5.2. Isbot qilish predmeti
Isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarning aniq belgilanishi tergov va sud organlari faoliyatining maqsadini, jinoyat ishi holatlarining to‘la, har tomonlama va xolisona tekshirilishini ta’minlaydi.
Protsessual jihatdan isbotlash predmeti – bu jinoyat ishi bo‘yicha ahamiyatli va barcha aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar yig‘indisidir.
Isbotlash predmetiga chambarchas bog‘liq bo‘lgan isbotlash doirasi esa isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar, dalillar va ularning manbalarining hajmi, chegarasini belgilaydi. Isbotlash doirasi isbotlash predmetining har bir elementi aniqlanishini taminlash uchun biron-bir aniq harakatning chegaralarini belgilab beradi. Isbot qilishning asosiy vazifasi isbotlash predmetiga kiruvchi zarur bo‘lgan barcha holatlarni aniqlashdir. Subyektlar tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlarning to‘liq, har tomonlama va xolisona aniqlanishi ish bo‘yicha haqiqatni o‘rnatishga, jinoyatni to‘g‘ri tasniflashga, jazoning muqarrarligi va jinoyat ishi bo‘yicha qonuniy, adolatli, asoslangan hukm chiqarilishiga xizmat qiladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasida isbotlash predmetiga quyidagi isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar kiritilgan: jinoyat obyekti: jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonning xususiyati va miqdori, jabrlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar; sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek jinoyat kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan boshqa holatlari; qilmish va ro‘y bergan ijtimoiy xavfli oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish; jinoyatning ushbu shaxs tomonidan sodir etilganligi; jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd bilan yoxud beparvolik yoki o‘z-o‘ziga ishonish oqibatida sodir etilganligi, jinoyatning sabablari va maqsadlari; ayblanuvchi, sudlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar. Isbotlash jarayonida jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek Jinoyat kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan boshqa holatlar, qilmish va ularning ijtimoiy xavfli oqibatlari o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishni o‘rganish muhim o‘rin egallaydi. Bu holatlarning aniqlanishi orqali jinoyatning qachon, qayerda, qanday usullar orqali hamda qanday sharoitlarda sodir etilgani va ulardan kelib chiqqan oqibatlar o‘rtasida qanday sababiy bog‘lanish borligi kabi masalalar hal qilinadi. Bu holatlarni aniqlash surishtiruvchi, tergovchidan katta mas’uliyat talab etadi. Chunki ayrim holatlar asosiy fakt bo‘lmasa ham, jinoyatning ochilishida yordamchi dalil bo‘lib xizmat qiladi. Ba’zi jinoyatlar bo‘yicha vaqtni aniqlashda esa kun yoki haftaning aniqlanishi ham yetarli bo‘ladi. Ammo har qanday vaziyatda jinoyat sodir etilgan vaqt, joy, usul, harakatlar va ularning oqibatlari o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish holatlari to‘la, har tomonlama, xolisona aniqlanishi shart, aks holda dastlabki tergovning to‘liqsiz yoki bir yoqlama o‘tkazilishi holati yuzaga keladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasi 3-bandida jinoyatning muayyan shaxs tomonidan sodir etilganligi jinoyat hodisasining isbotlanishi lozim bo‘lgan holati sifatida ta’riflanadi. Jinoyat aynan muayyan shaxs tomonidan sodir etilganligini isbotlash uchun uning ma’lum yoshga to‘lganligi, aqli rasoligi, jinoyat aynan shu shaxs tomonidan sodir etilganligi, ayrim jinoyatlarda maxsus subyekt bor yoki yo‘qligini ham aniqlash zarur. Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasi 4-bandida ko‘rsatilgan jinoyatning subyektiv tomonlarini, uning sabab va maqsadlarini aniq belgilash jinoyatni to‘g‘ri malakalash, shaxsning ayblilik darajasini hisobga olgan holda adolatli jazo tayinlashning zaruriy shartidir. Jinoyatning subyektiv tomonini aniqlash sud-tergov amaliyotida ma’lum qiyinchiliklar tug‘diradi, shuning uchun jinoyatning ijtimoiy xavfli tomonlari, maqsad va motivlarini chuqur o‘rganish lozim. Jinoyatning maqsadi, motivi va sodir etish asoslarini yetarlicha tadqiq etmaslik jinoyatni malakalashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilishiga, shaxsning sodir etmagan qilmishi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi. Jinoyatning sabablari va maqsadlarini aniqlanishi keyinchalik shu jinoyatning qayta sodir etilishini oldini olish imkoniyati beradi. Ayblanuvchi, sudlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar isbot qilinishi zarurligi Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasi 5-bandida belgilangan. Ayblanuvchi, sudlanuvchining shaxsini tavsiflashda og‘irlashtiruvchi hamda yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinadi. Tergovchi ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan vaqti (yili, oyi, kuni) va joyi, yashash va ish joyi, mansabi, mashg‘ulot turi, ma’lumoti, oilaviy ahvoli, sudlanganligi yoki sudlanmaganligini aniqlaydi. Shuningdek, shaxsning ilgarigi faoliyati natijasidagi imtiyozlari, mehnatga, jamiyatda tutgan o‘rni, oilasining moddiy holati, ish staji, sog‘lig‘i, oldingi ish joylarida qanday ishlaganligi, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi e’tiborga olinib, ular boshqa isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar bilan uzviy bog‘liqlikda ko‘rib chiqiladi. Ya’ni bu holatlar aniqlanayotganda shu jinoyatni sodir etishga undagan sharoitlar, sabablar ham aniqlanadi. Demak, isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bir holatning aniqlanishi ikkinchisini topishga yordam beradi. Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasida nazarda tutilgan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar barcha turdagi jinoyatlarga taalluqlidir. Lekin alohida toifadagi ishlarni yuritishda qo‘shimcha holatlar ham aniqlanadi. Dastlabki tergov harakatlari va sud muhokamasi davrida voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritishda Jinoyat-protsessual kodeksining 82-84-moddalarida ko‘rsatilgan holatlardan tashqari voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan bir qator o‘ziga xos boshqa holatlar ham isbotlanishi lozim. Bu toifadagi ishlarda voyaga yetmagan ayblanuvchining aniq yoshi (tug‘ilgan yili, oyi, kuni), voyaga yetmaganning shaxsiga xos xususiyatlar va uning salomatligi holati; uning turmush va tarbiyalanish sharoitlari; katta yoshli dalolatchilar va boshqa ishtirokchilarning bor yoki yo‘qligi aniqlanadi. Shaxsning aqli rasoligini belgilash ham isbotlash lozim bo‘lgan muhim holatlardan biridir. Jinoyat-protsessual kodeksining 566-moddasida aqli noraso shaxs tomonidan sodir qilingan ijtimoiy xavfli qilmish yuzasidan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksi 82-moddasining 1-,2-,5-bandlarida nazarda tutilgan holatlar; shaxs, qilmish sodir etgan vaqtida surunkali ruhiy kasal ekanligi, ruhiyati vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoki boshqa kasalligi, shuning oqibatida uning aqli noraso bo‘lganligi, ya’ni o‘z harakatlarini idrok eta olmaganligi; mazkur shaxsning dastlabki tergov va sud muhokamasi vaqtidagi ruhiy holati aniqlanishi lozim. Shu bilan birgalikda jinoyat sodir etganidan so‘ng ruhiy kasallikka chalingan shaxsning ishi bo‘yicha uning bundan keyingi harakatlari o‘zi va atrofdagilar uchun xavf tug‘dirishi mumkinmi yoki yo‘qligi, davolanishga muhtojligi, unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishiga zarurat bor yoki yo‘qligini ham isbotlash lozim. Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarning har biri jinoyat ishlarini ochish uchun umumiy ravishda zarur bo‘lgan holatlar yig‘indisidir. Bu holatlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, isbotlash jarayoni davomida bir-birini to‘ldirib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |