Mark Tven
Xotira haqida gap ketganda, inson hayotida uning qay darajada muhimligi va kundalik hayotimizning har daqiqasida undan foydalanishimizni inkor etib bo`lmaydi. Bugungi texnika asrida yaratilayotgan yangi texnologiyalar yordamida insoniyat hayoti yanada takomillashdi va ulkan imkoniyatlar yaratildi. Misol uchun, bizning kundalik yumushlarimiz sezilarli darajada oldingiga qaraganda osonlashdi. Lekin, yuqorida aytib o`tilgan yangilliklar inson xotirasini susayishiga olib keldi. Shu orqali xotiramiz yordamida eslab qolishimiz mumkin bo`lgan ko`plab ma`lumotni biz uyali aloqamiz yoki kompyuterimiz xotirasiga joylamoqdamiz. Yaqqol misol sifatida shuni aytishim mumkinki, do`stingizni tug`ilgan kuni, sinfdoshingizni telefon raqami yoki ertangi kunda qilishingiz kerak bo`lgan rejalaringiz sizning xotirangiz yordamida emas, balki uyali aloqangiz xotirasi yordamida sizga eslatilmoqda. Qaysidir ma’noda bu bizni ko’proq boshqa muhim ishlarga e’tibor berishga undaydi, lekin siz o’ylab ko’ringchi, sizda juda kuchli qurollar arsenali bo’lsa-yu , urushda u qurollardan foydalanmasangiz, ular changib zang bosib qolib ketsa, bunday kuchli qurolni egasi bo’lishdan nima naf?
Xotiraga qiziqishning susayishi bundan 2500 yil oldin “yozuv” yaratilgan vaqtda boshlangan deyiladi. Mashxur faylasuf Suqrot “Yozuvning yaratilishi inson xotirasini pasaytiradi va dangasa qiladi, chunki miyamizdagi bor ma`lumotni qog`ozga tushurishni boshlaymiz va shu orqali uni unutamiz” deb aytgan. Vaholangki, ushbu gapni kimdir chaqqonlik bilan qog`ozga tushurishga ulgurib qolgan, agar bunday bo`lmaganda hozir bu haqida yozmagan bo`lar edim.
“Inson xotirasi susaygan” degan faktni inkor qilishi mumkin bo`lgan dalillar “Butunjahon Xotira Chempionati” da topilishi mumkin. Chunki ushbu musobaqadagi qatnashchilar 1 soat davomida minglab raqamlar va o`yin kartalari ketma-ketligini, 100 dan ortiq turli xil yuzlarni ism-sharifi bilan eslab aytib bermoqdalar. Ushbu maqolada, xotira yoki yuqoridagi chempionlar haqida emas, balki mana shu chempionat asoschisi, kuchli yaratuvchanlik qobiliyati sohibi, “Aql Xaritasi” ixtirochisi va aqliy savodxonlikni oshirish tarafdori bo`lmish Tony Buzan haqida gap ketadi.
Tony Buzan 1942-yilning Iyun oyida London shahrida tavvallud topdi.
22 yoshida “British Columbia University” oliygohini tamomladi. U yerdan Psixologiya, Ingliz tili va Matematika mutahasisliklari bo`yicha oliy ma`lumotga ega bo`ldi.
O`z ish faoliyatini 1966-yilda “Daily Telegraph”, ya`ni “Kunlik Telegraf” da, hamda “International Journal of MENSA”, ya`ni “MENSA Xalqaro Jurnali” ni nashr etish orqali boshladi.
Jahondagi taniqli ommaviy psixologiya yozuvchilarning biri bo`lmish Tony Buzan shu kungacha inson miyasi, psixologiya, yaratuvchanlik va inson xotirasi haqidagi 80 dan ortiq turli kitoblarini nashr etdi. Jumladan, quyidagi kitoblari uni mashxurlik cho`qqisiga olib chiqqan bestseller kitoblardir :
· “Use Both Sides of Your Brain” (Miyaning ikki qismini birgalikda ishlatish haqida)
· “Use Your Head” (Miyyamizdan qanday unumli foydalanish haqida)
· “Speed Reading” (Kitobni tez suratda o`qish haqida)
· “Master Your Memory” (Xotirani rivojlantirish haqida)
· “The Mind Map Book” (Aql Xaritasi haqidagi kitob)
va hokazo. Qiziqarlisi shundaki, uning kitoblari 130 dan ortiq mamlakatlarda nashr etilgan bo`lib, qariyb 30 xil tillarga tarjima qilingan. Birgina uning “Use both Sides of Your Brain” kitobi dunyoga dong`i ketgan IBM, General Motors, Hewlett-Packard kompaniyalari tomonidan hodimlarni malakasini oshirish maqsadida samarali foydalanilgan.Ta’kidlash lozimki, Tony Buzan o’zi qurgan “biznes imperiyasi” orqali ko’plab kitoblar sotib, best-seller (eng ko’p kitob sotgan) muallifga aylandi va hozirda yil davomida beradigan treyning mashg`ulotlari va kitoblaridan keladigan gonorarlar bilan hisoblaganda dunyoning multimillionerlari qatoriga kiradi.
Tony Buzanda inson xotirasi va miyasiga qiziqish uyg`onishi juda qiziq kechgan ekan. Aytishicha, bir kuni universitet imtixonlariga tayyorlanayotgan Tony Buzan kutubxonaga kiribdi va inson xotirasidan to’g’ri foydalanishga oid kitob so`rabdi. Bunga javoban, kutubxonachi uni Biologiya bo’limiga jo’natibdi. U yerdagi kitoblar asosan miyamizning tuzilishi haqida bo’lgani uchun, kutubxonachiga “Menga miyamiz haqida emas, balkim miyamizdan qanday foydalanish to’g’risidagi kitob kerak” deb yana ta’kidlabdi. Oxirida esa bunday kitob yo’qligidan taajjublanib, tanamizning eng zarur bo`lgan a`zosi bo`lmish miyamiz, ya`ni biz ishlatib turgan “Superkompyuter”imiz haqida hech narsa yo’qligidan xo’rsinibdi. Shu voqeadan so`ng hayotini aynan mana shu sohani rivojiga sarflashni boshlagan ekan. Hozirda esa dunyo bo’ylab aynan shu sohaning otasi hisoblanib, inson imkoniyatlarini yanada rivoji uchun kurashuvchi sobit qadam trenerga aylanadi. Inson miyasini qanday rivojlantirishini u kishidan o’rganganligimiz uchun ko’plab dunyodagi odamlar kabi shaxsan men va mening ustozim Shohruh Rahmanov birgalikda bu insondan bir umrlik qarzdormiz.
Maqolamning birinchi qismida aytib o`tilgan “Inson Xotirasining Susayishi” haqidagi faktni inkor qilishi mumkin bo`lgan dalillarni yaratilishida, xotira tushunchasi va uning tarixi haqidagi ma`lumotlarga ega bo`lishimizda Tony Buzanning hissasi beqiyosdir. Buni birgina “Butunjahon Xotira Chempionati” misolida ko`rishimiz mumkin. Ushbu chempionat 1991-yili London shahrida Tony Buzan va Rey Kin (ingliz shaxmat groysmesteri) tomonidan tashkil etilgan. Boshida ko`pchilik uchun hech qanday mashxurlikka erisha olmaydigandek tuyulgan musobaqa, bugunga kelib har yili “Xotira Sporti” bellashuvlarini o`z ichiga qamrab olgan, dunyoga dong`i ketgan chempionatga aylandi.
Tony Buzan nafaqat kuchli psixolog va ko`plab kitoblarning muallifi, balki u xalqaro media yulduzi ham hisoblanadi. U milliy va xalqaro telekanallar ko`rsatuvlarida hamda radio eshittirishlarida uzluksiz o`zining yangidan-yangi loyihalari, kitoblari haqida ko`rsatuvlar va eshittirishlar berib borgan. Misol sifatida uning “Use Your Head” deb nomlangan, 14 qismdan iborat bo`lgan video ko`rsatuvi “BBC” telekanali tomonidan taqdim etilganligini olishimiz mumkin.
Mana endi, Tony Buzan qanday qilib dunyodagi yetuk yaratuvchanlik qobiliyati sohibi bo`lganligi haqida tushuncha berib o`tsam. Uning fikricha, maktablardagi ta`lim berish jarayonlarining samaralilik darajasi qoniqarli emas. Agarda biz yaxshilab e`tabor berib qarasak, maktablarda yaxshi o`qish, ko`proq bilimga ega bo`lish va o`rganilganlarni xotiramizda mustahkam saqlab qolish haqida uqitiladi. Tony Buzanning so`zi bilan aytganda, inson miyasi va xotirasi qanday holatda yaxshi ishlashi, qanday ma`lumotlarini yaxshi yodda saqlab qolishi, qancha vaqt oralig`ida unga tanaffus berish kerakligi, qanday usullardan samarali foydalanish orqali eslab qolish mumkinligi haqida hech qanday o`quvchilarga ma`lumot bermasdan turib, ulardan xotirada saqlab qolish so`ralishi mutlaqo noto`g`ridir. Uning aytishicha, inson xotirasi turli ranglar, turfa-xil rasmlar va qiziqarli tassavvurlar yordamida yaxshi ishlar ekan.
Uzoq muddatli izlanishlardan so`ng, Tony Buzan o`zining akasi bo`lmish akademik Barry Buzanning ko`magida, ta`lim sohasidagi sezilarli rivojlanishga sababchi bo`lgan “Mind Mapping”, ya`ni “Aql Xaritasi” (Shohruh Rahmanov tarjimasi) texnikalarini yaratdi. Bugungi kunda ushbu “Aql Xaritasi” dan foydalanib, uning afzalliklarini tan olayotgan minglab pedogog hodimlari va professorlarni topishingiz mumkin. Bu texnika orqali yodda saqlab qolishning yaxshi tomonlari shundaki, u o`z ichiga turli ranglar, turfa rasmlar va kerakli bo`lgan ma`lumotning kalit so`zlarini qamrab oladi. Uning yordamida butun boshli kitobni yoki bir insonning biografiyasini bir varaq qog`ozga joylash orqali esalab qolishingiz mumkin. U nafaqat yaxshi eslab qolishga, balki miyamizning chap va o`ng qismlarini ranglar va rasmlar orqali bir me`yorda ishlashiga yordam beradi. Quyida siz Tony Buzanning hayoti va uning erishgan yutuqlari haqida yaratilgan “Aql Xaritasini” ko`rishingiz va uning qay darajada samarali ekaligini bilishingiz mumkin.
U 2006-yilining Dekabr oyida “Aql Xaritasi” ni yaratish uchun mo`ljallangan “iMind Map” deb nomlangan kompyuter programmasini yaratdi va o`zining vebsaytiga joyladi. Tony Buzanning kuchli yaratuvchanligiga shubha qilganlar uchun ushbu dalilni keltirishim mumkin. U mashxur “IQ” testi, ya`ni “Aql-Idrok Darajasi” ni sinab beruvchi testing yaratuvchanlik yo`nalishi bo`yicha olgan bali orqali jahonda birinchi o`rinda turadi. Uning global ta`lim tizimidagi yuksaltirishlarini qo`llab quvvatlash uchun, hattoki mashxur “Pop Qiroli” Maykel Jekson o`limidan oldin 343000 dollar miqdoridagi chekni Buzanning izlanishlari uchun yozib ketgan. Yana ba’zi manbalarda aytib o’tilinishicha, Tony Buzanni “Nobel” mukofotiga ham taklif qilinganligi ta’kidlangan.
Qisqasi, yuqorida Tony Buzanning hayoti haqida siz bilmagan ko`plab ma`lumotlar keltirildi. Ularning barchasini uning hayoti haqidagi “Aql Xaritasi” dan ko`rib, qiyinchiliksiz eslab qolishingiz mumkin. Inson hayoti davomida qandaydir o`zgarish qilishi, nimanidir yaratishi yoki kimlargadir ko`plab yordam berishi kerak. Buni Tony Buzan qiyosida ko`rishimiz mumkin, ya`ni sizdan keyingi avlod, qilgan yaxshi ishlaringiz orqali sizni yodga olishi kerak. U o’z hayotini inson miyasini rivoji uchun sarf qilib, to`xtovsiz izlanishlar olib borayotgan shaxsdir.
Ismoilov Husniddin
APR
17
Konsentratsiya – aslida nima u?
Ko`pchilik konsentratsiya tushunchasini inson miyasining e`tibor berish vazifasi bilan adashtiradi. Aslida, bu ikkalasi bizning miyamizning turli xil ikki aqliy vazifasidir. Keling, avvalo konsentratsiya nimaligini tushuntirishdan oldin e’tibor berish bilan konsentratsiya qilishni farqini tushuntirsam.
E’tibor
Ko`p o`qituvchilar “O`quvchilar darsga e`tibor berib o`tirmaydi” deb nolishadi. Ular aslida aytayotgan narsa shuki, o’quvchilarning diqqati o’qituvchi o’rgatayotgan narsada emas, balki boshqa narsada kino , serial, yoki orzulari haqidadir. Undan tashqari, etibor berish har bir tananing vazifasidir va uni hech kimga o’rgatishning keragi yo’q, u xuddi nafas olishimizdek bizda tabiiy ishlaydi. Yana bu hamma biladigan faktki, e’tibor bir narsadan ikkinchi narsaga o’tuvchi bizning qobilyatdir va biz odatda birorta narsaga eng ko’pi bilan 7 yoki 10 minut e’tibor bera olamiz. Bu miyamizning chegarasidir. Keyin esa e’tibor va qiziqish pasayib ketib, boshqa narsalar haqida o’ylab qolamiz. Yaxshi o’qituvchi, mening bir ojiz fikrimcha, u – qachonki o’quvchilarning e’tibori susayganda, ularni o’yin yoki boshqa qiziqarli usullar orqali o’ziga qaytarib oladiganlar deb hisoblayman.
Konsenstratsiya
Konsentratsiya aynan e’tibor berishdan kelib chiqqan bo’lib, uzoq muddatga biz bironta narsaga e’tibor berib tursak, unga biz konsentratsiya qilayotgan bo’lamiz. Shuningdek, konsentratsiyaning 2 ta asosiy qonuni bor : birinchisi, bu insonning irodasiga bog’liq va o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi; ikkinchisi, bu qobilyatdir, ya’niki uni o’rgansa va o`zlashtirsa bo’ladi. Ijtimoiy nuqtai nazardan olib qarasak, konsentratsiya bu hamma narsani esdan chiqarib, bir narsaga butun diqqatni jamlash hisoblanadi. Shuning uchun ham biror bir narsaga ko’p muddat davomida e’tibor berish bu konsentratsiya deb aytiladi.
Konsentratsiyani doimo rivojlantirish mumkin. U xuddi inson muskuliga o’xshash tarzda ishlaydi, ya’ni qanchalik ko’p mashq qilinsa, u shunchalik kuchli bo’laveradi. Hozirda ko’plab mashqlar chiqqan bo’lib, xatto telefonlarga va appstore hamda android marketlarda konsentratsiyani oshiradigan mashqlar va o’yinlar ko’payib ketgan.
Konsentratsiyani qanday rivojlantirish bo’yicha maslahatlar :
v Ilmiy tadqiqotlar shuni ko’rsatganki, meditatsiya bilan ham shug’ullanish inson konsentratsiyasini oshirar ekan. Meditatsiya deganda bizning ko’pchiligimiz ko’z oldimizga hindu rohiblarining oyoqlarini juftlab o’tirgan holatida ko’zlarini yumub qandaydir duolarni aytayotganini tushunishimiz mumkin. Ammo, u darajada chuqur kirishish shart emas, shunchaki nafas olib va chiqarib qilingan meditatsiya ham fikrlarimiz va konsentartsiyamizga ijobiy ta’sir etar ekan. Shaxsan o’zimda sinash orqali foydasini sezganman.
v Jismoniy holat ham muhim hisoblanadi. Garri Kasparov ta’kidlashicha , har bir shahmat partiyalaridan avval bir oy mobaynida ertalab yugurib, badan tarbiyalar qilgan ekan. Aynan, shuning uchun ham musobaqalar davomida uzoq muddat davomida o’z konsentratsiyasini saqlab turar ekan. O’zingiz o’ylab ko’ring, siz charchagan, kasalga chalingan bo’lsangiz, qanday qilib hayollaringizni bir joyga jamlay olasiz? Shunday ekan ertalabki badan tarbiya yoki qaysidir sport bilan shug’ullanishni kanda qilmang.
v Konsentratsiya deb aytilganda biz butun tanadagi energiyani bir joyga jamlab o’sha qilayotgan ishimizga butunlay sho’ng’ib ketish tushuniladi. Meni esimda bor, Deyl Karnegini kitobni o’qiyotganimda AQSH Prezidenti Teodor Ruzvelt ajoyib konsentratsiya qilish qobilyati haqida yozilgan edi. Unga ko’ra, Ruzvelt yomg’ir yog’ayotgan paytda dala hovlisidagi daraxt tagida kitob o’qib o’tirar ekan. Kitobni tugatganidan so’ng undan yomg’ir haqida so’ralganda “Yomg’ir yog’dimi ?” deb so’ragan ekan. Shunchalik chuqur konsentratsiya qilgani sababli u yomg’irga ham e’tibor bermay, chalg’imagan holatda kitobni mazza qilib paqqos tushurgan ekan!! Bilib qo’ying, konsentratsiyani doimo shug’ullanish oqibatida jilovlasa bo’ladi, metin iroda, qattiq xoxish va ozgina harakat o’z mevasini beradi.
v Multitasking – yoki bir vaqtning o’zida bir necha narsalarga e’tibor bera olish. Aslo bunday odatga o’rganmang. Ko’pchiligimiz eshitganmiz Lenin shunday qila olgan, Napoleon ham eshitgan , yozgan, fikrlagan, va hattoki, bir vaqtni o’zida shular bilan birga “GAPIRA OLGAN”. Ammo zamonaviy ilm fan inson miyasining bunday qobilyatiga shubha bilan qaramoqda. Ya’ni, kimda kim bir vaqtning o’zida ham Odnoklassniki, ham televizor ko’rib, ham dars qilaman desa u barchasi bo’yicha unumsiz ish qilgan bo’ladi. Shuning uchun agarda sizda hali hamon shunday odat ildiz otib yuborgan bo’lsa kech emas, diqqatni bir joyga jamlang, shunda eng unumli ish bajarasiz. Mashxur biznesmen Genri Uord Bicher aytganidek “Men hayotimdagi muvaffaqiyatning eng muhimini bilaman – bu mening har doim nima qilayotgan bo’lsan aynan unga to’liq e’tiborimni berishdir”. Bir vaqtning o’zida ikki yoki uch narsani baravariga unum bilan bajaraman deb ovora bo’lmang, bir o’q bilan ikki-uchta quyondan hech qaysi birini ura olmashingiz mumkin!!!!
v Faylasufona aytganda, doimo HOZIR ga e’tibor bering, hayollaringizni o’tmish va kelajak bilan kamroq band qiling, nimani qilayotgan bo’lsangiz unga e’tibor berishni o`rganing . O’zimning shu soha bo’yicha ustozim, ilmiy arbob, Toni Buzanning konsentratsiyani oshirish bo’yicha maslahati esa quyidagicha: Ko’p konsentratsiyaning buzulishini oddiy sababi bizning miyamizning hayol surishi bilan bog’liq. Miyamiz avtomatik tarzda har 30-40 minutda hayollarga berilishni “yoqtiradi”. Aslida esa bu oddiy bir inson muhtojligi. O’sha hayol surishda miyangiz o’zi uchun eng kerakli narsaga erishmoqda: Tanaffus. Ozgina tanaffusdan so’ng yana uzoq muddatga e’tiborni jamlasa bo’laveradi Doimo miyyangiz muhtojligiga qarang. Undan tashqari keling konsentratsiyani yo’qotgan paytingizga e’tibor beraylik. Siz kutubxonada kitob o’qimoqdasiz va konsentratsiyangizni yo’qotasiz, yoningizdan o’tib ketgan insonga e’tibor berasiz, keyin yana kitobga qaytasiz, keyin komputer ovoziga chalg’ishingiz mumkin, undan so’ng yana kitobning bir-ikki qatorini o’qiysiz ,yana oyna tashqarisidagi daraxt va binolarga e’tibor ketadi, yana kitob, keyin endi hayollar og’ushiga ko’milasiz, keyin yana kitobga e’tibor ketadi. Agarda payqagan bo’lsangiz siz butun jarayon davomida 100 % KONSENTRATSIYA qilmoqdasiz. Muammo yo’nalishga bo’gliq. Shuning uchun konsentratsiya sizning bo’ysunmas ayg’ir otingiz bo’lishi mumkin, lekin uni albatta jilovlasa bo’ladi.
Qissadan xissa shuki, xotiramizning asosiy qonunlaridan biri ham bu kuchli konsentratsiyaga ega bo’lishdir. Agarda siz yodlab qolinayotgan ma’lumotga butun diqqatingizni jamlamasangiz qanday qilib uni eslab qolmoqchisiz? E’tibor berish bilan konsentratsiyani farqini tushunish va konsentratsiya oshirish mumkinligini seza olish sizga yanada ko’proq ilhom va ishonch bag’ishlaydi. Hammangizga kuchli konsentratsiyaga ega bo’lishni tilab qolaman !!!
APR
12
Oraliqli takrorlash
1850 - yil, nemis psixologi German Ebbinhaus birinchilardan bo’lib inson xotirasini labaratoriyaga olib kiradi. Shuningdek, u ta’lim tizimidagi eng depressiyali faktni kashf qilgani bilan butun dunyoga mashxur.
Do'stlaringiz bilan baham: |