12.3.Reabilitatsiya turlari
Jinoyat-protsessual qonuni reabilitatsiyani qo‘llash asoslarini ham kengaytirgan. Endi nafaqat qonunsiz sudlangan shaxslar, balki qonunga xilof ravishda ushlab turilgani, ehtiyot chorasi sifatida qonunga xilof ravishda qamoqda saqlangan yoki uy qamog‘iga joylashtirilgan, ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingani tufayli vazifasidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgan yoxud tibbiy muassasaga qonunga xilof ravishda joylashtirilgan shaxslar ham o‘zlariga sud, prokuratura, tergov va surishtiruv organlarining noqonuniy harakatlari tufayli yetkazilgan mulkiy zararni undirish hamda ma’naviy ziyon oqibatlarini bartaraf etilishini talab qilish huquqiga egalar (Jinoyat-protsessual kodeksining 301- va 303-moddalari).
Shu bilan birga, sud, prokuror va tergov organlarining noqonuniy majburlov choralarini qo‘llash tufayli shaxsga ziyon yetkazish holatiga yana uy-joyning egasi ixtiyoriga zid ravishda uy-joyda tintuv o‘tkazish hamda g‘ayriqonuniy ravishda shaxsiy tintuv o‘tkazish tufayli shaxsga nisbatan yetkazilgan mulkiy va ma’naviy ziyon bilan bog‘liq reabilitatsiyani qo‘shish mumkin.
Bunday reabilitatsiya asoslariga, shuningdek insonning tanasini ko‘zdan kechirish, ekspertiza o‘tkazish va qiyoslash uchun namunalar olish chog‘ida noqonuniy tarzda ko‘zdan kechirish va tekshirish kabi harakatlarni kiritishimiz mumkin.
Noqonuniy va asossiz ravishda jinoyat-protsessual majburlov choralarini qo‘llash oqibatida yetkazilgan ziyonni undirish – Fuqarolik kodeksining 991-moddasida ta’riflangan davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan fuqaroga yetkazilgan ziyonni undirish tushunchasiga asoslanadi. Demak, ushbu tushuncha nafaqat jinoyat-protsessual sudlov yurituviga, balki fuqaroviy-protsessual huquqiga ham taalluqlidir. Lekin mazkur ikki asoslar ham JPKning 37-bobida qayd etilgan normalarda birlashtirilgan.
Ammo bu holatlarning o‘zaro farqlovchi jihatlari mavjud bo‘lib, agar to‘liq reabilitatsiya qilishda shaxsga nisbatan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan qo‘yilgan barcha da’volar noqonuniy va asossiz ekanligi tufayli olib tashlansa (shaxsga nisbatan oqlov hukm qabul qilingan yoki jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi talablariga muvofiq tugatilgan bo‘lsa), noqonuniy va asossiz majburlov choralarini qo‘llash oqibatida fuqaroga yetkazilgan ziyonni undirish esa, ayblov hukmining qabul qilinishi yoki Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasiga binoan ayblilik to‘g‘risidagi masalani aniqlamay turib jinoyat ishini tugatish natijasida ham amalga oshirilishi mumkin.
Shu bilan birga, g‘ayriqonuniy va asossiz ravishda uy-joyda o‘tkazilgan tintuv yoki olib qo‘yish choralarini qo‘llash, guvohlantirish va ekspertiza o‘tkazish, pochta va telegraf yozishmalarini xatlab qo‘yish va so‘zlashuvlarni eshitish natijasida yetkazilgan ziyonni undirish ham mumkin. Bunday huquqqa nafaqat gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkum ega bo‘ladi, balki bevosita manfaatlari poymol etilgan shaxslar ega bo‘ladilar.
Shuningdek, reabilitatsiya qilishning yana bir shakli mavjud bo‘lib, u XX asrning 30-50-yillarida hamda 70-80-yillarda nohaq qatag‘on qilingan shaxslarni mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng reabilitatsiya qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning tashabbusi bilan boshlangan siyosiy-huquqiy jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Adabiyotlarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan siyosiy qatag‘onlarning ikki bosqichi haqida so‘z yuritiladi. Bular:
Do'stlaringiz bilan baham: |