Agentga berilgan huquqlar. Shartnoma bo‘yicha savdogar bilan kelishuvlar kabi agentga operatsiyalarni ma‘lum hududda amlag oshirish uchun berilgan huquq oddiy, mustasno va chegaralangan mustasno shaklida bo‘lishi mumkin. Agentning oddiy huquqi ba’zan kelishuvga to’g’ri oldi-sotdi shartlarini kiritish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunga muvofiq ravishda, printsipial agent hududida joylashgan xaridor bilan muzokaralar olib borish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Agentga mustasno shaklidagi huquqni berish haqidagi shart monopol izoh deb nomlanadi. Ba’zan bunda printsipial tovarlari uchinchi tomon vositachilari orqali agent hududiga kira olmasligi haqida gapiriladi. Agent mustasnolik huquqini olishdan manfaatdor, chunki unga ma’lum hududda yagona vakil bo’lish va xuddi shunday markadagi tovarni sotuvchi firmalar bilan bozorda raqobatga kirishmaslik foydali. Agentning mustasnolik huquqi printsipial tomonidan chegaralanishi mumkin. Agar shartnoma maxsus kelishilgan bo’lsa, bunday bitimlarda agent komission oladi. Ba’zan agentlik kelishuvlariga hududdan tashqari izoh kiritiladi. Bunda agentga printsipial tovarlarini agent uchun ajratilmagan hududda sotish huquqi haqidagi shartlar kiritiladi. Shuningdek, agentga xaridordan bevosita pul summalarini olish huquqi berilishi mumkin. Kelishuvning amal qilish muddati va uni bekor qilish tartibi. Kelishuv aniq muddatga yoki aniqlanmagan muddatga imzolanishi mumkin. Odatda, ular ma’lum muddatga imzolanadi (1-5 yilga) va unda kelishilgan yoki aniqlanmagan muddatga uzaytirish imkoniyati ko’rib chiqiladi. Bu hol tomonlardan birining shartnoma munosabatlarini to’xtatishni taklif qilgunga qadar davom etadi. Agentni taqdirlash. Agentni taqdirlash masalasi tomonlar bitimlarini imzolash va bajarishda juda jiddiy masala hisoblanadi. Shuning uchun ham unda bir qator shartlar haqida gapiriladi. • Agentning mukofot olishga huquqi yuzaga kelgan payt va uning to'lanish muddati. Kelishuvda odatda, quyidagi holatlar ko’rsatiladi: agent mukofoti o’zini oqlagan va to’lovga loyiq deb topilganda; agent orqali olingan buyurtmaning printsipial tomonidan aktsept qilinishidan so’ng; agent vositachiligida sotilgan tovar to’lovining printsipial tomonidan olinganidan keyin. Agent, odatda, printsipial aybi bilan bajarilmay qolingan ishlar uchun ham taqdirlanish huquqiga ega. Agent mukofoti xaridor imzolangan shartnoma shartlari bo’yicha to’lashga majbur bo’lgan narx foizida ajratiladi. Bunda uchinchi shaxs tomonidan hisoblangan tovarlarni qadoqlash va transportirovka qilish, sug’urta qiymati, bojxona, soliq va yig’imalar to’lovi, komission mukofotlash to’lovlari hisobdan chiqariladi. Boshqacha aytganda, mukofot sotilgan tovar evaziga printsipialga tushuvchi netto-summasidan ajratib olinadi. Agar kelishuv shartlari bo’yicha mukofot huquqi to’lov printsipialga kelib tushganidan so’ng yuzaga keladigan bo’lsa, uning hisobi har chorak oxiridagi (kamdan-kam) holat bo‘yicha tushgan summalarda olib boriladi. Agentga komission mukofot xajmi u bajargan ishlarga, tovar ko‘rinishi va u yoki bu mamlakatdagi amaliyotiga bog‘liq. Bunda agent tomonidan ko‘rsatilgan xizmat xajmi, ular tomonidan sotilgan tovarlarning raqobatbardoshligi, bozorni o‘zlashtirish darajasi, raqobat kurashining keskinligi, shuningdek, agentning nufuzi va malakasi ham muhim ahamiyatga ega. Xalqaro savdo amaliyotida tovarlarning 2-10% atrofida tebranuvchi komission stavkasi keng tarqalgan. Komission stavkalari umumiy iqtisodiy kon‘yunktura o‘zgarishi, mahsulot turi, yangi tur tovarlar sotilishiga taklif, yirik buyurtma olishga bog‘liq bo‘lib, kelishuv faoliyati muddati davomida qaytadan ko‘rib chiqilishi mumkin.
Agentning majburiyatlari. Shartnoma bo’yicha agent savdo tashkilotlari va printsipial manfaatlarini ximoyalashning keng doirasini o‘z zimmasiga oladi. Bu majburiyatlar agentlik kelishuvlariga maxsus izohlarni kiritish yo’li bilan qayd etiladi.
Raqobatsizlik haqida izoh. Uning mohiyati shundan iboratki, bunda agent kelishuv amal qilayotgan vaqtda (agar kelishilgan bo’lsa, muddat tugagandan so’ng) printsipial tovarlari uchun raqobatchi bo’lgan tovarlarni sotib olish va ularni reklama qilishni taklif etish huquqiga ega emas.
Bundan tashqari, agentga faoliyatga oid va ishlab chiqarish sirlarini shartnoma vaqtida va undan keyin ham sir saqlash majburiyati yuklanadi. Agent raqobatchi firmalarning manfaatlari uchun agent, komissoner va makler sifatida ishtirok etishi yoki bu firmalarning kapitalida (to’g’ri va egri holda) ishtirok etmasligi lozim. Kelishuvda agent o’ziga ma’lum bo’lgan monopol huquqlarning buzilishi haqida printsipialga tezda xabar berishi va uning oldini olish choralarini ko’rishi lozim.
Minimal aylanma haqida izoh. Bu izoh shundan dalolat beradiki, unga ko’ra, agent minimal kvota, deb nomlanuvchi kelishilgan summadan kam bo’lmagan hajmda oldi-sotdi shartnomalarini imzolash bo’yicha vositachilikni amalga oshirish majburiyatini oladi. Mazkur kvota aniq muddatga (odatda, bir yilga) belgilanadi.
Delkreder izohi. komissiya sharnomasi kabi mazkur izohni kelishuvga kiritishda agentprintsipialga o’zi yordamida tovar xarid qilgan shaxs tomonidan narx to’lanmasligi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan har qanday zararni kafolatlashga majbur. Keyingi holatda agent delkrederni o’z zimmasiga oladi va unga qo’shimcha mukofot to’lanadi. Bu mukofot «delkreder uchun komissiya» deb nomlanadi. O‘ziga delkrederni qabul qilib olgan agent xaridorning to‘lov qobiliyati yo‘qligi hollarida yuzaga keladigan zararni oldin kelishuvda belgilangan summada printsipialga to‘lashga majbur.
Reklamaning amalga oshirilishi. Agentga, odatda printsipial ko‘rsatmasiga muvofiq ravishda o‘z hisobidan reklamani amalga oshirish majburiyati yuklanadi. Qoidaga muvofiq, kelishuvda printsipial agentga namunalar, chizmalar, kataloglar, reklama materiallarini kelishilgan tilda va o‘z ixtiyoriga ko‘ra miqdorda bepul etkazib berishi haqida ham gapiriladi. Bu namuna va materiallar printsipialning mulki bo‘lib qoladi va agentlik kelishuvlari faoliyati to‘xtatilganidan so‘ng unga qaytariladi.
Sotuvdan keyingi xizmatning amalga oshirilishi shartnomaga kiritilgan xollarida agentga yuklanishi mumkin. Bunda taklif etilayotgan xizmatlar xajmi va komissionning ustidagi to‘lanadigan mukofot summasi aniq kelishilgan bo‘lishi lozim.
Axborotning va printsipialga hisobotning taqdim etilishi haqida. Agent printsipialga o‘z faoliyati haqida; bozor konyunkturasi holati; bojxona va valyuta qonunlari; o‘z mamlakatida importni boshqaruvchi qonunlar; mijozlarga sotilgan uskunalardagi barcha kamchiliklar haqida; o‘z bozoridagi raqobatchilarning faoliyatlari, ularning narxlari, to‘lov shartlari, ular tovarlarining texnik ma‘lumotlari va ularda paydo bo‘lgan yangi tovarlarning ko‘rinishlari; shartnoma hududidagi printsipial manfaatlarini realizatsiya qilish uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha vaziyatlar xaqida davriy ravishda axborot berib turishi lozim. Axborot va hisobotlarni taqdim etish davri va muddati kelishuv shartlari bilan aniqlanadi.
Kelishuvda maxsus shartlarning mavjud bo‘lishi agentga printsipial tovarlarini sotish uchun barcha choralarni ko‘rish majburiyatini yuklaydi: mijozlar bilan bitimlarni imzolashda narx shartnomasini, shuningdek, etkazib berish va printsipial tomonidan belgilab berilgan to‘lov shartlarini shartnomaga kiritadi; boshqa firma (raqobatdosh bo‘lmagan) bilan agentlik kelishuvlarini imzolashda yoki xaridordan buyurtma qabul qilib olish haqida printsipialga xabar beradi va uning roziligini oladi; zaxira qismlar omboriga ega bo‘ladi va ular bilan xaridorlarni ta‘minlaydi; subagentlar bilan imzolangan barcha kelishuvlar haqida printsipialga xabar beradi; o‘z mijoz-xaridorlarini doimiy yo‘qlab turadi.