3-ob’ekt.O’zbek milliy kashtachiligi
Hurmatli ekskursantlar! Sizga ma’lumki, Xiva gilamlari, Nurota kashtalari, Buxoro zardo‘zi buyumlari, Marg‘ilon esa o‘zining shoyi-atlaslari-yu, do‘ppilari va kashtachiligi bilan yetti iqlimga mashhur. O‘zbek milliy kashtachiligi amaliy san’atning eng qadimiy turlaridan bo‘lib, u xalqning o‘z turmushini go‘zal qilish istagi natijasida yuzaga kelgan. Kashtachilik san’ati nafaqat mamlakatimizda balki, chet ellarda ham shuxrat qozongan. O‘zbek xalqi ustalari qo‘llari bilan tikkan so‘zana, zardevor, gulko‘rpa, choyshab, do‘ppilari Germaniya, Belgiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Hindiston, Afg‘oniston kabi xorijiy mamlakatlarda mashhur.
12.3-rasm. Samarqand kashtasi va Buxoro kashtasi namunalari.
O‘zbek kashtachiligi iqlim, tabiy sharoit muhiti bilan bog‘liq holda barcha hunarlar bilan birgalikda rivoj topgan. Kashtachilik san’atining eng qadimiysi esa saqlanmagan.
XIV-XV asrlarga mansub miniatyuralar orqali kashtachilikning juda qadimdan rivojlanganligini ko‘rishimiz mumkin. XIX asrning ikkinchi yarmida kashta tikish mashinasining ixtiro etilishi kashtachilik korxonalarining vujudga kelishiga asos bo‘ldi. O‘zbek kashtachiligi qo‘shni xalqlar kashtachiligi ta’sirida boyidi va rivojlandi. O‘zbek kashtachiligiga nazar solsak, unda hind, xitoy, rus, afg‘on, qozoq, qirg‘iz va tojik kashtachiligining usul va uslublarini uchratamiz.
San’atda har bir millatning o‘ziga xos naqshlari bo‘ladi. O‘zbek kashtachiligida o‘simliksimon, geometrik gul naqshlari ko‘p uchraydi. Islom dinida tirik mavjudotlarni tasvirlashning man etilishi o‘z-o‘zidan kashtalarda aksariyat hollarda o‘simliklar, gullarni tasvirlanishiga olib keldi. O‘simliklar tasviri ko‘pincha yorqin rangdagi qushchalar tasviri bilan jonlantirilgan. Qo‘y shoxlari motivi qo‘shaloq spiral qatordan iborat bo‘lib, jiyak yoki hoshiyalovchi bezak sifatida qator barglar shaklida uchraydi. Bu qadimiy motiv ko‘pgina turkiy xalqlarda tarqalgan bo‘lib, u butun borliq, doimiy harakat timsoli hisoblangan. Ba’zida bu motiv bir vaqtning o‘zida bir nechta timsollarni, masalan, qo‘yning buralgan shoxlari va bir-biridan tarmoqlangan juft o‘simlik jingalalarini eslatadi.
Qadimgi an’analarga ko‘ra o‘zbek qizlari, bo‘lajak kelinchaklar seplari uchun har xil kashtachilik buyumlarini o‘zlari tayyorlashlari shart bo‘lgan. Kashtalar qanchalik nozik, chiroyli bo‘lsa, qayliq shunchalik yuqori baholangan. O‘rta Osiyoda kashtachilik juda keng tarqalgan bo‘lib, oilada har bir ayol kashta tikishni bilishi kerak bo‘lgan. Shuning uchun har bir oila o‘zi uchun kirpech, so‘zana, dorpech, oynaxalta, choyxaltalarni o‘zlariga tikkanlar. Bezak buyumlarning turlaridan: so‘zana, choyshab, zardevor, gulko‘rpa, parda, belbog‘ (yostiq ustiga yopiladigan), do‘ppi, ko‘ylak, dastro‘mol, joynamoz, nimcha, maxsi kovush, xaltacha va boshqalar badiiy did bilan bezatilgan. O‘tmishda bu kashtalar oq va malla matolarga tikilgan. Keyinchalik shoyi baxmalga tikiladigan bo‘ldi.
(Ekskursantlarga kashtaning bitta gul nusxasini qo’lda tikib ko’rishlari uchun 5 daqiqa vaqt beriladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |