1.2. Hozirgi davrda davlatlarning axborot siyosati va uning asosiy xususiyatlari
Ijtimoiy taraqqiyot rivoji insonning jamiyat oldidagi mas’uliyatini oshirmoqda. Inson o‘z ijodi, ixtirosining samarasidan gohida aziyat chekib, ezgu g‘oyalar bilan tadrijiy takomilini ta’minlash bilan bir qatorda, vayronkor ta’limotlar ta’siriga ham tushib qolmoqda. O‘zbekistonning birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’biri bilan aytganda: “Ayni paytda hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda – ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin. Agarki bashariyat tarixini, uning tafakkur rivojini tadrijiy ravishda ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, hayotda insonni kamolotga, yuksak marralarga chorlaydigan ezgu g‘oya va ta’limotlar bilan yovuz va zararli g‘oyalar o‘rtasida azaldan kurash mavjud bo‘lib kelganini va bu kurash bugun ham davom etayotganini ko‘ramiz”.1 Bugungi geomafkuraviy jarayonlar inson ongi va qalbi uchun yo‘naltirilganligi hech kimga sir emas. Insonning ongi va qalbi egallangach, u manqurt sifatida o‘zligidan ajraladi. O‘zligidan ayrilgan inson g‘ayriixtiyoriy ravishda har qanday tuban topshiriqning ham ijrochisiga aylanib boraveradi. SHu o‘rinda Mamlakatimiz Prezidenti SH.Mirziyovning fikriga e’tibor qaratish zarur: “Biz bir narsani hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur. Agar “ommaviy madaniyat” tahdidi faqat chetdan – G‘arbdan kirib keladi, desak, qattiq adashamiz. Bu balo, afsuski, o‘zimizdan, o‘z oramizdan ham chiqishi mumkin. Men bu gaplarni osmondan olib aytayotganim yo‘q. YUrtimizda nashr etilayotgan ayrim gazeta-jurnallar, kitoblarni, suratga olinayotgan ba’zi klip va kinolarni, efirga berilayotgan qo‘shiq va raqslarni kuzatib,sog‘lom fikrlaydigan har qanday odam shunday xulosaga kelishi tabiiy”2.
Demak, mustaqilligimizni mustahkamlash, mustaqi ichki va tashqi siyosatni yuritish, milliy manfaatlarimizni ta’minlashda davlatimizning axborot siyosati shakllanishiga va mustahkamlanishiga jiddiy e’tibor qaratmoq lozimdir. SHu bilan birga yurtimizda faoliyat yuritayotgan OAVlar faoliyatining asosiy mezoni sifatida milliy taraqqiyotimiz, xalqimiz tafakkurini o‘stiradigan, yoshlarimiz ongida milliy xususiyatlarimizni targ‘ibotiga asosiy e’tiborni yo‘naltirish kelajakda o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Axborot asri deb ataluvchi bugungi davrda inson ongi va qalbi uchun kurashning turfa usullari yaratilib, bunda axborot vositasida ijtimoiy fikrni shakllantirib, rivojlantirish bilan bir qatorda axborot xurujlari ham etakchi o‘ringa chiqmoqda. “Axborotlashgan jamiyatda ommaviy muloqotning yangicha shakllari vujudga kelib, ijtimoiy munosabatlar, turmush va tafakkur tarzlari, iqtisodda, siyosatda, boshqaruvda yangi paradigmalar shakllana boshlaydiki, bunga tayyorlanib borish zarurdir”.1 Bu erda axborot asri va axborotlashgan jamiyat tushunchalari mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, fikrimizcha, axborot asri – insonning kundalik faoliyatida axborot omili etakchi o‘ringa chiqqan davr hisoblanadi. Bunda telekommunikatsiya vositalari bilan bir qatorda ommaviy muloqotga mo‘ljallangan vositalar (telefon, faks, uyali telefon) etakchi mavqe kasb etadi.
Axborotlashgan jamiyatda esa axborot vositalari yordamida ma’rifiy va ma’naviy omillar etakchilik qiladi. “Axborotlashgan jamiyat – ishlab chiqaruvchi kuchlar va ishlab chiqarish munosabatlarida hamda kapitalning o‘sishiga erishishda bilim va axborotning etakchi o‘ringa chiqishidir”.2 YAna bir ta’rifda, “Axborotlashgan jamiyat bu – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda, eng avvalo, axborotni tayyorlash, unga “ishlov berish”, saqlash va tarqatish uchun etarlicha sharoit yaratilgan jamiyatdir”3 – deyiladi.
Bugungi kunda sivilizatsiyaning uchinchi to‘lqini sifatida e’tirof etilayotgan axborotlashgan jamiyat asoslari shakllanayotgan ekan, unda milliy qadriyatlarimizning ustuvorligiga erishish taraqqiyotimizning barqaror rivojini ta’minlaydi. Aksincha, milliy qadriyatlarga tayanmagan axborotlashgan jamiyat ommaviy madaniyatlar ta’sirida axloqiy omillardan uzoqlasha boradi. Bu halokatli jihatdir. Bu borada olim Rahmon Qo‘chqor masalaga quyidagicha yondashadi: “O‘ziga “axborot dunyosi”, “axborotlashgan jamiyat” deb nom qo‘yib olgan bugungi jumla jahonda u yoki bu voqea-hodisa haqida (u tarixda yuz berganmi yoki kuni kecha sodir bo‘ldimi – farqi yo‘q) ommaviy axborot vositalari “topib” tarqatayotgan ma’lumot, “tezkor xabar” qancha ko‘paysa, o‘sha voqea-hodisaga doir asl haqiqat shuncha mavhumlashib bormoqda”1.
Davlatning axborot siyosati «axborotni ishlab chiqarish, qayta ishlash va uni tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan kishilar hayot faoliyatining o‘ziga xos turi bo‘lib, davlat va fuqarolik jamiyati manfaatlarini ifodalaydigan, ular va ularning vakillari orasida ijodiy, konstruktiv muloqotning ta’minlanishidir».2
Davlat axborot siyosatining ob’ektlari nashr etiluvchi ommaviy axborot vositalari – gazeta, jurnallar va kitoblar nashri, elektron OAV – televidenie, radio, internet, shuningdek aloqa vositalari – telefon, peyjerlar hisoblanadi. «Axborot siyosatini siyosiy ta’sir quroli va siyosiy maqsadlarga erishish vositasi sifatida qarash mumkin: axborot siyosatining sub’ektlari axborot yordamida kishilar ongi, psixikasi, ular axloqi va ular faoliyatiga davlat va fuqarolik jamiyati manfaatlari va shaxsiy manfaatlari doirasida ta’sir ko‘rsatishi mumkin».3
Inson ongi va qalbi uchun kurash sharoitida axborot siyosati tushunchasi odatda mavjud informatsion oqimlar va resurslar bilan har xil institutsional sub’ektlarning (masalan, axborot bilan ishlashda o‘z qarashlariga va manfaatlariga ega bo‘lgan davlat yoki davlat organlari yoki alohida tashkilotlar va idoralar) muomala qilish usuli sifatida talqin qilinadi.4 Bizning fikrimizcha, axborot siyosati informatsion resurslar vositasida milliy manfaatlarning barqarorligini ta’minlashga, shuningdek milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi omillarga qarshi qaratilgan faoliyat bo‘lib, davlat organlari va jamiyat a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtiradi.
Globallashuv jarayoniga xos jihatlar - axborot orqali ta’sir ko‘rsatish, axborot xurujlari, gegemonlikni da’vo qiluvchi davlatlar tomonidan uyushtirilayotgan g‘oyaviy-madaniy ekspansiya, o‘z madaniyati va ma’naviyatini moddiy jihatdan ta’minlangan g‘arb va o‘z taraqqiyoti sari odimlayotgan sharq xalqlari turmush tarzi orasidagi farqlarni zo‘r berib,targ‘ib qilish hollaridir. SHu bois ham globallashuv jarayonining o‘ziga xos jihati - inson ongi va qalbi uchun kurash davri sifatida baholanmoqda.
Bugungi kunda kishilarga axborot orqali ta’sir ko‘rsatishga xizmat qiluvchi vositalar strategik ustunlikka erishish vositasi bo‘lib qoldi. Endilikda olimlar tomonidan axborot orqali ta’sir deganda axborot quroli (avvaldan muayyan maqsad sari yo‘naltirilgan uzatiladigan, qayta ishlanadigan, yaratiladigan va qabul qilib olinadigan axborotni uzatish vositasi) vositasida insonlarning ongi va qalbiga ta’sir o‘tkazish sifatida baholanmoqda.1 Zero, axborot orqali samarali ta’sir ko‘rsatish muayyan maqsad targ‘ibi yo‘lida kishilarning fe’l-atvori, o‘zligi, axloqi va ruhiyatiga, jamiyatdagi ma’naviy-ruhiy muhitga, jamoatchilik fikrining ijobiy yoki salbiy tomonga rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan maxsus axborotlarni yaratish va tarqatish kabi faoliyatlarni o‘z ichiga oladi.
Insoniyat tarixiy taraqqiyoti axborot vositasida ta’sir ko‘rsatishning turli samarali vosita va usullarining vujudga kelishiga imkoniyat yaratdi. Natijada axborot omili etakchi o‘ringa chiqishi bilan bir qatorda u axborot qarama-qarshiliklarini ham vujudga keltirib, ushbu soha ham ayrim olimlarning tadqiqot ob’ekti safidan o‘rin oldi.
A.Erkaevning fikriga ko‘ra: “Ommaviy kommunikatsiya vositalari – radio, kino (keyinchalik televidenie, internet va hokazolarning) vujudga kelishi, komikslar, ko‘ngilochar asarlar, gramplastinkalar (keyinchalik video va audiodisklar) hamda boshqa madaniy iste’mol buyumlarining sanoat usulida “ulgurji” ishlab chiqarilishi sababli moddiy buyumlar qatorida ma’naviy mahsulotlarning ham standartlashuvi yuz berdi. Ma’naviy-madaniy mahsulotlar iste’mol tovariga aylandi. Ularning shakli va mazmuni mahalliy, mintaqaviy va milliy qiyofalarini, xususiyatlarini yo‘qota boshladi”1.
Axborot qarama-qarshiliklari nazariyasi sohasida rossiyalik mutaxassis, texnika fanlari doktori S.P.Rastorguev axborot urushi tushunchasini “informatsion tizimlarning moddiy sohada ma’lum bir yutuqqa erishish maqsadida ochiq yoki bir-biridan yashirin holatda maqsadga yo‘naltirilgan axborot ta’siri” sifatida baholaydi.2 Bunda u qarama-qarshi tomon vaqtincha etkazilgan zararni bartaraf etish bilan band bo‘lganida qarshi tomon ustunlikka ega bo‘ladi deb aytadi. Olimning fikricha axborot urushi o‘z xususiyati va belgilariga ko‘ra odatdagi urushdan farq qilmaydi. Agressor qarshi tomonning barcha boshqaruv tizimini informatsion mo‘ljalga olgan holda o‘ziga bo‘ysundirishga erishadi va g‘alaba qozonadi.3
S Rastorguevning fikriga ko‘ra, himoyani tashkil qilishning samarali usullari ham mavjud: mavjud xavfning ko‘lamini kamaytirish; “keraksiz axborotlarni” asta-sekin yo‘qotish; o‘z boshqaruv tizimi ustidan qattiq nazorat o‘rnatish. Olimning ta’kidlashicha - axborot qurolini qo‘llash strategiyasi doim olg‘a intiluvchanlik xususiyatiga ega bo‘lishi lozim. Uning fikricha, bu ilmiy jamoatchilik tomonidan oxirigacha anglab etilmagan juda muhim natija bo‘lib, informatsion qurolning olg‘a intiladigan xarakterini belgilaydi va har qanday kuchli raqibning imkoniyatlarini baholashga yordam beradi. SHunday qilib, aytish mumkinki, bir davlatdan ikkinchi davlatga maqsadga yo‘naltirilgan holda berilgan axborotning hajmi axborot tajovuzkorligini aniqlash o‘lchami hisoblanadi.
Milliy istiqlol g‘oyasi darsligida rivojlangan mamlakatlarning o‘z axborot siyosatini olib borish uchun sarf etayotgan mablag‘lari haqida ma’lumot berilgan. Jumladan: “Bugungi kunda rivojlangan davlatlar qudratli targ‘ibot tizimiga ega bo‘lishga intilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Masalan, o‘z faoliyatining targ‘ibotiga AQSH hukumati yiliga 2,5 milliard dollar sarflashi bejiz bo‘lmasa kerak. Fransiya ham o‘z siyosatini aholiga tushuntirish ishlariga yiliga 100 million frankni bekorga sarflamayotgandir?”1.
Bugungi kunda mamlakatimizda samarali axborot siyosatini olib borish muhim vazifa ekanini e’tirof etgan holda, uni amalga oshirishning turli yo‘llarini izlash va eng maqbul yo‘lni tanlash zarurdir. SHu sabab rivojlangan mamlakatlar tajribasini tadqiq etish ishning samaradorligini oshishiga yordam beradi.
Germaniya davlatining axborot sohasida olib borayotgan siyosati hamda erishayotgan natijalariga to‘xtalib o‘tsak: Mamlakatda faoliyat yurituvchi asosiy tele va radio kanallar federal erlar ixtiyoridadir. Davlatning milliy manfaatlarini himoya qilish hamda xorijiy mamlakatlar oldidagi nufuzini oshirish borasida katta hajmdagi ishlar olib boriladi. Jumladan, 1960 yilda tashkil etilgan “Nemis to‘lqini” stansiyasi bevosita mamlakat tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatning targ‘ibochisi deb bemalol aytish mumkin.
“Nemis to‘lqini” to‘liq federal hukumat tomonidan moliyalashtiriladi. “Translyasiyalar olib boriladigan asosiy hudud Afrika qit’asidir. SHu bilan birga, mazkur stansiyaning eshittirish va ko‘rsatuvlarining asosiy iste’molchisi Janubiy va SHarqiy Evropa, Osiyo, YAqin va O‘rta SHarq nihoyat Lotin Merikasi mamlakatlaridir2. Qiziqarli tomoni shundaki stansiya o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini SHimoliy Amerika davlatlariga deyarli translyasiya qilmaydi. Buni “Nemis to‘lqini” senzura kuchli bo‘lgan, matbuot erkinligi cheklangan hududlarga axborot etkazish zarurati bilan izohlaydi. YUqorida nomlari qayd etilgan hududlarda esa axborot olish imkoniyati cheklangan deya e’tirof etilib, mazkur hududlarni ishonchli axborot berish zarurligi bilan izohlanadi.
Xalqaro ekspertlar, nazariyotchilar tomonidan axborot olish va tarqatish erkinligi etarlicha ta’minlangan deya e’tirof etiladigan Avstriya davlatida siyosiy soha va axborot sohasi bir-biri bilan o‘zaro chambarchas bog‘lanib ketgan. Bularning barchasiga ushbu mamlakat siyosiy elitasi tarkibining, shuningdek, partiyalar hamda OAVlar soni cheklanganligi bilan xarakterlanadi. SHu bilan birga ularning o‘zaro bir-biriga ko‘rsatadigan sotsial ta’siri muayyan oshib ketmasligi talab etiladi. Mamlakatda chop etiladigan gazetalarning ko‘pchiligi u yoki bu siyosiy kuchlar (siyosiy partiyalar) faoliyatini xolis yoritib borishga urinadi. Qaysidir siyosiy partiyaning “targ‘ibotchisi” degan sharmandali nom orttirmasligiga bor diqqat e’tiborini qaratadi. OAV hamda siyosiy qarorlar qabul qilish mantiqan o‘zaro yaqinlashib, hatto qo‘shilib bormoqda: partiya ichidagi aksariyat chora-tadbirlar mazmuni ular natijalarini imkon qadar tezroq va samarali tarzda OAVda yoritishdan iborat bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa OAV bilan ishlash saviyasining professionallashuvi saylov kampaniyalarini tayyorlash va o‘tkazishga tegishli bo‘lib, uning vosita va uslublari shundayligicha tijorat reklamasi arsenalidan olingan deb aytish mumkin.
Avstriya televideniesi bugungi kunda jamoatchilik-huquqiy ORF1 monopol holatidan xususiy TVning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq raqobatchilik tizimiga o‘tish davrini boshidan kechirmoqda. Mamlakatda ORFni kelajakda xususiylashtirish borasida keng ko‘lamli munozaralar bo‘lib o‘tmoqda. Hozirda davlat kompaniyasi teletomoshabinlar to‘lagan badallar, shuningdek reklama faoliyati, hamda qonunlar tomonidan qat’iy belgilangan boshqa daromadlar hisobiga moliyaviy ta’minlanadi. ORF zimmasiga tayyorlanayotgan dasturlar sifatini ta’minlash vazifasi yuklatilgan bo‘lib, bular orasida mamlakatdagi muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy hodisalar to‘g‘risidagi keng ko‘lamli axborotni tarqatish hamda avstriyaliklarning demokratik va milliy o‘zligini anglash ruhiyatini kuchaytirish kabilar ustuvor ahamiyat kasb etadi2.
Fransiyada milliy teleradioko‘rsatuvlar davlat monopoliyasi hisoblanib kelgan. Hatto, 1974 yilda ORTF (fransuz teleradiodasturlar boshqarmasi) 7 mustaqil jamiyatga bo‘linib ketgandan keyin ham bu vaziyat o‘zgarmay qoldi. Davlat monopoliyasi 1982 yil 29 iyuldagi qonun bilan qisman cheklandi. Ana shu vaqtdan boshlab Fransiya televizion tizimidagi o‘zgarishlar o‘sha davr siyosiy o‘zgarishlariga, o‘ziga xos “mafkuraviy mayatnik”ka muvofiq o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘ldi: davlat sektori – xususiy sektor. O‘ng liberal ko‘pchilik tomonidan TF-1 kompaniyasining xususiyalashtirishiga javoban so‘l siyosiy kuchlar Frans Televizon kompaniyasining birgaliklagi boshqaruvini joriy etib, bu TF-1 ning tobora kuchayib borayotgan ta’sirini kamaytirishga qaratilgan edi.
XX asrning 90-yillari boshiga kelib Fransiya axborot siyosatida davlat va xususiy sektorlar, liberal va avtoritar yo‘nalishlar birga mavjud bo‘lgan o‘ziga xos tizim yuzaga keldi. Ushbu tizim eng maqbul evolyusion taraqqiyot mahsuli bo‘lmasa ham biroq audiovizual OAVlar boshqaruvini hech qachon qo‘ldan chiqarmagan davlatning siyosatini aniq aks ettiradi. 1985 yil Fransiya prezidenti tomonidan xususiy TV yaratish to‘g‘risidagi farmon imzolanib, unda audiovizual OAVlar davlatning oshkor qilinmaydigan nazorati ostiga olindi. YUqorida aytilganlardan kelib chiqib, elektron OAVlar rivojining barcha bosqichlarida Fransiya davlati ularning siyosiy, iqtisodiy hamda texnologik yo‘nalishdagi faoliyatini uzviy ravishda nazorat qilib bordi1.
Buyuk Britaniya axborot siyosati ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega. 1932 yilda Bi-bi-si radioeshittirishlari xorijiy mamlakatlarga ham tarqatilib, avval u faqat Britaniya imperiyasi mamlakatlariga (Avstraliya, Hindiston, JAR, G‘arbiy Afrika mamlakatlari va Kanada) ingliz tilida olib borildi. Bu xizmat “Bi-bi-si” imperiya xizmati” deya nomlanib, tashqi ishlar vazirligi (Forin-ofis) tomonidan moliyaviy ta’minlangan va aholiga britancha turmush tarzi qadriyatlari mafkurasini etkazishga xizmat qilgan. Bu o‘z davri uchun qisqa to‘lqinli axborot uzatishdagi o‘ta yangicha yondashuv bo‘lib, tadqiqotchilar qayd etishicha, “imperiya xizmati” tez orada turli mamlakatlarning keng ko‘lamli auditoriyasini o‘ziga jalb qila oldi. 1938 yili eshittirishlar arab mamlakatlari (“Arab xizmati”) va Lotin Amerikasi mamlakatlariga (“Lotin Amerikasi xizmati”) kengaytirildi. SHu bilan birga nemis, fransuz va italyan tillarida o‘qilgan Evropa byulletenlari “Bi-bi-si tashqi xizmati”, keyinchalik esa “Bi-bi-si Evropa xizmati”ni tashkil qilindi. Hozirgi kunga qadar Bi-bi-si barcha xorijda olib boriladigan radioeshittirishlarining moliyaviy ta’minoti Forin-ofis zimmasida2.
Axborot dasturlari sohasida Bi-bi-si rahbariyati 1988 yildan boshlab jurnalistlar malakasini oshirish va ularning bir-birini o‘rnini bosa olishi maqsadini ko‘zlagan holda oxir-oqibatda teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarning to‘liq qo‘shib yuborilishini ko‘zda tutgan yangi strategiyasini hayotgan tatbiq eta boshladi. SHu bilan birga xorijiy byurolar kengaytirilib, o‘z maxsus muxbirlariga ega bo‘lgan yangi bo‘limlar paydo bo‘ldi. Ayni davrda kompaniya dunyoning 60ga yaqin tillarida eshittirish va ko‘rsatuvlar olib bormoqda. Jumladan, Markaziy Osiyoda ham o‘z bo‘linmalariga ega bo‘lib, xususan o‘zbek tilida ham eshittirishlar olib bormoqda.
Ko‘p sonli amerikalik siyosatshunoslarining AQSHdagi axborot siyosatining tuzilmasini tahlil qilish bo‘yicha xulosalariga ko‘ra, dastavval televideniening mamlakat oliy siyosiy rahbariyati bilan o‘ziga xos hamkorlik aloqalari mavjud bo‘lgan. Hukumat o‘z siyosatining asosiy yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlaganligi evaziga ulkan daromadni kafolatlagan.
AQSH axborot siyosatida 1979 yil jamoatchilikni qonunchilik faoliyatidan xabardor qilib turish uchun yaratilgan Si-SPEN (Cable Satellite Public Affairs Network) ya’ni “Kabel-yo‘ldoshli ijtimoiy-siyosiy tarmoq” katta o‘rin tutadi. Ushbk kanal respublikachilar va demokratlarning s’ezdlarini to‘lig‘icha va sharhlarsiz olib ko‘rsatsa, boshqa tijorat telekompaniyalari ularni faqat kechki chiqishlaridagina yoritib boradilar.
Ko‘pchilik g‘arb davlatlari va AQSHda axborot jamiyati bilan bog‘liq “e-Government” (“elektron hukumat”) konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Bu nom ostida butun dunyodagi hukumatlar o‘z xizmatlari samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida faol ravishda axborot – kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana boshladilar1.
AQSHda “elektron hukumat rivojlanish indeksi” ko‘rsatkichi 3,11, Avstraliyada – 2,6, Singapurda 2,58, Kanada va Buyuk Britaniyada 2,52, Germaniyada 2,46 ni tashkil etadi. Ushbu indeks mamlakat taraqqiyotining “raqamli” axborot-kommunikatsion texnologiyalariga (AKT) qo‘shilgan investitsiyalar hajmiga bog‘liqligini ko‘rsatadi1.
Darhaqiqat, har qanday davlat u qudratli, sanoatlashgan, jahonda o‘zining munosib o‘rnini egallagan davlat bo‘ladimi, endigina mustaqilligini qo‘lga kiritgan rivojlanayotgan mamlakat bo‘ladimi, o‘zining xavfsiziligini ta’minlashga, mamlakat fuqarolarini mafkuraviy tahdidlardan himoyalashga jiddiy e’tibor qaratishga mas’ul. Bu holat davlatni turli axborot-psixologik tahdidlardan himoyalashga xizmat qiladi. Ta’kidlash joizki, qator G‘arb mamlakatlarida «axborot urushi», «psixologik urush» kabi atamalar qo‘llaniladi. O‘zbekistonda «mafkuraviy tahdid» deb ataluvchi hodisa hamda «axborot urushi», «psixologik urush» kabi atamalar mohiyatan bir-biriga ancha yaqin turadi. Etakchi xorijiy mamlakatlar o‘zlarini xuddi ana shu axborot-psixologik urushlardan himoyalashga katta e’tibor qaratayotgan ekan, mustaqil O‘zbekiston ham mafkuraviy tahdidlarning mavjudligi sharoitida milliy xavfsizlik masalalarini etakchi o‘ringa qo‘yayotganligi – mamlakatimiz fuqarolari manfaatlari, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, demak insoniyatning tinchligi yo‘lida qilinayotgan siyosiy faoliyatdir.
AQSH olimi Uinn SHvartau axborot urushlarining uch xil turini ajratib ko‘rsatadi. Bular:
«1. SHaxsga qarshi qaratilgan axborot hujumi.
Tashkilotlar darajasidagi axborot urushlari - ya’ni bugungi kunda har qanday kompaniyani uning axborot tizimiga hujum qilish orqali uning faoliyatini izdan chiqarishga yo‘naltirilgan urush.
Global axborot urushlari».2
Bunday klassifikatsiya axborot urushlarini turkumlashga xizmat qiladi. Biroq, muayyan mintaqada joylashgan davlatlar orasida, mintaqalar orasida ham axborot urushlari bo‘lib turadiki, ushbu jihatlarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim.
«Axborot urushi» tushunchasi bilan bir qatorda «psixologik urush» atamasi ham ilmiy-ommaviy muomalada faol qo‘llanilmoqda. «Psixologik urush» atamasi ilk bor britaniyalik tarixchi J.Fuller tomonidan 1920 yilda qo‘llangan. U birinchi jahon urushini tahlil qilar ekan, urushning nafaqat qurolli to‘qnashuvlardan, balki davlatlarning bir-birlariga o‘tkazgan axborot-psixologik tahdidlaridan ham iborat bo‘lganligini ta’kidlaydi.1
Bundan tashqari bugungi kunda keng qo‘llaniladigan «psixologik amaliyot (operatsiya)» atamasining paydo bo‘lishi ham urush bilan bog‘liq. Bu atamani ilk bor AQSH dengiz kuchlari kontr-admirali E.Zaxarias qo‘llagan. U YAponiya bilan urushda nafaqat qurol kuchidan foydalanish, balki raqib askarlariga ruhiy bosim ko‘rsatish, ulardagi vatanparvarlik tuyg‘ularini so‘ndirish lozimligini ta’kidlagan.2 Ko‘rinib turibdiki, mafkuraviy kurashlarning rivojlanishi asosan urushlar bilan bog‘liq bo‘ladi yoki bunday kurashlar davlatlar orasida qurolli to‘qnashuvni keltirib chiqaradi.
Ta’kidlash joizki, jahonda mavjud bo‘lgan ikki qutbli tizim uzoq yillar davom etgan «sovuq urush»ni keltirib chiqardi. Bu holat esa davlatlar o‘zlarini mafkuraviy jihatdan himoyalashlari lozimligini taqozo etardi. SHu bois, 1953 yilda AQSHni turli tashqi mafkuraviy tahdidlardan, axborot-psixologik amaliyotlardan himoyalash maqsadida AQSH prezidentining axborot-psixologik strategiyasi bilan shug‘ullanuvchi davlat maslahatchi xizmati joriy qilinadi. Bu xizmat turli mafkuraviy tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha izlanishlar olib boradi. AQSH prezidenti Duayt Eyzenxauer shunday deb yozadi: “Biz sovuq urush olib bormoqdamiz. Bu urushdan ko‘zlangan maqsad aniq bo‘lmasa, u o‘zining mazmunini yo‘qotadi. Biz bu urushni olib borayotganligimiz boisi, harbiy harakatlarsiz g‘alabani ta’minlashdan iborat. CHunki, bugun ikki qarama-qarshi tizim yonma-yon yashayotganligi tufayli, bizning tizimimiz insonlarni o‘ziga ko‘proq jalb qilishi lozim. Insonlar qalbi, yuragi va aqlini o‘ziga ko‘proq jalb qila olgan tizimgina kelajakda g‘alaba qozonishi muqarrardir”.1 Aytish mumkinki, AQSHning o‘sha vaqtlardagi prezidenti g‘alabaning asosiy omili sifatida “tizimining kishilar ongi va qalbi uchun jozibadorligi”ni ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ham mafkuraviy tahdidlarni amalga oshirayotgan ba’zi kuchlar o‘z g‘oyalarini jozibali qilib etkazishga intilmoqdalar. SHu bois davlatning axborot siyosatidagi xususiyatlardan biri – o‘z hududida fuqarolar faoliyatini umumiy maqsad sari yo‘naltirishni targ‘ib etishdir.
Axborot-mafkuraviy tahdidlar muammosi bo‘yicha izlanishlar olib borgan olim T.Tomas ham axborot resurslarini yadro quroliga tenglashtiradi. Axborot mafkuraviy ta’sirning asosiy vositasi ekanligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, uning quyidagi xulosalarini keltirish mumkin:
«Axborot resurslarini boshqalardan xuddi yadro qurolini himoya qilgan kabi himoyalash lozim;
axborot resurslari kuchlar nisbatini buzib yuborishi mumkin;
axborot xurujlari o‘zining boshlanish pallasida unchalik ko‘zga tashlanmasligi sababli har doim ham ularning oldini oluvchi choralarni qo‘llab bo‘lmaydi;
axborot xurujlari ekologik xavf-xatar tug‘dirmaydi, shu bois dushmanga axborot hujumini uyushtirish yadro qurolini qo‘llashdan ko‘ra samaraliroq hisoblanadi;
axborot amaliyoti mamlakat iqtisodini ham izdan chiqarishi mumkin;
axborot xurujlari kishilardagi milliy ruhiyatni zaiflashtirishda samarali usuldir;
axborot xurujlari mavjud voqelikni buzib ko‘rsatib, mamlakatning noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishiga yoki qarorlar qabul qilish jarayonini buzishga sabab bo‘lishi mumkin».2
Bu kabi axborot xurujlari albatta, mafkuraviy xarakter kasb etadi. Bu ta’sirlar nafaqat davlat uchun balki, jamiyatning xar bir a’zosi, oddiy fuqarolar uchun ham xavf-xatar tug‘diradi. Axborot xurujlari bo‘yicha amerikalik taniqli olim Uinn SHvartouning fikricha, «Ertami-kechmi, har bir kishi axborot xurujiga duch kelishi mumkin. CHunki zamonaviy jamiyatlar axborotga asoslanadi»1. SHunday ekan, bugungi shiddatli globallashuv sharoitida milliy manfaatlarni etakchi o‘ringa qo‘ygan har bir davlat o‘zini axborot-mafkuraviy jihatdan himoyalash choralarni ko‘rishi milliy taraqqiyotning kelajak rivojini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizga “islom halifaligi”ni tiklab, uning bayrog‘i ostida musulmon xalqlarini yangi imperiyaga birlashtirishga qaratilgan intilishlar; yosh mustaqil davlatlarni sobiq ittifoqqa birlashtirish g‘oyasi; tariximizni, milliy qadriyatlarimiz va islom dinining mohiyatini soxtalashtirishga urinishlar; axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib etib, yoshlarni ma’naviy jihatdan qashshoqlashtirishga intilishlar; turli mafkuraviy vositalar orqali mintaqaviy va davlatlararo mojarolar keltirib chiqarishga qaratilgan harakatlar»2 shaklidagi mafkuraviy tahdidlarni amalga oshirayotganliklari sir emas. “Birjinsli nikohlar va gey-paradlarning OAVda ochiq targ‘ib etilishi zamonaviy jamiyatda ushbu borada haligacha go‘yo mavjud bo‘lgan diskriminatsiyaga chek qo‘yish istagi bilan izohlanayotir. Fransiyada tegishli qonun qabul qilinganidan so‘ng ilk bora rasmiylashtirilgan birjinsli nikohni ro‘yxatga olish marosimi 2013 yil may oyi oxiri – iyun oyi boshlarida Euronews kanali orqali bir hafta davomida takror-takror ko‘rsatildi. Birorta siyosiy yangilikka, ijtimoiy-madaniy voqeaga, ilmiy kashfiyot yoki qirollar, “yulduzlar” hayotiga bunchalik efir vaqti ajratilmagan edi. Axborotning mazmuni va maqsadini qo‘yaturaylik, unga ajratilgan efir vaqti hajmining o‘ziyoq bu borada aniq axloqiy, ijtimoiy mo‘ljallar yo‘qolayotganiga dalolatdir”3. Bunday sharoitda jamiyat a’zolari ongida kuchli immunitetni shakllantirish lozimki, ushbu jihat davlatning axborot siyosatida ustuvor mohiyat kasb etishi lozim.
«Aynan mana shu sharoitda, - deyiladi «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» risolasida, - xalq va davlatning ezgu maqsadlariga yot va begona bo‘lgan g‘oyalar jamiyat hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazishga harakat qilishi tabiiy. Ayniqsa, g‘oyaviy beqarorlik hukmron bo‘lgan joyda mafkuraviy tahdid kuchayadi. Aholining keng qatlamlari, xususan yoshlarning ongini egallashga urinishlar ortib boradi».1
O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov bu masalaga alohida to‘xtalib: «... har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet xosil qilinadi. Biz ham farzandlarimiz yuragida ona Vatanga, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sog‘lom munosabatni qaror toptirishimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, ularning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishimiz zarur. Toki ular milliy ildizlari baquvvat, dunyoni chuqur anglaydigan, zamon taraqqiyoti bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar bo‘lib etishsin. Ana shunda johil aqidaparastning «da’vati» ham axloqni rad etadigan, biz uchun mutlaqo begona g‘oyalar ham ularga o‘z ta’sirini o‘tkaza olmaydi»2 degan edi.
«Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» risolasida axloqsiz g‘oyalarni yoyib, xalqni ma’naviy jihatdan buzishga intilishlar ham mafkuraviy tahdid sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Darhaqiqat, milliy istiqlol mafkurasi ma’naviyatga tayanib, o‘z oldiga har jihatdan etuk va komil insonni tarbiyalashni maqsad qilib qo‘yar ekan, kishilarga buzuq g‘oyalarni targ‘ib qilish, ularda vahshiylik sifatlarini qaror toptirishga bo‘lgan har qanday urinishlarni g‘oyaviy tahdid deb baholamoq kerak. Bu haqda Birinchi Prezidentimiz ba’zi filmlarning salbiy ta’sirlari masalasiga to‘xtalib, “Masalan, keyingi yillarda ko‘plab namoyish etilayotgan jangarilik filmlarini olaylik. Bu filmlarni ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar maroq bilan ko‘radi. CHunki odamzod tabiatan mana shunday to‘polonlarni tomosha qilishga moyil. Aslida, mening nazarimda, odamning qalbida ikki kuch - bunyodkorlik va vayronkorlik hamisha o‘zaro kurashadi. Afsus bilan ta’kidlashimiz lozim: tarix tajribasi shundan dalolat beradiki, inson tabiatidagi insoniylikdan ko‘ra vahshiylik, ur-yiqit instinktlari, ya’ni xatti-harakatlarini qo‘zg‘otib yuborish osonroq. SHuning uchun ongi shakllanib ulgurmagan aksariyat yosh tomoshabinlar bunday filmlardan ko‘pincha, yovuzlik yirtqichlik, shafqatsizliklarni o‘rganadi, xolos. Natijada ularning diydasi qotadi, qalbidan zo‘ravonlik, axloqsizlik kabi illatlar joy olganini o‘zi ham sezmay qoladi”1 degan edi. Darhaqiqat, namoyish etilayotgan filmlar ko‘rsatuvlar, gazetalarning sahifalaridan joy olgan maqolalar, umuman, ommaviy axborot vositalari jamiyatimiz a’zolari tafakkurida ijobiy yoki salbiy sifatlarni shakllantirishdek ulkan qudratli kuchga egadirlar.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish yo‘lida xilma-xil usul va vositalardan foydalanilmoqda. O‘ynoqi bo‘lib tuyulgan musiqa, jamoat joylarida hadeb o‘zga tillardagi ashulalar, oddiygina multfilm yoki reklama lavhasi orqali ham ma’lum bir mafkuraviy maqsadlar ifodalanishi mumkin. Bozorlarda, vokzal, avtobus bekatlari yonidagi joylashgan ovoz yozish studiyalarida milliy manfaatimizni ifodalab, jamiyatimizda milliy va fuqaroviy birlikni targ‘ib etuvchi kuy va qo‘shiqlarni barala yangratish – Milliy g‘oyada belgilangan konseptual yo‘nalishlarni amalga oshirishga xizmat qilishi bilan bir qatorda, davlatimiz axborot siyosatining ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, turli g‘oyaviy vositalar orqali mintaqaviy va davlatlararo mojarolar keltirib chiqarishga qaratilgan harakatlar ham kuchli mafkuraviy tahdid hisoblanadi. O‘tgan asr 90-yillarining boshlarida respublikamizda atayin uyushtirilgan o‘zbeklar va mesxeti turklari o‘rtasidagi, o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasidagi milliy zamindagi mojarolar mustaqil davlatchilik asoslarining shakllanishiga qaratilgan tahdid edi. O‘zbek xalqining matonati, sabr-bardoshi tufayli bu fitnalar mintaqamizda ulkan milliy va davlatlararo mojarolarga aylanib ketmadi. Biroq bugungi kunda ham Markaziy Osiyodagi barqaror vaziyatni buzishga, bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga intilayotgan kuchlar yo‘q emaski, ushbu jihat ham bizdan doimiy ogohlikni talab etadi.
Bugungi kunda dunyoning yalpi globallashuvi ta’sirida, axborot olamidagi yangiliklar bilan niqoblangan holda ommaviy madaniyatning ayrim namunalari ham ijtimoiy hayotga kirib kelmoqdaki, ularni to‘xtatib qolish yoki oldini olish – M.Gandining fikriga ko‘ra derazani tamoman yopib qo‘yib, toza havodan bebahra qolish bilan barobar. SHuning uchun ham bunday xatarlarning oldini olishga qaratilgan faoliyatni, avvalo, inson qalbi va ongi uchun, ya’ni ular tafakkurini Milliy g‘oya asosida sug‘orish masalasini hozirgi kunning dolzarb masalasi sifatida qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Matbuotda inson huquq va erkinliklari, fikrlar plyuralizmi, matbuotning demokratiyalashuvi niqobi ostida milliy axloqimizga zid bo‘lgan ayrim fikrlarni ham uchratish mumkin. Bu haqda so‘zlaganda, ba’zan erkinlik niqobi ostida bizga mutlaqo yot va zararli g‘oyalarni, begona turmush tarzi va dunyoqarashni hayotimizga zo‘ravonlik bilan joriy etishga urinish holatlari ham ko‘p kuzatilmoqda. Vaholanki, ayrim xorijiy tele-radiokanallar, Internet tarmog‘i va reklama vositalari orqali ana shunday mafkura targ‘ib qilinayotganligini kuzatish mumkin. Masalaning yana bir tomoni shundaki, hozirgi zamonda bunday zararli axborot oqimini taqiqlash yo‘li bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. SHu sababli bunday informatsion tajovuzlarning mohiyatini ochib berish uchun ma’naviy-ma’rifiy yo‘llardan foydalanish lozim.
Insoniyat yigirma birinchi asrni «axborot asri» deb atadi. Bugungi kunda, axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib, axborot makonlari global ko‘lam kasb etmoqda. Xususan, internet tarmog‘ining rivojlanishi har qanday mazmundagi axborotlar turli to‘siqlarni engib o‘tib, iste’molchilarga etib borishini ta’minlamoqda. “Ayrim mutaxassislar bugun insoniyat uzra yopirilgan axborot oqimini Nuh to‘foniga qiyoslashmoqda. Bashariyat tarixidagi bu ikkinchi “to‘fon” avvalgisidan-da vayronkor oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. CHunki bu – hech qanday to‘siqni nazar-pisand qilmaydigan ko‘z ilg‘amas “to‘fon”dir”1.
Ta’kidlash joizki, axborot mafkurani singdirishning asosiy vositasi hisoblanadi. SHu bois, keyingi vaqtda turli davlatlar axborot sohasidagi o‘z xavfsizligini ta’minlashga doir chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqqanlar. Bu bilan ular turli davlatlar, siyosiy kuchlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga intiladilar. Qator rivojlangan mamlakatlarda mafkuraviy tahdidlarga qarshi aksiltarg‘ibotni amalga oshirish, hukumat siyosatini targ‘ib qilish vazifasini amalga oshirish uchun katta mablag‘lar sarflanadi.
Dunyoning tuzilishi nafaqat siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa sohalarda, shu bilan birga ushbu jarayonlarda muhim omil darajasiga va ta’sir etish qobiliyatiga ega bo‘lgan soha “axborot jarayonlari” ta’siri ostida ham shakllanmoqda. Axborot siyosati an’anaga ko‘ra davlat va fuqarolik jamiyati manfaatlari uchun axborot tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan inson hayot faoliyatining muhim sohasi sifatida qaralmoqda. Agar, ilgari axborot siyosatining mazmuni shakllantirilishida axborot faoliyatining barcha sub’ektlari nafaqat avtonom tuzilmalarda (davlat, xalq, konfessiyalar va boshqalar ichida) har xil jarayonlar va ob’ektlarning, balki tashqi tizim va jarayonlarning ham o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro ta’sirini hisobga olishga majbur bo‘lgan bo‘lsalar, hozirgi vaqtda globallashayotgan dunyoda hisobga olinadigan ushbu tarkibiy qismlar tenghuquqlilik kasb etib bormoqda. O‘z navbatida har bir davlatning hamda katta nodavlat sub’ektlari axborot siyosatining qiyofasi shakllanishi tarqatilgan axborotning nafaqat mazkur tizim a’zolariga, balki butun dunyoga keng yoyilishi ta’sirini aniq hisobga olgan holda yuz berishi lozim.
Globallashuv sharoitida davlatning axborot siyosati boshqa sub’ektlarning manfaatlariga ta’sir etishini hisobga olgan holda olib borilishi maqsadga muvofiq. Bunday holatda boshqarish va o‘zaro ta’sir etishning zaif va o‘zaro kam integratsiyalashgan jamiyatlarning an’anaviy mexanizmlari yaxshi ishlamaydi va o‘ziga nisbatan bo‘ladigan informatsion ta’sirlarga qarshilik ko‘rsata olmaydi. Kuchli axborot qurollariga ega sub’ektlar global dunyoda o‘z axborot siyosatining samarali faoliyatini ta’minlabgina qolmay, balki o‘z manfaatlarini amalga oshiradigan axborot jarayonlarini boshqarish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Ma’lumki, bugungi kunda bunday qudratli paradigma sifatida g‘arb sivilizatsiyasini ko‘rsatishimiz mumkin. Ushbu paradigma ushbu sivilizatsiya rivojlanishi davrida shakllangan va hozirgi vaqtda g‘arbning “yangi dunyo tartiboti arxitektorlari” harakatini belgilab beradigan qarashlar va mafkuralarga asoslanadi. YAqinda e’lon qilingan g‘arb moderni strategiyasi ilmiy texnik inqiloblarni ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga qarshi qo‘yish hisoblanadi. Bu esa o‘z navbatida tabiatni o‘zlashtirish samaradorligini oshirish bilan birga g‘arbning mag‘lub sharqdan resurslar olish hisobiga mustahkamlanishiga asos bo‘ladi.1 G‘arb mafkurachilari dunyo hukmronligiga erishishga pragmatik intilishlarini asoslash uchun g‘arb “sivilizatsiya”siga tegishli bo‘lmagan xalqlarni g‘arbona qarashlardan uzoq deb, ularga dunyo taraqqiyotiga aloqasi bo‘lmagan xalqlar sifatida qaraydi.2 Erishilgan hukmronlikni saqlab qolishga intilgan holda g‘arb kelajakka nisbatan mas’uliyatni his etmayotir. Uning dunyo rivojlanishiga oid paradigmasi pessimistik qarashlarga binoan kelajakda tajovuzkorlikka asoslanishi mumkin3.
SHunga muvofiq holda g‘arb jamiyati vakillari manfaatlariga javob beradigan axborot siyosati quyidagilarga asoslanadi.
Sivilizatsiyalashgan va boshqa mamlakatlar xalqlari ongida faqat g‘arb sivilizatsiyasi va g‘arb turmush tarzi aks etgan dunyo qiyofasini shakllantirish. Bu maqsadga erishish uchun axborot yordamida ongni manipulyasiya qilish;
Butun dunyoda modernizatsiyaviy rivojlanishning g‘arb mafkurachilari tomonidan yaratilgan chiziqli modelini joriy qilish;
Jahonning rang-barangligini, er yuzi aholisining o‘z madaniyatlari, an’analari, ongi, qadriyatlari va ijtimoiy munosabatlarining rang-barangligi tufayli bir qolipga solishning imkoni yo‘q degan qarashlarga bepisand munosabatda bo‘lish. G‘arb dunyosiga tegishli bo‘lmagan jamiyatlarning salohiyatini yo‘qotish uchun dunyoda axborot jarayonlarini shakllantirish, boshqarish va ulardan keng foydalanish.
Sivilizatsiyalashgan davlat axborot siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, fikrimizcha, quyidagilardan iborat bo‘lmog‘i lozim:
milliy qadriyatlar asosida jamiyat a’zolarining o‘zaro birligi, totuvligi, hamjihatligini ta’minlab, mavjud davlatchilik hududida yashovchi har bir millatga xos bo‘lgan madaniyat namunalarini targ‘ib etish;
qo‘shni xalq va millatlar tili, urf-odati, an’analari va madaniyatiga bo‘lgan hurmatning ustuvorligini ta’minlashga erishish hamda yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosat olib borish;
insoniyatni halokatli tahdidlardan ogoh etib, har bir ijtimoiy davrga xos bo‘lgan muammolar echimini ilgari surish. Milliy qadriyatlar tantanasi asosida milliy va umuminsoniy manfaatlarning mushtarakligini targ‘ib etishga erishish;
jamiyat a’zolarida demokratik tafakkurni rivojlantirish. Zero, ushbu jihat milliy va umuminsoniy taraqqiyotni ta’minlashda muhim omildir.
YUqorida ta’kidlangan jihatlar inson ongi va qalbi uchun kurash sharoitida davlatning milliy manfaatlar doirasida axborot siyosati olib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |