Bu olam turfa voqealarga boy. Hammasini ham anglayvermaymiz. Ularning hech biri shunchaki sodir bo’lmasligini unutmaylik.
ZIYOLI BOBONING HIYLASI
Yoshim 11 da edi, buvim va bobomnikida vaqtincha yashashga to’g’ri keldi. Bobom kompyuterni yaxshi biladigan, ziyoli inson. Ularning uyida internet ham yaxshi ishlar va cheklanmagan edi. Men esa allaqanday tarmoq o’yiniga juda qiziqqan paytlarim: quvonchimning cheki yo’q, maza qilib o’ynayman, ota-onamdan yalinib, hamma ishlarni, darslarni qilib, keyin yarim soatgina o’ynash yo’q, istaganimcha o’ynayveraman, deb o’yladim. Lekin chuchvarani xom sanagan ekanman. Kompyuterga o’tirsam parollangan. Parolni ochqich savolga bossam, Amir Temurning loy jangi bo’lib o’tgan joy so’ralayapti.
Bu qanaasi-a? Tayyor kompyuter, internet cheklanmagan bo’sa-yu, men o’ynay olmay o’tirsam… Bir – ikki taxminiy javoblarni kiritsam o’xshamadi. Noiloj, javonga qator terilgan ensiklopediyaga qo’l cho’zdim. U yerda jang tafsilotlari kam berilgan ekan, men esa ko’proq bilgim keldi. Boshqa kitoblarni o’qishga tushdim. Birozdan so’ng kompyuter kalit so’zini topdim. Kirdim, o’ynadim. Ertasiga parol yangi savol so’rar edi. Bu safar adabiyotga oid edi. Yana kitob titishga tushdim, qiziq asar ekan o’qiy ketdim. Shunday qilib bir haftada bobom meni kompyuterga qaramlikdan qutqarib, kitoblarga oshno qilgan edi.
O’G’RI
Katta o’g’ridan so’rashibdi:
Qachondan boshlab bu ishga qo’l urgansiz?
Bolaligimdan. Bir kuni ko’chada ketayotsam, bir odamning kissasidan pul tushib qoldi. O’shanda 8 yoshda edim. Pul anchagina edi, chamamda. Atrofga qarasam hech kim ko’rmadi. “Amakijon, pulingiz tushib qoldi”, deb baqirdim. U ortiga qaytdi, menga hayrom bo’lib qaradi, egilib pulni oldi va dedi:”Ahmoq bola ekansan”. Avval nega bunday deganini tushunmadim. Keyin esa o’sha pulni olib qo’ysam bo’lar ekan degan fikr tug’ildi. Shundan beri avval <>, degan shior ostida yashashni o’rgandim.
BUVIMNING ARVOHI
Buvijonimni juda yaxshi ko’rar edim. Axir, meni bolalikdan katta qilib, tarbiyalagan, o’zlari sovchilarni kutib, turmushga uzatgan edilar. Ota-onam asosan chet elda ishlashdi, to’yimga bir hafta olganda kelishgandi o’ziyam.
Shu yil buvijonimdan ayrilib qoldik. Men uchun bu juda ham qattiq zarba bo’ldi.
Kecha turmush o’rtog’im tungi navbatchilikda edi, uyda yolg’iz oldim. Qorong’i tushdi. Oshxonada choy ichib, buvimni eslab o’tirsam, birdan … mehmonxonadagi televizor o’z-o’zidan ishlab ketsa bo’ladimi? Shunaqangki qo’rqdimki… Keyin bu buvijonimnig ruhi, u yolg’iz qolganim uchun meni yo’qlab keldi, deb o’yladim. Ruhlarini bo’lsa ham ko’rgim keldi, juda sog’ingan edim-da. Avval mehmonxona eshigida uzoq ikkilanib turib qoldim. Keyin o’zimda jur’at topib, hamma chiroqlarni bir-bir yoqib chiqdim-da, zalga kirdim. Qarasam televizor avtoyoqish rejimiga qo’yilgan ekan. Turmush o’rtog’imning ishi: televizorni ma’lum vaqtda o’zi yonadigan qilib qo’ygan, meni yolg’iz zerikmasin, dugonalari bilan telefonda yo telegramda gap sotishdan chalg’isin degan-da. Xafa bo’lishimni ham suhyunishimni ham bilmay joyimda qotib qoldim. Buvijonim menga shunchaki buvi emas, undan ortiqroq, yaqinroq bir inson ekanki, hatto, arvohlarini ham jon deb quchoqlagim kelgandi …
HAR NARSA HAM KO’RINGANIDEK EMAS
Rangpar libosdagi ayol va ro’dapo kostyum kiygan erkak Bostondagi poyezddan tushib qolishdi va Garvard universiteti rektori qabuliga uchrashuv vaqtini belgilamay, jur’atsizgina kirib kelishdi.
Kotiba Garvardda bu qoloq, qishloqi kishilarning nima ishi bor ekan, deya ensasini qotirdi:
-Biz rektor bilan ko’rishmoqchimiz, - dedi boyagi erkak muloyimlik bilan.
- U kun bo’yi band bo’ladi, - dedi kotiba achchiqlanib.
- Mayli, biz kutamiz, - javob qildi ayol.
Kotiba ularni to’rt soatgacha yolg’iz qoldirdi. U er-xotinning toqati toq bo’lib qaytib ketishlarini istardi. Yo’q, ular ketishmadi. Kotibaning esa jahli chiqdi. Ahmoqona ish deb bilsa-da rektorni bezovta qilishga qaror qildi:
-Ehtimol, siz ular bilan bir necha daqiqa ko’rishsangiz, balki qaytib ketishar, - dedi u rektorga.
Rektor chuqur xo’rsindi va rozi bo’lganligining alomati sifatida boshini qimirlatib qo’ydi. Muhim shaxs bo’lganligi sababli unda har kim bilan ham uzoq vaqt suhbatlashish uchun vaqt topilmas edi. U qabulxonasining ko’rkini buzayotgan rangpar libos va eskirgan kostyumdan irjig’andi.
Rektor keskin yuzlandi va savlat bilan er-xotin tomon qadam tashlab, ularning yoniga keldi:
-Bizning Garvardda birinchi kursida o’qiydigan o’g’limiz bor edi. U Garvardni sevardi. Bu yerda baxtiyor edi. Lekin bir yil oldin u tasodifan o’ldirildi. Men va erim uning xotirasiga korpusning biror yerida yodgorlik barpo etmochimiz, - dedi ayol.
- Xonim, - dedi rektor qo’rs ohangda, - biz Garvardda o’qib, vafot etgan har bir kishi uchun haykal qo’ya olmaymiz. Agar shunday qilganimizda, bu yer qabristonga o’xshab qolgan bo’lar edi.
- Oh, yo’q, - dedi ayol va tezda tushuntirdi, - biz haykal qo’ymoqchi emasmiz. Garvard uchun yangi bino qurib bermoqchi edik.
Rektorning ensasi qota boshladi. U yana o’sha rangpar ayollar libosi va aftoda kostyumga nazar soldi va xitob qildi:
-Bino?! Bilasizmi, o’zi bino qurish uchun qancha kerak? Garvarddagi binolarimiz yeti yarim million dollardan ortiqroq turadi!
Ayol bir muddat sukut saqladi. Rektorning yuzida mamnuniyat alomatlari balqidi. Ehtimol, endi ulardan qutular. Shunda ayol eriga yuzlandi:
-Universitet qurish uchun bor yo’g’i shuncha pul kifoyami? Unda nega o’z universitetimizni qura qolmaymiz?
Eri boshini silkitdi.
Rektorning afti xijolatdan sulayib qoldi. Mister hamda missis Liland Stenford o’rinlaridan turib, chiqib ketishdi. Ular Palo Altoga, Kaliforniyaga safar uyushtirdilar va o’sha yerda Garvard qadriga yetmagan o’g’illari uchun yangi ilm dargohi – Stenford universitetiga asos soldilar.
OPPOQ QOG’OZ VA QORA DOG’
Professor darsxonaga kirib kelishi bilanoq talabalaridan ajoyib bir testga tayyorgarlik ko’rishlarini so’radi. Talabalar ozroq tashvishga tushgan holda test boshlanishini kutishar edi. Muallim har doimgidek test qog’ozini orqa o’girib taratib chiqdi. Talabalar test savollarini o’qish maqsadida qog’ozni o’girishdi. Qog’oz o’rtasida bitta qora nuqtadan boshqa hech qanday yozuv yo’q edi. Bundan ajablangan talabalar bir-birlariga hayron qarab qolishdi.
Professor talabalarning yuzida ajablanishni ko’rishi zahoti ularga: <>, dedi. Talabalar ikkilanish bilan tushunarsiz shartni bajarishni boshladilar. Darsning oxiriga kelib, professor barchadan qog’ozlarni yig’ib, har bir talabani yozgan javobini ular oldida ovoz chiqarib o’qiy boshladi.Talabalarning barchasi faqatgina qora nuqta, uning qog’oz o’rtasida joylashgani haqida yozgan, o’z fikrini bayon qilgan edilar.
Javoblar o’qib bo’lingach, oraga sukunat cho’mdi va biroz o’tib professor talabalarga :”Men bu javoblarga baho qo’ymoqchi emasman. Sizlarni mulohazaga chorlamoqchiman, xolos. Hech kim qog’ozning oq qismi haqida hech narsa yozmapti. Barcha diqqat e’tiborini faqatgina qora nuqtaga qaratibdi. Afsuski xuddi shu holat hayotimizda ham mavjud. Biz har doim insonlarning yomon odatlariga e’tibor beramiz, xuddi qog’ozdagi qora nuqta kabi. Aslida, qog’ozning oq joyi qora nuqtaga qaraganda ancha darajada ko’p. Tiriklik Xudo tarafidan bir-birimizga yordam berish, qayg’urish uchun berilgan sovg’a. Hayotimiz xursandchiliklarga, yaxshiliklarga, yaxshi insonlarga to’ladir. To’g’ri ana o’sha qora nuqtaga ham e’tibor qaratishimiz, uni to’g’irlashga yordam berishimiz lozim. Qora nuqta esa oq joylarga nisbatan juda ham kichkina, ko’rinmasdir”, dedi.
Do'stlaringiz bilan baham: |