) to‘shalib tikiladi. Namga chidamli qog‘oz yoki matodan ingichka tasma qirqilib, tasma kashta naqshi ostiga joylanadi. Do‘ppilar «piltado‘zi» usulida tayyorlanib, kizagiga qora paxta va ipak ipdan tayyorlangan «chalma» jiyaklar tikiladi.
12.8-rasm. Qalampir nusxali do’ppi.
|
Do‘ppilarning shabpo‘sh deb ataladigan turi ham bor. U tikuv mashinasida yoxud qo‘lda baxyalab tikilgan ip gazlama matodan tayyorlanadi. Shabpo‘shni qishda telpak ostidan yoki tungi bosh kiyimi sifatida kiyishgan.
Do‘ppi tikish kasbi - do‘ppido‘zlik, do‘ppi tikuvchi ustani esa do‘ppido‘z deb ataganlar. Do‘ppi tikish san’ati bilan azaldan asosan, xotin-qizlar shug‘illanib kelishgan, ko‘pchilik naqshlarni ular yaratishgan. Har bir chevar nafaqat ma’lum bir andozani takrorlagan, balki, tez-tez o‘zicha naqsh kompozitsiyasini, uning rang-tusini o‘zgartirgan bu esa do‘ppiga alohida husn bag‘ishlagan. Shunday qilib, an’analashgan sari bu san’at avloddan avlodga o‘tib, do‘ppilarning kashtalarida rang-barang va betakror naqshlar paydo bo‘lib borgan. O‘zbek kashtachilik san’atida uchraydigan bezak unsurlari real dunyoni tasvir etib, uni anglashning o‘ziga xos vositasi, shakl va rang mukammalligidan hayratlanish ifodasi hisoblanadi. Do‘ppi kashtasida atirgul, gulsafsar, chinnigul, lola, gultojixo‘roz, olma guli kabi gul turlari tasvirlanadi.
Do‘ppilardagi eng ko‘p uchraydigan naqshlarga gul naqshlari, hayot va unumdorlik ramzi bo‘lgan bodom naqshi kiradi. Ba’zi do‘ppilar ornamentida to‘lg‘anib turgan ilon izi tasvirini ko‘ramiz. Bu tasvir yomonlikdan asrovchi vosita sifatida qaraladi va xalq orasida tumor sifatida bilishadi. Respublikada Marg‘ilonning eng ko‘p tarqalgan do‘ppi bezagi «qalampir guli», «tumor» bo‘lib, poklik hamda ko‘z tegmaslik ramzi hisoblanadi. O‘zbekistonda bolalar, birinchi navbatda yangi tug‘ilgan go‘daklar, shuningdek, ko‘zi yorigan ayollarni yomon ko‘zlardan asrash ma’nosida bodom yoki qalampir shaklida tumor taqishadi, shu bois ularni xalq san’atida ham himoya ma’nosida qo‘llashadi. Do‘ppilardagi pat bog‘lami, qushlar tasviri esa donishmandlik, oqillik ramzidir.
Do‘ppining xalqimiz hayotidagi muhim ahamiyatini do‘ppi bilan bog‘liq ertak, afsona, rivoyat, naql, maqol, matal, iboralar mavjudligidan ham bilsak bo‘ladi. Xalqimiz orasida eng ko‘p tarqalgan iboralarga murojaat qilaylik:
Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi.
Do‘ppisi tor kelib qoldi.
Do‘ppini olib qo‘yib o‘ylash kerak.
Do‘ppi maqol va topishmoqlarimizda ham tilga olinadi. Masalan, «O‘zi bitta, yuzi to‘rtta, bolachalari esa o‘n oltita» degan qiziqarli topishmoq ham bor.
Do‘ppi insonning boshini himoyalovchi, asrovchi bosh kiyimi bo‘lishi bilan birga, unga do‘ppi kiygan insonning kuch-quvvati, irodasi, hislatlari o‘tadi deb ham hisoblashgan. Ko‘pni ko‘rgan, sog‘lom, baquvvat keksalarning taxlangan do‘ppisi bilan kinnalab qo‘yish, silash, «emi-demi shu emish» deya urib qo‘yish bemorga quvvat berishiga umid qilganlar.
Hozirgi kunda ham yangi chaqalok dunyoga kelishi bilan onalar, buvilar unga jajjigina do‘ppi qidira boshlaydilar. Do‘ppichaga ukki parlarini, ko‘zmo‘nchoqlarni qadab, tuzatilgan beshigi boshidagi dastaga qo‘ndirib quo‘yadilar.
Chaqaloqqa aytilgan allalarda ham, xalqning eng ommalashgan qo‘shiqlarida ham do‘ppi, albatta, tilga olinadi.
Masalan:
O‘smalar siqay qoshingga, alla,
Do‘ppilar tikay boshingga, alla.
Allalar aytib uxlatay oyimchani, alla,
Beshikka solib tebratay begimchani, alla.
Tog‘da kiyikning bolasi, alla,
Bog‘da uzumning g‘o‘rasi, alla.
Do‘ppisida ukki pari, alla,
Bu kimning nevarasi, alla?
Do‘ppining to‘rt tomoni falakning to‘rt burjidir. Tomonlarga chekilgan naqshlar burjlardagi yulduz, oylar aksidir. Bu do‘ppiga ega xalq falakka yaqin, mumtoz xalqdir. Shoir kuylaganidek,
Qayga bormay, boshda do‘ppim,
G‘oz yurarman gerdayib,
Olam uzra dong‘i ketgan
O‘zbekiston, o‘zbegim.
Qayga bormay, boshda do‘ppim,
Shuhratim, qadrim buyuk.
Olam uzra nomi ketgan,
O‘zbekiston, o‘zbegim.
Marg‘ilon do‘ppilarining ta’rifini yurtimizdagina emas, balki xorijiy mamlakatlarda ham e’zozlanib kelinayotganligiga aminmiz. Marg‘ilon do‘ppilari Amerika, Kanada, Germaniya, Fransiyadagina emas, balki yashil qit’a hisoblangan Avstraliyada ham o‘z ixlosmandlariga ega. Buyurtma tarzida tayyorlangan Marg‘ilon do‘ppilari xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, biznes olami namoyondalari ham katta qiziqish bilan qaraydi. Yo‘rmado‘zlik Ortiqxon aya, Munisxon aya, Ominaxon aya, Xabiba opa, Roziyaxon aya, Adolatxon xoji aya kabi o‘nlab chevarlarimiz o‘tmishda va hozirgi kunimizda nozik didli xalqimizning do‘ppiga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini qondirib kelmoqdalar.
Ziyolilar oilasida tavallud topgan (1940 yil) Adolatxon xoji aya G‘ulomova xondo‘ppido‘zligi hamda milliy liboslar yaratish borasidagi uzoq 50 yillik mehnati evaziga o‘ziga xos bo‘lgan «Adolatxon maktabi»ni bunyod etdi. Besh avlod vakilasi bo‘lgan Adolatxon aya 8 yoshidan boshlab volidai muxtaramalari Turg‘unoy onalaridan do‘ppido‘zlik saboqlarini egalladilar. Do‘ppining o‘ziga xos bo‘lgan nozik va bejirim «bodomcha», «Iroqi», «Chor guli» kabi nusxalarini o‘zlashtirish bilan birga, murakkab shakl va ko‘p qo‘l mehnati talab qiladigan «Tayi do‘zi» ni ham o‘zlashtirishga harakat qilib keldi.
Do‘ppi baxmal, sidirg‘a shoyi, satindan bichilib, ip, ipak, zar iplar bilan kashta tikiladi. Kashta tikib bezatilgan bo‘laklar (tepa, kizak)ga astar yopishtirilib, mayda nozik chokda qaviladi va mustahkamlanadi. Qaviqlar orasiga paxta yoki qog‘ozdan pilta uriladi. So‘ng tayyor bo‘laklar bir-biriga ulanadi, kizak atrofi jiyak ya’ni tasma bilan hoshiyalanadi. Yelimlangan do‘ppilar taxtakachga qo‘yiladi. Tayyor bo‘lgan do‘ppi bichimiga qarab, murabba, konussimion (dumaloq) shaklga ega bo‘ladi. Do‘ppi to‘rt qismga bo‘linadi, uning ikki qarama qarshi qismi uchburchak hosil qiladi, qolgan ikki qismi esa ular orasiga ikki buklanib qatlanadi. Shu holda yangi do‘ppi sal namlanib, bosim tagiga qo‘yiladi, natijada u ma’lum bir shaklga kiradi.
O‘zbek do‘ppisi - millatimizning fahri, ijodkor xalqimizning qanchadan - qancha sirli naqshlar, suvratlar tarixini o‘zida mujassam etgan, chevarlarimizning mohirona san’at mahsulidir. Ularning qay birini qo‘lingizga olmang, xalqimiz yaratgan san’at asarining bir butun bo‘lagini tutgandek bo‘lasiz.
(Ekskursantlarga do’ppi turlarini kiyib ko’rishlari va rasmga tushishlari uchun 5 daqiqa vaqt beriladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |