Soliq sub’ekti - soliq to’lash majburiyati yuklangan yuridik va jismoniy shaxslar yoki boshqacha qilib aytganda soliq sub’ekti - bu soliqqa oid munosabatlarni tashkil etuvchi tomonlarning o’zaro majmuasi bo’lib, unda bir tomondan soliq to’lovchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) boshqa tomondan soliqni undirish vakolati yuklangan soliq xizmati organlari - Davlat soliq qo’mitasi, soliq boshqarmalari, tuman va shahar davlat soliq inspektsiyalari qatnashadi. O’z faoliyatida barcha yuridik va jismoniy shaxslar soliq sub’ekti sifatida namoyon bo’lmaydi. Chunki, bu yerda soliqlardan batamom ozod etiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar mavjudki, ular soliq sub’ekti sifatida soliq munosabatlarida ishtirok etmaydilar.
Soliq agenti - yuridik va jismoniy shaxslardan soliqni ushlab qolish va davlat byudjetiga o’tkazib beruvchi yuridik shaxslar. Bunday yuridik shaxslar o’z faoliyatida bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslarning mazkur korxonada o’z mehnati, investitsiyasi bilan ishtirok etishi natijasida olgan daromadi (foydasi)dan soliqlarni ushlab qoladi va davlat byudjetiga o’tkazib beradi. Soliq agentlari davlat byudjetiga soliqlarni bevosita yoki bilvosita ishga yollaganligi natijasida to’lanadigan ish haqidan, dividendlardan, doimiy muassasa orqali faoliyat ko’rsatmaydigan norezident yuridik va jismoniy shaxslardan ushlanishi lozim bo’lgan soliq summalarini ushlab qoladi va byudjetga o’tkazib beradi, ushlab qolinmagan, kam ushlab qolingan va o’z vaqtida o’tkazib berilmagan soliq summasi uchun qonunchilikda belgilangan moliyaviy, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladilar. Har bir yuridik shaxs soliq munosabatlarida soliq sub’ekti bo’lishi bilan birgalikda soliq agenti sifatida ham ishtirok etadi. Soliq agenti iqtisodiy adabiyotlarda asosan fiskal agent sifatida qayd etiladi.
Soliq ob’ekti - soliq to’lovchining soliq hisoblanadigan va soliqqa tortish uchun asos bo’lib xizmat qiladigan daromadi, oboroti va mol-mulki tushuniladi. Soliq ob’ekti sifatida foyda yoki daromad, muayyan tovarlarni qiymati, yer maydoni, jismoniy va yuridik shaxslarning mulklari, tabiiy resurslardan foydalanish miqdori va boshqalar kiradi. Soliq ob’ekti aslida jamiyatdagi mavjud moddiy va ma’naviy boyliklarning ayrimlariga qonun yo’li bilan ulardan foydalanuvchi, egalik qiluvchi va tasarruf qiluvchi soliq sub’ektlarining huquqlarini soliqqa tortishni ifodalaydi. Binobarin, moddiy yoki ma’naviy boyliklar soliq ob’ekti qilib albatta unga mulkiy huquqga ega bo’lgandagina yuzaga chiqadi. Masalan, egasiz imoratga soliq solinmaydi, chunki egasiz imoratga nisbatan soliq sub’ekti mavjud emas, vaholanki, bo’lgan taqdirda ham soliq ob’ekti sifatida imorat emas, balki ushbu imoratga bo’lgan mulkiy huquqqa soliq solinadi. SHu jihatdan aytish mumkinki, soliq ob’ekti aslida yuridik va jismoniy shaxslarning mulkiy huquqi va daromadiga qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |