20.3. O‘zbekistonda korporatsiyalar rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari
O‘zbekistonda davlat miqyosidagi korporativ tuzilmalar asosan sanoat tarmoqlarida, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning dastlabki yillaridan shakllana boshladi. Chunki ishlab chiqarish resurslarini yirik miqdorlarda jamlash, investitsiyalarni bir maqsad yo‘lida mujassamlashtirish (konsentratsiyalash), moliyaviy tavakkalchiliklarni chamalash va strategik qarorlar qabul qilish imkoniyatlari sanoatning yirik korxonalarida mavjud edi. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan asosiy maqsad ham samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalarini bozor iqtisodiyoti sharoitida, erkin tadbirkorlik va raqobat shartlariga ko‘ra unumli faoliyat yuritishga o‘tkazish edi. Bu islohotlar korporatsiyalarni shakllantirishning tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan dastlabki bosqichi hisoblanadi.
Kichik xususiylashtirish (1995-yillar)dan keyin, sanoat korxonalarini aksioner jamiyatlariga aylantirish boshlandi. Bu davr korporatsiyalarning asosiy tashkiliy-huquqiy ko‘rinishlari – aksionerlik kapitali asosida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalarning jadal rivojlanish davri bo‘ldi.
Sanoat majmuasining elektroenergetika, yoqilg‘i sanoati, qora metallurgiya, rangli metallurgiya, kimyo va neft kimyosi, mashinasozlik va metallga ishlov berish, qurilish sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, un-yorma va aralash yem sanoati va poligrafiya sanoatida dastlabki korporativ birliklar davlat va xususiy sektorning qo‘shma mulki ko‘rinishida tashkil etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda sanoatning 18 tarmog‘iga mansub 150 dan oshiq yirik korxonalar korporativ tuzilma sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularni quyidagicha tasniflash mumkin:
1. Davlat bosh aksioner sifatida faoliyat yuritayotgan korporativ tuzilmalar: «O‘zavtosanoat» DAK, «O‘zbekyengilsanoat» davlat uyushmasi, «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» AJ, «O‘zikkilamchiqorametall» AJ, «O‘zeltexsanoat» AJ, «Oziq-ovqat sanoat» davlat aksiyadorlik uyushmasi, «Yog‘moytamakisanoat» davlat aksiyadorlik uyushmasi, «O‘zgo‘shtsanoat» davlat aksiyadorlik uyushmasi, «O‘zdonmahsulot» davlat aksiyadorlik korporatsiyasi, «O‘zmevasabzavotuzumsanoat» davlat aksiyadorlik uyushmasi, «O‘zbaliq» davlat aksiyadorlik korporatsiyasi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» DAK, «O‘zbekiston temiryo‘llari» DAK, «O‘zavtoyo‘l» DUK, «O‘zbekneftgaz» xolding kompaniyasi, «Sharq» nashriyot-matbaa kompaniyasi, «Sho‘rtangaz» DUK, «Sho‘rtan» kimyo majmuasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi.
2. Davlat tashabbusi bilan va xususiy kapital faolligi natijasida tashkil topgan korporativ tuzilmalar: Kimyo va neft sanoatida «Elektrokimyosanoat» AJ, Farg‘ona «Azot» ishlab chiqarish birlashmasi, Olmaliq «Ammofos» AJ, «Navoiyazot» AJ, «Toshkent lok-bo‘yoq zavodi» AJ, yengil sanoatda «O‘zbek ipagi» uyushmasi hamda «O‘zbekcharmpoyabzal» uyushmasi kabilar.
3. Dunyoning yirik korporatsiyalari bilan hamkorlikda tashkil topgan korporativ tuzilmalar. Bunga misol qilib «Jeneral motorz» bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan «Jeneral motorz – O‘zbekiston» avtomobil zavodini, «MAN» bilan hamkorlikdagi «Samavto» korxonasini, shuningdek, mamlakatimizda dunyoda kimyo mahsulotlari ishlab chiqaradigan yirik korporatsiyalardan biri hisoblangan «MAXAM-CORP International S.L.» bilan «O‘zkimyosanoat» davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan «Maksam-Chirchiq» aksionerlik jamiyatini ko‘rsatish mumkin.
Hozirda «Maksam-Chirchiq» kompaniyasi tarkibida 11 ta yirik sanoat korxonasi, 13 ta mintaqaviy taqsimot kompaniyalari, loyiha va ilmiy tadqiqot institutlari, transport-ekspeditsiya kompaniyasi hamda 3 ta qo‘shma korxona faoliyat olib boradi. O‘zbekiston kimyo sanoatining giganti hisoblangan bu korporatsiya tomonidan 40 dan oshiq turdagi kimyo mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot MDH davlatlari, Birlashgan Arab Amirliklari, Avstraliya, Eron, Turkiya, Malayziyaga eksport qilinadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda korporatsiyalar tuzilmalarini rivojlantirishda xorijiy tajribadan unumli foydalanilmoqda. Bunda avvalo, xorijiy kompaniyalarning mamlakatimizdagi faoliyatiga shart-sharoit yaratish, ular ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etish, ularning korporativ boshqaruv tajribalarini qo‘llash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda OOO «Aral Sea Operating Company», OOO «Mingbulakneft», OOO «UZ-KOR GAS CHEMICAL», OOO «UZ-Ecoprotect», OOO «UZ-Prista» kabi yirik qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda dunyoning turli mintaqalarida samarali faoliyat olib borayotgan nufuzli korporatsiyalardan «GATEWAY VENTURES FZE» (BAA), «Initec Energia S.A» (Ispaniya), «Kingdream Public Limited» (Xitoy), «Les Laboratoires Servier» LLC (Fransiya), «Oberthur Technologies» (Fransiya), «PDL (M) SDN.BHD» (Malayziya), «PetroChina International» Co.Ltd. (Xitoy), CATG OOO «Agrostroy Engeneering», General electric Inc., Korean EXIM BANK, OOO «KAMAZ AVTOPROM», OOO «EURO TECH ENGINEERING», «Sasol Synfuels International (Pty) Limited» (Janubiy Afrika), «United Commodities DMCC (BAA)», «CNPC Silk Road Group» (Xitoy), OOO «Roedl und Partner», Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom Korporatsiyasi, Texnologiya va taraqqiyot bo‘yicha Xitoy neft Korporatsiyasi (CPTDC), «Korea Gas Corporation» (KOGAS), «Rio Tinto Mining and Exploration Limited» (Velikobritaniya), «Scatra Limited», «China General Technology (group) Holding Ltd» (Xitoy), OAO «Nijfarm», OOO «CASPIAN INTERNATIONAL LOGISTICS», OOO «Nokia – Siemens Networks Tashkent», OOO «Raad Kadiba», yirik korporatsiyalarning vakolatxonalari «Medexport Italy» (Italiya), «Technology Management Company» (AQSH), «Western Union» (Avstriya), «Xalqaro Moliya Korporatsiyasi», «Gazprom EP Interneshnl Servisiz B.V.», ZAO «Gazprom zarubejneftegaz» (Rossiya), «CHINA PETROLEUM PIPELINE BUREAU» (Xitoy), «Globeks LLP» (Germaniya), «Iris Telecommunications and Engineering Services Company» (Turkiya), «KNOC ARAL LTD», «Korea National Oil Corporation» (Koreya), «Samsung Electronics Co. Ltd» (Koreya), «Toyota Tshusho Corporation» (Yaponiya), «TransMashXolding» (Rossiya) faoliyat olib borayapti. Bu jarayon O‘zbekistonda korporatsiyalar rivojlanishi uchun institutsional asoslarning kengayib borayotganini bildiradi.
O‘zbekistonda korporatsiyalarning faoliyatlari «Korxonalar to‘g‘risida»gi, O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26- aprelda qabul qilingan «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, 2014-yil 18-fevralda qabul qilingan «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida (yangi tahriri)»gi qonunlari orqali tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |