3.2 Mafkuraviy jarayonlar globallashuvi sharoitida O‘zbekiston Respublikasi axborot siyosatining maqsadi va vazifalari
Global axborotlashuv sharoiti mafkuraviy jarayonlarning ham kengayishiga olib kelib, ushbu omil kishilar ongi va qalbiga ta’sir o‘tkazishning eng tezkor va samarali usuli sifatida e’tiborga molik. Inson ongi va qalbi uchun tinimsiz kurash sharoitida ommaviy hamda elektron axborot vositalari orqali ayrim davlatlar, siyosiy kuchlar va guruhlarning manfaatlari etakchi o‘ringa chiqib, milliy manfaat, mentalitet va qadriyatlar ikkinchi, yoki uchinchi darajali omil sifatida qaralib, e’tibor berilmayotganligi, milliy an’analarga nisbatan nopisandlik globallashuvning salbiy jihatlari sifatida namoyon bo‘lmoqda. Prezident SH.M.Mirziyoev ta’biri bilan aytganda “Albatta, biz Internet va boshqa zamonaviy axborot manbalarining o‘rni va ahamiyatini inkor etmaymiz. Bugungi hayotimizni Internetsiz tasavvur qilishning o‘zi qiyin. SHuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Internet tizimi orqali ma’naviy targ‘ibot ishlarini, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishi zarur. Nega deganda, biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o‘tgan, yuksak ma’naviyat xazinasi bo‘lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz1.
Ushbu konseptual qarashlarga yondashib, aytish mumkinki:
Globallashuv o‘tkir mafkuraviy ta’sir quroli sifatida inson ongi va qalbini nishonga olib, global ta’sir etish usulining o‘ziga xos jihati sifatida mavqe kasb etib kelmoqda;
Globallashuv bir tomondan o‘zaro umumiylikka erishishda milliy omillarni chetga surishga intilib, ayrim siyosiy kuchlarning manfaatlarini targ‘ib etib, ushbu jihat umuminsoniy tamoyillarga xilof ravishda maydonga chiqmoqda;
Globallashuv jarayonining ushbu salbiy jihatlari sog‘lom tafakkur tarziga ega bo‘lgan insoniyat vakillarini tashvishga solib, ushbu jarayonning salbiy oqimini minimallashtirishga undamoqda.
Globallashuv jarayoni o‘zining ijobiy qirralari bilan birga salbiy jihatlarini ham namoyon etishda axborot omilidan keng foydalanayotgan, hamda axborotlashuv ma’lumot tarqatishning eng samarali, oz mablag‘ va vaqt sarflab kutilgan natijaga erishishning eng qulay usuli ekan, milliy manfaatlarni himoya qilishda mamlakatning axborot siyosati muhim o‘rin tutadi. Bu borada I.A.Karimov quyidagicha ta’kidlagan edi: «Biz mamlakatimizni demokratik yangilash, modernizatsiya va isloh qilish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashni ezgu maqsad sifatida belgilab olgan bugungi kunda ommaviy axborot vositalarimiz oldiga hayotning o‘zi murakkab, shu bilan birga, o‘ta mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda».1 Bu mas’uliyatli vazifalar birinchi navbatda xalqimizni demokratik tafakkur ruhida tarbiyalab, bunda milliy qadriyatlarga sodiqlik, ularni asrab-avaylash va rivojlantirish etakchi o‘ringa chiqmog‘i lozim.
Jamiyat a’zolari ongida g‘oyaviy immunitetni rivojlantirish davlatimiz axborot siyosatining maqsadi sifatida ijtimoiy-madaniy hayotda real echimini topishi muhimdir. Mapfkuraviy jarayonlar globallashib borayotgan bugungi kunda ommaviy axborot vositalari orqali jamiyatimiz a’zolari ongida g‘oyaviy immunitetni rivojlantirib, milliy qadriyatlarimizga tayangan holda sog‘lom demokratik tafakkurni shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega. Ma’lumki, g‘oyaviy immunitet insonni shaxs darajasiga ko‘taruvchi omil bo‘lib, ushbu jihatning mukammalligi globallashuv sharoitida g‘oyaviy tahdidlarga qarshi axborot-kommunikatsiya vositalari yordamida sog‘lom tafakkur tarzini ta’minlashda etakchi omildir. SHu nuqtai nazardan ham global taraqqiyot va o‘z kelajagini o‘ylagan har bir jamiyat ommaviy axborot vositalariga alohida e’tibor qaratib, ular faoliyatini umumtaraqqiyot rivoji yo‘liga safarbar etishi tabiiy. B.YOqubovning fikricha: “YAngi axborot texnologiyalari, global axborotlashuv, global tarmoqlarning rivojlanib borishi mafkuraviy yo‘nalishdagi tahdidlardan himoyalanishning yangi yuqori texnologiyali imkoniyatlarini izlab topishni taqozo etadi”1. Ommaviy axborot vositalarini harakatga keltiruvchi kuch jurnalistlar bo‘lib, bugungi global o‘zgarishlar sharoitida ushbu sohaga jiddiy e’tibor qaratish, jurnalist kadrlarni zamon talablari asosida tayyorlash, «to‘rtinchi hokimiyat» tizimini mustahkamlash demokratik taraqqiyot va globallashuv sharoitida o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, bugun shiddat bilan kechayotgan globallashuv jarayoni o‘zining ijobiy qirralari bilan salbiy jihatlariga ham ega. Globallashuv jarayonining salbiy xususiyatlariga axborot urushlari, ayrim davlatlari tomonidan uyushtirilayotgan g‘oyaviy-madaniy ekspansiyalar ham misol bo‘lib, ushbu jarayon inson ongi va qalbi uchun kurash sifatida baholanib, ularga qarshi jamiyat a’zolari ongida kuchli g‘oyaviy immunitetni rivojlantirish kun tartibidan o‘rin olib, bunda ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalanish yaxshi natija beradi. «Xolis va tezkor axborot olish, milliy jurnalistikamizning eng jiddiy muammolaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. XXI asrda yashayotgan zamondoshimiz uchun axborot suv va havodek ahamiyatga ega. “Dunyo – axborot makoni” tushunchasi ong va shuurlarga shu qadar chuqur singib ketdiki, dunyo hamjamiyatining haqli a’zosi – sub’ektiga aylanish istagidagi har qanday davlat va shu davlat fuqarolari mazkur axborot makonidan mustahkam o‘rin egallashining ahamiyatini so‘z bilan ta’riflash qiyin».2 Bunday dunyo axborot makonidan o‘rin olishga intilgan sub’ektlar global axborotlashuvning ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, uning noloyiq xususiyatlarini ham hazm etishiga to‘g‘ri kelmoqda. “Axborot nima ekanligini hamma besh qo‘lday biladiganga o‘xshaydi, biroq oddiy bir tushuncha shu qadar o‘zgarishlarga uchramoqdaki, endilikda uning nimaligini, qanday karomatlarga qodir ekanligini anglay olmayotgan insoniyat shoshib qolmoqda”3.
Zamonaviy global taraqqiyotda inson ongiga axborot orqali ta’sir ko‘rsatish vositalari strategik ustunlikka erishish quroliga aylandi. Bugungi kunda olimlar tomonidan axborot orqali ta’sir deganda axborot quroli (avvaldan muayyan maqsad sari yo‘naltirilgan, uzatiladigan, qayta ishlanadigan, yaratiladigan va qabul qilib olinadigan axborotni uzatish) vositasida insonlar ongi va qalbiga ta’sir o‘tkazish sifatida baholanmoqda1. Zero, global taraqqiyot sharoitida axborot orqali ta’sir ko‘rsatish muayyan maqsad yo‘lida insonlarning fe’l-atvori va ruhiyatiga, jamiyatdagi axborot-psixologik muhitga, jamoatchilikka ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan maxsus axborotlarni ishlab chiqish va tarqatish sifatida baholanmoqda.
Insoniyat global taraqqiyot yuksalib ketgan yigirma birinchi asrni «axborot asri» deb ham atadi. Bugungi kunda, axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib, axborot makonlari global ko‘lam kasb etib borishi insoniyatni global ziddiyatlardan ogoh etmoqda. “...globallashuv jarayoni odamzotga o‘zaro axborot almashuv, aloqalarni mustahkamlash, ishlab chiqarish sur’atini kengaytirish imkoniyatini berish bilan birga yillar, asrlar davomida etilib kelgan muammolarni ham yuzaga chiqara boshladi. Bugungi kunda texnik taraqqiyotning yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan insoniyatning o‘zi ko‘pgina muammolar qoshida ojiz qolmoqda. Bu esa bashariyatni yana bir bor ogohlikka, aql-idroki va salohiyatini faqat ezgulik yo‘lida ishlatishga da’vat etadi”.2 Globallashuv ziddiyatlarining vujudga kelishida yuqorida ta’kidlaganimizdek, axborot omili asosiy o‘rin tutadi. Xususan, internet tarmog‘ining rivojlanishi har qanday mazmundagi axborotlarning turli to‘siqlarni engib o‘tib, iste’molchilarga etib borishini ta’minlamoqda. A.Tulepovning quyidagi ma’lumotlari internet foydalanuvchilar sonining oshib borayotganidan dalolat beradi: “Hozirgi kunda er yuzida 2,8 milliarddan ortiq internet foydalanuvchilari mavjud bo‘lib, shu jumladan Xitoyda 500 million, Rossiyada 50 million, O‘zbekistonda 10,5 milliondan ortiq foydalanuvchilar ro‘yxatga olingan. Endilikda ijobiy yoki salbiy mazmundagi axborotlarning global tarmoqqa chiqishi uchun bir soniya etarli”3. SHuningdek, muallif internetdagi mafkuraviy tahdidlarga ham to‘xtalib quyidagi ma’lumotlarni ta’kidlab o‘tadi: “Mutaxassislarning qayd etishicha, “ISHID”, “Al-qoida” kabi terrorchi tashkilotlar o‘z targ‘ibotining 99 foizini internet orqali amalga oshiradi. Terrorchilar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida juda ko‘p yoshlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketayotganini aytish muhim. Bugungi kunda terrorchi g‘oyalarni targ‘ib qiladigan 1100 dan ortiq internet saytlari aniqlangan”1.
Mana shunday ziddiyatli, ya’ni mafkuraviy jarayonlar globallashuvi sharoitida axborot siyosatida jamiyat a’zolarini turli tahdidlar, jumladan axborot xurujlaridan himoya qilish vazifasi yotganligi ushbu masalaga davlat miqyosida e’tibor berilayotganligidan dalolat. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning insonlar o‘rtasida muloqot qilishning yangi bosqichga kirishi hayot tarzini o‘zgartirib yubordi. SHu o‘rinda ijtimoiy tarmoq tushunchasiga izoh berib o‘tsak: ““Ijtimoiy tarmoq” atamasini 1954 yili Angliyadagi “Manchester” maktabi o‘qituvchisi Djeyms Barnson odamlar bilan aloqa o‘rnatishning bir vositasi sifatida joriy etgan. Ijtimoiy tarmoqlar internetga 1995 yil kirib kelib, 2003-2004 yillarda keskin ommalashdi. Ijtimoiy tarmoqning birgina “Fasebook” ijtimoiy tarmog‘ida kuniga 3 milliarddan ortiq sharh qoldirilib, 300 milliondan ortiq fotosurat joylashtiriladi, 125 milliondan ortiq do‘stlik aloqalari o‘rnatiladi2. Bunday vaziyatda tashqi tahdidlarning asosiylaridan hisoblanadigan “ommaviy madaniyat”ning yurtimizda ildiz otib ketmasligiga hech kim kafolat bermaydi. SHu o‘rinda “ommaviy madaniyat” tushunchasiga to‘xtalib o‘tsak: Ma’naviyat: asosiy tushunchalar izohli lug‘atida “ommaviy madaniyat” ga “madaniyatning murakkab, hamma vaqt bir xil talqin qilinmaydigan o‘ziga xos shakli. Odatda “ommaviy madaniyat” g‘arb madaniyati bilan bog‘liq hodisa sifatida tushuniladi. G‘oyasizlik, didsizlik va sifatsizlik namunasi sifatida keng baholanadi. Bugungi kunda “ommaviy madaniyat” madaniy-mafkuraviy tazyiqning eng xavfli qurollaridan biriga aylangan”3 deb ta’rif berilgan.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda axborot mafkurani singdirishning asosiy vositasi sifatida qaror topib, g‘oyaviy omillar targ‘ibotida etakchi o‘ringa chiqmoqda. Ayniqsa, insonlar ongini “manipulyasiya” qilishga bo‘lgan urinishlarni mutazam uchratish mumkin bo‘lib qoldi. Fikrimizni davom ettirib, “manipulyasiya” terminining ma’nosiga e’tibor qaratsak: Ma’naviyat: asosiy tushunchalar izohli lug‘atida “manipulyasiya” “(lot. Manipulus – qo‘l harakati) qo‘l mashqi, qo‘l harakati, shu jumladan, qo‘l mahoratiga tayangan fokus namoyish qilish, aldov, tovlamachilik, qalloblik orqali maqsadga erishish”1 sifatida ta’riflangan. SHu bois, keyingi vaqtlarda turli davlatlar o‘zlarining axborot sohasidagi xavfsizligini ta’minlash o‘z fuqarolarining turli zararli axborotlarning ta’sir doirasiga tushib qolishining oldini olish maqsadida chora-tadbirlari tizimini ishlab chiqqani, ushbu masalaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganligining guvohidir. Bunday tadbir turli davlatlar, siyosiy kuchlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan mafkuraviy tahdidlarning oldini olishga yo‘naltirilgan. Qator rivojlangan mamlakatlarda mafkuraviy tahdidlarga qarshi aksiltarg‘ibotni yo‘lga qo‘yish, hukumat siyosatini targ‘ib va tashviq qilish vazifasini amalga oshirish uchun katta mablag‘lar sarflanmoqda.
Bugungi kunda mintaqa xalqlariga nisbatan turfa buzg‘unchi g‘oyalar tahdidi ham ko‘rinish berayotganligi, tariximiz hamda milliy qadriyatlarimiz mohiyatini soxtalashtirishga urinishlar, deviant xulq-atvorni targ‘ib etib, jamiyat a’zolari ma’naviyatiga ta’sir etishga urinishlar shaklidagi g‘oyaviy-axloqiy tahdidlar amalga oshirilayotganligi sir emas. SHu o‘rinda mamlakatimiz Prezidenti SH.M.Mirziyoevning mulohazalariga e’tibor qaratsak: “...yoshlar hayoti, o‘y-kechinmalari, orzu-niyatlari, eng muhimi, ularni qiynayotgan masalalar, afsuski, radio va televidenie, gazeta va jurnallarda o‘z ifodasini to‘liq topmayapti. Go‘yoki hamma narsa joyida, olam guliston. Agar hammasi joyida bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan yoshlar, jinoyatchilik, ishsizlik qaerdan paydo bo‘lyapti? Nega yoshlarga oid davlat siyosatiga loqayd munosabatda bo‘layotgan amaldorlar haqida ommaviy axborot vositalari, avvalo, yoshlar matbuoti churq etmaydi?”2. SHuning uchun ham bunday xatarlarning oldini olishga qaratilgan ishlarni, avvalo, insonlarning qalbi va ongi, mafkurasi uchun kurashish masalasini hozirgi kunning eng dolzarb masalasi sifatida qo‘yib, ularning echimi yo‘lida faoliyat olib borish, jamiyatimiz a’zolarini globallashuvning salbiy ta’sirlaridan himoya qilib, ommaviy axborot vositalari faoliyatini umumjamiyat taraqqiyotini ta’minlashga ko‘proq yo‘naltirishimiz lozim demakdir.
Mafkuraviy jarayonlar globallashib borayotgan bugungi kunda har bir mamlakat juda ko‘plab sohalardagi kabi axborot sohasida ham o‘z xavfsizligini ta’minlashi, turli ichki va tashqi axborot xurujlaridan himoyalanishi va o‘zining samarali axborot siyosatini yuritishini davr taqozo etmoqda. Albatta, bunday siyosatni olib borish dunyoning barcha mintaqalarida bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham asosiy maqsadlardan biri ekanligi sir emas.
O‘zbekistonda davlatning axborot siyosati sohasida echimini kutayotgan muammolardan biri – ayni paytga qadar rasmiy ravishda e’lon qilingan va umume’tirof etilgan, axborot siyosatining konseptual asoslarini yaratishga qaratilgan milliy axborot strategiyasiga bo‘lgan ehtiyojning mavjudligi. Davlatning axborot siyosatiga mos keladigan axborot rivojlanish strategiyasini tanlash va amalga oshirish, shubhasiz, davlatning tegishli organlari tomonidan siyosiy qaror sifatida ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.
Dunyoning rivojlangan va taraqqiy etayotgan mamlakatlari mafkuraviy jarayonlar globallashib borayotgan davrda axborot makonidagi raqobatbardoshlikni ta’minlash maqsadida quyidagi ikki masalaga jiddiy e’tibor qaratishmoqda:
Axborot makonida raqobat muhitini yaratish va rivojlantirish hamda uning davlat tomonidan etarlicha qo‘llab quvvatlanishi;
Mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha turdagi OAV (davlat, nodavlat) rivojlanishining qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash. Ushbu ikki omil mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi sharoitida davlatning samarali axborot siyosati olib borishining zaruriy shartidir.
Ushbu ikki omil mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi sharoitida davlat samarali axborot siyosati olib borishining zaruriy shartidir. Buni xorijiy mamlakatlar tajribasi va qonunchiligi misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak fikrimizni asoslash birmuncha aniqlashadi.
“Gruziya davlati axborot xavfsizligi konsepsiyasi”1da ishonchli manbalarga asoslangan holda qarorlar qabul qilish bo‘yicha yagona davlat axborot siyosatining mavjudligi davlatni samarali boshqarishning zaruriy sharti hisoblanadi. Davlatning pozitsiyasini mamlakat ichida va xalqaro arenalarda tadrijiy va puxta namoyon etish har qanday davlat xavfsizligini ta’minlash tizimining asosiy elementlaridan biri sifatida qaraladi. Gruziya hukumati mamlakat axborot tizimlarini himoya qilish va axborot texnologiyalari xavfsizligi bo‘yicha qonunchilikni tartibga solishga qaratilgan maxfiy ma’lumotlar xavfsizligiga katta ahamiyat berib kelmoqda. Favqulodda holatlarda ishonchli va himoyalangan axborotlar inqirozni samarali boshqarish hamda uning oldini olishning zaruriy sharti hisoblanishi qayd etilgan.
“Qirg‘iziston Respublikasi milliy xavfsizlik konsepsiyasi”2da belgilanishicha mamlakatning axborot makonida quyidagilar asosiy tahdid sifatida qaraladi:
- boshqa davlatlarning Qirg‘iziston Respublikasi axborot makonida egalik qilishga intilishi (kirish himoyalangan axborotni olish);
- Qirg‘iziston Respublikasining muhim milliy axborot infratuzilmasini ta’minlash uchun xorij texnikalarini sotib olishga bo‘lgan qaramligini oldini olish;
- xalqaro ekstremistik, terroristik va boshqa jinoiy uyushmalar, jamiyatga qarshi tashkilotlar va guruhlarning Qirg‘iziston Respublikasidagi informatsion faoliyati hamda ularning axborot quroliga va uni qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lishga intilishi;
SHu sababdan milliy konsepsiyada davlat axborot makonini himoya qilishga majburligi qayd etiladi.
Qozog‘iston Respublikasining “Milliy xavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonunida mamlakat axborot xavfsizligini ta’minlashning asosiy elementlari aniq ko‘rsatib berilgan. Ushbu qonunning 4-moddasida “axborot xavfsizligi – Qozog‘iston Respublikasining axborot makoni, fuqarolar, jamiyat va davlat huquq va manfaatlarining axborot sohasidagi real va potensial tahdidlardan himoyalanganlik holati”1 hisoblanib, bunda mamlakatning axborot mustaqilligi va izchil taraqqiyoti ta’minlanishi nazarda tutilgan.
SHuningdek, ushbu qonunning 6-moddasida jamiyat va shaxslarning ongiga ta’sir o‘tkazish maqsadida yolg‘on axborot tarqatish bilan bog‘liq harakatlar Qozog‘iston Respublikasining milliy xavfsizligiga asosiy tahdidlar sifatida keltirilgan. 23-moddasida esa Qozog‘istonnning axborot qaramligiga yo‘l qo‘ymaslik, boshqa davlatlar, tashkilotlar va alohida shaxslar tomonidan axborot xuruji va qurshovining oldini olish, hamda prezident, parlament, hukumat va Qozog‘iston Respublikasi milliy xavfsizligini ta’minlovchi kuchlarning informatsion izolyasiyalanishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltiriladi2.
Fikrimizni davom ettirib, mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi sharoitida axborot makonida etakchilikka urinayotgan mamlakatlarning faoliyatiga nazar tashlash muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotchi D.Sayfullaev AQSH va Rossiya davlatlarining tashqi siyosatdagi axborot tarqatish faoliyatini solishtirib quyidagi xulosalarni ilgari suradi: “AQSH davlat departamentining sayti turli tillarda (ingliz, ispan, fransuz, rus, arab, xitoy) axborot tarqatadi. Ushbu imkoniyat internet foydalanuvchilar uchun bloglar hamda Facebook, Flickr, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumotlarni tez va sifatli tarqatish imkoniyati oshadi. SHuningdek, saytning Youtube tarmog‘i orqali video va audio arxivlarga kirish imkoniyati yaratilgani saytning qudratini ko‘rsatib turibdi1.
Rossiya Federatsiyasining ham ham axborot makonidagi faolligini kuzatish mumkin. Jumladan, “ITAR-TASS” axborot agentligining kuch-qudratini muallif quyidagicha e’tirof etadi: “Agentlikning Rossiya va MDH mamlakatlarida 80 dan ortiq va uzoq xorijda 60 ga yaqin muxbirlik punktlarining mavjudligi oltita xorijiy tilda faoliyat yuritadi. “RIA Novosti” axborot agentligi esa Rossiya va xorijda eng ko‘p iqtibos keltiriladigan agentlik hisoblanadi. Mazkur agentlikning sayti 14 tilda faoliyat yuritadi va uning muxbirlari dunyoning 40 dan ortiq davlatlarida faoliyat olib borishadi”2.
Qiyosiy tahlil xulosalarimizga ko‘ra, mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi sharoitida O‘zbekiston Respublikasi axborot siyosatining asosiy maqsadi: jamiyat a’zolari ongida g‘oyaviy immunitetni rivojlantirish bo‘lib, ushbu konseptual maqsadni amalga oshirishda quyidagi vazifalar echimi kun tartibiga qo‘yilmog‘i lozim:
davlat axborot siyosatida Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan konseptual yo‘nalishlar targ‘ibiga asosiy e’tibor qaratib, ushbu jihatlarni jamiyat a’zolari ongiga etkazishning samarali usul va vositalarini qo‘llash;
davlat axborot siyosatida milliy qadriyatlar etakchi o‘rinda bo‘lishi, ushbu omil jamiyat a’zolariga, xususan yoshlarga milliylikni singdirish;
axborot siyosatida milliy birlik va umumfuqaroviy totuvlikni ta’minlashga e’tibor qaratish lozim bo‘lib, jamiyatda o‘zaro hamjihatlikni ta’minlashda ushbu omil ham zarurdir;
jamiyat a’zolarini turfa tahdidlar, jumladan axborot xurujlaridan himoya qilish uchun xalqimizga xos bag‘rikenglik, uning ruhiyatida iymon va insof ustuvorligi, milliy xarakterda bir – birini qo‘llab – quvvatlash fazilatlarining barqarorligini, buzg‘unchi g‘oyalar milliy birligimiz va taraqqiyotimizga rahna solishi, barqarorligimizni izdan chiqarishga qaratilganligi ko‘proq targ‘ib va talqin etilishi lozim;
axborot siyosatida jamiyat a’zolari, xususan yoshlarni vatanparvarlik, o‘z xalqiga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash uchun tarixiy qadriyatlarimizga ko‘proq murojaat etib, To‘maris, SHiroq, Muqanna, Amir Temurlarning millatni birlashtirishga oid faoliyatlarini ko‘proq targ‘ib etish;
xalqimizga xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik xususiyatlarini targ‘ib etib, Avesto, o‘rta asr ma’rifatparvarlari (Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Buxoriy, Farg‘oniy, Termiziy va h.k.), XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshi ma’rifatparvarlari (Behbudiy, Munavvar qori, Fitrat) faoliyatlari haqida, XX asr ikkinchi choragida yashab o‘tgan ma’rifatparvarlar (A.Qodiriy, CHo‘lpon, Usmon Nosir va h.k.) faoliyatlari haqida keng targ‘ibot ishlarini amalga oshirib, mustamlaka sharoiti hamda har qanday mustamlaka siyosati milliy ma’rifatparvarlarning faoliyatidan manfaatdor emasligini, ular millat ma’naviyatini yuksaltiruvchi ziyolilar ekanliklaridan cho‘chib, mustamlaka sharoitidagi hukmron tizim ular siymosida ma’naviy raqibni ko‘rib, mahv etish payida bo‘lganini Qodiriy, CHo‘lpon va Usmon Nosirlar qatag‘oni misolida targ‘ib etish.
Mazkur nazariy qarashlarni uyg‘unlashtirish asnosida mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi sharoitida mamlakatimiz axborot siyosatining maqsadi va vazifalari sifatida quyidagilarni belgilash mumkin:
O‘zbekiston axborot siyosatining milliy manfaatlarni himoya qilishga yo‘naltirilganligi;
Axborot siyosatida milliylik, fuqaroviy birlikni targ‘ib etish bilan birga umuminsoniylik fazilatlarining ham targ‘ib etilayotganligi;
Axborot siyosatida ommaviy madaniyat, diniy prozelitizm va missionerlik, terrorizm kabi zararli g‘oyalarning jirkanch oqibatlari haqida tushuntirilayotganligi;
Zamonaviy va an’anaviy madaniyatlarimizning o‘zaro mushtarakligini ta’minlash maqsadida, bugun millatimizga xos o‘zaro hurmat-e’tibor, mehmondo‘stlik, sahiylik, kamolotga intilish, kattaga hurmat, kichikka izzat – ilgaridan ajdodlarimiz kundalik turmush tarzida mustahkam o‘rin olganligi, bugungi avlod ushbu jihatlar rivoji uchun mas’ulligi g‘oyalari ilgari surilayotganligi;
Milliy qadriyatlarga tayangan holda jamiyat a’zolarida demokratik tafakkurni rivojlantirishga asosiy e’tibor berilayotganligi;
Fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, bunda milliy xususiyat va mentalitetga urg‘u berilayotganligidadir.
YUqorida ta’kidlangan xususiyatlar g‘oyaviy-mafkuraviy jarayonlar globallashuvi sharoitida mamlakatimizning axborot siyosatida o‘ziga xoslik, milliy taraqqiyot, umuminsoniy g‘oyalar tantanasini ta’minlashga hissa qo‘shib, global rivojlanish uchun zararli jihatlarning oldini olishga qaratilgan yo‘nalishlar rivojini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |