Yoshlarning o‘zbekiston respublikasi konstitutsiyasida belgilangan huquq va majburiyatlari



Download 248.12 Kb.
bet2/4
Sana18.01.2017
Hajmi248.12 Kb.
1   2   3   4

Vijdon erkinligi – bu har bir inson o‘zi xohlagan diniga e'tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmasligi va dinga nisbatan betaraf bo‘lishligi bilan ifodalanadi.

Vijdon erkinligini tartibga soluvchi normalar muhim ahamiyatga ega. Vijdon erkinligi insonning dinga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatadi. Vijdon erkinligining mazmuni insonning dinga e'tiqodi bor yoki yo‘qligi, betaraf bo‘lishi huquqidan iborat. Shu bilan bir qatorda insonlarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat'iy nazar, huquq va erkinliklarda tengligi vijdon erkinligining asosiy yuridik kafolatlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasi bunday huquqni har bir fuqaro uchun kafolatlaydi. O‘zbekistonda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasi mazmunining amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunida16 aks etadi. Ushbu hujjat tegishli soha bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi birinchi qonun akti bo‘lib, u vijdon erkinligi borasida vujudga keladigan munosabatlarining yangicha tartibini belgilab berdi.

Voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, shuningdek ularning ixtiyoriga, ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga o‘qitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dinga e'tiqod qilish yoki o‘zga e'tiqodlar erkinligi milliy xavfsizlikni va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquqi va erkinliklarini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan darajadagina cheklanishi mumkin.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, fuqarolarning diniy e'tiqodga bo‘lgan erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy normalar ijtimoiy voqelikda o‘zining ifodasini topib kelmoqda.

Mustaqillik yillarida o‘zining ilmiy jasorati, buyuk kashfiyotlari bilan islom dunyosida ulkan shuhrat qozongan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy, Maxmud Zamaxshariy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Baxovuddin Naqshbandiy, Xoja Axror Valiy kabi siymolarning nomlari qayta tiklandi hamda Shohi Zinda, Registon, Bibixonim majmualari qayta ta'mirlanib har tomonlama obod etildi. Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qarshi kabi qadimiy shaharlarimizda joylashgan me'moriy obidalarimiz qayta tiklandi. Shu bilan birga, asrlar davomida muqaddas diniy qadriyatlarimiz sifatida nishonlanib kelinadigan Ramazon va Qurbon Hayitining birinchi kunlari bayram deb e'lon qilindi. Fuqarolarimiz xaj ziyoratlariga borishlari uchun davlatimiz tomonidan har tomonlama shart-sharoitlar yaratilgan. Bugungi kunda har yili 3000 dan ortiq fuqarolarimiz muqaddas xaj ziyoratiga safar qilmoqdalar. Xolbuki Sobiq Sho‘ro tuzumi davrida sanoqli odamlargina bunday imkoniyatga ega edilar.

1996 yil 19 mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshketda Halqaro Islom tadqiqot markazi tashkil etildi. Islom diniga oid boy ma'naviy-madaniy merosni asrash, diyorimizda etishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy g‘oyalari va asarlarini chuqur va har tomonlama o‘rganish maqsadida 1999 yil 7 aprelda Toshkent Islom Universiteti, uning qoshida Islomshunoslik ilmiy-tadqiqod markazi va akademik litsey tashkil etildi.

O‘zbekistonda islom dini bilan bir qatorda pravoslavlar, yahudiylar, baptistlar, adventistlar, katoliklar, lyuteranlar, krishnaitlar, buddistlar, xristian-presvitorianlari singari bir qancha din va mazhablar faoliyat yuritmoqda. Bu borada, respublikamizda 15 ta noislomiy konfessiyaga mansub 186 ta tashkilot faoliyat olib borayotgani buning amaliy ifodasidir17. Shuningdek, “1990 yilda respublikamizda 119 ta diniy tashkilot, 2 ta diniy o‘quv yurti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2186 ta diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan eng yirigi O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Rus Pravoslav cherkovining Toshkent va o‘rta Osiyo eparxiyasi, evangel xristian-baptistlar cherkovi, Rim-katolik cherkovi, to‘liq Injil xristianlari cherkovi, O‘zbekiston Bibliya jamiyati. Shuningdek, 1987 ta masjid, 163 ta xristian cherkovi, 8 ta yaxudiy sinagogalari, 6 ta Bahoiylar jamiyati, 1 ta Krishnani anglash jamiyati, 1 ta Budda ibodatxonasida fuqarolar emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan”18.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VIII bobi siyosiy huquqlarga bag‘ishlangan. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari tizimida uning siyosiy huquqlari alohida o‘rin egallaydi, chunki bu huquqlar fuqarolarning davlatni va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki bilan bog‘liqdir. Siyosiy huquq va erkinliklar siyosiy manfaatlarga tegishli bo‘lgan hamda shaxsning siyosiy jarayon va davlat hokimiyatini amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatlarini ifodalaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishla­rini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi”19deyiladi. Fuqarolar­ning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi huquqiy-demokratik davlatning muhim prinsiplaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishti­rok etish huquqi demokratik huquqiy davlatning muhim tamoyilla­ridan biridir. Konstitutsiyada xalqning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirokini amalga oshirish shakllari ifodalangan. O‘zbekiston fuqarolari oliy va mahalliy vakillik organlariga saylaydigan o‘z vakillari orqali davlat hokimiyatini boshqarishda ishtirok etadilar.

Fuqarolarning saylov huquqlarini o‘z navbatida aktiv va passiv saylov huquqlariga bo‘lish mumkin.



