20-mAVZU. O‘ZBEKISTON IQTISODIYoTIDA KORPORATSIYaLAR
rEJA:
20.1. Korporatsiyalarning mohiyati va milliy iqtisodiyot rivojlanishida tutgan o‘rni
20.2.Bozor iqtisodiyotining korporativ modeli, korporativ boshqaruv va korporatsiyalarning ko‘rinishlari
20.3. O‘zbekistonda korporatsiyalar rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari
Korporatsiya lotinchadan corporatio – «birlashma», «uyushma», «hamjamiyat» degan ma’nolarni anglatadi. Korporatsiya rivojlangan yirik aksiyadorlik jamiyati, biror-bir faoliyat uchun uyushgan huquqiy va jismoniy shaxslar majmuasi hisoblanadi. Korporatsiya davlatga tegishli yoki xususiy bo‘lishi ham mumkin. Korporatsiyalarning ustun tomonlaridan biri boshqaruvning sodda va moslashuvchanligi, xarajatlarni kamaytirish imkoniyatlarini qidirishning qulayligidir.
Korporatsiyalarning kompaniyalar guruhidan farqi shuki, kompaniyalar guruhi bir tarmoqda umumiy muammolarni, ya’ni o‘z resurslarini murakkab texnikani, yuqori texnologik asbob-uskunalarni yaratish va ishlab chiqarishda qo‘llash maqsadlarida birlashtiradi, umumiy manfaatlarni xorijiy raqobatchilar oldida himoya qilishda kuchlarni birlashtiradi, o‘zlariga qulay qonunlar ishlab chiqishda birgalikda harakat qiladi. Korporatsiyalar esa turli tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatadi.
Korporatsiyalar korporativ huquqda turlicha talqin qilinsa-da, uning umumiy to‘rtta belgisini ajratib ko‘rsatish mumkin.
– yuridik shaxsligi;
– cheklangan mas’uliyatning mavjudligi;
– aksiyalarning bozorda erkin sotilishi;
– direktorlar kengashi tomonidan markazlashgan boshqaruvning joriy etilganligi.
Korporativ boshqaruv tizimi kompaniyalar egalarining boshqaruv menejerlari bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga solishni, manfaatli tomonlar hisoblangan kompaniya aksionerlari maqsadlarini muvofiqlashtirishni, kompaniyaning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
Korporativ manfaat, sodda tushunganda, bu foydani yuqori darajaga olib chiqishdan manfaatdorlik hisoblanadi. U korporatsiyaga kiruvchi firma, kompaniya, tashkilotlar uchun umumiy manfaat hisoblanadi. Bu manfaat birgalikda tovar va xizmatlar bozoriga kirib borish, unda o‘z o‘rnini topib, mavqeyini borgan sari mustahkamlash, foydani barqarorlashtirish va mahsulot sifatini yaxshilash orqali ta’minlanadi. Biroq erkin raqobat sharoitida korporativ manfaatlarning iste’molchilar manfaatlari bilan to‘qnashishi narxlarning shakllanishida qayishqoq yondashishni taqozo qiladi. Chunki iste’molchi tomonidan bildirilayotgan xohish-istaklar tovar va xizmatlar narxini muvozanatlashgan narx darajasida ushlab turishni taqozo etadi.
Korporatsiyalar aksariyat hollarda monopol mavqeda yoki shunga yaqin mavqeda bo‘lganligi sababli korporativ manfaat xarajatlarni kamaytirib, mehnat unumdorligini oshirish hisobiga emas, balki ishlab chiqarish hajmini barqaror darajada saqlab turish, barqaror narxlar, agar talabning oshishi kuzatilsa, unga mos shaklda narxlarning sekin va barqaror o‘sishini ta’minlash orqali ro‘yobga chiqadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida rivojlangan davlatlarda korporativ manfaatlarni ro‘yobga chiqarishda davlat o‘zining monopoliyaga qarshi siyosati orqali korporatsiyalarni raqobat kurashida faol qatnashishga undaydi, monopol narxlarni tartibga solishda ishtirok etadi.
Korporatsiyalarning milliy iqtisodiyot rivojlanishida tutgan o‘rni korporativ iqtisodiy tartibga solishda namoyon bo‘ladi. Korporativ iqtisodiy tartibga solish yirik korporatsiyalarning jamiyat resurslarini taqsimlashdagi va turli mutanosib nisbatlarning shakllanishidagi ishtirokini anglatadi. Korporativ iqtisodiy tartibga solish bozor mexanizmi va ma’muriy-iyerarxik tamoyillar orqali tartibga solishning zamonaviy ko‘rinishi hisoblanadi.
Sanoatlashgan mamlakatlarda korporativ iqtisodiy tartibga solishning asosiy agentlari ko‘ptarmoqli majmualar, tarmoqlangan konglomeratlar, moliya-sanoat guruhlari hisoblanadi. Ular zamonaviy sanoatning yuqori texnologik va ilm sig‘imi katta bo‘lgan tuzilmasini shakllantirishga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodiyotdagi nisbatlar va mutanosibliklarning shakllanishiga hamda xo‘jalik aloqalarini tartibga solishda kompaniyalarning turli hamkorlik ko‘rinishlari ta’sir ko‘rsatadi. Bular firmalararo ittifoqlar va strategik alyanslardir. Ular bir-biri bilan ilmiy-texnik, texnologik, tashkiliy-innovatsion, axborot va infratuzilma ta’minoti sohalarida kooperatsiya aloqalariga ega.
Xalqaro iqtisodiy aloqalardagi korporativ tartibga solish transmilliy korporatsiya doirasidagi murakkab firmalarini tartibga solish tizimi shaklida namoyon bo‘ladi. Har xil mamlakatlarning firmalari o‘rtasidagi aloqalar esa turli ko‘rinishdagi xalqaro bitimlar va kelishuvlar shaklida, qo‘shma korxonalar tashkil etish, kapitalda o‘z ulushiga ega bo‘lish, ishlab chiqarishdagi ixtisoslashuv va kooperatsiya, bozorlarni taqsimlab olish, ta’sir doirasi va narx belgilashdagi yetakchilik bo‘yicha kelishuvlarda aks etadi.
Ayrim hollarda, korporativ tartibga solishda bozorning alohida bir ishtirokchisining manfaatlari va umummilliy manfaatlar o‘zaro muvofiq kelmay qolishi ham mumkin. Bunda iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ta’sirchan vositalari va dastaklaridan foydalaniladi.
Jahon tajribasidan ma’lumki, har qanday milliy iqtisodiyot jahon xo‘jaligida raqobatbardosh bo‘lishi uchun yirik korporatsiyalarga ega bo‘lishi lozim. Chunki milliy iqtisodiyotning jahon bozori segmentlaridagi mavqeyini turli tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatayotgan moliyaviy, ishlab chiqarish, ilmiy-texnik, texnologik va innovatsion salohiyati yuqori korxonalar ta’minlab beradi. Bu korxonalarning o‘sib, keyinchalik transmilliy maqomga ega bo‘lishiga ko‘mak berish, korporativ menejmentni rivojlantirish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |