.Sifat – XXI asr bo`sag’asida raqobatning umumjahon maydoni. Sifat narxdan muhimroq. Ishlab chiqarish texnologiyalarining rivojlanishi va shaxs ehtiyojlarining ta`sirida sifatning o`rni va ahamiyati doimiy ravishda ortib bormoqda. Kun sayin madaniyat va ta`lim darajasining yuksalib borishi iste`molchilarni yanada nozik didli va talabchan qilmoqda.
Raqobatbardoshlikni ta`minlashda XX asrning 80 – yillarida sifatga talablar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Jahon bozorida mahsulotlarni xarid qilayotgan iste`molchilarning 80% dan ortig’i sifatni narxdan ustun qo`ymoqda. Ma`lumotlar sifat harajatlarining umumiy ishlab chiqarish harajatlarining 15 – 25% dan kam bo`lmagan qismini tashkil qilganini ko`rsatadi.
Kreditlash, sarmoya kiritish, imtiyozlar berish imkoniyatlari mahsulot sifati bilan bog’langan. Masalan, Yevropaning bir qator davlatlarida shunday qonunlarga amal qilinadiki, ularga ko`ra muayyan mahsulotlar sifat sertifikatisiz bozorga kiritilmaydi. Mazkur sertifikat mahsulot sifatining Xalqaro standartlashtirish tashkiloti – ISO standartlaridagi talablarga javob berishini tasdiqlaydi. Boshqa sertifikatlashtirilmagan mahsulotlarning ikki barobar arzonga sotilishi shart qilib qo`yilgan.
Sifatga bog’liq tashkiliy – iqtisodiy va texnik muammolar allaqachon tadqiqot predmetiga, ularni hal qilish yo`llari fan tarmog’iga aylangan.
80 – yillarning yirik urushi. Global iqtisodiyotda ikkinchi jahon urushidan so`ng AQSh ning etakchiligi mustahkamlandi. Butun dunyoda Amerika tajribasi o`rganildi va amaliyotda qo`llanildi. 1953 yilda ingliz mutaxassislari AQSh da ishlab chiqarishni tashkil qilish yuzasidan keng qamrovli islohotlarni o`tkazishgan. Biroq sifatni boshqarish sohasida ular oqilona statistik nazoratdan foydalanilayotganini qayd etdilar, xolos. Amerika korxonalari tanlanma kirish nazoratidan foydalanishgan va unga ko`ra mahsulotlarning 98%i yaroqli deb topilgan. YAroqsiz mahsulotlar iste`molchi talablariga ko`ra bepul almashtirib berilgan.
Ilmiy – texnik taraqqiyot va Yevropa mamlakatlari iqtisodiyotining yuksalishi, “yapon mo``jizasi” ning yuzaga kelishi natijasida ushbu mamlakatlardagi ilg’or korxonalar nuqsoni bor mahsulotlarni ro`yxatga olish va almashtirish bilan kifoyalanib qolmadilar. Sifatni boshqarishning murakkab tizimlari shakllantirila boshlandi. Bu tizimlar tarqala boshlaganda bozor sifatning narxdan muhimligini angladi. Natijada Amerika biznesi 70 – va 80 – yillarda yuqori sifatli mahsulotlarni past narxlarda bozorga taklif qilgan Yaponiya va Yevropa firmalari tomonidan kuchli raqobatga duch keldilar.
1987 yilda sifat bo`yicha mashhur Amerika mutaxassislaridan D. X. Xarrington bu davr haqida yozadi: “80 – yillarning yirik urushi harbiy harakatlardan emas, balki sanoat urushidan iborat va butun dunyodagi iste`molchilar bu urushning o`ljasi hisoblanadi. Amerika sanoatiga nafaqat Yaponiya, balki Osiyo va Yevropa tomonidan ham hujum uyushtirilmoqda. Qo`shma shtatlarda ko`plab mahsulot turlarining takomillashuv darajasi aniqlanmaydi.
Barcha qatnashishi majbur bo`lgan buyuk kurash mamlakatimizda hukm surgan beparvolikka qarshi olib borilmoqda. Bunday falajlik “menga nima” yoki “bundan badtari ham bo`lishi mumkin edi” naqlidagi munosabatlarda o`z aksini topadi. Beparvolik insondagi qobiliyatlarning sust rivojlanishiga sabab bo`ladi. Saraton shishi kabi beparvolik butun Qo`shma shtatlarni qamrab olgan holda ortib bormoqda va 90 – yillarda mahsulotlar, xizmatlar va mehnatning raqobatbardoshliligiga erishish uchun biz bu kasallik bilan kurashishimiz kerak.
Prezident R. Reygan “X’yulett – Pakkard” kompaniyasining prezidenti J. A. YAngga ham ichki, ham tashqi bozorda Amerika sanoatining raqobatbardoshligini oshirish yo`llarini izlash bilan shug’illanuvchi guruhni boshqarishni taklif qildi. Bunga YAng javoban quyidagicha ta`kidladi: “So`nggi yigirma yilda xalqaro bozorda Amerika sanoatining raqobatbardoshligi pasayib ketgan. Tashqi savdo taqchilligining rekord darajasiga etishi, yuqori texnologik sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar savdosida jahon bozori ulushining qisqarishi, bizning ishlab chiqarish sektorimiz daromadlarining pasayishi, mehnat unumdorligining sust o`sishi va real ish haqi o`sishining mavjud emasligi tushkunlikdan dalolat beradi2”.
O`z faoliyatini yaxshilash yo`lida Amerika korporatsiyalarining olib borgan izlanishlari natijalari iste`molchilarning Amerika mahsulotiga ishonchini tiklashga yordam berdi. 1985 yilning oktyabrida Gellap instituti qoshidagi Sifatni nazorat qilish bo`yicha amerika jamiyati (SNQAJ) iste`molchilar so`rovini o`tkazdi. Bu so`rov iste`molchilarning 27%i Amerika mahsulotlarining sifati oshishiga ishonch bildirmasligini ko`rsatdi. Bu SNQAJ uchun 1980 yilda o`tkazilgan so`rovlarga nisbatan 250% ga ijobiy siljish yuz berganidan dalolat beradi. So`rov natijalariga ko`ra 1985 yilda so`ralgan iste`molchilarning 33%i xorijiy buyumlar Amerika buyumlariga sifat bo`yicha tenglasha oladi va ulardan yaxshiroq, deb hisobladilar (ijobiy siljish 227% dan ko`p)”.