Aktiv saylov huquqi ya'ni saylash huquqi bevosita demokra­tiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib, u har bir fuqaroning davlatni boshqa­rishda o‘z vakillarini saylash bilan ishtirok etishini ko‘zda tutadi. Bu xuquqqa qonunda belgilangan ma'lum yoshga etgan, muomalaga layo­qatli mamlakat fuqarolari ega bo‘ladilar.

Passiv saylov huquqi, ya'ni saylanish huquqiga ham ma'lum yoshga etgan, muomalaga layoqatli fuqarolar ega bo‘ladilar. Turli davlatlarda ma'lum davlat organlariga saylanish uchun belgilangan yosh chegarasi turlicha bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida ko‘rsatilishicha: “Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega”20.

Fuqarolarning o‘z ijtimoiy faolliklarini mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar yo‘li bilan amalga oshirish huquqlarini O‘zbekiston Respublikasi tan oladi va kafolatlaydi.

Miting bu - siyosiy masalalar muhokamasi uchun yig‘ilgan jamoa yig‘ilishidir.

Yig‘ilish bu - yopiq imoratda yoki biror xonada o‘tkaziladigan, ma'lum bir masalalarni muhokama qilish va qaror qabul qilish uchun yig‘ilgan shaxslarning majlisidir. Majlis shaklidagi yig‘ilishlar majlis tashkilotchilari tomonidan ishtirokchilar sonini chegaralash uchun tanlanishi mumkin, lekin bu yig‘ilishlarning asosiy mohiya­tini belgilamaydi.

Namoyish - bu ijtimoiy siyosiy norozilikning ochiq ko‘rinishi bo‘lib, namoyishchilarning u yoki bu masalalar bo‘yicha ommaviy tarzdagi ochiq munosabatlardir. Namoyish asosan miting bilan bosh­lanadi va tamom bo‘ladi21.

Davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirok etish huquqlariga bevosita aloqador bo‘lgan muhim huquqlardan biri, bu fuqarolar­ning o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida kasaba uyushmala­riga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqidir (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34-moddasi).

Bu huquq fuqarolarga yuqorida aytib o‘tilgan maqsadlarda ijtimoiy uyushgan faoliyat olib borishning turli shakllariga birlashish, u yoki bu vazifalarni bajarish uchun kuchlarini umumlash­tirish imkonini beradi.

“Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar” deb nomlangan IX bobda fuqarolarning huquq va erkinliklarini iqtisodiy kafolatlash davlatda amal qilib turgan iqtisodiy tizim orqali namoyon bo‘ladi. Har bir mamlakatda shaxsning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va erkinliklari uning jamiyatda erkin yashashini ta'min­lash maqsadida mustahkamlanadi. Bu bevosita shaxslarning moddiy manfaatlarini himoyalash va ularni ta'minlash bilan bog‘liqdir. Davlat ularni amalga oshirishga ko‘maklashadi, sharoit yaratadi.

“Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari” deb nomlangan X bobda inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlariga tushuncha, ularning turlari va kafolatlarning huquqiy asoslari ko‘rsatilgan. Kafolatning asosiy vazifasi sifatida fuqarolarni huquq va erkinliklarini amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan to‘siqlarni bartaraf etish bilan bog‘liq bo‘lgan majburiyatlarning bajarilishi ta'kidlanadi.

Konstitutsiyamizning XI bobi 47-52 moddalarida fuqarolarning burchlari o‘z aksini topgan. Shu jumladan O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning burchlari Konstitutsiyamizning 23-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi xududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari halqaro huquq normalariga muvofiq ta'minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va halqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar. Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarni bajaradi”22deb Konstitutsiyamizning 47-moddasida mustaxkamlangan.

Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga, O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini avaylab-asrash, qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lash, Vatanni himoya qilish kabi burchlarini ado etishga majburdirlar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta'kidla­ganlaridek, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro hujjatlarning prinsipial qoidalarini o‘zida mujassam etgan holda, Konstitutsiyamiz inson huquq va manfaatlari, uning erkinliklari davlat manfaatlaridan ustunligini mustahkam­ladi, odamlarimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratishni o‘zining tub maqsadi etib belgiladi, ijtimoiy adolat tamoyillarini e'lon qildi”23.



Konstitutsiyaning to‘la amalga oshishi – ko‘p jihatdan, har birimizning faolligimizga, har birimizning munosib hayotga bo‘lgan qat'iy intilishimizga bog‘liq.

3.Yoshlar huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy asoslari
Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish va ular bo‘yicha faoliyat yuritish har bir shaxs uchun jinsi, yoshi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi va yana boshqa senzlardan qat'iy nazar majburiydir.Biroq e'tiborga molik tomoni shundaki, umumiy aholisining yarimidan ko‘pi yoshlardan iborat bo‘lgan bizning mamlakatimiz uchun bu masala bevosita tegishli. “Agarki O‘zbekistonda aholining qariyb 35 foizini 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 60 foizdan ziyodini esa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini hisobga oladigan bo‘lsak, bu islohotlarning roli va ahamiyati o‘z-o‘zidan tushunarli va ravshan bo‘ladi”24.

Mustaqillik sharofati bilan qabul qilingan konstitutsiyamizda aynan yoshlarning huquq va erkinliklari tegishli konstitutsiyaviy normalar asosida o‘z ifodasini topgan.

Zotan, konstitutsiyaning muqaddimasidayoq hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas'ullikni nazarda tutuvchi norma belgilab qo‘yilgan25. Mazkur konstitutsiyaviy norma bugungi va ertangi avlod vakillarining huquq va manfaatlarining ifodlanganligini anglatadi. Davlat o‘z yoshlarining kelajagi uchun mas'ullikni zimmasiga olmoqda. Sababi davlatimiz huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurishda yoshlarimizning ertangi kun uchun munosib vorislik masalasiga e'tibor qaratmoqda.Shu bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining shu va shu kabi normalari Konstitutsiya normalari asosida qabul qilingan qator qonun hujjatlarida, ularning muayyan tarkibiy qismlarida o‘zining to‘la ifodasini topgan. Mazkur qonun hujjatlarini shartli ravishda 2 guruhga ajratish mumkin.

Birinchi guruh – 1991-2000 yillarda qabul qilingan qonun hujjatlari. Mazkur davrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi (1991yil 20 noyabr), “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi (1992), “Ta'lim to‘g‘risida”gi (1992 yil, 1997 yil 29 avgust yangi tahrirda) qonunlar, qator kodekslar, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi (1997 yil 29 avgust), Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi (1997) qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi 1991 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga, 1992 yilda esa, Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaga qo‘shildi.

Shuningdek ushbu yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika yosh ijodkorlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” (1992), “Mudofaa to`g`risida” (1992 yil 2001 yil 11 mayda yangi tahrirda qabul qilingan), “O‘zbekistonda ta'lim olayotgan yoshlarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (1993 yil 5 fevral), “O‘zbekiston Respublikasining yosh mualliflariga eng yaxshi asarlari va ilmiy ishlari uchun Davlat mukofotini topshirish to‘g‘risida” (1993 yil 3 sentabr), “Mehnatni muhofaza qilish to`g`risida” (1993 yil 2 sentabr), “O‘zbekiston Respublikasi yoshlarining “Kamolot” jamg‘armasi to‘g‘risida” (1996 yil 17 aprel), “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida” (1997), “Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi (1999) farmonlari e'lon qilindi.

Mazkur bosqichda qabul qilingan qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan birgalikda yoshlarni yagona mafkura asosida tarbiyalashga xizmat qiluvchi eski ma'muriy-buyruqbozlik tizimi va uning huquqiy asoslarini tugatib, ularni tarbiyalash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning demokratik asoslarini belgilab berdi.

Ikkinchi guruh- ushbu guruhga 2001 yildan hozirga qadar qabul qilingan qonun hujjatlarini kiritish mumkin. Mazkur bosqichda voyaga yetmaganlar o‘rtasida tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, buning uchun mas'ul davlat idoralari, jamoat tashkilotlari hamda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirishga, shuningdek, jamiyatimizning ijtimoiy-ma'naviy va iqtisodiy yangilanish jarayonida yoshlarning o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, birinchi navbatda, qishloq joylardagi yigit-qizlarni ish bilan ta'minlash, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratish, farzandlarimizning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Ushbu davrda “Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaga doir bolalar savdosi,bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taaluqli Fakultativ protokol”ga qo`shilish haqida va “Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taaluqli Fakultativ protokol”ga qo`shilish haqidagi qonunlar (2008 yil 12 dekabr), “Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazishni tartibga solish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi (2007), “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi (2008yil 7 yanvar), “Voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi (2009), “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi (2010 yil 29 sentabr), “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi (2011) qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, 2008 yil 8 aprelda “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risida”gi hamda “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi Konvensiyalar ratifikatsiya qilindi. 2001 yil 4 yanvardagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o`rganishni tashkil etish to`g`risida”gi Farmoyishi ham jamiyatda,ayniqsa yoshlar orasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish uchun dasturul amal bo`lib xizmat qildi.

Umuman, yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini tashkil etuvchi qonun hujjatlarining doirasi juda ham keng. Bu borada “Yoshlar yili” Davlat dasturi doirasida amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan mustaqillik yillarida qabul qilingan amaldagi qonun hujjatlari atroflicha tahlil qilinib, yoshlar huquqlari, manfaatlari va erkinliklari belgilangan qonun hujjatlari tizimi shakllantirilganligi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ishchi guruh tomonidan amaldagi normativ-huquqiy bazani, uning yoshlar manfaatlari va huquqlarini himoya qilishga oid qismini takomillashtirish maqsadida inventarizatsiyadan o‘tkazish jarayoni Konstitutsiya va kodekslardan tashqari, bu sohada 22 qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 15 ta farmoni va 11 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 41 ta qarori, 32 ta idoraviy-me'yoriy hujjat mavjud ekanligini ko‘rsatdi26. Shundan keyin ham yana o‘nlab yangi qonun hujjatlari qabul qilinganligi hisobga olinsa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalariga asoslangan, yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlar tizimi 150 dan ortiq qonun hujjatlaridan tashkil topganligi ma'lum bo‘ladi.

Yoshlarga doir qonun hujjatlarining birinchi guruhidan joy olgan,1991 yil 20 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunning davlat mustaqilligi e'lon qilinganligiga endigina sakson kun to‘lgan mamalakatda qabul qilinishi, o‘z-o‘zidan o‘sha paytdayoq O‘zbekistonda yoshlarga oid siyosat davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanishidan dalolat berar edi.

Shu sababli ham yoshlarning ijtimoiy hamda ma'naviy kamol topishi uchun shart-sharoit yaratib berishga qaratilgan mazkur siyosatning asosiy mohiyati qariyb ikki yarim yil mobaynida shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov rahnamoligida ishlab chiqilib, 1992 yil 8 dekabr kuni qabul qilingan va xalqimizning tom ma'nodagi xohish-irodasini o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topdi.

Albatta, Konstitutsiya – keng qamrovli, ijtimoiy hayotning barcha sohalari uchun bosh huquqiy me'zon, oliy yuridik kuchga ega hujjat. Shu bilan bir qatorda, unda belgilangan huquq va erkinliklar uning 18-moddasiga muvofiq, barchaga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar, birdek taalluqlidir. Lekin Konstitutsiyaning qator normalarida bevosita yoki bilvosita yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsiplari belgilanganligi ko‘rish mumkin. Masalan, 37-moddada “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir”, deb belgilangan. O‘z-o‘zidan ma'lumki, mehnat bozorida hamma bir xil imkoniyatga ega emas, xususan, yoshlar. Qolaversa, barcha bir xil mehnat sharoitida ishlash imkoniyatiga ega emas. Lekin ushbu norma shunday ifodalanganki, u mehnat qilish huquqi va adolatli mehnat sharoiti tushunchalari hamma uchun bir xil tushuncha emasligini ko‘rsatib turadi. Shuning uchun ham 1995 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida (2-§, 239-247-moddalar), 2008 yilning 7 yanvarida qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi qonunning 20-moddasida yoshlar uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilab qo‘yilgan. Kodeksning 77-moddasiga binoan, yoshlarni mehnatga tayyorlash maqsadida umumta'lim maktablari, hunar-texnika bilim yurtlari va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini o‘n besh yoshga to‘lganlaridan keyin ota-onasidan birining yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxsning roziligi bilan bolalarning sog`lig`iga va kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan va ta'lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishlarni o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida bajarish uchun ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.Bundan tashqari, yoshlarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun ishga qabul qilishdagi kafolatlar, yoshlarning mehnatga oid huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqda bo‘lishlari hamda qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanishlari, ularning mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan ishlar ro‘yxati mavjudligi, ular uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanishi (haftasiga 36, 16 yoshgacha 24 soatdan oshmagan), kundalik ish vaqti qisqartirilgan hollardagi mehnatga haq to‘lash, yillik mehnat ta'tili berishda imtiyozlar mavjudligi, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlardagi ishlarga jalb etishning taqiqlanishi hamda mehnat shartnomasini bekor qilishdagi qo‘shimcha kafolatlar shular jumlasidandir.

Yoshlarga oid davlat siyosatining yana bir muhim yo‘nalishi har tomonlama etuk barkamol avlodni tarbiyalashdan iboratdir. Bu borada xalqaro hamjamiyat tomonidan har qanday davlatda amalga oshirilayotgan ishlarning natijasiga baho beruvchi ikki mezon tan olingan. Bu o‘sha mamlakatdagi sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimlaridir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Mazkur konstitutsiyaviy normaning hayotiyligini ta'minlash maqsadida sog‘liqni saqlash tizimiga har yili Davlat byudjeti xarajatlarining 12-15 foizdan ortiq qismi yo‘naltirilmoqda. Qisqa davr ichida tibbiyot muassasalari faoliyati to‘la takomillashtirildi, 3200 dan ortiq qishloq vrachlik punktlari barpo etildi, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiy markazlar tashkil etildi, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning deyarli 100 foizi yiliga ikki marta, tug‘ish yoshidagi ayollar esa har yili chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Islohotlarning natijasi sifatida, o‘tgan 20 yil davomida onalar va go‘daklar o‘limi uch barobardan ko‘proq kamaydi. O‘zbekiston 2011 yilda “Bolalarni asraylik” xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan 161 mamlakatdan iborat jahon reytingida o‘sib kelayotgan yosh avlod salomatligi haqida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan davlatlar orasida 9-o‘rinni egalladi27.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen o‘zining 2011 yil 25-26 noyabr kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro anjumandagi nutqida e'tirof etganidek: “O‘zbekistonda hatto global inqirozlar davrida ham aholining salomatlik ko‘rsatkichlari muttasil oshib, umr ko‘rish davomiyligi yuksalmoqda. O‘zbekiston bu bilan haqli ravishda faxrlansa arziydi”.

Mamlakatimiz rahbari Islom Karimov “O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “sog‘lom ona – sog‘lom bola” mavzusidagi ushbu xalqaro simpoziumning ochilishidagi nutqida bu muvaffaqiyatlarimizning omillari haqida atroflicha to‘xtalib, mustaqil rivojlanish yillarida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini barpo etishni davom ettirish va yangilash imkonini berayotgan mustahkam poydevor yaratilganiga anjuman ishtirokchilari e'tiborini qaratdi.

“Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ushbu 41-moddasi ijrosi yuzasidan ham faxrlansa arziydigan islohotlar amalga oshirildi. Birgina Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi (1997 yil) va Maktab ta'limi rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi (2004 yil) doirasida 1539 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, 7800 tadan ziyod umumta'lim maktablari yangitdan qurilib, to‘liq zamonaviy vositalar bilan jihozlandi. Oliy ta'lim muassasalarining soni 1,8 barobar (37 tadan 66 taga, shundan 59 tasi milliy, 7 tasi xorijiy) ko‘paydi. 5980 ta bolalar sport maskanlari, 6151 ta yopiq sport zallari barpo etildi28.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 4 yanvarda e'lon qilingan “O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o`rganishni tashkil etish to`g`risida”gi Farmoyishi  ham  mamlakatda Konstitutsiyani ommaviy ravishda o`rganish hamda  uni hayotga tatbiq etish bo`yicha dasturulamal vazifasini o`tamoqda.  Mana shu maqsadda  davlatimiz rahbari O`zbekiston Konstitutsiyasini bolalar bog`chasidan boshlab o`rgatish, maktablarda darslik tariqasida o`qitish hamda oliy o`quv yurtlarida  esa maxsus dars sifatida o`rganishni vazifa qilib qo`ydi.

Sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasidagi islohotlar shular bilan cheklanib qolmay, hozir ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, 2011-2015 yillarda 700 dan ortiq tibbiyot muassasasi, 400 ta bolalar sporti, 221 ta bolalar musiqa va san'at maktabi qurib, foydalanishga topshirish, sport bilan muntazam shug‘ullanadigan bolalar sonini 2 barobar ko‘paytirish, zamonaviy “elektron ta'lim” loyihasini joriy etish kabi ko‘plab ishla rejalashtirilgan bo‘lib, bu vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda29. Bu borada erishilayotgan natijalar 2011-2012 yillarda poytaxtimizda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro anjumanlarda nufuzli xalqaro tashkilotlar, dunyoning barcha qit'alaridan kelgan xorijlik ekspertlar tomonidan e'tirof etildi.

O`zbekston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida fuqarolarning so`z va fikrlash erkinligi mustahkamlanganbo`lib, “har kimning o‘z fikrini erkin ifoda qilish huquqi o‘z ichiga izlanish erkinligi, har qanday axborotni olish, tarqatish, yozma yoki nashr shaklida yoxud badiiy shaklda ifodalash erkinligini amalga oshirish imkonini beradi”. Mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov 2010 yil 12 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta'minlash masalalariga to‘xtalib o‘tib: Bugun biz demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, fuqarolarning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtiroki haqida so‘z yuritar ekanmiz, albatta, axborot erkinligini ta'minlamasdan, ommaviy axborot vositalarini odamlar o‘z fikr va g‘oyalarini, sodir bo‘layotgan voqealarga o‘z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirmasdan turib, bu maqsadlarga erishib bo‘lmasligini o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz30, deb ta'kidladilar. Yurtimizda avvalo ommaviy axborot vositalari rivojini ta'­minlaydigan, demokratik talab va standartlarga to‘la mos keladigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. Ushbu davrda ommaviy axborot vositalarini erkin va jadal rivojlantirishga, axborot sohasining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta'minlashga qaratilgan 10 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilindi. Ko`rilgan chora tadbirlar natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari 1243 tani (01.12.2011y. holatiga) tashkil etdi. Ulardan 704 tasi gazeta, 254 tasi jurnal, 17 tasi axborotnoma-byulleten, 4 tasi axborot agentligi, 63 tasi televideniye, 36 tasi radio, 165 tadan ziyodi esa veb-saytlardir.

Mavjud bosma davriy nashrlarning 43 foizi, telekanal­larning qariyb 53 foizi, radiokanallarning 85 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalari hisoblanadi.

Axborot va so`z erkinligining mamlakatimizda yuqori darajada ta`minlanishi birinchidan, fuqarolarning konstitutsion shaxsiy huquqlarini kafolatlash bilan birga o`sib kelayotgan yosh avlodning bilim olish jarayonida o`ziga kerakli axborotni ishonchsiz va noxolis tashqi axborot manbalaridan emas, balki mamlakatda ro`yxatga olingan va har bir berilgan axboroti uchun javob beradigan manbalardan olishiga imkoniyat yaratadi.

2012 yil 10 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Qarorda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish maqsadida 2013-2014 o‘quv yilidan boshlab, Respublikaning barcha hududida chet tillarni, asosan, ingliz tilini o‘rganish umumta'lim maktablarining birinchi sinflaridan o‘yin tarzidagi darslar va og‘zaki nutq darslari shaklida, ikkinchi sinfdan boshlab esa, alifbo, o‘qish va grammatikani o‘zlashtirishdan bosqichma-bosqich boshlanishi, oliy o‘quv yurtlarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish chet tillarda olib borilishi, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining o‘quvchilari va o‘qituvchilarini chet tillar bo‘yicha darsliklar va o‘quv-uslubiy komplekslar bilan ta'minlash, ularni belgilangan muddatlarga rioya etilgan holda qayta nashr etish, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining aylanma mablag‘lari hisobidan bepul amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Yurtimizda maktab ta'limi 7 ta tilda – o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik tillarida olib boriladi. Bu ham fuqarolarimizning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar qonun oldida tengligiga doir konstitutsiyaviy qoidaga og‘ishmay amal qilinayotgani, shuningdek, davlat yoshlarimizning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini qat'iy ta'minlab kelayotganining yana bir isboti, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O`quvchi qizlar uchun “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti, oily ta`lim muassasalari talabalari uchun O`zbekistonRespublikasi Prezidenti, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug`bek, Imom al-Buxoriy nomlaridagi Davlat stipendiyalari ta`sis etildi va shu kungacha mingdan ortiq yoshlar ushbu tanlovlarda g`olib bo`lib, ko`plab imtiyoz va rag`batlarni qo`lga kiritdilar.

Bundan tashqari mazkur davrda voyaga yetmaganlar va yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularni yanada kengroq qullab-quvvatlash maqsadida yosh iste'dodlar uchun “Nihol” mukofoti (2006), “Kelajak ovozi” respublika tanlovi (2006) ta'sis etildi, “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (2007), “Yosh oilalarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon (2007) imzolandi, shuningdek O‘zbekistonda bolalar farovonligini ta'minlash bo‘yicha Harakat dasturi (2007), Bolalar musiqa va san'at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi qabul qilindi.

Yurtboshimizning “O‘zbekistonda yashayotgan barcha-barcha yoshlar – mening bolalarim, mening farzandlarim!” degan so‘zlari maktab va ta'lim sohadasi yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarda o‘z ifodasini topmoqda. Shu jihatdan, bugungi kunda mamlakatimizda 9779 ta umumta'lim maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktab ta'limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish doirasida 2004-2009 yillarda respublika bo‘yicha 8500 dan ziyod maktab qurildi va kapital ta'mirlandi. Ularning aksariyati qishloqlarda joylashgan. Ushbu maqsadlar uchun 1,4 trillion so‘m mablag` sarflandi.

Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “Kadrlar tayyorash dasturi deb nom olgan Ta'lim sohasini isloh qilish dasturi mamlakatimizda yangi jamiyat qurishning bosqichma-bosqich va tadrijiy rivojlanish prinsipiga asoslangan iqtisodiy va siyosiy islohotlarning biz tanlagan “o‘zbek modeli” – o‘z taraqqiyot yo‘limizning ajralmas tarkibiy qismidir”.

Dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan ushbu Dasturga muvofiq mamlakatimizda “9+3” sxemasi bo‘yicha 12 yillik umumiy majburiy bepul ta'lim tizimi joriy etildi. Dasturni hayotga tatbiq etish davomida uzluksiz xususiyat kasb etgan ta'lim tizimining nafaqat shakli, balki mohiyati ham tubdan o‘zgartirildi.

Ushbu tizim bugun maktabgacha, 9 yillik umumiy o‘rta, 3 yillik o‘rta maxsus va kasb-hunar, oliy, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta'limni o‘z ichiga olgan.

Shu bilan birga, bu Dasturning uzviy, mantiqiy davomi bo‘lgan, 2004 yili qabul qilingan Maktab ta'limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi amalga oshirildi. Xususan, maktab binolarini tubdan yangilash va rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta'mirlash, maktablarni zamonaviy o‘quv-laboratoriya anjomlari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar bilan jihozlash borasida ulkan ishlar qilindi.

Shuningdek, ta'lim standartlari va o‘quv dasturlarini takomillashtirish, maktablarni malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash, o‘qituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish, ular mehnatini rag‘batlantirishni kuchaytirish, maktablarning sport bazasini mustahkamlash va ularda sportni rivojlantirish kabi ustuvor vazifalar muvaffaqiyat bilan bajarildi.

Istiqlol natijasi bo‘lgan mutlaqo yangi turdagi o‘quv yurtlari – 1406 ta kasb-hunar kolleji va 143 ta akademik litsey bunyod etildi. Dunyodagi hatto eng rivojlangan davlatlarning faqat yirik shaharlaridagina tashkil qilingan bunday o‘quv yurtlari mamlakatimizning chekka tumanlarida ham mavjud bo‘lib, ular uchun go‘zal va zamonaviy binolar barpo etilgan.Yaratilgan imkoniyatlar natijasi o`laroq keyingi o‘n yil mobaynida o‘quvchilarimiz mustaqil O‘zbekiston vakillari sifatida xalqaro fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, 150 dan ziyod oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgani, nufuzli san'at festivallari va tanlovlarida 670 dan ortiq sovrinli o‘rinlarni egallagani, xalqaro sport musobaqalarida esa 1280 ta oltin, 1170 ta kumush va 1590 ta bronza medal sohibi bo‘lgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin”31.

Eng ilg‘or rusumdagi uskuna va apparaturalar bilan jihozlangan o‘quv-ishlab chiqarish xonalari hamda laboratoriyalarga ega mazkur o‘quv yurtlarida bugun qariyb 1,7 million nafardan ortiq o‘g‘il-qiz iqtisodiyotimizning turli jabhalarida talab katta bo‘lgan 225 kasb va 578 mutaxassislikni puxta egallamoqda.

2012 yil fevral oyida poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Prezidentimiz anjuman qatnashchilari e'tiborini quyidagi muhim faktga qaratdi. Ya'ni, o‘tgan davr mobaynida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni 2 million 300 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar bitirib chiqqan. 2012 yilda yana 500 mingdan ortiq yoshlarimiz o‘rta toifadagi mutaxassis diplomiga ega bo‘ldi.

Hozirgi paytda nafaqat iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishning, ayni vaqtda mamlakatimiz kadrlar tarkibini sifat jihatidan yangilashning qudratli omili bo‘lgan bu yoshlarni to‘liq va ular xohlagan sohalar bo‘yicha ishga joylashtirish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jahonda har sakkiz nafar o‘smirdan bittasi ishsiz bo‘lgan (YUNESKO ma'lumoti) hozirgi sharoitda 2012 yilning o‘tgan to‘qqiz oyida mamlakatimizda 773 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgani va ularning katta qismi aynan yoshlarimiz uchun yaratilgani O‘zbekistonda bu borada salmoqli va g‘oyat ahamiyatli natijalar qo‘lga kiritilayotganidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz oliy ta'lim tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi, jumladan zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan ikki bosqichli – bakalavriat va magistratura tizimi joriy etildi. O‘zbekistonda 59 ta oliy ta'lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularda 230 mingdan ziyod talaba ta'lim olmoqda.

Har bir viloyatda hududiy rivojlanish vazifalarini hal etish uchun mutaxassislar tayyorlanayotgan universitet va qator ixtisoslashtirilgan institutlar, shuningdek, poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlarining 11 ta hududiy filiali tashkil etilgan.Bundan tashqari, Vestminster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Turin politexnika universiteti,Plexanov nomidagi Rossiya neft va gaz universiteti,Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Rossiya iqtisodiyot universiteti kabi yuksak xalqaro obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan etakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining filiallari ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Binobarin, konstitutsiyaning har bir moddasi yoshlarga tegishli, biroq shartli ravishda masalaning tub mohiyatini oydinlashtirish maqsadida faqat mazmunan emas, balki shaklan yoshlarning huquq va manfaatlarini ifodalaydigan normalar Konstitutsiyamizda bir qanchadir. Asosiy qonunimizning 45-moddasida “voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir32 deyilgan. Mazkur konstitutsiyaviy moddaning mohiyati ham davlatning o‘z yoshlari haqida hamisha qayg‘urishini anglatadi.

Voyaga yetmaganlar – bu O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jismoniy shaxslar bo‘lib, ular yoshiga ko‘ra, muomalaga layoqatsiz yoki qisman layoqatli bo‘lishi ham mumkin.

Voyaga etmaganlar huquqlarini ta'minlash maqsadida davlat hokimiyati organlari tizimida maxsus tuzilmalar tashkil etilgan.

Mahalliy xalq deputatlari Kengashlari tarkibida “Yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari bo‘yicha doimiy komissiya”lari tashkil etilgan. Ular faoliyat yo‘nalishlari sifatida yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash sohasidagi dasturlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi va ishlab chiqishda qatnashadi;

yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni ishga joylashtirish, yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha muammolarni tahlil qiladi va bu boradagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi;

yoshlarni estetik tarbiyalashdagi rolini oshirish bo‘yicha takliflar kiritadi;

yoshlar bilan ishlashning shakl va usullarini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarni xalq deputatlari Kengashi tomonidan tayyorlashda va ko‘rib chiqishda takliflar kiritadi;

bola huquqlarini himoya qilish, voyaga etmaganlar ustidan vasiylik va homiylik, yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ishlarni nazorat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 26 maydagi 110-son qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik organiga ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar to‘g‘risida”gi ma'lumotlarni taqdim etish tartibi haqidagi nizom, O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 14 oktyabrdagi 280-sonli “Bolalarni tarbiyalashni takomillashtirishga, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuni 2010 yil 29 sentyabrda qabul qilindi.

Qonunga binoan voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasiga doir faoliyatning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- voyaga yetmaganlar nazoratsizligi, qarovsizligi, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, ularga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;

- voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash;

- voyaga yetmaganlarda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini shakllantirish;

- ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan voyaga yetmaganlar va oilalarni ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilish;

- voyaga yetmaganlarni huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir qilishga jalb etish hollarini aniqlash va ularga barham berish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 26 noyabrdagi qarori bilan “Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida”gi nizomi qabul qilindi. Konstitutsiyamizning 64-moddasiga binoan, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga etgunariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat va jamiyat etim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta'minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.

Ota-onalarning o‘z farzandlarini voyaga etgunlariga qadar moddiy ta'minlash va tarbiyalash majburiyati bu - ularning bolalar va jamiyat oldidagi majburiyatlaridir. Voyaga etish yoshi mamlakatimizda 18 yosh qilib belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, voyaga yetish yoshi – bu shaxsning muomala layoqati bilan bog‘liq bo‘lib, u fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati, ya'ni muomala layoqati fuqaro voyaga yetgach, ya'ni 18 yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi33.

Ota-onalar o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlariga nisbatan teng huquq va majburyatlarga egadirlar.

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga, shuningdek voyaga yetgan bo‘lsa-da, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berishga majburdirlar.

“Boqish” deyilganda, asosan yeb-ichish tushuniladi. “Moddiy ta'minot” esa o‘z ichiga yeb-ichishdan tashqari bo‘ladigan xarajatlar: kiyim-kechak, yashash uchun uy-joy, iqtisodiy ma'nodagi keng tushunchalarni qamrab oladi. Amaldagi qonunlar bolalar bilan bo‘lgan huquqiy munosabatlarda ota yoki onaning ustunlik huquqini belgilamaydi.

Ota-onalar o‘z farzandlarini umuminsoniy qadriyatlar va an'analar asosida tarbiyalashlari lozim.

O‘zbeklarda bolalar ota-onalarining ko‘z o‘ngida hamma vaqt tarbiyaga muhtoj bo‘lib ko‘rinadilar. Shuning uchun ular bolalari to‘la muomala layoqatiga yetganlaridan so‘ng ham ma'naviy tarbiyani davom ettiraveradilar.

Ma'lumki, ota va onalarning o‘z bolalariga nisbatan teng huquqli bo‘lishlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligiga asoslanadi. Ko‘rinib turibdiki, bola haqida g‘amxo‘rlik qilish, unga ta'lim-tarbiya berish ota-ona uchun faqat ahloqiy qoida bo‘lib qolmay, balki konstitutsiyaviy huquq va burch hamdir.

Bizning jamiyatda yetim-yesirlarni boshpana, oziq-ovqat, ust-bosh bilan ta'minlash, ularning tarbiyasini yo‘lga qo‘yish alohida ahamiyatga egadir. Bu ishlarni davlat o‘z zimmasiga oladi. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan va butun jahonda taraqqiyotning “o‘zbek modeli” deb nomlangan besh tamoyilning biri ham aynan – “kuchli ijtimoiy siyosat yuritish”dir. Shuning uchun ham yurtimizda bu sohada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 18 maydagi “Yosh oilalarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, tijorat banklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Savdo-sanota palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining tijorat banklari tomonidan imtiyozli shartlar asosida yosh oilalarga ipoteka, iste'mol kreditlari va mikro kreditlar shaklida quyidagi maqsadlar uchun 2007 yilda 50,0 milliard so‘m ajratish to‘g‘risidagi taklif ma'qullandi:

- kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil qilish;

- uy-joy qurish, ta'mirlash va sotib olish (ijaraga olish);

- uy-xo‘jaligini yo‘lga qo‘yish;

- mebel va boshqa uzoq muddat foydalaniladigan hayotiy zarur tovarlar sotib olish.

Farmon har biri 30 yoshdan oshmagan, birinchi marta rasmiy nikohdan o‘tayotgan yoshlarga taaluqlidir. Bu holat yurtimizda yosh oilalar davlat va jamiyat e'tiborida ekanligini bildiradi.

Ota-onasiz qolgan bolalarning ijtimoiy himoyasi masalasiga davlat va jamiyatning e'tibori yanada kuchaytirilgan. Respublikamizda 93 ta “Mehribonlik” va maxsus maktab-internat uylari ishlab turibdi.

Ayrim obektiv sabablarga ko‘ra bolaning o‘z ota-onasidan tarbiya olish imkoniyati bo‘lmasa, u holda unga oilaviy tarbiya bolani biron-bir oilaga tarbiyaga (patronat) berish, farzandlikka olish, vasiylik va homiylik belgilash yo‘llari bilan berilishi mumkin. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning ushbu shakllari o‘z mazmun-mohiyati hamda tarbiya berish shakli bo‘yicha tubdan farq qiladi.

Oila huquqida bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) deb yuritilib, u O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12-apreldagi 171-sonli qaror bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida”gi Nizom bilan belgilanadi. Ushbu nizomga ko‘ra, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalar, tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy bo‘lib, u vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar o‘rtasida tuziladigan maxsus shartnoma asosida amalga oshiriladi. Oila kodeksining 195-moddasiga ko‘ra, ushbu shartnomada bolalarni ta'minlash, tarbiyalash va ularga ta'lim berish, tarbiyaga olgan tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining bolalarni tarbiyaga olgan oilaga nisbatan majburiyatlari, shartnomani bekor qilish asoslari va oqibatlari ko‘rsatilishi kerak.

Kelishuv tuzilishidan oldin bolani tarbiyaga olayotgan shaxsning turmush shart-sharoitlari va oila a'zolarining sog‘lig‘i tekshiriladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga berishda vasiylik va homiylik organlari ularga bir yo‘la kiyim-bosh va poyabzal beradi, bolani oilaga tarbiyaga olgan shaxsga esa, oilaga tarbiyaga olingan bolaning ta'minoti uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda har oyda nafaqa to‘lab turadi.

Oilaga bolani tarbiyaga olish shartnoma asosida amalga oshiriladi. Shartnoma esa vasiylik va homiylik organlari hamda bolani oilaga olmoqchi bo‘lgan tutingan ota-onalar (er-xotinlar, alohida fuqarolar bo‘lishi mumkin) bilan tuziladi.

Oilaga bolalarni tarbiyaga olish uchun shartnomada ko‘rsatilgan voyaga yetmagan bolalar bo‘lishi lozim. Vasiy (homiy)lar tutingan ota-onalardan farq qilib, vasiylik va homiylik organlari bilan shartnoma munosabatlarida bo‘ladilar.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olayotgan tutingan ota-onalar albatta voyaga yetgan va muomalaga layoqatli bo‘lishlari shart. Oilaga bola olayotgan ota-onalarga ota-onalik huquqi nikohda bo‘lgan hamda yolg`iz fuqarolarga beriladi. Shartnoma tuzish vaqtida tutingan ota-onalarning ma'naviy-ahloqiy qiyofalari, moddiy-maishiy sharoitlari, yoshi va boshqa sharoitlari hisobga olinadi. Yoshidan qat'iy nazar, bolalar shartnoma tuzish vaqtida ishtirok etmaydilar. Tutingan oilalarga ota-onalik homiyligidan mahrum etilgan bolalar qabul qilinadi.

Farzandlikka olish instituti ham bolani o‘z oilasidan tashqari tarbiyalashning mustaqil shaklidir. Darhaqiqat, bugungi kishilik jamiyatiga hamjihatlik, jipslik, oqillik, insof va adolat xosdir. Ushbu ma'naviy-axloqiy negizlar bilan inson boshqa mavjudotlardan keskin farq qiladi. Shuningdek, unda aql-idrok, tafakkur bor. Shu ma'noda olganda, farzandlikka olish haqida so‘z ketganda, albatta, davlat va jamiyat erishgan yutuqlar va milliy manfaatlar, xususan, oila va bolalar manfaatlaridan kelib chiqish lozim.

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va etim bolalar, ayni vaqtda faqat voyaga yetmagan bolalarnigina ularning manfaatlarini ko‘zlab farzandlikka olinadi. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning arizasiga binoan hamda vasiylik va homiylik organi (xalq ta'limi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta'minot bo‘limlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – vasiylik va homiylik organlaridir) tavsiyasiga ko‘ra tuman (shahar) hokimi qarori bilan rasmiylashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12-apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalari”da belgilanishicha, Fuqarolik holati hujjatlarini yozish (FHDYo) organi qabul qilingan hujjatlar asosida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli o‘zgartishlarni kiritadi va tug‘ilganlik haqida yangi guvohnoma beradi. Farzandlikka oluvchilar bolaning tug‘ilishi qayd etilgan daftarga uning ota-onasi deb yozilishi kerak. Bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, zarur hollarda bolaning familiyasi, ismi, otasining ismigina emas, balki tug‘ilgan sanasi ham bir yildan ortiq bo‘lmagan farq bilan o‘zgartirilishi mumkin. Agar bola o‘n yoshdan oshmagan bo‘lsa, tug‘ilgan joyi ham O‘zbekiston Respublikasi doirasida o‘zgartirilishi mumkin.

Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin. Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar bo‘lmaydilar: ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar; qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganlar; asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar; farzandlikka olganligi bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar; qasddan sodir qilingan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar.

Qonun o‘gay ota va o‘gay ona tomonidan farzandlikka olish hollaridan tashqari holatlarda farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o‘n besh yoshdan kam bo‘lmasligini shart qilib qo‘yadi.

Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining o‘z bolalariga tenglashtiriladi. Ayni vaqtda farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (shuningdek, qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarni yo‘qotadilar hamda o‘zaro majburiyatlardan ozod bo‘ladilar.

Vasiylik va homiylik ham fuqarolarga ularni ta'minlash, tarbiyalash, ta'lim berish maqsadida, shuningdek ularning shaxsiy va mulkiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi.




Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa