XALQARO MUNOSABATLAR TIZIMI (Tuzilishi, darajalari va qonuniyatlari)
Xalqaro munosabatlarning rivojlanish jarayonini mantiqan anglab yetish uchun uning tarkibiy shakllanishida yetarlicha jiddiy o‘rin tutuvchi ba’zi bir unsurlarini chuqur tushunib olish kerak bo‘ladi.
Xalqaro munosabatlar (XM) tizimi bugungi kunda «xalqaro siyosat» atamasi bilan ifodalanadigan barcha tushunchalarni o‘z ichiga qamrab oladi. U ijtimoiy, etnik-diniy, iqtisodiy, harbiy-strategik, madaniy, geosiyosiy, ilmiy-texnologik va boshqa jihatlar bilan tavsiflanadi. Xalqaro munosabatlar tizimi jahon siyosatining global tizim doirasidagi qaysi jihatlariga aloqador bo‘lmasin – bu munosabatlar rossiyalik taniqli siyosatshunos akademik E.Pozdnyakovning mazkur muammolar xususidagi fikriga ko‘ra, davlatlarning o‘zaro munosabatlari, ularning tashqi siyosati, tashqi siyosiy maqsadlari va ustuvorliklari, manfaatlari bilan uzviy bog‘liqdir. Aynan, ana shular xalqaro muloqotning tub negizini tashkil qiladi va, shu asnoda, haqli ravishda, XM tizimining asos poydevori hisoblanadi. Shu o‘rinda, barcha jamuljamlikda alohida sifatiy mohiyat kasb etadigan unsurlar va bog‘lanishlar bilan namoyon bo‘ladigan o‘z xususiy rivojlanish qonuniyatlari mazkur tizimga xos bo‘lgan odatiy tushuncha ekanligini ta’kidlab o‘tish joizdir.
Akademik Pozdnyakovning ta’kidlashicha, «Tizim unsurlarining o‘zaro bog‘liqligi, uning amal qilishi va rivojlanishi, shuningdek, uning yaxlitligi asosida ana shu unsurlar o‘rtasidagi bog‘lanishlarning barqaror, ko‘p variantli va muayyan tarzda tashkillashgan usulidan iborat bo‘lgan tizimning tuzilmaviy tashkil qilinishi yotadi.
Taklif etilayotgan yondashuv doirasida davlatlararo munosabatlar tizimi tarkiban o‘zining umumiy ko‘rinishida tabaqalararo o‘zaro bog‘langan uchta daraja – markaziy kuch munosabatlari darajasi, ziddiyatlar buguni darajasi va tizimli-tuzilmaviy «ustqurma» darajasi ko‘rinishida taqdim etilishi mumkin. Bunday bo‘linish qanachalik shartli bo‘lishidan qat’i nazar, uning ijobiy tomoni shundaki, u davlatlararo munosabatlarni hech bir oqilona tasniflashtirishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hadsiz-poyonsiz boshboshdoqliklar tarzida emas, balki nisbatan tartiblashtirilgan ko‘rinishda taqdim etish imkonini beradi”. 7
Shunday qilib, XM tizimi siyosiy chegaralar bilan ajratilgan mustaqil davlatlar majmuidan iboratdir. Bu – uyushmagan, allaqanday bir amorf birlashma bo‘lib qolmasdan, balki bundagi har bir ishtirokchi davlatni ayrim-ayrim olib qaraydigan bo‘lsak, alohida o‘ziga xoslik va aynan shu davlatgagina xos bo‘lgan qadriyatlar va an’analar tizimini anglatish orqali ushbu davlatlar hamjamiyatining betakror me’moriy qiyofasiga ta’siri etishi, shubhasiz, o‘zining natijasini ko‘rsatadi.
Tizim qatnashchilari, shuningdek, XM subyektlari sifatida ham ma’lumdirlar. Ular (mustaqil davlatlar) quyidagi qator muhim jihatlari, ya’ni – egallab turgan hududining hajmi, quruqlikdagi suvdagi va Koinotdagi transport-aloqa tarmoqlariga kira olish imkoniyatlari bilan, yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmlari bilan yoki, soddaroq qilib aytganda, quvvatining darajasi bilan, shuningdek, aholi soni va uning savdoxonlik darajasi bilan, harbiy ta’minlanganlik darajasi, ilmiy-texnikaviy, iqtisodiy salohiyati va qudrati qurolli kuchlari (QK)ning jangovarligi kuch-qudrati, qurollanganligi hamda ilmiy-texnikaviy salohiyati bilan bir-biridan ajralib turadi. Bunday ko‘rsatkichlar istalgan davlatning XM tizimidagi o‘rni va ahamiyatini belgilab beradi. Misol uchun, Zanzibar, Birma yoki Burkina-Faso kabi davlatlarning, xalqaro muammolarni tartiblashtirishdagi roli ularning madaniy-tamadduniy nuqtai nazardan noyobligi va o‘ziga xosligini zarracha kamsitmagan holda aytish mumkinki, unchalik ahamiyatli emas. Ayni paytda, AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Hindiston va boshqa ba’zi bir davlatlarning roli hamda mavqei ularning jahon miqyosidagi qudrati va nufuziga aynan tengdir va shunga muvofiq BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolik instituti qaysi tamoyilga asoslanadi? Yoki donor – mamlakatlar va tashqi yordamni oluvchi mamlakatlarning maqomi qaysi mezonga ko‘ra belgilangan? Ana shu va boshqa ko‘plab shunga o‘xshash savollarga javobni yana o‘sha yuqorida qayd etilganlardan topish mumkin. XM subyektlari, doimiy ravishda o‘zaro ta’sirda bo‘lar ekan, bugungi kunda xalqaro munosabatlar tizimi yoki xalqaro tizim deb e’tirof etilgan siyosiy-ilmiy voqyelikning rivojlanishi bilan bog‘liq mazmun, tarkibiy tuzilish va mexanizmlarni belgilaydi.
Mustaqil davlat – nafaqat mamlakat ichida, balki undan tashqarida, ya’ni xalqaro maydonda ham hokimiyatning namoyon bo‘lishidir.
Aynan, davlat xalqaro hamjamiyat subyekti sifatida chiqish, shartnoma yoki bitimlarni tuzish, urush e’lon qilish yoki sulh tuzish uchun haqiqiy hokimiyat vakolatiga egadir.
XM har qanday davlat uchun amalda o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishi mumkin bo‘lgan muhit vazifasini bajaradi.
Davlat o‘z-o‘zicha emas, balki xalqaro munosabatlarning o‘ziga o‘xshash qatnashchilari hamjamiyatida mavjud bo‘ladi, faoliyat yuritadi va rivojlanadi, davlatni tizimdan tashqarida tasavvur etib bo‘lmaydi.
Mohiyatiga ko‘ra, tashqi muhitning o‘zi va xalqaro muloqot davlat uchun o‘ziga xos o‘qlar tizimi bo‘lib xizmat qiladi. Tuzilishiga ko‘ra, xalqaro munosabatlar tizimi markaz yoki o‘zak-mag‘iz tizimosti tuzilma va periferiyadan tashkil topgan. XM tizimining markazini buyuk davlatlar sifatida e’tirof etilgan va xalqaro siyosatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan davlatlarning uncha katta bo‘lmagan bir guruhidan iboratdir. Ularning soni cheklanganligi xalqaro muammolar yechimida hamma davlatlar ham mutlaq kuch omili sifatidagi mavqyega ega emasligidan dalolat beradi. Shu sababli, siyosiy tilda ularni kuch markazlari deb, ular o‘rtasidagi munosabatlarni esa kuch markazlari munosabatlari deb atash qabul qilingan.
Mashhur Versal tizimi misolida XX asrning boshidagi urushdan keyingi davrda kuch markazlari dunyoning bundan keyingi tuzilishini hal qilishda, birinchi navbatda, o‘z manfaatlari va kuch-qudratlari bilan bog‘liq imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘zlarini yaqqol namoyon qilganliklarini ko‘rish mumkin. Millatlar Ligasining Statuti (Ustavi) o‘sha tizimga xos bo‘lgan kuch markazlarining munosabatlarini aks ettiruvchi shart-sharoitlarning siyosiy-huquqiy qamrov doirasi sifatida xizmat qilgan. U Germaniyaning Belgiya, Lyuksemburg, Fransiya, Shveysariya, Avstriya, Chexoslovakiya, Polsha va Daniya bilan bo‘lgan chegaralarining ta’rifini hamda Yevropaning siyosiy tuzilishi bilan bog‘liq masalalar yechimini o‘z ichiga olgan edi.
Tizimning o‘zak-mag‘izidan tashqarida bo‘lgan davlatlar, o‘z tashqi siyosatlarini xalqaro siyosatdagi u yoki bu yo‘nalishiga tayangan holda olib borar ekanlar, kuch markazlari munosabatlarining qatnashchilari bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdordirlar. Bu turdagi hech qaysi davlat kuch markazlarida hukmronlik qilayotgan yetakchi kayfiyatlardan chetlashib, yakkalanib qolishiga yoki ulardan voz kechishga qodir emas. O‘z navbatida, markaziy kuch markazlari munosabatlarining qatnashchilari ham tizimosti tuzilmasi va periferiya aloqalarining qatnashchilari bilan faol munosabat o‘rnatadilar. U yoki bu davlatni, yoki davlatlar guruhini turli yo‘llar bilan o‘z tarafiga o‘tishga undaydilar.
Davlatlarning o‘zaro bir-biriga bog‘liqligi xalqaro tizimning eng yaqqol belgilaridan hisoblanadi. Avval aytib o‘tilganidek, bu holat ularning o‘zaro muloqotga bo‘lgan ehtiyojidan hamda umumiy va ayni paytda, o‘zaro farqlanib turuvchi turli xil manfaat va maqsadlar mavjudligidan kelib chiqadi. Mazkur maqsadlarni amalga oshira borib, davlatlar bir-birlariga muqarrar ravishda o‘zaro muomalaga kirishishi asnosida, ta’sir ko‘rsatmay qolmaydilar. Davlatlarning o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro ta’siri bunday aloqalarning ma’lum bir o‘ziga xosligida, turli xildagi ittifoq va birlashmalar tashkil qilinishida, ya’ni aynan xalqaro munosabatlar tizimining o‘zi uchun xos bo‘lgan shakllar va munosabatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ushbu jarayonlar haqida keyinchalik, xususan, kuchlar muvozanati siyosatini, kollektiv xavfsizlik tizimi va iqtisodiy xavfsizlik nazariyasini tahlil qilish doirasida batafsil to‘xtalib o‘tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |