Inson huquqlari tizimida bola huquqlarining himoyalanishi
Har qanday demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatida, birinchi navbatda inson va fuqarolar huquqlarini ta`minlashga alohida e`tibor qaratiladi. Aytib o`tish kerakki, aksariyat hollarda inson huquqlari, fuqarolar huquqlari deyilganda katta yoshdagi aholi nazarda tutiladi-yu, bolalar esa e`tibordan chetda qoladi. Biz quyida bolalar huquqlari bilan bog`liq masalalar yuzasidan mulohaza yuritmoqchimiz.
O`zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar huquqiy munosabatlarning subyektlari hisoblanadilar. Bizga ma`lumki, huquqiy munosabatlar subyekti deganda, qonun bilan belgilangan huquq va majburiyatlarga ega bo`lgan shaxslar tushuniladi.
Davlat aholi boshqa tabaqalarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bir qatorda, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoyalash va ta`minlashga ham alohida e`tibor qaratadi. “Bolalar huquqlari to`g`risida”gi BMT Konvensiyasining 1-moddasi, O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 22, 27, 29-moddalari, Oila kodeksining 71-moddalari mazmun-mohiyatidan kelib chiqib aytish joizki, 18 yoshga to`lmagan voyaga yetmagan shaxs bola hisoblanadi (emansipatsiya holatlari bundan mustasno).
Bola huquqlari, ularning qonuniy manfaatlari, avvalo, 1924 yilgi “Bola huquqlari Jeneva Deklaratsiyasi” va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1959 yil
20 noyabrda qabul qilingan “Bola huquqlari Deklaratsiyasi”da ko`rsatib o`tilgan va “Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi”da, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risida”gi, “Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar to`g`risida”gi Xalqaro paktlarda, shuningdek, yuqoridagi xalqaro hujjatlar asosida 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan “Bola huquqlari to`g`risida”gi Konvensiyada mustahkamlangan. Bolalar huquqlariga oid normalarning rasmiylashtirilishidan ko`zda tutilgan asosiy maqsad, “Bola huquqlari Deklarasiyasi”da ko`rsatib o`tilganidek, “Bola aqliy va jismoniy jihatdan yetuk bo`lmaganligi sababli maxsus qo`riqlanish va g`amxo`rlikka, shu jumladan, tug`ilishidan oldin va keyin ham yetarli darajadagi huquqiy himoyaga muhtojligi” ni e`tiborga olish hamda uni amalga oshirishdir.
“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risida”gi Xalqaro paktning 24-moddasiga asosan, har bir bola irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli yoki nasl-nasabi (tug`ilishi)dan qat`i nazar, sira kamsitilmasdan ahvoliga ko`ra go`dak bo`lgani uchun oila, jamiyat va davlat tomonidan muhofaza tadbirlari ko`rilishi huquqiga egadir. Shuningdek, har bir bola tug`ilishi bilanoq darhol ro`yxatdan o`tkazilishi va unga nom qo`yilishi kerak hamda har bir bola fuqarolik sohibi bo`lish huquqiga egadir.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlangan “Bola huquqlari to`g`risida”gi Konvensiyaga muvofiq, har bir bola tug`ilishi bilan ismga ega bo`lish, fuqarolikni olish, ota-onasini bilish hamda ular tomonidan g`amxo`rlikka olinish huquqlariga ega. Shuningdek, har bir bola erkin va daxlsiz bo`lib, oiladagi yaxshi sharoit yaratilgan taqdirda ota-onasi bilan yashashga haqli. Bola o`z dunyoqarashini kengaytirish uchun ma`lumotlar to`plashi, boshqa odamlar bilan aloqada bo`lishi, uyushmalarga a`zo bo`lishi mumkin. Bundan tashqari, har bir voyaga yetmagan shaxs o`z shaxsiy, oilaviy hayotiga, yozishmalar, telefonda so`zlashuvlarga aralashishlardan himoyalanish huquqiga ega.
Nogiron va yetim bolalarga jamiyatda o`z o`rinlarini topib ketishlari, ruhan ezilmasliklari uchun alohida g`amxo`rlik ko`rsatilishi, malakali tibbiy yordam ko`rsatilishi lozim. Bola jismoniy, aqliy, ruhiy, ma`naviy, ijtimoiy kamoloti uchun yetarli hayot darajasiga ega bo`lish, bilim olish huquqiga ega. Bu talablarni bajarish avvalo ota-onalarga yuklatilgan yuksak mas`uliyatdir.
Ta`lim-tarbiya bolaning jismoniy, aqliy iqtidoridan kelib chiqqan holda, uning ongi shakllanishiga, jamiyatda o`z o`rnini topib ketishiga xizmat qilishi lozim. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, bolaning fikrlash, so`z va e`tiqod erkinligi, dam olish huquqi, ilmiy-texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi davlat tomonidan kafolatlanadi.
Har bir bolaning yashashi, kamol topishi uchun asosiy makon oila hisoblanadi. Shuning uchun ham O`zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 2-moddasiga muvofiq, ota-ona zimmasiga bolaning faravon hayot kechirishi va kamolga yetishi haqida g`amxo`rlik qilish, uning huquq va manfaatlarini himoyalash vazifasi yuklatilgan. Oilaning ichki hayotiga, bolalarning tarbiyasiga boshqalarning o`zboshimchalik bilan aralashishiga, tarbiyasiga salbiy ta`sir o`tkazishiga qonun yo`l qo`ymaydi. Agar bolaning huquqlari kamsitilsa, bunday oilaga nisbatan qonun yo`li bilan ta`sir ko`rsatishga, ota-onaning huquqlarini cheklashga, xattoki, ota-onaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilish chorasini qo`llashga ham to`g`ri keladi.
Bolalarning o`z ota-onalari tomonidan parvarish qilinishi, manfaatlarining ta`minlanishi, o`z ota-onasi bilan oilada birga yashashi, ularning har tomonlama kamol topishiga insoniy qadr-qimmatlarining hurmat qilinishiga, yaxshilik va mehr-oqibat tuyg`ulari asosida tarbiyalanishlariga imkon beradi. Bolalar huquqlarini kamsitish, ular bilan qo`pol muomalada bo`lish, ularga jismoniy azob berish va ularning manfaatlariga zid bo`lgan boshqa g`ayriqonuniy xatti-harakatlar qonun bilan taqiqlanadi va tegishli javobgarlikka tortishga asos bo`ladi.
Bolalar o`z ota-onalari bilan bir oilada yashashlari va tarbiyalanishlari uchun, avvalo, o`zining ota-onasini bilishi, tanishi kerak. Bolalarning o`z ota-onasini bilishi to`g`risidagi qoida “Bola huquqlari to`g`risida”gi BMT konvensiyasining 7-moddasida nazarda tutilgan. Bolaning ota-onasi deganda, qonuniy nikohda turgan erkak va ayol yoki qonun bilan belgilangan tartibda otaligi yoki onaligi aniqlanib, fuqarolik holati dalolatnomalarida ota va ona sifatida qayd etilgan shaxslar tushuniladi. Ba`zi hollarda (masalan, bola topilgan yoki farzandlikka olingan bo`lib, bu narsa sir saqlansa) bola uchun o`z ota-onasini bilish huquqidan foydalanish imkoniyati bo`lmasligi ham mumkin.
Har bir bola oilada ota-onasi g`amxo`rligidan foydalanish huquqiga ega deganda, bolaning oziq-ovqat, davolanish, kiyim-kechak, o`quv qo`llanmalari, uning yashashi va bilim olishi uchun zarur bo`lgan boshqa narsalar bilan ta`minlanishi nazarda tutiladi.
Ota-onaning ota-onalik huquqidan mahrum etilishi yoki boshqa sabablarga ko`ra, ota-ona tarbiyasidan mahrum bo`lgan voyaga yetmagan bolalarning oilada tarbiyalanish huquqini ta`minlash vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklatiladi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasi 2-qismida “Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo`lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o`qitishni ta`minlaydi”, deyilgan. Vasiylik va homiylik organlari ota-onalari tarbiyasidan mahrum bo`lgan voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka, oilaga tarbiyaga berish yo`li bilan ularning oilada tarbiyalanish huquqidan foydalanishini ta`minlaydi.
Xulosa o`rnida shuni aytish lozimki, bolalar aholi orasida himoya va g`amxo`rlikka eng muhtoj qatlam hisoblanadi. Insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan mamlakatimizda voyaga yetmaganlar qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish va ta`minlash masalalariga e`tibor bermaslik mumkin emas. Zero har qanday davlatning ertasi, kelajagi uning farzandlari hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |