XI BOB. JINOYATLARNING OLDINI OLISH CHORALARI
(muallif –yuridik fanlar doktori F.Muxitdinov)
Annotatsiya: Talabalar uchun mazkur mavzu o‘rganilishi jinoyatlarning oldini olish choralari tushunchasi, turlari va huquqiy oqibatlari hamda jinoyatlarni oldini olishning protsessual vositalarini samarali o‘zlashtirishga imkon beradi.
11.1. Jinoyatlarning oldini olish choralari tushunchasi,
turlari va huquqiy asoslari
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
296-moddasi jinoyat ishlarini yuritishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari shart ekanligini belgilaydi. Zero har bir jinoyatning sodir etilishiga muayyan sabablar hamda muayyan shart-sharoitlar ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash majburiyati – surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan jinoyat sudlovida ishlarini yuritishda amalga oshiriladigan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Chunki, jinoyatning sodir etilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash:
birinchidan, uni sodir etgan shaxsning aybini isbot qilish faoliyatining yo‘nalishini belgilash;
ikkinchidan, jinoyat sodir etgan shaxsga qonuniy, asosli va adolatli jazo qo‘llash maqsadida, uning aybini ham og‘irlashtiruvchi, ham yengillashtiruvchi holatlarini aniqlash;
uchinchidan, kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish borasida profilaktik-huquqiy choralarni ko‘rish vazifasini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash deganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning ishning barcha holatlarini to‘liq va har tomonlama tekshirish, jinoyat sodir etgan shaxs(lar)ning aybini fosh qilish asosida uning sodir etilishiga olib kelgan sabablarni aniqlashga yo‘naltirilgan faoliyatlari tushunilishi lozim.
|
Ushbu faoliyatni amalga oshirishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat ishining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, turli protsessual usul va vositalardan foydalanadi. Masalan, jinoyat sodir etilgan joyni ko‘zdan kechirish, ekspertiza o‘tkazish, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirish, so‘roq qilish v.h.
11.2. Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish shakllari va bu jarayonda surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning faoliyati
Jinoyat-protsessual kodeksi jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash faoliyati jinoyat protsessining asosiy bosqichlari – dastlabki tergov va sud muhokamasi kabi ikki turga bo‘ladi:
dastlabki tergov bosqichida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan amalga oshiriladigan jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash faoliyati;
Do'stlaringiz bilan baham: |