2.4.Moyli urug’larning hayotiylik xususiyatlari
Barcha moyli urug’lar o’zlarining holatlari bo’yicha hayotiylik va hayotiysizlik xususiyatlariga ega. Ushbu holatlarni hayotiylik - bioz va hayotiysizlik — anabioz deyiladi. Yog’lar texnologiyasi nuqtai nazaridan bioz holati o’rganilmaydi, chunki bu holatda urug’ yetarli darajada namlikka ya’ni kritik namlikdan yuqoriroq bo’lgan namlikka ega bo’lib, undagi hamma hayotiy rivojlanish holatlari yaqqol namoyon bo’lib turadi. Bunday urug’larni umuman saqlash mumkin emas, aksincha ular o’sish va qaytadan hosil berish uchun tayyor holatda bo’ladi. Anabioz holati esa texnologik nuqtai nazaridan ahamiyatli, chunki bu holatda urug’ning namligi nihoyatda past va urug’ni quyi haroratda saqlaganda u juda uzoq muddat o’zgarishsiz saqlanadi. Sanoat miqyosida to’liq anabioz holatini hosil qilish juda qiyin. Urug’larning to’liq anabioz holati ba’zan tabiatda uchrab turadi. Bunga bir necha asrlar davomida saqlanib qolgan donli urug’larning topilishi misol bo’la oladi. Sanoatda saqlanayotgan moyli urug’lar ko’p hollarda yarim anabioz holda saqlanadi. Bu holatda urug’ning oksidlanish darajasi va nafas olishi, namligi nisbatan past bo’lgani uchun, juda sust bo’ladi yoki butun saqlash davrida kerakli bo’lgan yog’li moddalar sifat va miqdor jixatdan kam o’zgaradi. Anabioz va bioz holatlar o’rtasidagi o’rtacha holat mezabioz deyiladi. Bu holatda bo’lgan urug’lar tezlik bilan bir galda ishlanishi lozim, chunki bu holatda urug’ning namligi kritik namlikga yaqin yoki teng bo’lganligitufayli xom-ashyo tarkibida oksidlanish-parchalanish, nafas olish, mikroorganizmlar ta’sirida buzilish yoki chirish avj oladi. Mezabioz holatidan yarim anabioz holatiga o’tish uchun xom-ashyoni tezlikda quritish va xar xil aralashmalar va mikroorganizmlardan tozalash kerak. Bu holda issiq havo yordamida aktiv ventillyatsiya usuli ham foyda beradi.
2.5. O’simlik moylarini ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotning texnologik xususiyatlari
O’simlik moyi – o’simlik to’qimasidan (kungaboqar, paxta chigiti, zig’ir, raps, kunjut) ajratib olinadigan murakkab organik moddalar yig’indisi – lipidlardan tashkil topgan bo’lib, quyidagi turlarda ishlab chiqariladi: rafinadlangan (hidsizlantirilgan va hidsizlantirilmagan), gidratlangan (oliy, 1 va 2 navli), rafinadlanmagan (oliy, 1 va 2 navli).
O’simlik moylari ishlab chiqarish uchun xom-ashyo sifatida asosan moyli donlardan, hamda ba’zi bir o’simlik mevalaridan (zaytun, mango va bosh.) foydalaniladi. Moylilik darajasiga ko’ra urug’lar uch guruxga ajratiladi: moyliligi yuqori (tarkibida 30% dan ko’p moy bo’lganlari – kungaboqar, yeryong’oq, raps), moyliligi o’rta (20-30%, paxta chigiti), va moylilik darajasi past (20% gacha, soya).
O’simlik moylari ishlab chiqarish amaliyotida xom-ashyodan moyni ajratib olishning bir biridan tubdan farq qiluvchi ikki usuli mavjud bo’lib, ular: moyni xom-ashyodan presslash bilan ajratib olish – mexanik usul; va moyni yengil uchuvchi organik erituvchilarda eritib ajratib olish – ekstraktsiya usuli deb nomlanadi. O’simlik moyi ishlab chiqarishda ushbu ikki usul alohida yoki birgalikda amalga oshiriladi.
Hozirgi kundagi mavjud texnologik jarayonlarda moyni ajratib olish uchun oldin xom-ashyoni presslash usuli qo’llaniladi va bunda umumiy moyning ¾ qismi ajratib olinadi. So’ngra qolgan moy ekstraktsiya usuli bilan ajratiladi.
Xom-ashyo uzluksiz ishlovchi shnekli presslarda presslanib moy ajratib olinadi. Bunda kunjara tarkibida 5...8% moy qoladi.
Kunjaradan moyni ekstraktsiyalash usuli bilan ajratib olishdan so’ng qolgan mahsulot shrot deb nomlanadi va uning tarkibida 0,8...1,2% moy bo’ladi. Ekstraktsiyalashda erituvchi sifatida benzin, geksan, atseton, dixloretan va boshqa moddalardan foydalaniladi. Ulardan eng yaxshisi qaynash temperaturasi 70...850S bo’lgan benzin bo’lib, uni moy tarkibidan oson shart sharoitlarda chiqarib olish imkoniyati mavjud.
Ekstraktsiya natijasida mistsella deb nomlanuvchi erituvchida erigan moyli eritma, hamda moysizlantirilgan shrot olinadi. Mistsella tarkibida 12...20% moy bo’ladi.
Ekstraktordan mistsella uning tarkibidagi mexanik aralashmalardan tozalash maqsadida filtrlashga yo’naltiriladi. Filtrlangan mistsella va shrot tarkibidagi kimyoviy eritmani chiqarib olish uchun haydash uskunasiga yuboriladi. Mahsulot tarkibidagi kimyoviy eritmani chiqarish uchun haydash jarayoni distillatsiya deyiladi va u ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda kimyoviy eritma 80...900S da qizdirish bilan bug’latiladi va mistsellaning kontsentratsiyasi 75...80% ga yetkaziladi. Distellatsiyaning ikkinchi bosqichi vakuum holatida 110...1200S da o’tkir bug’ bilan ishlov beriladi.
Moyni keraksiz aralashmalardan va nomaqbul lipid guruxlaridan tozalash jarayoni rafinatsiyalash deyiladi. Mexanik rafinatsiya o’zida turli xil fizik usullarni mujassam etadi: tindirish, filtrlash va tsentrafugalash. Gidratatsiyalash deb – moy tarkibidagi shilimshiq va oqsilli moddalarni suv bilan tozalashga aytiladi. Ishqorli rafinatsiyalash deb – moyni ishqorli eritma bilan tozalashga aytiladi. Adsorbtsiyali rafinatsiyalash (oqartirish) esa – ququnsimon adsorbent moddalar (tuproq, selikagel, ko’mir, kremniyli birikmalar va h.k.) moyni tozalashga aytiladi. Dezodoratsiya deb – fraktsion haydash bilan (moy tarkibida hidni hosil qiluvchi triglitseridlar va aromatli moddalarni qaynash haroratigacha ko’tarish hisobiga moydan chiqarib yuborish) hidsizlantirish jarayoniga aytiladi.
O’simlik moyi ishlab chiqarish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat:
– urug’larni quritish va tozalash;
– toza mag’zni ajratib olish va uni maydalash;
– maydalangan mag’zni bug’lash va qovurish;
– moyni ajratib olish (presslash va ekstraktsiyalash);
– moyni tozalash (rafinatsiyalash);
– qadoqlash va saqlash.
1-rasm: O’simlik moylarini ishlab chiqarishning texnologik sxemasi:
1,6,9,14,25 — tarozi; 2 — silos; 3,4 — g’alvirli separator; 5 — magnitli ushlagich; 7, 10, 13 — bunkerlar; 8 — shaxtali quritgich; 11 — qobiqni chaqish mashinasi; 12 — havo-g’alvirli saralash mashinasi; 15 — besh valli stanok; 16 — qovurish pechi; 17 — shnekli press; 18 — filьtr-press; 19 — bolg’ali maydalagich; 20 — valli stanok; 21 — ekstraktsiyalash apparati; 22 —tindirgich; 23 — dastlabki distillyator; 24 — yakuniy distillyator; 26 — quyish-qadoqlash avtomati; 27 — shishalarni yashikga taxlash avtomati.
O’simlik moyining sifati, tashqi ko’rinishi, fizikaviy xossalari va kimyoviy tarkibi bilan aniqlanadi.
Paxta moyining rangi och sariq o’ziga xos kuchsiz hidi va mazasiga egadir. Unda suyuq (70-75%) va qattiq (30-35%) moy kislotalari uchraydi. Paxta moyi tarkibida 42-55% linolat kislotasi saqlandi.
Kungaboqar moyi tiniq, sap-sariq bo’lib, tozalanmagan moyning rangi och sariq, o’ziga xos hidli bo’ladi. Tarkibida 60-70% linolat kislotasi uchraydi.
Soya moyi rangi och sariq, o’ziga xos hidli, tarkibida 60-65% linolenat moyi kislotasi saqlanadi.
Zig’ir moyi sariq rangli tiniq moy, tarkibida 80% moy kislotasi uchraydi.
Eryong’oq moyi och sariq rangli, yashimtir tovlanadi.
Davlat standarti bo’yicha moyning rangi, hidi va tiniqligi harorati 20S bo’lganda aniqlanadi.
Moyning tiniqligini aniqlash uchun 100 ml moy shisha tsilindrga solinib, 20S haroratda bir sutka saqlanadi. Agar shisha tsilindrning yuqori qismida cho’kindilar bo’lmasa, moy tiniq hisoblanadi. Rangini aniqlash uchun stakanga moy kamida 50 mm solinib, yorug’likka qaraladi. Moyning hidini aniqlashda, undan oyna plastinkaga yupqa qavat qilib tomiziladi va aniqlanadi. Moyning sifati, undan chiqqan chiqindi miqdorlari bilan aniqlanadi. Bundan tashqari moy sifati sovunlanish va yod soni ko’rsatkichlari bilan ham aniqlanadi.
O’simlik moylari tsisterna, bochka, bidon va butilkalarda 4-6S haroratda saqlash muddati 1 yilga tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |