Qisqacha xulosalar
1. Korporatsiya rivojlangan yirik aksiyadorlik jamiyati, biror-bir faoliyat uchun uyushgan huquqiy va jismoniy shaxslar majmuyi hisoblanadi. Korporativ boshqaruv tizimi kompaniyalar egalarining boshqaruv menejerlari bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga solishni, manfaatli tomonlar hisoblangan kompaniya aksionerlari maqsadlarini muvofiqlashtirishni, kompaniyaning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
2. Korporatsiyalar aksariyat hollarda monopol mavqeda yoki shunga yaqin mavqeda bo‘lganligi sababli korporativ manfaat xarajatlarni kamaytirib, mehnat unumdorligini oshirish hisobiga emas, balki ishlab chiqarish hajmini barqaror darajada saqlab turish, barqaror narxlar, agar talabning oshishi kuzatilsa, unga mos shaklda narxlarning sekin va barqaror o‘sishini ta’minlash orqali ro‘yobga chiqadi.
3. Korporatsiyalarning milliy iqtisodiyot rivojlanishida tutgan o‘rni korporativ iqtisodiy tartibga solishda namoyon bo‘ladi. Korporativ iqtisodiy tartibga solish yirik korporatsiyalarning jamiyat resurslarini taqsimlashdagi va turli mutanosib nisbatlarning shakllanishidagi ishtirokini anglatadi. Korporativ iqtisodiy tartibga solish bozor mexanizmi va ma’muriy-iyerarxik tamoyillar orqali tartibga solishning zamonaviy ko‘rinishi hisoblanadi.
4. Har qanday milliy iqtisodiyot jahon xo‘jaligida raqobatbardosh bo‘lishi uchun yirik korporatsiyalarga ega bo‘lishi lozim. Chunki milliy iqtisodiyotning jahon bozori segmentlaridagi mavqeyini turli tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatayotgan moliyaviy, ishlab chiqarish, ilmiy-texnik, texnologik va innovatsion salohiyati yuqori korporatsiyalar ta’minlab beradi.
5. Korporatsiyalar bozor iqtisodiyotining natijasi, mahsuli hisoblanadi. Savdo kapitalining o‘sib, rivojlanib sanoat kapitaliga aylangani qonuniyat bo‘lganidek, ishlab chiqarishning mayda va kichik birliklari yiriklashib, tashkiliy, huquqiy, moliyaviy, texnik va texnologik jihatdan, shuningdek, institutsional tomondan qudratli korporatsiyalarga aylanishi ham bir qonuniyatdir.
6. Korporativ boshqaruv modellari ichida anglo-amerika modeli, nemis modeli, yapon modeli hamda oila modeli alohida ajralib turadi. Shu bilan birga, iqtisodiy jihatdan juda samarali bo‘lgan korporatsiyalar yapon korporatsiyalari hisoblanadi.
7. Korporatsiyalarning keng tarqalgan turlaridan biri – bu moliya-sanoat guruhlaridir. Moliya-sanoat guruhi – bu shunday birlashuvki, unda bir tomondan, pul mablag‘lariga ega bo‘lgan tashkilotlar – banklar, moliyaviy va investitsion jamg‘armalar, ikkinchi tomondan, moliyaviy mablag‘larga ehtiyojmand korxona va tashkilotlar ishtirok etadi. Moliya-sanoat guruhiga sanoat, savdo, transport va kredit tashkilotlari a’zo bo‘lishi mumkin.
8. Korporatsiyalarning yirik turi transmilliy kompaniyalar hisoblanadi. Bu kompaniyalar bir nechta davlatlarda ishlab chiqarish korxonalariga egadirlar. Transmilliy kompaniyalar bugungi kunda dunyo sanoat mahsulotining qariyb 50 foizini ta’minlab beradi. Dunyo savdosining 70 foizi TMKlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Buning 40 foizi ularning o‘zlari o‘rtasidagi savdo aylanmasidir.
9. O‘zbekistonda davlat miqyosidagi korporativ tuzilmalar asosan sanoat tarmoqlarida, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning dastlabki yillaridan shakllana boshladi. Bu islohotlar korporatsiyalarni shakllantirishning tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan dastlabki bosqichi hisoblanadi.
10. Bugungi kunda mamlakatimizda sanoatning 18 tarmog‘ida 150 dan oshiq yirik korxonalar korporativ tuzilma sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
11. O‘zbekistonda korporatsiyalar tuzilmalarini rivojlantirishda xorijiy tajribadan ham unumli foydalanilmoqda. Bunda avvalo, xorijiy kompaniyalarning mamlakatimizdagi faoliyatiga shart-sharoit yaratish, ular ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil etish, ularning korporativ boshqaruv tajribalarini qo‘llash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |