3. Ayblov funksiyasi – bu jinoyat protsessi subyektlarining jinoyat sodir etgan shaxsni fosh etish, uning aybini, shuningdek jinoiy javobgarlikka oid boshqa holatlarni aniqlashga qaratilgan faoliyatidir. Mazkur funksiyani prokuror, jamoat ayblovchisi, jabrlanuvchi va uning vakillari amalga oshiradi. Ayblov funksiyasi aniq shaxsga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish, shaxsni jinoyat sodir etganligini fosh etish, jinoyat sodir etishga gumonni shakllantirish, ayblovni e’lon qilish, gumon qilinuvchi va ayblanuvchiga nisbatan protsessual majburlov choralarini qo‘llash, davlat ayblovini sudda qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘ladi. Ayblov funksiyasi Jinoyat-protsessual kodeksi bilan bir qatorda, 2001-yil 29-avgustdagi “Prokuratura to‘g‘risida” (yangi tahriri), 2011-yil 29-sentabrdagi “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida” hamda 2012-yil
25-dekabrdagi “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlari bilan ham tartibga solinadi.
4. Nazorat funksiyasi – bu prokuror va sud tomonidan jinoyat protsessi bosqichlarida qonuniylikka, protsess ishtirokchilarining huquq va manfaatlariga rioya etilishi ustidan amalga oshiriladigan nazorat yuzasidan faoliyat yo‘nalishidir. Hozirgi kunga kelib “Xabeas korpus” instituti rivojlanishi munosabati bilan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga (2008-yil) va uy qamog‘iga (2014-yil), lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini qo‘llashga (2012-yil), shuningdek murdani eksgumatsiya qilish va pochta-telegraf jo‘natmalarni xatlash kabi tergov harakatlarini o‘tkazishga (2017-yil) sanksiya berish huquqi prokurordan sudga o‘tkazilishi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, uning daxlsizligini himoya qilishda prinsipial qadam bo‘ldi.
Jinoyat protsessida asosiy bo‘lgan ayblov, himoya va odil sudlov funksiyalardan tashqari dastlabki tergov va yordamchi funksiyalar amal qiladi.
Dastlabki tergov funksiyasi – tergovchi, surishtiruvchi – o‘z vakolat doirasida (ayblov e’lon qilish va ayblanuvchi bilan bog‘liq bo‘lgan protsessual va tergov harakatlarini o‘tkazish bundan mustasno) tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha dalil to‘plash va ularni protsessual qayd qilish, to‘plangan dalillarni tekshirish va baholash orqali ayblovni shakllantirish, shaxsni ayblanuvchi sifatida jinoyat ishiga jalb qilish va dastlabki tergovni tamomlash bilan bog‘liq protsessual qarorlar qabul qilishdan iboratdir. Shu bilan birgalikda, dastlabki tergov funksiyasining ayblov funksiyasidan asosiy farqi shundaki, uning ustuvor vazifasi ayblovni shakllantirish emas, balki jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashdir. Ya’ni, haqiqatni aniqlash uchun dastlabki tergov funksiyasini amalga oshiruvchi subyektlar ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |