Mavzu: AJRATILGAN BO`LAKLI GAPLAR
Gapda o`zidan oldin kelgan bo`lakni izohlab kelgan birliklar ajratilgan bo`laklar deyiladi. Ular boshqa bo`laklardan maxsus to`xtam bilan ajratiladi va gap urg`usini oladi: O`ng tomonda, jarlikning ustida, bir qo`rg`on ko`rindi.
Ajratilgan bo`laklar bir so`z yoki so`z birikmasi holida keladi: Bolalarning eng kichigini, valini, oldin ko`rmabman. Biz sizni, mehribon o`qituvchimizni, hech qachon unutmaymiz.
Ajratilgan bo`lak gapdagi qaysi bo`lakni izohlashiga ko`ra 4 turga bo`linadi: ajratilgan hollar, ajratilgan aniqlovchilar, ajratilgan izohlovchilar, ajratilgan to`ldiruvchilar.
Ajratilgan hol o`zidan oldin kelgan holning ma’nosini izohlab, bo`rttirib keladi: Kuzda, xazonrezgi vaqtida, daraxtzorni aylanib yurardi. Ko`pincha, o`rin, payt hollari ajratiladi: Umarali o`ngga, kichkina ko`chaga, tezgina burilib ketdi. Alisher bundan ikki yil ilgari, yigirma besh yoshida, Hirotga yuzlandi.
Ajratilgan to`ldiruvchi o`zidan oldingi to`ldiruvchining ma’nosini izohlab keladi: Bolalarning eng kichigini, valini, oldin ko`rmabman. Ularning bir-birlariga, ayniqsa, kichkintoylarga bo`lgan mehrlari menga yoqdi.
Ajratilgan aniqlovchi shaxs yoki narsaning belgisini, kimga yoki nimaga qarashliligini ta’kidlab, ayirib ko`rsatish uchun qo`llanadi: G`ulomov, yalang bosh, tollar tagida aylanib yurardi. Tepalikda bir necha kishilarning, ayol va erkaklarning, qorasi ko`rindi.
Ajratilgan izohlovchilar ko`pincha egani izohlab keladi. Otam – Jamshid G`ulomov, zavodda ishlaydi. Navvatchi hamshira, sochi oq semiz xotin, Sadvarning kechasi ham kelganligini eslatdi.
GAP BO`LAKLARI BILAN ALOQAGA KIRISHMAYDIGAN BO`LAKLAR
Nutqda gap bo`laklari bilan grammatik jihatdan bog`lanmaydigan birliklar ham qo`llanadi. Ular ma’no jihatidan gapga yoki uning biror bo`lagiga aloqador bo`ladi. Ularga undalma va kiritmalar kiradi.
UNDALMA
So`zlovchining nutqi qaratilgan shaxs yoki predmet undalma deyiladi. Undalma gap bilan grammatik jihatdan bog`lanmaydi, vergulbilan ajratiladi: Yurak, sensan mening sozim. Bolalar, qoidaga rioya qiling.
Undalma bosh kelishik shaklidagi ot yoki otlashgan so`zlar bilan ifodalanadi. Bu jihatdan egaga o`hshaydi. Lekin ega kesim bilan bog`lanadi. Undalma esa kesim, yoki gapdagi biror bo`lak bilan bog`lanmaydi. Qiyos qiling: Daraxtlar meni tingladilar. Daraxtlar, meni tinglang.
Undalmali gaplarning kesimi ko`pincha birinchi va ikkinchi shaxsda bo`ladi: Bugun menga bir qarashib yubormaysanmi, Otabek? Seni kutamiz,Temur.
Undalmalarning gapdagi o`rni erkin bo`lib, gap boshida ham, o`rtasida ham, oxirida ham qo`llanishi mumkin.
Tuzilishiga ko`ra undalmalar yig`iq va yoyiq bo`ladi. Bitta so`z bilan ifodalangan undalma yig`iq undalma bo`ladi: Yo`q, singlim, bilgani yaxshi. Aniqlovchi yoki izohlovchilar bilan kengayib kelgan undalma yoyiq undalma sanaladi: O`g`lim O`rmonjon, bola bechorani cho`chitmagin. Saxiy quyosh, bizdan nuringni ayama!
Undash ma’nosini kuchaytirish uchun ba’zan undalma takror holda qo`llanishi mumkin: Bolam, jon bolam, o`zingni ehtiyot qil.
Undash ma’nosini ko`chaytirish maqsadida yana ular oldidan undovlar ham qo`llanishi mumkin: Hoy bola, menga qara!
Undalma, odatda gapdan vergul bilan ajratiladi. Lekin u alohida ohang bilan ajratilib aytilsa, undalmadan keyin undov belgisi qo`yiladi: Zafar! Oyimlar keldilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |