Apenin yarim oroli.
Apenin o’lkasi O’rta dengiz Yevropasining markaziy
qismida joylashgan bo’lib, dengiz ichki qismiga ancha kirib borgan. Uning hududi
Apenin yarim oroli, Sisiliya, Sardiniya va Krosika orollari hamda Tirren dengizidagi
mayda orollardan tashkil topgan. Apenin yarim oroli shimoli-g’arbdan janubi-
sharqqa tomon 1100 km masofaga cho’zilgan. Kengligi 300 km dan janubda 130 km
gacha qisqaradi. Maydoni 149 ming km
2
. Uning janubida Klabriya va Salentina,
sharqida Gargano yarim orollari bor. Yevropaning asosiy qismi bilan Al’p tog’lari
va Padana pastekisligi orqali tutashgan. Yarim orolni g’arbda Tirren, Sharqda
Adriatika, janubda Ioniya dengizlari o’rab turadi. Yarim orolning qirg’oqlari kam
parchalangan. Sharqiy qirg’oqlarining shimoliy qismida lagunalar va botqoqliklar
ko’p, janubiy qismi baland va tog’li. G’arbiy qirg’oqlari nisbatan kuchliroq
parchalangan, tik, ko’p joylarda jarliklardan iborat. Ular tekis qirg’oqlar bilan
almashinib turadi.
Apenin yarim orolining deyarli hamma qismini kuchli parchalangan o’rtacha
balandlikdagi Apenin tog’lari egallagan. Bu tog’lar Shimolda Genuya, qo’ltig’i
sohillari va Padana pastekisligidan boshlanib, janubda Messina bo’g’izigacha
davom etadi. Faqat sohil bo’ylab kambar pastekisliklar joylashgan. Apenin
tog’larining orografik tuzilishi va rel’ef shakllari xilma-xil. Uning asosiy qismi Al’p
burmalanishi natijasida vujudga kelgan. Kaledon va gertsin burmalanishlari
Kolabriya Apeninida, Korsika, Sardiniya va Sisiliyaning shimolida yuz bergan.
Shuning uchun paleozoy va Al’p strukturalarining litologik tarkibi bir-biridan farq
qiladi. Paleozoy strukturalari asosan kristall va metamorfik jinslardan, Al’p
strukturalari mezozoy va kaynozoyning ohaktoshlari, mergellari, qumtoshlari, gilli
slaneslari va flishlardan tuzilgan. Binobarin, Apenin tog’lari rel’ef shakllariga,
tektonikasiga va litologik tarkibiga ko’ra uch qismga - Shimoliy, Markaziy va
Janubiy Apeninlarga bo’linadi.
Shimoliy Apenin Liguriya, Toskaniya va Apuan Apeninlarini o’z ichiga olib,
janubda Arno daryosining yuqori oqimigacha davom etadi. Bu tog’lar asosan
paleogenning gil yotqiziqlaridan va qisman qumtosh hamda konglomeratlardan
tuzilgan. Tog’lar bo’ylama va ko’ndalang daryo vodiylari bilan kuchli kesilgan, tik
274
yon bag’irli ko’pchilik cho’qqilari 1500-2000 m dan oshmaydi. Eng baland nuqtasi
Chimona tog’ida 2163 m ga teng. Tog’ yon bag’irlarida jarlar, surilmalar keng
tarqalgan. Apuan tog’lari yirik oq marmar konlari bilan mashhur. Tog’lar orasida
tektonik harakatlar natijasida chuqur botiqlar hosil bo’lgan. Shimoliy Italiyaning
ko’plab aholi punktlari ana shu botiqlarda joylashgan.
Markaziy Apenin Arno va Kalore daryolari oralig’ida joylashgan Umbriya-
Marke Apenini, Abrutstso Apenini va Sobin Apeninidan tashkil topgan. U Apenin
tog’larining eng baland va kengaygan qismi hisoblanadi. Bu tizmalar asosan
mezozoyning ohaktoshlaridan tuzilgan bo’lib, ular qat-qat burmalangan, tektonika
ta’sirida kuchli parchalanib, bir necha massivlarga bo’linib ketgan. Massivlar bir-
biridan tektonik botiqlar va tektonik vodiylar bilan ajralgan. Ularning yon bag’irlari
ko’pchilik joylarda jarliklar hosil qilgan, tik va yalong’och. Baland cho’qqilarda
muzlik rel’ef shakllari ham uchraydi. Markaziy Apeninning eng baland nuqtasi
Gran-Sasso-d Italiya massividagi Korno tog’i dengiz sathidan 2914 m ko’tarilgan.
O’rmonlarniig ko’plab kesilib ketishi karst jarayonini faollashtirgan. Shuning uchun
karst rel’ef shakllari va karst tipidagi ko’llar yaxshi rivojlangan.
Janubiy Apenin Neapol yaqinidagi Kalore vodiysidan boshlanib Kalabriya
Apeninigacha davom etadi. Bu tog’lar bo’ylama cho’zilgan ikkita polosadan-g’arbi
Neapol Apenindan va sharqi Lukan Apeninidan iborat. Neapol Apenini Markaziy
Apeninga o’xshash mezozoy ohaktoshlaridan tarkib topgan, maksimal balandligi
2000 m dan oshadi. Lukan tog’larining tuzilishida paleogenning slaneslari, gillari va
qumtoshlari ishtirok etadi. Uning eng yuksak nuqtasi Serra-Dolchedorme
cho’qqisidir (2271 m). Janubiy Apeninning shimoli-g’arbiy qismida Neapol
vulkanik hududi vujudga kelgan. Unda maksimal balandlik 1281 m bo’lgan
harakatdagi Vezuviy vulkani joylashgan. Vezuviyning miloddan oldingi dahshatli
otilishlari natijasida uning etaklarida bunyod etilgan Pompeya, Gerko’lanim va
Stabiya shaharlari butunlay vayron bo’lib, lavalar tagida qolib ketgan. Janubiy
Apeninning sharqiy qismida Gargano yarim orolidan Salentina yarim orolitacha
cho’zilib yotgan va ohaktoshlardan tuzilgan Gargano (1056 m), Le-Murdje (686 m)
va Apuliya platolari joylashgan.
Apenin tog’ tizmalari, jumladan Janubiy Apenin burmali tog’lari Krati daryo
vodiysigacha cho’zilgan. Undan janubda Apenin tog’larining orografik jihatdan
janubiy davomi bo’lgan qadimiy granit, gneys va kristall slaneslardan tarkib topgan
Kalabriya Apenini joylashgan. Kalabriya tipik burmali-palaxsali tog’lardan iborat
bo’lib, o’rtacha balandlikdagi yassi tog’liklar va tog’oralig’i botiqlari ham uchraydi.
Uning balandligi 2000 m ga yetmaydi. Sisiliya orolidagi Nebrodi va Le-Madonne
tog’lari Apeninning janubiy tektonik davomi hisoblanadi. Orolning sharqiy qismida
harakatchan Etna vulkani dengiz sathidan 3340 m baland. Bu butun Apenin
landshaft oblastining ham eng baland nuqtasidir. Sisiliyadan shimol tomonda
vulkanik Lipar orollar guruhi joylashgan. Mazkur region foydali qazilmalarga
unchalik boy emas. Tirren sohilidagi Rudali tog’lardan temir rudasi qazib olinadi.
Korraradan qazib olinadigan oq marmar dunyoga mashhur. Kalabriyaning kristall
jinslari qurilish va pardozlash materiallari sifatida ishlatiladi. Markaziy Apenindan
275
qo’ng’ir ko’mir va lignit, Abrutstso tog’laridan boksit va bitumli slanes qazib
olinadi. Sitsiliyada neft va oltingugurt konlari bor.
Apenin yarim oroli uchun subtropik mintaqaning O’rta dengiz iqlim tipi
xarakterli. Bu tipdagi iqlim ayniqsa dengiz sohillarida hukmronlik qiladi. Tog’
tizmalarida balandlik iqlim mintaqalari shakllangan. Iqlim sharoiti ikki yo’nalishda
shimoldan janubga va g’arbdan Sharqqa tomon muayyan ravishda o’zgarib boradi.
G’arbda iqlim sharqqa nisbatan iliqroq va namroq. Iqlimning o’zgarishida, ayniqsa
atmosfera yog’inlarining taksimlanishida orografik tuzilish katta rol o’ynaydi.
Apeninning Liguriya sohillarida qish iliq va yoz issik bo’ladi. Yanvarning
o’rtacha harorati +8°S ga, iyulniki +24°S ga teng. Yillik yog’in miqdori 3000-3400
mm gacha boradi. Sovuq, va qorli kunlar deyarli bulmaydi. Bu tor polosa Italiya
Riverasi deb yuritiladi. Undan janubda Florentsiya va Rim kengliklari oralig’ida
joylashgan regionda iqlim Riveraga qaraganda unchalik yumshoq emas. Yanvarning
o’rtacha harorati +5°+6°S, iyulniki +24°+25°S. Yillik yog’in miqdori g’arbida 1000
mm dan oshsa, Sharqida 500 mm ga ham yetmaydi. Eng issiq joy yarim orolning
janubiy qismi va Sisiliya orolidir. Bu yerda iyulning o’rtacha harorati +28°S ni,
yanvarniki +10°+12°S ni va yillik yog’in miqdori 600 mm ni tashkil etadi. Eng kam
yog’in Adriatika dengizi sohillarida, ayniqsa Salentina yarim orolida kuzatiladi.
Yog’in miqdori 400-500 mm dan oshmaydi. Tog’larda 700-800 m balandlikda eng
issiq oyning o’rtacha harorati +20°S atrofida. Yanvarning 0°S li izotermasi shimolda
500 m va janubda 1000 m balandlikdan o’tadi. Etna cho’qqisida qor 8-9 oygacha
saqlanadi.
Apenin yarim oroli daryolari qisqa, kam suvli, aksariyatining suvi yoz oylarida
juda kamayib qoladi. Ularning suv rejimi bir xil emas. SHimoldagi daryolar bahor
va kuzda, janubdagi daryolar qishda yomg’ir suvlaridan to’yinib to’lib oqadi.
Daryolari O’rta dengiz havzasidagi Liguriya, Tirren, Ioniya va Adriatika
dengizlariga quyiladi. Eng katta daryosi Tibr Markaziy Apenin tog’laridan
boshlanib, Tirren dengiziga quyiladi. Uzunligi 405 km, havzasining maydoni 17170
km
2
. Kemalar daryolarning quyilish joyidan Rimgacha qatnaydi. Qolgan daryolari -
Arno, Ombrane, Gorilyano, Kalore, Ofanta, Krata va boshqalar Tibrga nisbatan
ancha kichik. Apeninda uncha katta bo’lmagan ko’llar ham bor. Bular Trazimen,
Bolsena, Brachchano, Lezima va Varano kabi karst ko’llaridir.
Apenin yarim orolining nam iqlimli shimoliy hududlari uchun o’rmon qo’ng’ir
tuproqlari xarakterli. Kserofit o’rmonlarda va butazorlarda jigar rang tuproqlar keng
tarqalgan. Ayniqsa qo’ng’ir va jigar rang tuproqlarning karbonatli turlari katta
maydonni egallagan. Neapol vulkanik hududidagi vulkanik jinslarda serhosil
tuproqlar shakllangan. Terra-rassalarda qizil tuproqlar hosil bo’lgan. Apenin
landshaft oblastining florasi O’rta dengiz Yevropasining boshqa oblastlari florasidan
shu bilan farq qiladiki, uning tarkibida Markaziy Yevropa, Osiyo va Afrikaga xos
o’simlik turlari kam uchraydi. Apenin o’rmonlari uzoq o’tmishdan boshlab kishilar
tomonidan ayovsiz kesish jarayonini boshdan kechirib kelgan. Ayniqsa dengiz
sohillaridagi va Markaziy Apenindagi o’rmonlar butunlay yo’q qilib yuborilgan.
Shuning uchun hozirgi paytda yarim orolning o’rmonlar bilan band bo’lgan maydoni
atigi 20% ni tashkil etadi. O’rmon massivlari Apeninning shimoliy qismida va
276
janubda Kalabriya yarim orolida yaxshi saqlangan. Shimolning flora tarkibida
bargini to’kadigan daraxtlar va butalar yetakchi rol o’ynaydi. Doimiy yashil
o’rmonlar va makvislar g’arbda Livorno hududidan boshlab, sharqda Ankonadan
janubda paydo bo’la boshlaydi. Butazorlar ikkilamchi o’simliklar bo’lib, ular kesib
yuborilgan o’rmonlar o’rnida vujudga kelgan. Daryo vodiylari bo’ylab sambitgullar
(tolgullar) keng tarqalgan. Kuchli botqoqlangan qumoq qirg’oqlarda, Toskaniya va
Rim Maremmasida Italiya qarag’ayi ekilgan. Madaniy o’simliklar ichida zaytun
daraxtlari, don ekinlari, tokzorlar ko’pchilikni tashkil etadi. Rimdan janubda sitrus
o’simliklari - apelsin, mandarin va limon plantasiyalari boshlanadi. Ayniqsa
Kalabriya yarim oroli va Sitsiliya o’zining apelsin va mahalliy limon plantasiyalari
bilan mashhur. Italiya Riverasi manzarali o’simliklarga boy. Sohil bo’ylab palmalar
hiyoboni cho’zilgan. Katta maydonlarda apelsinzorlar, zaytunzorlar, anjirzorlar,
tokzorlar barpo etilgan. Seliteb landshaftlar strukturasida xushbo’y hid tarqatuvchi
gulli o’simliklar alohida o’rin tutadi. Rivera Italiyaning asosiy kurort markazi
hisoblanadi.
Apenin meridian bo’ylab uzoq masofaga cho’zilganligi munosabati bilan
tog’lardagi mintaqalarning balandlik chegaralari shimol va janubda har-xil. Doimiy
yashil o’rmonli va butazorli quyi mintaqaning yuqori chegarasi shimolda 300-500
m va janubda 700-800 m dan o’tadi. Bu mintaqadan yuqorida shimolda 800-1000
m va janubda 1000-1500 m balandlikkacha kashtan, eman, grab, jo’ka, buklardan
tashkil topgan keng bargli o’rmonlar mintaqasi joylashgan. O’rmonlarning quyi
yarusida doimiy yashil flora vakillari uchraydi. Undan yuqorida shimolda 1300-
1400 m gacha va janubda 1800-2000 m gacha bo’lgan balandliklarda igna bargli,
buk va eman aralash o’rmonlar mintaqasi joylashgan. Apenin tog’lari uncha baland
bo’lmaganligi sababli subal’p va Al’p o’tloqzorlari juda kam uchraydi. Ular faqat
eng baland cho’qqilardagina bor. Etna vulkani yon bag’irlari uchun relikt
o’simliklar xarakterli. Bu yerda muzlik davridan saqlanib qolgan relikt qarag’ay
o’sadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |