Z.Akbarova
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga adabiy til me’yorlarini o’rgatish usul-vositalari
KIRISH
Kishilarda nutqning rivojlanishi va nutqiy madaniyat tushunchasi to’g`risida gap borganda, ko’p hollarda, nutqda o’rinli va o’rinsiz so’zlarning qo’llanishi xususida bahs boradi. Til birligining to’g`ri yoki noto’g`ri qo’llanganligini belgilashda ma’lum bir o’lchovga (mezonga) asoslaniladi. Mana shu o’lchov tilshunoslikda adabiy til me’yori deb yuritiladi.
Umumxalq tilining rivojlanishi barobarida o’zbek adabiy tilining shakllanishi tilimizda me’yor tushunchasining paydo bo’lishi va adabiy tilning yanada rivoj topishiga sabab bo’ldi.
Adabiy til me’yori, uning shakllanishi, rivojlanish qonuniyatlari nutq madaniyati sohasining tekshirish ob’ekti hisoblanadi. Nutq madaniyati sohasining adabiy til me’yoriga munosabati quyidagilarda namoyon bo’ladi:
a) nutq madaniyati adabiy me’yordagi o’zgarib, buzilib turuvchi, nutqiy nuqsonlarni yuzaga keltiruvchi xususiyatlarni topadi, ularni bartaraf etishga intiladi;
b) nutq madaniyati adabiy til me’yorini doimiy rivojlanib, o’zgarib turuvchi hodisa sifatida tekshiradi va til me’yori tizimidagi yangi holatlarni, o’zgarayotgan, o’zgargan holatlarni shuningdek, «o’lgan», iste’moldan chiqqan holatlarni hisobga oladi;
v) nutq madaniyati til me’yori tizimidagi qarama-qarshi holatlarni belgilaydi hamda uni tilning barcha yaruslari bo’yicha tekshiradi.
Nutq madaniyati adabiy me’yorni ma’lum maqsad asosida, ya’ni madaniy nutqning chegarasi va vositalarini aniqlash maqsadida o’rganadi. Shu sababli nutq madaniyati sohasi adabiy til va uning me’yoriy tizimini baholaydi va nazorat qiladi. Nutq madaniyati sohasi adabiy til rivojiga ongli aralashadi.
Adabiy tilni me’yorlashtirish haqida gapirishdan avval adabiy tilning o’zi nima degan savolga javob topish lozim bo’ladi.
Adabiy til haqida gap borganda, avvalo, adabiy til – xalq tilining, milliy tilning oliy shakli deyilgan ta’riflarga duch kelinadi. Darhaqiqat, adabiy til xalq tili negizida shakllanadi. Adabiy tilni yaratishdan maqsad umumxalq ommaviy aloqa vositasini yaratishdir.
Adabiy til ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy hayotning barcha sohalarida aloqa quroli darajasiga ko’tariladi. Adabiy til vazifasining kengayishi undagi til vositalarining rivoj topishini, imkoniyatlarining kengayishini taqozo qiladi.
Adabiy tilning lug’at tarkibi, grammatik tuzilishi muayyan qonun-qoidalarga bo’ysunadi, ular saralangan, ishlangan, me’yorlashtirilgan bo’ladi. Demak, adabiy til me’yorlashtirilgan til bo’lib, bu uning muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |