Zamonaviy ijtimoiy mo‘ljal olgan bozor – bu davlat tomonidan tartibga solinadigan bozordir…
O‘tish davrida davlatning roli ayniqsa kattadir, chunki bu paytda totalitar tizimning ko‘p vaziflalari bekor qilingan va ayni damda, bozor funksiyalari – hali shakllanib ulgurmagan…
Faqat kuchli qayta taqsimlovchi mexanizmga ega bo‘lgan davlatgina murakkab o‘tish davrida aholining manfaatlarini himoya qilishga qodir. Bugungi kunda davlat – bu ijtimoiy-siyosiy barqarorlik va millatlararo totuvlikning kafili hamdir…»36
Mazkur nizomlarni siyosiy nazariya yoki g‘arb demokratik qadriyatlari nuqtai nazaridan qanday baholamaylik, siyosiy amaliyotga tatbiq etilganida, ular O‘zbekistonni sobiq Sovet Ittifoqi o‘rnida paydo bo‘lgan boshqa davlatlar yo‘lida uchragan to‘siqlar va og‘ir tanazzullarning hammasidan bo‘lmasa-da, ularning ko‘pchiligidan asrab qoldi.
Shuni to‘liq asosda qayd etish mumkinki, davlatlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishining butun tarixi davlatlarning ichki va tashqi siyosiy faoliyati qay darajada bog‘liq bo‘lsa, xuddi o‘sha darajada milliy manfaat ham davlatlarning birgalikdagi ichki va tashqi hayotiy muhim ehtiyojlaridan kelib chiqadigan uyg‘un, mushtarakligi manfaatlardan iboratdir.
Davlatlarning o‘z milliy manfaatlarini amalda qanday ifodalashlariga murojaat qiladigan bo‘lsak, ular qatoriga ichki va tashqi muhitning shart-sharoit hamda milliy rivojlanishning o‘ziga xos xususiyatlarini mujassamlashtirgan ham tashqi, ham ichki hayotiy muhim manfaatlar va ustuvorliklar kiritilganining guvohi bo‘lish mumkin.
AQSH milliy manfaatlariga AQSH 1992 – yilda Qurolli kuchlar shtablari boshliqlari qo‘mitasi raisining ma’ruzasida XX asrning 90-yillariga mo‘ljallab berilgan ta’rif buning amaliyotdagi yaqqol timsolidir. Oradan qariyb o‘n yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, ushbu hujjatning asosiy qoidalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas va bu holat Amerika tashqi siyosatiga xos ibratli barqarorlikning dalolatidir. Unda, jumladan, quyidagi bandlarni uchratamiz:
• Qo‘shma Shtatlarning erkin va mustaqil mamlakat sifatida yashab qolishi, ularning asosiy qadriyatlarining daxlsizligi hamda ushbu mamlakatdagi institutlar va xalqning xavfsizligi;
• AQSH va uning ittifoqdoshlari xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday tajovuzni to‘xtatib qolish mazkur siyosat samara bermagan hollarda esa – qurolli hujumni qaytarish yoki raqibni tor-mor etish hamda Qo‘shma Shtatlar, ularning manfaatlari va ittifoqdoshlari uchun foydali shartlar asosida nizoga barham berish;
• AQSH xavfsizligiga, uning fuqarolari va manfaatlariga qarshi qaratilgan tahdidlarning to‘qnashuvgacha bo‘lgan barcha turlarini qurolli samarali hal qilish borasidagi tekshirilishi lozim bo‘lgan teng huquqli bitimlarni hayotga tatbiq etish;
• qurollanishni nazorat qilish, davlatimizning strategik tutib turish kuchlarini modernizatsiyalash, ballistik raketalarning cheklangan hujumlarini qaytarishga qodir bo‘lgan tizimlarni ishlab chiqish hamda odatdagi zarur harbiy imkoniyatlarni mustahkamlash yo‘li bilan barqarorlikni oshirish;
• eng muhim harbiy texnologiyalar yoki resurslarning raqib mamlakat yoki guruhlarga berib yuborilishining oldini olish, xususan, kimyoviy, biologik va yadroviy qurollarni hamda ularni yetkazib berish bilan bog‘liq tegishli yuqori texnologik vositalarning tarqalib ketishining oldini olish;
• xorijda narkotiklar ishlab chiqarishning qisqartirilishini rag‘batlantirish, xalqaro narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga kurash olib borish hamda mamlakat ichkarisida narkotiklarga bo‘lgan ehtiyojni qisqartirish yo‘li bilan, AQShga noqonuniy ravishda olib kirilayotgan giyohvand moddalar oqimini to‘xtatish;
• sog‘lom va yuksalib borayotgan AQSH iqtisodiyoti yakka tartibda ravnaq topish hamda mamlakat ichkarisidagi va xorijdagi umummilliy intilishlar bilan bog‘liq resurslar kafolatini ta’minlash uchun zarurdir;
• chet el bozorlariga, energetik va tabiiy resurslariga, okeanlar va fazoviy makonlarga chiqish imkoniyatini ta’minlash;
• siyosiy va iqtisodiy erkinliklar, inson huquqlari hamda demokratik institutlar gullab-yashnayotgan barqaror va xavfsiz dunyo;
• o‘z hududida ustuvorlikka ega bo‘lmoqchi bo‘lgan davlatlarning “jilovi”ni tortib turish maqsadida regionlarda barqaror harbiy muvozanatni qo‘llab-quvvatlash. 37
AQSH milliy manfaatlarining yuqorida keltirilgan ro‘yxati ko‘p jihatdan e’tiborga loyiqdir. Birinchidan, u hayotiy muhim manfaatlar bilan birga, ichki manfaatlarni ham o‘z ichiga oladi va bunda milliy manfaatlarni, mutlaqo deb bo‘lmasa-da, asosan tashqi muhit bilan, davlat hayotining tashqi siyosiy qirralari bilan bog‘lovchi nazariyalar rad etiladi. Ikkinchidan, sanab o‘tilgan milliy manfaatlarning o‘ziga xos xususiyati – bu ularning global (olamshumul tabiati bo‘lib, unda azaldan AQShning tashqi siyosati uchun xos bo‘lgan bosqinchilik siyosati ro‘y-rost namoyon bo‘ladi (bu borada Yugoslaviya, Afg‘oniston hamda Iroqdagi voqyealarni eslashning o‘zi kifoya). Keltirilgan ro‘yxatdan shuningdek, yuqorida bayon qilingan tezisni bevosita tasdiqlaydigan quyidagi muhim xulosa kelib chiqadi: milliy manfaatning tashuvchisi va ifodalovchisi – oliy hokimiyat timsolidagi davlatdir.
Haqiqatan ham, barcha ushbu ulkan maqsadlarni amalga oshirish va nafaqat Qo‘shma Shtatlar, balki deyarli butun dunyo jalb qilingan manfaatlarning moddiy, moliyaviy hamda mafkuraviy jihatdan murakkab tizimini ta’minlashga, faqatgina qudratli boshqaruv, ma’muriy, jazolash-ta’qib etish va harbiy mexanizmga ega bo‘lgan, davlatgina qodir. Atigi shu faktning o‘ziyoq, fuqarolik jamiyatining boshqa hech bir instituti – u xoh siyosiy partiya, xoh jamoat tashkiloti va yoki birlashmasi bo‘lsin, – mazkur vazifalarni o‘z zimmasiga olishga qodir emasligini yaqqol ko‘rsatadi.
Davlatni milliy manfaatlarining barqarorligi uning ichki siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarining barqarorligi bilan bevosita bog‘liqdir. Amerika siyosiy va ilmiy doiralarida AQShning milliy manfaatlarini hamda uning tashqi siyosatidagi ustuvorliklarni shakllantirish muammosi borasidagi bahslarga doir materiallar tahlili shuni ko‘rsatadiki, XX asrning so‘nggi o‘n yilligi mobaynida AQShning milliy manfaatlari o‘z mohiyati va yo‘nalishi jihatidan deyarli o‘zgarmadi. Faqatgina Sovet Ittifoqi va sotsialistik tizimning parchalanishi, sobiq sovetlar mamlakati hududida yangi mustaqil davlatlarning vujudga kelishi hamda dunyoning ushbu mintagadagi umumiy beqarorlik bilan, 2001 – yil sentabridagi voqyealardan so‘ng esa – xalqaro terrorizmning tahdidi bilan ham bog‘liq bo‘lgan, ba’zi bir ustuvorliklar o‘zgardi. Bu ma’noda AQShning maqsadlari, vazifalari va ustuvorliklarining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib Oq uyning Qo‘shma Shtatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi har yili chop etiladigan ma’ruzasi hisoblanadi. 1997 – yildan boshlab ushbu ma’ruza «Yangi asr uchun milliy strategiya»38 nomi bilan chiqib keladi.
Shu va shunga o‘xshash ko‘p hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, AQShning xalqaro munosabatlarga nisbatan tutib kelayotgan global yondashuvlari asosida, avvalgidek ichki va tashqi jahonga rahnamolik qilish g‘oyasi yotadi. Shu bilan birga, hozirgi zamon dunyosining eng tahlikali va beqaror hududi sifatida G‘arb uchun hamisha nizolar va tahdidlar o‘chog‘i bo‘lib kelgan Yevroosiyo mintaqasi Amerika strategiyasining, dunyo sohasida Amerikaning ustuvorligini kafolatlashga xizmat qiluvchi ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.
Yuqorida qayd etilgan hujjatlarda Qo‘shma Shtatlarning manfaatlari doirasidagi ustuvorliklari va maqsadlari tegishli kategoriyalarga asosan quyidagicha tasniflanadi: (1) hayotiy muhim, (2) shunchaki muhim, (3) gumanitar va b. Birinchi kategoriyaga mamlakatning o‘zini- o‘zi saqlab turishi, xavfsizligi va yashash qobiliyati bilan, xususan, Qo‘shma Shtatlarning ham, ularning ittifoqdoshlarining ham hududi va aholisining «jismoniy xavfsizligini» ta’minlash bilan, shuningdek, amerika jamiyatining iqtisodiy farovonligi va mamlakatning yashovchanligini ta’minlovchi asosiy elementlarning, jumladan energetika hamda moliyaviy tizimning xavfsizligi bog‘liq bo‘lgan ustuvorliklar hamda maqsadlar kiradi. Bunda shuni ta’kidlash joizki, taniqli amerikalik xalqaro munosabatchi – olimlar doimo davlatning birinchi darajali manfaatlari doirasiga uning xavfsizligini ta’minlashni kiritar edilar, aslo buning aksini emas! Har holda, davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadlariga uning milliy manfaatlarini himoya qilishini anglatadi qabilidagi teskari talqin kuzatilmagan.
Mazkur hujjatga ko‘ra, mamlakatni yashash doirasiga bevosita aloqador bo‘lmagan, lekin milliy farovonlikka va Amerika yashayotgan tinchlik holatiga ta’sir qiluvchi manfaatlar muhim milliy manfaatlar qatoriga kiritiladi. Ularga, xususan, AQShning jiddiy iqtisodiy va strategik manfaatlari saqlanib qolgan regionlar ham kirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |