KASALLIKNING KONTAKT TURI turlicha kechadi. Uning ichterlama, septik, ichburamasimon, dispeptik va klinik belgilari kuchsiz ifodalangan og’irlikda farqlanadi. Salmonellyozning kechishiga qarab yengil, o’rtacha og’irlikda o’tadigan va og’ir turlari mavjud.
Kasallikning yengil turida bemorning ahvoli unchalik o’zgarmaydi, tana harorati deyarli ko’tarilmaydi. Ularda qorin og’rig’i, ko’ngil aynishi va ich ketishi kabi belgilar kuzatiladi. Salmonellyozning og’ir turida tana harorati 38 -40* C gacha ko’tariladi. Qorin og’rig’i kuchli bo’ladi, bemor ko’p qayt qiladi, tez- tez ichi ketadi, a’zoyi badani qaqshab og’riydi, butun organizmda zaharlanish ( toksikoz) holati kuzatiladi.
SALMONELLYOZNING TIFSIMON (ICHTERLAMASIMON) TURI asosan katta yoshdagi bolalarda (maktab yoshida) uchraydi. Bemorning boshi og’riydi, tana harorati 39- 40* C gacha ko’tariladi, qayt qiladi, darmoni quriydi, meningizm belgilari paydo bo’ladi. Bolaning es – hushi og’ib, u alahsiray boshlaydi, ko’pgina bemorlarda jigar va taloqning kattalashishi kuzatiladi.
SALMONELLYOZNING SEPTIK TURI asosan emizikli bolalarda uchraydi. Kasallik yuqori harorat bilan boshlanadi va tez orada miya pardalarining yallig’lanish belgilari paydo bo’lib, zotiljamga olib keladi. Salmonellyozning bu turiga xos narsa shuki, bunda bolalar organizmida septiko – piyemik o’zgarishlar uchraydi ( yiringli meningit, pnevmoniya,osteomiyelit va b.). Butun kasallik davomida bolaning ichi shilimshiqli, ba’zan esa qon aralash ketadi.
DISPEPTIK TURDA KECHADIGAN SALMONELLYOZDA bolaning umumiy ahvoli unchalik og’irlashmaydi, ichi suyuqlashib, axlatda hazm bo’lmagan aralashmalar bo’ladi. Salmonellyozning bu turi asosan go’daklarda kuzatiladi.
Klinik manzarasi yahshi ifodalanmagan salmonellyoz ko’pincha katta yoshli bolalarda uchraydi.Bunda ishtahaning pasayishi ayrim hollarda holsizlik 1 – 2 kun davomida sutkasiga 3 – 4 marta ichi ketishi kuzatiladi. Epidemiologik jihatdan kasallikning bu turi ancha havfli hisoblanadi. Chunki bolada salmonellyoz borligi hamma vaqt ham o’z vaqtida aniqlanmaydi.
Chaqaloqlarda salmonellyoz toksiko – septik holatlar tarzida o’tadi. Bemorning umumiy ahvoli juda qisqa vaqt ichida o’g’irlashadi, harorati ko’tariladi, ishtahasi yo’qoladi, terisi ko’kimtir – tuproqsimon tus oladi, qorni dam bo’lib, ichi tez – tez ketadi, qayt qiladi va tez orada toksikoz va eksikoz rivojlanadi. Uning axlati suyuq va ko’kimtir yashil yoki qizg’ish rangga kiradi, o’z vaqtida yordam ko’rsatilmasa bola nobud bo’lishi mumkin. Bemorlarning tuzalish jarayoni ancha uzoq davom etadi. Bu kasallik ayniqsa, chala tug’ilgan chaqaloqlarda o’ta og’ir kechadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |