11.3. Sudning jinoyat sabablarini va uning sodir
etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni
bartaraf qilish faoliyati
Jinoyat-protsessual kodeksining 298-moddasi sud zimmasiga jinoyat ishini ko‘rish jarayonida jinoyatning sabablari va uning sodir etilishga imkon bergan shart-sharoitlar aniqlangandan keyin sud xususiy ajrim chiqarib, unda tegishli davlat organlaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, jamoat birlashmalaridan, jamoalardan yoki mansabdor shaxslardan ana shu sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish majburiyatini yuklaydi.
Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish zaruriyati mavjud degan to‘xtamga kelsa, sud hukm chiqarish bilan bir vaqtda xususiy ajrim ham chiqaradi. Hukm kabi xususiy ajrim ham sud tomonidan maslahatxonada chiqariladi.
Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risidagi ajrim sudda aniqlangan ma’lumotlar asosida qabul qilinadi hamda u dastlabki tergov davrida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan kiritilgan taqdimnomaga bog‘liq emas.
Sud xususiy ajrimda tegishli davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari yoki mansabdor shaxslardan jinoyatning sodir etilishiga sabab bo‘lgan va shart-sharoit yaratgan holatlarni bartaraf qilish choralarini ko‘rishni talab qiladi.
Amaliyotdan misol: Toshkent shahri qurilish kollejining voyaga yetmagan 1-kurs talabalari Tolmasov, Valiyev, Nodirovlar o‘g‘rlik jinoyatini sodir etadilar. Dastlabki tergovda jinoyatni sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan holatlar o‘rganilgan, lekin uni oldini olish chora-tadbirlari ko‘rilmagan. Sud muhokamasi bosqichida hukm bilan birga tuman xalq ta’limi bo‘limi nomiga xususiy ajrim chiqarilgan. Lekin xususiy ajrim umumiy tarzda yozilganligi uchun, sudga javob xati yo‘llanmagan.
Sudning xususiy ajrimi ham, Jinoyat-protsessual kodeksining 297-moddasidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning taqdimnomasi kabi asoslantirilgan bo‘lishi lozim. Unda asosiy e’tibor: a) jinoyatning sodir etilishiga sabab bo‘lgan holatlarga (ya’ni sud tomonidan aniqlangan dalillarga havola qilish); b) mazkur holatlarni bartaraf qilishda qanday aniq choralar ko‘rish kerakligi masalalariga qaratilishi lozim.
Xususiy ajrim sud majlisining zalida hukm e’lon qilinganidan keyin o‘qib eshittiriladi.
Xususiy ajrim tegishli organ yoki mansabdor shaxsga ijro etish uchun yuboriladi. Xususiy ajrimning talablarini bajarish Jinoyat-protsessual kodeksining 299-moddasiga muvofiq tegishli davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, jamoalar hamda mansabdor shaxslar uchun majburiydir.
Do'stlaringiz bilan baham: |