«Dinara Tour Service» turistik firmasi tomonidan ishlab chiqilgan javobgarlik xatining mazmuni
_____ yil «____» kuni o‘tkaziladigan «________________________»
nomli sayohat rahbarining
JAVOBGARLIK XATI
Men_____________________________ guruhi ishtirokchilarning
sayohat tashkilotchilari tomonidan ekskursiya bo‘yicha ishlab chiqilgan barcha talab va majburiyatlarini o‘rgangan holda, barcha guruh ishtirokchilari sayohat paytida ularga to‘liq rioya qilishlarining nazoratini o‘z zimmamga olaman.
_________________ __________ «____» __________ _____ yil
(F.I.Sh.) (Imzo)
Ekskursantlarning vazifalari va majburiyatlari
Ekskursiya kelishilgan kuni va vaqtida ishtirokchi belgilangan vaqtdan kech qolmasdan yetib kelishi lozim;
Ekskursiya davomida har bir ishtirokchi qulay, past poshnali oyoq kiyim va bosh kiyimda bo‘lishi lozim;
Transport vositasida harakatlanishi davomida ishtirokchi avtobus salonida yurmasligi lozim;
Ekskursiya ishtirokchisi guruhdan ajralmagan holda ekskursiya davomida harakatlanishi lozim;
Ekskursiya ishtirokchisi to‘liq yo‘l harakati qoidalarigi rioya qilishi lozim;
Ekskursiya ishtirokchisi biror muammo yuzasidan ekskursiya tashkilotchilariga murojaat qilishi lozim;
Ekskursiya ishtirokchisi tomonidan ziyoratgohlarda baland ovozda gapirishi, qo‘pol suhbatlashishi, chekishi va h.k. ta’qiqlanadi.
|
13.3. Gidning huquq va majburiyatlari, moddiy javobgarligi
Fanning avvalgi mavzularida gidga qo‘yilgan talablar, gid faoliyatini tashkil qilishning o‘ziga xosligi ko‘rib chiqilgan edi. Ushbu rejada gidning huquqlari, majburiyatlari va moddiy javobgarligiga kengroq to‘xtalib o‘tamiz.
Gid o‘z faoliyatini yuritishda quyidagilarga amal qiladi:
bajaradigan ishiga tegishli me’yoriy hujjatlarga;
bajaradigan ishi bo‘yicha uslubiy materiallarga;
korxona nizomiga;
lavozim yo‘riqnomasiga;
turistik firma direktorining buyruqlari va farmoyishlariga.
Gid quyidagilarni bilishi kerak:
turizm industriyasining huquqiy va ijtimoiy asoslarini;
mintaqaning tarixi, madaniyati va geografiyasini;
tarixiy, madaniy, geografik diqqatga sazovor ob’ektlarni;
ekskursiya xizmatini tashkil qilish texnologiyasini;
xorijiy tilda ekskursiyani olib boruvchi gidlar chet tilini;
muzeylar va boshqa madaniy markazlarning ekspozitsiya materiallarini;
milliy va xorijiy etiketni;
shaxslararo muloqot qilish madaniyatini;
psixologiya asoslarini;
piyoda, transportda va aralash marshrutlarda xizmat ko‘rsatish qoidalarini;
shahar va shahar tashqarisida, yaqin va uzoq marshrutlarda ishlash qoidasini;
transport vositalarida turistlarni (ekskursantlarni) o‘zini tutish qoidasi haqidagi yo‘riqnomalarini;
birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalarini;
favqulodda vaziyatlarda harakat jadvalini;
hujjatlarni rasmiylashtirish va hisobotlarni tuzish tartibini;
iqtisodiyotni, mehnatni va boshqaruvni tashkil etish asoslarini;
mehnat kodeksini;
mehnatni muhofaza qilish normalari, yong‘in xavfsizligi qoidalarini.
Gid o‘z faoliyatini yuritishda quyidagi huquqlarga ega:
o‘zining faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan turfirma rahbarining qarorlari loyihasi bilan tanishish;
lavozim yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlar bilan bog‘liq, faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni rahbariyatga taqdim etish;
lavozim majburiyatlarini bajarish uchun zaruriy bo‘lgan ma’lumot va hujjatlarni mutaxassislardan, rahbarlardan olish;
unga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish (hal etishda) turfirmaning boshqa bo‘linmalari mutaxassislarini jalb qilish;
turfirma rahbariyatidan o‘zining huquq va majburiyatlarini bajarishda yordam so‘rash.
Gidning lavozim majburiyatlariga quyidagilarni keltirish mumkin:
ekskursiya xizmatini o‘tkazish metodikasi, asosiy matn, ekskursiya marshrutiga muvofiq ravishda mijozlarga ekskursiya xizmatini tashkil qilish;
ekskursiya ob’ektlari haqida ma’lumotlarni, statistik hujjatlarni, arxiv hujjatlari va boshqa hujjat ma’lumotlarini yig‘ish va o‘rganish;
ekskursiya xizmatining individual matnini, ommaviy chiqishlar matnini tayyorlash;
mijozlarning segmentiga qarab yangi mavzudagi ekskursiya xizmatini tayyorlashda qatnashish;
o‘z ustida ishlash, uslubiy to‘garaklar seminarida, gidlarning ijodiy yig‘ilishlarida, konferensiyalarda ishtirok etish;
turistlarning tashrif joyi va kelish vaqti to‘g‘risida ma’lumotni olish, ularni kutib olishni tashkil etish, turistlarning tarkibiga aniqlik kiritish;
ekskursiya ob’ektlarini ko‘rsatishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish bo‘yicha ekskursantlarga yo‘riqnoma o‘tkazish;
ekskursiya xizmati yo‘llanmalari va boshqa hujjatlarini to‘ldirish;
turistlar(ekskursantlar) betob bo‘lib qolganida, jarohat olganida birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish va zarur bo‘lganda «tez tibbiy yordam»ni, qutqaruvchilarni chaqirish;
favqulodda vaziyatlarda turistlar (ekskursantlar) harakatini yo‘naltirish va kerakli organlarni xabardor qilish;
hisobotlarni o‘z vaqtida topshirish.
Gid quyidagi vaziyatlarda javobgarlikka tortiladi:
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi mehnat qonunchiligi doirasida lavozim yo‘riqnomasida nazarda tutilgan lavozim majburiyatlarini bajarmaganida;
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi ma’muriy, jinoiy va fuqarolik qonunchiligi doirasida o‘z faoliyatini yuritishda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yganida;
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi moddiy zarar ko‘rsatilsa, fuqarolik va jinoiy, mehnat qonunchiligi doirasida moddiy zarar yetkazganida.
Demak, yuqoridagilardan kelib chiqib shunday xulosa qilish mumkinki, ekskursiya xizmati jarayonida turistlar, ekskursantlarning xavfsizligi to‘liq ta’minlanishi uchun ham turist(ekskursant) va gid ham o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilishi, tushunishi kerak bo‘ladi.
Tayanch so‘z va iboralar: turizm sohasida xavfsizlik, turist va ekskursantning huquq va majburiyatlari, gidning huquq va majburiyatlari, moddiy javobgarligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |