5.4. Dalillarning xususiyatlari
Jinoyat protsessida dalil va isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar eng muhim masalalardan hisoblanib, jinoyatni ochish, ayblanuvchini fosh etish, jazoni muqarrarligini taminlashda muhim ahamiyatga ega. Dalillarning quyidagi xususiyatlari mavjud: faqat haqiqiy ma’lumotlar dalil hisoblanadi; ular qonunda belgilangan manbalardan olingan bo‘lishi shart; ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan holatlar haqidagi ma’lumotlarga asoslanishi lozim; haqiqiy ma’lumotlar isbotlash predmetiga aloqador bo‘lishi shart. Dalillarning birinchi xususiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, haqiqiy ma’lumotlar ikki qismga bo‘linadi: faktlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar; daliliy faktlar.
Faktlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar deganda, ishonchliligini tekshirish zarur bo‘lgan jinoyat ishi holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tushuniladi.
Daliliy faktlar deganda esa ishonchliligi shubha tug‘dirmaydigan, tekshirilgan ma’lumotlar tushuniladi. Masalan, guvohning gumon qilinuvchini jinoyat sodir etilgan joyga yaqinroq yerda ko‘rganligi to‘g‘risidagi ko‘rsatuvi fakt to‘g‘risidagi ma’lumot bo‘lib, u albatta tekshirilishi lozim.
Dalillarning ikkinchi xususiyati – dalillar faqat belgilangan manbalardan olinishi lozimligidir. Jinoyat-protsessual kodeksining 81-moddasida belgilanganidek, bular gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, jabrlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlardir.
Agar ma’lumotlar boshqa manbalardan olingan bo‘lsa, bu ma’lumotlar ish bo‘yicha dalil bo‘la olmaydi.
Ayrim xorijiy mamlakatlarda jinoyatlarni ochishda boshqa noan’anaviy usullardan ham foydalaniladi. Bular gipnoz ostida so‘roq qilish, poligraf – yolg‘on detektoridan foydalanish va ekstrasensorikaga murojaat qilish kabi usullardir. Bu ma’lumotlar daliliy ahamiyatga ega bo‘lmasa ham, ular tezkor-qidiruv faoliyatiga ko‘maklashishi, ya’ni unga to‘g‘ri yo‘nalish olishda yordam berishi mumkin, shuning uchun bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish, ashyoviy dalillarni izlashda parapsixologiya usullariga murojaat qilinishi foydadan xoli emas. Dalillarning uchinchi belgisi - jinoyat ishi bo‘yicha ahamiyatga ega bo‘lgan haqiqiy ma’lumotlar qonun bilan belgilangan tartibda qo‘lga kiritilishi lozim. Haqiqiy ma’lumotlar qonuniy manbalardan olinib, lekin qonunda belgilangan tartibga rioya qilinmagan bo‘lsa, bu dalillarning ishonchliligi yuzasidan shubha tug‘iladi. Masalan, tergovchi tintuv yoki olib qo‘yish tergov harakatini xolislarning ishtirokisiz amalga oshirilgan bo‘lsa, olingan ma’lumotlar daliliy ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Shuningdek, tergovchining so‘roq qilish davomida ishora qiluvchi savollar berishi, g‘ayriqonuniy usullar qo‘llashi ham salbiy natijaga olib keladi.
Dalillarning to‘rtinchi xususiyati – haqiqiy ma’lumotlar isbotlash predmetiga aloqador bo‘lishi lozim. Aloqadorlik dalillarning mazmunini ifodalaydi. «Aloqadorlik – dalillarning yuridik xususiyatini emas, balki obyektiv xususiyatini tashkil qiladi.
Jinoyat protsessida dalil sifatida quyidagilar e’tirof etiladi: haqiqiy ma’lumotlar, ya’ni sodir etilgan jinoyat ishi to‘g‘risidagi axborotlar; ijtimoiy xavfning mavjud yoki mavjud emasligi, ushbu harakatlarni sodir etgan shaxsning aybini aniqlashga yordam beruvchi va jinoyat ishini to‘g‘ri hal qilinishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi haqiqiy ma’lumotlar; guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspertning xulosalari, ashyoviy dalillar, ovozli va video yozuvlar, kinotasvir hamda fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar bilan aniqlanadigan haqiqiy ma’lumotlar; qonunda ko‘rsatilgan tartibda to‘plangan haqiqiy ma’lumotlar; isbotlash subyektlarining ichki ishonchi bo‘yicha tekshirilgan va baholangan haqiqiy ma’lumotlar.
Haqiqiy ma’lumotlar va ularning manbalari o‘zaro bog‘liqlikda bo‘lib, ularning birlashuvi dalilning vujudga kelishiga asos bo‘ladi. Isbotlash doirasi isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni isbot qilish uchun zarur bo‘lgan dalillar yig‘indisidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |