1. Odil sudlov funksiyasi – bu sudning ish bo‘yicha to‘plangan barcha dalillarni tekshirish hamda aniq shaxsning aybdor yoki aybsizligi to‘g‘risida, shuningdek unga tayinlanadigan jazo to‘g‘risida qaror qabul qilishga qaratilgan faoliyati (jinoyat ishini mazmunan hal qilish funksiyasi). O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov funksiyasini amalga oshirishi mumkin bo‘lgan yagona organ bu sud hisoblanadi. Odil sudlov funksiyasini amalga oshirish tartibi ham kuchaymoqda. Xususan, “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”ning sud-huquq sohasini isloh etish yo‘nalishida ko‘zda tutilgan o‘zgartirishlar asosida 2012-yil
18- sentabrdagi Qonun bilan sud jinoyat ishini qo‘zg‘atish huquqiga ega subyektlar doirasidan chiqarildi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 15-moddasi); Xabeas korpus instituti kengaytirildi; ayblov xulosasini sud emas, prokuror tomonidan o‘qib eshittirilishi belgilandi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 439-moddasi). Odil sudlov funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi bilan bir qatorda, 2000-yil
14-dekabrdagi “Sudlar to‘g‘risida” (yangi tahriri), 2010-yil 1-iyundagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida” va boshqa qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
2. Himoya funksiyasi – bu jinoyat protsessi subyektlarining ayblovni inkor etishga, shaxsning aybsizligini hamda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni aniqlashga qaratilgan faoliyatidir. Ushbu funksiya subyektlari – gumon qilinuvchi va ayblanuvchi (sudlanuvchi), ularning qonuniy vakillari, himoyachi va jamoat himoyachisi. Himoya funksiyasi quyidagilarda namoyon bo‘ladi: gumon va ayblov mohiyatiga nisbatan to‘liq e’tiroz bildirish; gumon va ayblovning alohida bandlariga nisbatan e’tiroz bildirish; qilmish malakasini (kvalifikatsiyasini) rad qilish; himoya ostida bo‘lgan shaxsning qilmishiga boshqacha huquqiy baho berish; javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarga e’tibor qaratish; ayblovni asoslantiruvchi dalillarning yetarli emasligini asoslash v.b. Himoya funksiyasi Jinoyat-protsessual kodeksi bilan bir qatorda, 1996-yil 27-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuni hamda 1998-yil 25-dekabrdagi “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlar bilan ham tartibga solinadi.
Ta’kidlash lozimki, Jinoyat-protsessual kodeksida so‘nggi yillarda himoya funksiyasini kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1999-yil 15-apreldagi Qonun bilan himoyachining huquqlari doirasi kengaytirilib, himoyachi endilikda ishni nazorat tartibida ko‘rish chog‘ida ham ishtirok etishga haqli bo‘ldi. 2003-yil 12-dekabrdagi Qonun bilan himoyachi jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tartibini qo‘llash bo‘yicha iltimosnoma bilan murojaat etish huquqiga ega bo‘ldi. 2008-yil 15-sentabrdagi Qonun bilan advokatning ishda ishtirok etishiga u advokatlik guvohnomasini ko‘rsatganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan keyin yo‘l qo‘yilishi tartibi joriy etildi. 2008-yil 31-dekabrdagi Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi “Guvohning advokati” deb nomlangan 661-modda bilan to‘ldirildi, himoyachining iltimosnomasiga ko‘ra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan mutaxassis tushuntirish berish uchun chaqirilishi mumkinligi belgilandi (69-modda), himoyachi vakolatlari kengaytirilib, u dalillar to‘plash huquqiga ega bo‘ldi.