Yoshlarning o‘zbekiston respublikasi konstitutsiyasida belgilangan huquq va majburiyatlari



Download 248.12 Kb.
bet1/4
Sana18.01.2017
Hajmi248.12 Kb.
  1   2   3   4
YOSHLARNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI

MAVZU: “YOSHLARNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASIDA BELGILANGAN HUQUQ VA MAJBURIYATLARI” 

Ma’ruza matni



Toshkent – 2013

KIRISH
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilab olar ekan, demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurishni o‘z oldiga pirovard maqsad qilib qo‘ydi. Bu oliy maqsad yo‘lida shu kungacha ko‘pdan-ko‘p ishlar amalga oshirildi. Ma'lumki, demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini Konstitutsiya va qonun ustunligiga erishmay, ularni ham normativ hujjatlarda, ham amalda ta'minlamay turib qurib bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I.A.Karimov haqli ravishda ta'kidlaganidek: «Huquqiy davlatning asosiy belgisi – barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi ta'minlanishidir. Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi prinsipi shuni anglatadiki, bunda barcha joriy qonunlar va me'yoriy-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya asosida va unga muvofiq bo‘lishi talab etiladi. Ulug‘ bobokalonimiz Amir Temur aytganlaridek: «Qayerda qonun hukmronlik qilsa, shu yerda erkinlik bo‘ladi»1. Demak, qayerda qonun hukmronlik qilsa, o‘sha yerda erkinlik, demokratiya bo‘ladi.Binobarin, davlatimiz Asosiy Qonuni xalqimizning milliy o‘ziga xosligi, urf-odat va an'analari, o‘zbek davlatchiligi rivojidagi tarixiy tajribalarimiz, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan qoidalari, rivojlangan demokratik davlatlarning ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilganligi bilan ajralib turadi. Mamlakatimizning amaldagi Konstitutsiyasi sof demokratik ruhda yaratilgan bo‘lib, u milliy huquqiy tizimning poydevoridir. Shu bois “1992 yil dekabr oyida qabul qilingan, mamlakatimizning demokratik taraqqiyotini ta'minlash va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy prinsiplarini belgilab bergan Konstitutsiyamizning qoida va normalariga tayanish alohida ahamiyat kasb etadi.”2. Zero, Bosh Qomusimiz insonlar qonun uchun emas, qonunlar insonlar uchun xizmat qilmog‘i lozim degan prinsipni o‘zida mujassam etgani, xalqning davlat hokimiyatining birdan-bir manbai sifatida e'tirof etgani uchun ham ulug‘vor ahamiyatga egadir.

Jamiyatimizda muhim ijtimoiy qatlam sanaluvchi yoshlarda siyosiy-huquqiy ong va madaniyatning shakllanishi ham davlat ham ularning o‘zlari uchun birdek foydali ekanligi amalda o‘z isbotini topdi.Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z mustaqil dunyoqarashiga ega, yon-atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga daxldorlik hissi bilan yondashuvchi, mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega yoshlarni tarbiyalash ustuvor vazifa sanaladi. Mazkur jarayonnni amalga oshirishda Asosiy qonun sanalmish Konstitutsiyamiz muhim o‘rin tutishi shubhasizdir.Sababi, yoshlarning dastavval Konstitutsiyamizda belgilangan o‘z huquqlari, burchlari va majburiyatlarini chuqur anglab yetishi birinchi navbatda ularda Konstitutsiya va qonunlarga nisbatan hurmat hissini oshirsa, ikkinchidan, shakllangan huquqiy madaniyat va ong kelgusida yoshlarning har qanday ijtimoiy foydali faoliyatida o‘zining ijobiy samarasini berishi shubhasizdir.



Reja:

  1. Konstitutsiya – hayotimizning, taraqqiyotimizning huquqiy asosi

  2. Inson huquq va erkinliklari eng oily qadriyat

  3. Yoshlar huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy asoslari

  4. Yoshlarning konstitutsiyaviy burch va majburiyatlari

  5. Xulosa

Konstitutsiya lotincha “constitution” so‘zidan olingan bo‘lib, “o‘rnataman” degan ma'noni anglatadi. Lotinchadan olinganining sababi qadimgi Rim imperiyasi davrida davlat boshlig‘i – imperatorlar tomonidan xuddi shu nom bilan ataladigan va  qonunga teng bo‘lgan normativ hujjatlar qabul qilingan.Hozirgi kundagi  "Konstitutsiya" tushunchasi XVIII asr oxirida paydo bo‘lgan va dunyoda birinchi Konstitutsiya sifatida 1787 yilda qabul qilingan AQSh Konstitusiyasi tan olinadi. Konstitutsiya – bu  prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan huquqiy normalarni o‘zida mujassam etgan  va davlat hokimiyatini amalga oshirish me'yorini belgilovchi davlatning asosiy qonuni bo‘lib, unda davlatning qurilishi, huquqiy tizimi hamda eng asosiysi davlat bilan aholi o‘rtasidagi munosabatlar aks etgan yuridik hujjatdir.

Konstitutsiyani qabul qilish tartibi oddiy, joriy qonunlarni qabul qilishdan farq qiladi. Yangi konstitutsiyalar odatda yangi davlat vujudga kelganda. mamlakat siyosiy tuzumi o`zgarganda, davlatchilik rivojida jiddiy tub o`zgarishlar ro`y berganda qabul qilinadi.

Mustaqil O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi ham o`ziga xos tarixga ega.1990 yilning iyun oyida Respublika Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasida yangi konstitutsiya loyixasini tayyorlash uchun konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Sobiq imperiya davrida bunday dadil siyosiy qadamni qo‘yishning o‘zi katta jasorat va mardlikni talab qilar edi.

Bu davrga kelib O‘zbekiston siyosiy hayotida tub o‘zgarishlar yuz berdi: mamlakat boshqaruvida prezidentlik va hokimlik institutlari joriy etildi, yagona partiyaviylik – hukmron kommunistik mafkuraga barham berildi, mulkchilik shakllari o‘zgardi, hurfikrlilik, vijdon erkinligi g‘oyalari qaror topdi.

Shunga qaramay, hali oldinda o‘z echimini topishi zarur bo‘lgan qator muammolar ko‘ndalang bo‘lib, konstitutsiyaviy komissiya a'zolariga ushbu savollarga to‘g‘ri javob topish va tahlil qilish, horijiy tajribani o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni konstitutsiya g‘oyalariga singdirish kabi vazifalar qo‘yildi. Ushbu konstitutsiyaviy komisssiyaning Raisi – Respublika Prezidenti zimmasiga ulkan va sharafli mas'uliyat yuklatilgan bo‘lib, I.Karimov Konstitutsiya loyihasidagi har bir modda va qoidani o‘ta sinchkovlik bilan qarab chiqish barobarida yangi konstitutsiyaviy tuzumni, mamlakatimiz kelajagini hamda taqdirini oldindan ko‘ra oldi.

1992 yil 8 sentabrda Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni asosan ma'qulladi va Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilishga qaror qildi. Ushbu yig‘ilishda loyihani oxiriga etkazish va tahrir qilish uchun ishchi guruh tuzildi3. 1992 yil 26 sentabrda Konstitutsiya loyihasi matbuotda e'lon qilindi.

Ushbu loyiha bo‘yicha umumxalq muhokamasi juda qizg‘inlik bilan, keng jamoatchilik doirasida o‘tkazildi. Bildirilgan takliflar inobatga olinib, 1992 yilning 21 noyabrida Konstitutsiya loyihasi ikkinchi bor matbuotda e'lon qilindi. Natijada olti mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi va loyihaga qator tuzatish hamda aniqliklar kiritildi.

Xalqimiz tomonidan bildirilgan fikrlar Konstitutsiya mazmunini yanada boyitdi. Jamiyatimizning millionlab a'zolari taqdiri bilan bog‘liq ushbu jarayon siyosiy faollik namunasi bo‘ldi, deb ta'kidlash joiz.

Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o‘tdi4.

Tarixiy sana – 1992 yil 8 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi muqaddima, 26 bobga ajratilgan, 6 bo‘limda birlashtiririlgan 128 moddadan iborat. Asosiy qonun Muqaddimadan boshlanib, uning mohiyati quyidagicha: Konstitutsiyani xalq qabul qiladi, xalq mamlakatning to‘la huquqli egasi bo‘lib, unda o‘z irodasini ifoda etadi. Birinchi bo‘lim – konstitutsiyaviy tuzum asosiy prinsiplarining majmuasi, ikkinchi bo‘lim esa – inson huquqlari bo‘yicha o‘zbekcha billdir. Boshqacha qilib aytganda, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarning yaxlit va keng qamrovli tizimi mustahkamlangan. Tabiiyki, inson huquqlari to‘g‘risidagi bo‘lim davlat organlari tizimiga bag‘ishlangan bo‘limdan avval keladi. Davlat huquqlarni taqdim etmaydi, fuqaroning o‘zi unga erkinlik bilan berilgan ajralmas tabiiy huquqlardan ongli va ma'suliyatli ravishda foydalanadi.

Konstitutsiyaning uchinchi bo‘limi o‘ziga xos hisoblanadi, boshqa mamlakatlarning birontasida bunday holat uchramaydi. Bu bo‘limning asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyatining an'analarini tiklash, jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari maqomini huquqiy tarzda rasmiylashtirish, ularning real va barqaror rivojlanishini ta'minlashdan iborat.

To‘rtinchi bo‘lim – davlat va ma'muriy-hududiy tuzilishga bag‘ishlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi haqida alohida bob ko‘zda tutilgan.

Beshinchi bo‘limda hokimiyat vakolatlari bo‘linishi tamoyili asosida davlat hokimiyati organlarining tizimi mustahkamlanib qo‘yilgan, oliy va mahalliy organlarning tuzilishi ochib berilgan.

Oltinchi bo‘lim – Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibini belgilagan.

Asosiy Qonunimizning muqaddimasi va boshqa tarkibiy qismlaridan, Konstitutsiyamizning mohiyat va mazmunini bilish mumkin. Unda adolat, ma'naviyat, haqiqat va odillik, milliy axloqiy qadriyatlar, umuminsoniy g‘oyalar kabi mezonlar talabidagi qoidalar mavjudki, bu holat, Konstitutsiyamizni ulug‘lash, uni birlamchi oliy yuridik kuch manbai deb hisoblash hamda ustuvorligini tan olishga undaydi.

Suveren O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va uning amal qilishi quyidagi muhim xususiyatlarga ega: Birinchi xususiyati – Konstitutsiya loyihasi 1990 yilda O‘zbekiston parlamenti tomonidan Prezident Islom Karimov boshchiligida tashkil etilgan Konstitutsiya komissiyasi tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.

Ikkinchi xususiyati – O‘zbekiston Konstitutsiyasining tashabbuskori, ilhomlantiruvchisi va asosiy muallifi mamlakat Prezidenti hisoblanadi.

Uchinchi xususiyati – Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda uch manbaga tayanildi. Bular:

- milliy huquqiy meros;

- inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar;

- xorijiy konstitutsiyaviy tajriba.



To‘rtinchi xususiyati – Konstitutsiya loyihasi 1992 yil sentabr oyidan dekabr oyigacha keng umumxalq muhokamasidan o‘tdi.

Beshinchi xususiyati – Konstitutsiya loyihasi nufuzli xalqaro tashkilotlar va demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o‘tdi.

Oltinchi xususiyati – Konstitutsiyamiz XX asrning oxirgi o‘n yilligida qabul qilingan “uchinchi avlod konstitutsiyalari”ga mansub bo‘lib, ayni paytda tuzilishiga ko‘ra o‘zining yanada zamonaviy ekani bilan farqlanadi, ya'ni ixcham va puxta shakli, beqiyos mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan ajralib turadi.

Yettinchi xususiyati – Konstitutsiyamiz asosini davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan rivojlanishning mashhur besh tamoyilini o‘z ichiga olgan “o‘zbek modeli” tashkil etadi. Bu tamoyillar – iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, davlatning bosh islohotchi vazifasini o‘z zimmasiga olishi, qonun ustuvorligini ta'minlash, kuchli ijtimoiy siyosat olib borish va islohotlarni bosqichma-bosqich, tadrijiy amalga oshirishdan iborat. Konstitutsiya xalqimizga larzalarsiz bir ijtimoiy-siyosiy tizimdan boshqa tizimga o‘tishga yordam berdi.

Xalqimiz Konstitutsiyamizni qabul qilinishi orqali dunyo hamjamiyatiga o‘zining umuminsoniy qadriyatlarga sodiq ekanligini namoyon qildi. Ushbu umuminsoniy qadriyatlarning diqqat markazida inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini ta'minlash davlatimiz oldidagi oliy mas'uliyat ekanligi Konstitutsiyamizning asosiy g‘oyasi sifatida tanlab olindi. Konstitutsiyamizning barcha tamoyillari, avvalo, inson va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, davlatning majburiyati ushbu huquq va erkinliklarni ta'minlashda aks etadi.

Konstitutsiyamizning mazmun va mohiyat jixatidan yuksak saviyada ekanligi yuzasidan taniqli xorijiy mutaxassislar tomonidan ko‘plab ijobiy fikrlar bildirildi.Jumladan, Amerikalik ekspert Donald S.Karlaylning e'tirof etishicha: “O‘zbekistonning Konstitutsiyasi sovetlardan keyingi davlatlar – sobiq ittifoqdosh davlatlar konstitutsiyalari orasida birinchidir. Boshqa barcha Mustaqil hamdo‘stlik davlatlari va Boltiqbo‘yi davlatlarida konstitutsiyalar keyinroq, ya'ni 1992-1996 yillarda qabul qilingan. Konstitutsiya o‘zbek jamiyati va davlatining barcha eng muhim sohalarini tartibga soladi, qisqaligi va aniq ifodalanganligi, shuningdek, o‘ziga xos tuzilishi bilan ajralib turadi. U dunyodagi eng maqbul tuzilishga ega konstitutsiyalardan biridir”. Bundan tashqari, Rossiyalik ekspert N.Mishin shunday yozadi: “Asosiy Qonunda inson huquqlari va davlat mustaqilligi g‘oyalariga sodiqlik, hozirgi va kelajak avlodlar oldida chuqur mas'uliyatni his etish, o‘zbek davlatchiligining tarixiy tajribalariga tayanish, demokratiya va qonuniylikka hurmat, xalqaro huquqning umum e'tirof etgan normalarini tan olish, O‘zbekistonning munosib hayotini ta'minlash, insonparvar huquqiy davlat yaratish va nihoyat, mustahkam fuqaroviy tinchlik hamda milliy kelishuvni ta'minlash kabi ezgu niyatlar o‘z mujassamini topgan”.

Konstitutsiya davlat hokimiyatini shakllantirish, faoliyatini tashkil etishda qonunlarga rioya etilishining asosiy qoidalarini ifoda etish bilan birga, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikning ta'minlanishi, insonlar ongi va tafakkurining ma'naviy va ma'rifiy yuksalishi uchun poydevor hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga 1992 yil 8 dekabrdan buyon, ya'ni 20 yil ichida olti marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Birinchi marotaba 1993- yilning 28 dekabrida Konstitutsiyamizning 77-moddasiga o`zgartish kiriligan va u dastlabki parlament - Oliy Kengash faoliyati bilan bog`liq edi. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlarning eng muhimlaridan biri ikki palatali parlamentni joriy qilish bilan bog‘liq. Parlament islohoti 2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan referendum natijalariga asoslandi. Referendum yakunlari bo`yicha “Referendum natijalari va davlat hokimiyatini tashkil qilishning asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlar qabul qilindi. Ushbu qonunlar Konstitutsiyaga o‘zgartishlar va qo‘shimlar kiritish uchun yuridik baza bo‘ldi. Ushbu o‘zgartishlar 30 ta moddaga, oltita bobga (XVIII-XXIII) va ikki bo‘limga (Beshinchi va Oltinchi ) tegishli edi5.

2007 yilda davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyat, hukumat va mahalliy organlarning roli va ularning o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishdagi mas'uliyatini oshirish, O‘zbekiston Prezidenti vakolatlarini aniq belgilab olish hamda mamlakatni yangilash va liberallashtirishda siyosiy partiyalarning roli va ta'sirini kuchaytirish maqsadida Konstitutsiyaning 89-moddasi, 93-moddaning 15-bandi, 102-moddaning ikkinchi qismiga o‘zgartishlar kiritildi.

Keyingi o‘zgartish 2008 yilda 77-moddaga kiritilgan bo‘lib, u mamlakat parlamenti va saylovlarga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bilan bog‘liq edi. Ushbu o‘zgartish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2008 yil 19 noyabrda qabul qilindi va 2008 yil 4 aprelda Senat tomonidan ma'qullandi. Ushbu o‘zgartishga binoan 77-modda quyidagi tahrirda berildi: “Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq tarzda saylanadigan 150 deputadan iborat”6.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan 2010 yil 12 noyabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishida e'lon qilingan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” davlatimiz hamda jamiyatimizni rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur konsepsiya Konstitutsiyaning asosiy normalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish doirasida demokratik islohotlarni mantiqiy davom ettirishning chuqur va puxta o‘ylangan strategiyasi hisoblanadi.Konsepsiyadan kelib chiqqan holda, 2011 yil 18 aprelda e'lon qilingan konstitutsiyaviy qonun asosida Konstitutsiyaning 78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.

Konsepsiya asosida Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar quyidagi maqsadlarga qaratilgan:

birinchidan, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish;

ikkinchidan, davlat boshqaruvini demokratlashtirish, davlat hokimiyati sub'ektlari – Prezident – davlat rahbari, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyat o‘rtasidagi muvozanatni ta'minlash;

uchinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish.

Konstitutsiyamizga oxirgi tuzatish 2011 yilning 12 dekabrida kiritilgan bo‘lib, bunda 90-moddaning 2-qismidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddati yetti yildan besh yilga tushirildi.

Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz parlamenti Konstitutsiya normalariga muvofiq 10 ga yaqin konstitutsiyaviy qonun, 15 ta kodeks, 600 dan ziyod qonunni qabul qildi, 200 dan ortiq ko‘p tomonlama xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi va shu tariqa Asosiy Qonunimizni amalga oshirishning yaxlit huquqiy mexanizmi yaratildi va bu jarayon ildamlik bilan davom ettirilmoqda. Uning samaradorligi naqadar yuqori ekanligini bugungi kunning o‘zi ko‘rsatib turibdi va bu jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilmoqda. Ularning barchasida adolat, ma'naviyat, haqiqat va odillik, milliy axloqiy qadriyatlar, umuminsoniy g‘oyalar kabi mezonlar talabidagi qoidalar mavjudki, bu holat, Konstitutsiyamizni ulug‘lash, uni birlamchi oliy yuridik kuch manbai deb hisoblash hamda ustuvorligini tan olishga undaydi.

2. Inson huquq va erkinliklari – eng oliy qadriyat

Ko‘hna zaminimiz odamlari ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, imon, olijanoblik, bag‘rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug‘ xislatlar bu muborak hujjat – Konstitutsiyamizdan munosib o‘rin olgan.

I.A.Karimov
Inson huquqlari – tabiat tomonidan berilgan, tabiiy, davlat tomonidan mustahkamlangan huquqlardir. Shuning uchun hаm, insоn huquqlаri xаlqаrо huquqdа vа milliy huquqiy tizimdа muhim o‘rin tutаdi.

Insоniyat o‘z tаrixiy rivоjlаnishi jаrаyonidа insоn huquqlаrigа оid qоnunchilik tizimini yarаtgаn. Insоn huquqlari to‘g‘risidаgi qоnunchilik - bu insоn vа fuqаrо huquqlаri vа erkinliklаri hаqidаgi qоnunlаr mаjmuidir. Bu qоnunlаr qаtоrigа insоn huquqlаri bo‘yichа xаlqаrо xujjаtlаr vа milliy qоnunlаr kirаdi.

Insоn huquqlаri to‘g‘risidаgi qоnunchilik o‘z tаrаqqiyotidа uch kаttа bоsqichni bоsib o‘tgаn.

Birinchi bоsqich 1789-yilgi Insоn vа fuqаrо huquqlаri frаnsuz Dеklаrаtsiyasidаn bоshlаnib, tо birinchi jаhоn urushigа qаdаr dаvоm etgаn. Bu bоsqichdа insоnning shаxsiy vа siyosiy huquqlаri to‘g‘risidаgi qоnunchilik ustuvоr rаvishdа rivоjlаngаn. Bungа misоl qilib, АQSh Kоnstitutsiyasigа kiritilgаn birinchi 10 tа qo‘shimchа - Insоn huquqlаri to‘g‘risidаgi Billni ko‘rsаtish mumkin.

Bu dаvrdа qаbul qilingаn qоnunlаrdа аlоhidа e`tibоr quyidаgi muаmmоlаrni huquqiy tаrtibgа sоlishgа qаrаtilgаn:

- shаxs erkinligi vа fuqаrоlаr tеngligi;

- shаxs dаxlsizligi;

- xususiy mulk huquqi;

- sаylоv huquqi (turli sеnzlаr bilаn chеklаngаn bo‘lsаdа).



Ikkinchi bоsqich XX аsrning birinchi yarmini o‘z ichigа оlgаn. Bu bоsqichdа sоtsiаlistik g‘оyalаr vа hаrаkаtlаr tа`siridа insоnlаrning ijtimоiy-iqtisоdiy huquqlаrigа оid qоnunchilik tеz rivоjlаngаn.

Mеhnаt qilish huquqi, dаm оlish huquqi, ijtimоiy yordаm оlish huquqi to‘g‘risidаgi qоnunlаr аlоhidа аhаmiyat kаsb etgаn.

Frаnsiya vа Shvеtsiyadаgi sоtsiаl qоnunchilik, 1920-yilgi Vеymаr Kоnstitutsiyasi, Frаnsiya vа Itаliyaning 1946-yilgi Kоnstitutsiyalаri bungа yaqqоl misоl bo‘lаdi.

Uchinchi bоsqich XX аsrning ikkinchi yarmigа to‘g‘ri kеlib, bu bоsqichdа Insоn huquqlаrining "yangi аvlоdi" to‘g‘risidаgi qоnunchilik rivоjlаnаdi. Bu huquqlаr qаtоrigа:

- tinch yashаsh huquqi;

- sоf vа tоzа аtrоf-muhitgа egа bo‘lish huquqi;

- аxbоrоt оlish huquqi kаbilаr kirаdi.

Bu bоsqichdа Insоn huquqlаri to‘g‘risidа hozirgi kunda amal qilayotgan xаlqаrо qоnunchilik tizimi shаkllаndi.

Ikkinchi jahon urushiga qadar davlat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlar, asosan, davlat miqyosida hal etilgan. Totalitar tuzumlarning emirilishi oqibatida jahon jamoatchiligining e'tiborini inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlanishi o‘ziga qaratdi. Bular BMTning Ustavida (1945 yil), “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da (1948 yil), 1966 yildagi “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro Paktlarda o‘z ifodasini topgan. Bu xalqaro hujjatlarda insonning global manfaatlarini himoya qilish masalalari huquqiy jihatdan keng yoritilgan. Inson huquqlarining xalqaro himoyasini hozirda BMT va uning tegishli maxsus tashkilotlar amalga oshirmoqda.

Inson va fuqarolar huquq va erkinliklarining xalqaro-huquqiy kafolatlari, shuningdek, yuqoridagi hujjatlardan tashqari quyidagi xalqaro hujjatlarda o‘z ifodasini topgan:


  • 1948 yilgi “Genosid jinoyatini oldini olish va uni sodir etganlarni jazolash to‘g‘risida”gi Konvensiya;

  • 1965 yildagi “Irqiy kamsitishlarning barcha shaklini bekor qilish to‘g‘risida”gi xalqaro Konvensiya;

  • 1949 yildagi “Urush qurbonlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Jeneva Konvensiyasi va 1977 yildagi I va II qo‘shimcha protokollar.

  • 1952 yildagi “Ayollarning siyosiy huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya;

  • 1979 yildagi “Ayollarga nisbatan kamsitishning har qanday shaklini bekor qilish to‘g‘risida”gi Konvensiya;

  • 1989 yildagi “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya;

  • 1961 yildagi “Fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risida”gi Konvensiya;

  • 1954 yildagi “Apartridlarning maqomi to‘g‘risida”gi Konvensiya;

  • 1951 yilgi “Qochoqlar maqomi to‘g‘risida”gi Konvensiya va 1966 yildagi Protokol;

  • 1957 yilgi “Turmushga chiqqan ayolning fuqaroligi to‘g‘risida”gi Konvensiya va boshqa hujjatlar.

Xalqaro huquqning muhim tamoyillaridan biri bu –inson huquqlarini hurmat qilish tamoyili hisoblanadi. Inson huquqlarini hurmat qilish tamoyilining mazmunini tegishli davlat yurisdiksiyasida bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan bu huquqlarni biron-bir kamsitishlarsiz hurmat qilish va unga rioya etish bo‘yicha davlatning majburiyatlari tashkil qiladi.

Inson huquqlarini hurmat qilish tamoyili xalqaro huquqning asosiy tamoyillaridan biri sifatida 1945 yilda BMT Ustavining qabul qilinishi bilan qaror topdi Ustavning 1-moddasi (3-bandi)da BMT maqsadlaridan biri “inson huquqlari va asosiy erkinliklarini barcha uchun irqidan, jinsidan, tili va dinidan qat'iy nazar, istisnosiz hurmat qilish” borasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish hisoblanadi” deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlan­gan inson huquq va erkinliklarining mazmuni 1948 yilda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”, 1966 yilda qabul qilingan “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi va “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro Pakt va boshqa ko`plab inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan xalqaro standartlar mazmuniga mos keladi.

Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mavjud me'yorlarni bajarish barcha davlat idoralari, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning majburiyati hisoblanadi. Unda jamiyat keng qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi bilimlarga ega bo‘lishi, dunyo amaliyoti bilan tanishishi hozirgi kunda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov shunday degan edi: “Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan tamoyil va qoidalar asosida mamlakatimizda to‘laqonli, samarali amal qiladigan qonunchilik va huquqiy baza yaratildi. Bir so‘z bilan aytganda, Asosiy Qonunimiz huquqiy davlat qurish yo‘liga o‘tishimizning poydevorini qurib berdi”.

Konstitutsiyamizning ikkinchi bo‘limi muhim institut – inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu bo‘limdagi V bob “Umumiy qoidalar”, VI bob “Fuqarolik”, VII bob “Shaxsiy huquq va erkinliklar”, VIII bob “Siyosiy huquqlar”, IX bob “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar”, X bob “Inson huquqlari va erkinlik­larining kafolatlari”, XI bob “Fuqarolarning burchlari” deb nomlanadi hamda o`zida tegishli qoidalarni ifodalaydi.

Konstitutsiyamizning V bobi ushbu bo‘limga oid umumiy qoidalarni mustahkamlagan bo‘lib, unda demokratik rivojlanish yo‘lini tanlab olgan davlatimizning inson huquqlari masalasiga doir siyosatining asosiy qoidalari mustahkamlangan. Ushbu bo‘limning mazmuni va mohiyati Konstitutsiyamizning 13-moddasida mustahkamlangan inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi, degan yuksak insonparvarlik prinsipiga asoslanadi.

Ma'lum bir davlat hududida yashab turgan inson uchun, qaysi davlatga mansubligi muhim ahamiyatga ega. Har bir insonning huquqiy maqomi uning qaerda yashayotganligi, qaysi davlat fuqarosi ekanligi kabi holatlarga bog‘liq holda shakllanadi. Shu bois ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ikkinchi bo‘limi “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlanib, unda “inson” va “fuqaro” maqomi alohida ta'riflanadi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining huquq va erkinliklarga bag‘ishlangan normalari, agarda inson huquqlarini mustahkamlayotgan bo‘lsa, odatda «har kim», «hech kim», «har bir shaxs» kabi iboralardan foydalanilgan. Agar O‘zbekiston fuqarosi huquqlari va majburiyatlari mustahkamlanayotgan bo‘lsa, “O‘zbekiston fuqarolari” degan atamadan foydalanilgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi insoniyatning uzoq davom etgan erkinlik va tenglik uchun kurashi jarayonida shakllangan umuminsoniy siyosiy- huquqiy qadriyatlarga bo‘lgan e'tiqodi va sodiqligini namoyish etib, inson va fuqaro huquq va erkinliklarini tizimli ravishda mustahkamlaydi.

Shaxsiy huquq va erkinliklarning aksariyati insoniyat paydo bo‘lgandan beri amalda bo‘lib kelayotgan tabiiy huquqlardir. Shaxsiy huquq va erkinliklar deganda shaxslarning faqat o‘zigagina tegishli bo‘lgan va hayoti davomida ajralmas bo‘lib hisoblangan huquq va erkinliklar tushuniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ikkinchi bo`lim, yettinchi bobida inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Konstitutsiyada shaxsiy huquq va erkinliklar alohida tizimni tashkil etadi. Ushbu tizimga quyidagi huquq va erkinliklar kiradi:


  1. Yashash huquqi (24-modda);

  2. Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi (25-modda);

  3. Aybsizlik prezumpsiyasi (26-modda);

  4. Shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi (27-modda);

  5. Turar joy daxlsizligi huquqi (27-modda);

  6. Shaxslarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish huquqi (28-modda);

  7. Fikr, so‘z va e'tiqod erkinligi (29-modda);

  8. Fuqarolarni huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish huquqi (30-modda);

  9. Vijdon erkinligi (31-modda).

Bir qator xalqaro hujjatlarda, jumladan, 1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasida har bir insonning yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga ega ekanligi mustahkamlangan7. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 6-moddasida esa “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Bu huquq qonun bilan himoyalanadi. Hech kim o‘zboshimchalik bilan insonni yashashdan mahrum qila olmaydi” deyilgan8. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham inson va fuqarolarning yashash huquqlariga oid ushbu xalqaro andozalar o‘zining to‘la aksini topgan.

Shaxsning yashash huquqi bu insonning tug‘ilishi bilan vujudga keladigan, faqat o‘zining biologik mavjudligini ta'minlovchi hamda davlat tomonidan muhofaza etiladigan huquqidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24–moddasida yashash huquqining mustahakamlanishi davlat tomonidan uni qo‘riqlash va himoya qilishning kuchli mexanizmini yaratishni talab qiladi. Bu boradagi tadbirlar nafaqat jinoyatchilikni oldini olish yoki jinoyatga qarshi kurashish natijasidagi huquqni himoya qilish faoliyatini, balki ijtimoiy sohada ham inson hayotining ta'minlanishini o‘z ichiga oladi.

Insonning tabiiy huquqi, yashash huquqini himoya qilish davlat hamda barcha jamoat tuzilmalari faol harakatlarining keng doirasini, har bir inson turmushining xavfsiz ijtimoiy va tabiiy muhitini, turmush sharoitini o‘z ichiga oladi9. Konstitutsiyada mustahkamlanib, kafolatlangan inson va fuqarolarning yashash huquqi joriy qonunlarda rivojlantiriladi va amaliyotda davlat organlarining tashkiliy faoliyati orqali ta'minlanadi.

Shaxsning erkinligi jamiyatdagi axloq me'yorlari doirasidan chiqmasligi va qonun asosida bo‘lishi kerak, ya'ni shaxs har qanday harakatni qonun va qonun hujjatlarida man etilmagan va huquqiy ko‘rsatmalarga zid kelmagan taqdirda, amalga oshirish mumkin.

Xo‘sh, huquq va erkinliklarning chegarasi bormi? Ushbu masalaga Konstitutsiyaning 20-moddasida oydinlik kiritilgan, unga ko‘ra “Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur etkazmasliklari shart”10. Bunda birinchi navbatda inson manfaatlari ustuvor bo‘lganligini ko‘ramiz. Bundan tashqari mamlakatimizning har bir fuqarosi butun umri davomida davlat himoyasida ekanliklarini yaxshi anglamoqlari kerak.

Shaxsiy erkinlik daxlsizdir. Shaxs daxlsizligini davlat va uning hokimiyat tuzilmalari tomonidan ta'minlanadigan shaxs erkinligining kafolati sifatida tushunish lozim. Bugun “inson, uning hayoti, erki, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa huquq hamda erkinliklari muqaddas bo‘lib, davlat himoyasidadir. O‘zbekiston davlati ham fuqarolarning manfaatlari va erkinliklarini respublika hududida va uning tashqarisida himoya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi”11.

Aybsizlik prezumpsiyasi (aybi isbot qilinguncha shaxsni aybsiz deb faraz qilish) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida mustahkamlangan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 14-moddasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida bayon qilingani kabi, jinoiy ishlarda har qanday ayblanuvchi uning aybi qonunda ko‘zda tutilgan tartibda isbotlanmaguncha aybsiz, deb hisoblanadi.

Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 5-moddasidagi “Hech kim azob-uqubatga yoki vahshiylarcha, insonlikka isnod keltiradigan yoki qadr-qimmatini xo‘rlaydigan muomala va jazoga mustahiq bo‘lmasligi kerak”12 degan qoida Konstitutsiyamizning 26-moddasida o‘z aksini topgan. Deklaratsiyaning 22-moddasida insonning qadr-qimmatini kamsitishga yo‘l qo‘ymaydigan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitni yaratish zarurligi ko‘zda tutilgan. Insonning qadr-qimmatini kamsitish, qiynash va boshqa shafqatsiz usulda inson bilan muomalada bo‘lishni taqiqlash Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 7-moddasida ko‘rsatilgan13.

Shaxsiy hayot daxlsizligi – bu shaxsning tug‘ilishi bilan vujudga keladigan va hech kimning aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydigan insonning hayotiy turmush tarzidir.

Konstitutsiya moddalarining mustahkamlanishi va rivojlantirilishi fuqarolik, jinoiy, ma'muriy va boshqa huquq sohalariga doir huquqiy me'yorlarda o‘z aksini topgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasiga muvofiq advokat advokatlik sirini saqlashi shart14. Advokatga, advokatura xodimlari va mansabdor shaxslarga advokatlik siri predmetini tashkil etadigan ma'lumotlarni oshkor etish va ushbu ma'lumotlardan o‘zlarining va uchinchi shaxsning manfaatlari yo‘lida foydalanish man etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga binoan, notariusga, notarial harakatlarni bajaradigan mansabdor shaxslarga ularning xizmat vazifasini bajarishlari orqali ma'lum bo‘lgan notarial harakatlar mazmunidagi ma'lumotlarni, hattoki, o‘z mehnat shartnomalari bekor bo‘lganidan so‘ng ham oshkor qilish man etiladi15.

Bajarilgan notarial harakatlar haqidagi ma'lumot faqat unga yoki uning nomidan yoki uning topshirig‘iga binoan notarial harakatlarni bajargan shaxslarga berilishi mumkin.

Konstitutsiyaga muvofiq hech kim O‘zbekiston Respublikasida shaxslarning turar joyiga qonunda ko‘rsatilmagan hollarda ularning ruxsatisiz kirishga, tintuv o‘tkazish yoki uni ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Faqat prokurorning ruxsati bilan jinoyatga aloqadorligi mavjud deb gumon qilinayotgan turar joyda yuqoridagi hatti-harakatlarni amalga oshirish mumkin.

Fuqarolarning shaxsiy aloqa vositalaridan foydalanishlarida daxlsizlik huquqining ma'nosi shundaki, qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari hech kimning shaxsiy irodasiga zid holda uning yozishmalari, telefon so‘zlashuvlari, telegraf ma'lumotlari bilan tanishishga haqqi yo‘q. Fuqarolarning shaxsiy hayotini qo‘riqlash maqsadida ma'lum xat yozishmalari, telefon so‘zlashuvlari, telegraf ma'lumotlari bilan tanishish mumkin. Shaxsiy axborotnoma bilan tanishish tegishli vakolatga ega tor doiradagi shaxslar tomonidan qonunda ko‘zda tutilgan mezon va tartiblar asosida amalga oshiriladi.




Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa