Ayblovchi va oqlovchi dalillar. Dalillarni ayblovchi va oqlovchilarga bo‘linishi olingan ma’lumotlar va aniqlangan dalillarning mazmuniga bog‘liq.
Ayblanuvchining aybini tasdiqlovchi, uning javobgarligini og‘irlashtiruvchi dalillar ayblovchi dalillar deb ataladi. Bunday dalillarga ayblovga asos bo‘lgan dalillar yoki ayblanuvchining javobgarligini og‘irlashtiruvchi holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiradi.
Oqlovchi dalillar – bu ayblovni inkor qiluvchi, ayblanuvchining aybsizligini tasdiqlovchi, ayblanuvchining javobgarligini yengillashtiruvchi holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek ayblanuvchiga qo‘yilgan ayblovni shubha ostiga oluvchi dalillardir.
Dalillarni ayblovchi va oqlovchi dalillarga bo‘lish shartli xususiyatga ega, chunki bir dalil ish yuritish davomida o‘z xususiyatini o‘zgartirishi va ish yuritish davomida ayblovchi dalillar oqlovchi dalillarga aylanishi ham mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud har bir jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchini ayblovchi dalillarnigina emas, uni oqlovchi dalillarni ham, shuningdek uning javobgarligini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni ham aniqlashni shart qilib qo‘ygan. Amaliyotda ayblanuvchini fosh qiladigan dalillarni to‘plashga ahamiyat beriladi-yu, oqlovchi dalillarni to‘plashga yetarli ahamiyat berilmaydi. Buni esa qonuniylikni buzish, ishni biryoqlama hal qilish deb baholash lozim.
Dastlabki tergov bosqichidagi tortishuv jinoyat-protsessual funksiyalar taqsimlanishi prinsipini bosqichma-bosqich tatbiq etishni, ya’ni isbotlash jarayonida protsessual imkoniyatlar tengligini taminlashni nazarda tutadi.
Qonunga ko‘ra, dastlabki tergovdagi ayblov va himoya funksiyalari prokuror va tergovchining vakolatlarida jamlangan bo‘lib, ular ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni, shu jumladan ayblanuvchini ham fosh etadigan, ham oqlaydigan holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqishlari kerak. Hozirgi zamon jinoyat protsessida ayblovchi va oqlovchi dalillarni topish vazifalari bir-biridan qat’iy tarzda ajratilishining tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil etadi.
Oqlovchi dalillar orasida ayblanuvchining alibisi alohida o‘rin tutadi. Ishonchli isbot qilingan alibi shaxsni jinoyat sodir etganlikda ayblash imkoniyatlarini yo‘qqa chiqaradi, shuning uchun u har tomonlama tekshirilishi lozim.
Tekshirilgan va baholangan ayblovchi va oqlovchi dalillar o‘ta muhim protsessual hujjatlar – ayblov xulosasi (JPKning 379-moddasi) va hukmda (JPKning 463-,464-moddalari) o‘z aksini topadi. Sud ayblov hukmini chiqarishda sudlanuvchining aybini isbot qiluvchi ishonchli ayblovchi dalillarga asoslangani va oqlovchi dalillar nima sababdan rad etilganini; oqlov hukmini chiqarishda esa oqlovchi dalillarga asoslangani va ayblov xulosasida keltirilgan holatlarning rad etish sabablarini aniq ko‘rsatishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |