Treningni birinchi kuni.
Tashkiliy qism. Tashkiliy qismning asosiy jihatlari.
Trener birinchi navbatda nima haqida o’ylashi lozim? Eng avvalo mavjud guruhning motivatsiyasi, guruhdagi har bir ishtirokchining motivlari haqida (ongli xoldami yoki ong osti holatidami) bilishga harakat qilishi lozim. Treningning birinchi kuni ishtirokchilarni joylashuvi bilan boshlanadi.Trenerning o’zi stullarni doira shaklida qo’yishni boshlaydi, guruh esa unga yordam beradi. SHu holatning o’zidayoq ishtirokchilar hakida dastlabki ma’lumotni olish mumkin: kimdir faol yordam beradi — stollarni chetga suradi, bir yo’la bir nechta stul ko’taradi, tez-tez harakat qiladi, kimdir boshqalarning harakatini shunchaki kuzatib turaveradi, ba’zilar o’zini guyoki nimadir bilan banddek ko’rsatib turaveradi.
Treningni tashkil etishdagi muhim jihatlar.
Trening mashg’uloti o’tkaziladigan joy shinam, keng, erkin harakatlanishga mo’ljallangan, stullar bilan jihozlangan bo’lishi shart. Xonada ishtirokchilarning orasiga to’siq bo’ladigan ortiqcha jihozlar (ortiqcha stol, stullar) bo’lmasligi kerak. Guruh a’zolari doira shaklida o’tiradilar. Doira shaklida o’tirishning afzalligi shundaki, hamma ishtirokchilar bir-birining borligini his qilishi va bir-birini ko’rib turishiga imkoniyat bo’ladi. Bu esa ishtirokchilarda ishonch, qiziqish, diqqat kabi xususiyatlarni vujudga keltiradi. SHuningdek, boshlovchi va ishtirokchilar orasida erkin muloqot qilish imkoniyatini yaratadi. Ayniqsa, bolalar guruhi bilan ishlaganda ular Andjonsida o’qituvchining bo’lmasligi o’smirlarda haqiqiy tenglikni his etishga yordam beradi. Bu orqali guruh a’zolarining haqiqiy ijtimoiy tengligini ta’minlovchi psixologik muhit (iqlim) yaratiladi.
Trening jarayonida guruh a’zolari soni 7-10 kishidan 10-15 gacha bo’lishi eng ma’qul variant hisoblanadi. Eng yaxshi guruh 12-15 kishidan iborat bo’lgan guruhdir. Ishtirokchilarning ko’payib ketishi o’zaro ishonch muhitining tarkib topishiga halakit berishi mumkin. A’zolari kam bo’lgan alohida guruhlarda esa ishtirokchilar bir-birlarini tezroq tushunadilar va axillashishlari oson kechadi. Agar ishtirokchilar soni 15 kishidan ortib ketsa dastur va mashqlar ishtirokchilarni bir necha guruhlarga bo’lgan holda o’tkaziladi, ammo bunda ko’p vaqt talab etiladi va ishtirokchilarning diqqati bo’linadi. Bu esa kutilgan natijaga erishishga halaqit beradi.
Har qanday trening trenerning qisqacha ma’lumot berish bilan boshlanadi. Bunda u treningning maqsadi, vazifalari, shuningdek, ishtirokchilar egallashi mumkin bo’lgan omillar haqida gapiradi. Ya’ni ishtirokchilarga trening haqida tushuncha, uning qanday tashkil qilinishi, o’tkazilishi va ishtirokchilar trening oxirida qanday natijalarga erishishi mumkinligi tushuntiriladi.
Keyingi bosqichda trener guruh a’zolari bilan mashg’ulot davomiyligini kelishib olishi kerak. Mashg’ulot davomiyligi quyidagicha bo’lishi maqsadga muvofiq:
Haftasiga 4-5 kun 8 soatdan (orada 1 soat, 30 daqiqa tanaffus beriladi). Bu eng samarali natija beradi. Haftasiga 2-3 kun har kuni 4-5 soat. Samarali natija beradi.
Haftasiga 1 kun 3-4 soatdan. Kamroq samara berishi kutiladi. Trener guruhning motivatsiyasini aniqlash uchun guruhga qabul qilinadigan har bir ishtirokchi bilan individual suhbat olib borishi lozim. Suhbatda asosan quyidagi savollar bilan murojaat qilinadi.
Treningdan nima kutyapsiz?
Sizda, oilaviy (ota-onangiz, turmush o’rtog’ingiz, farzandingiz yoki boshqalar bilan) yoki ishda (rahbar yoki hamkasblaringiz bilan) muloqot borasida muammo bormi? Treningda ishtirok etishga sizni nima majbur qilyapti?
Bundan tashqari ishtirokchining individual pisixologik xususiyatlarini aniqlash maqsadida psixologik metodikalardan (Kettel, Lyusher testi, SND - Sub’ektiv nazorat darajasini aniqlash metodikasi va shunga o’xshash proektiv testlardan) foydalanish mumkin. Ba’zi hollarda (agar ishtirokchilarning psixikasi va xulqida jiddiy o’zgarish borligi sezilsa) MMPI so’rovnomasining moslashtirilgan variantlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Individual suhbat oxirida trener iloji boricha bo’lajak ishtirokchining «Men haqimda nima deya olasiz», «Test natijasi qanaqa chiqdi» degan savollaridan qochishga harakat qilish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |