Jinoyat ishi yurituvining detallashgan tartibga solinishi - har bir alohida protsessual harakatlar va ularning majmuini amalga oshirish tartibi va shartlari hamda qonunan o‘rnatilgan tartibda ularni olib borish jarayoni va natijalarini rasmiy qayd qilinishidir.
Amalga oshiriladigan protsessual harakatlar va qabul qilinadigan qarorlar izchilligi - jinoyat protsessining bosqichlardan o‘tish jarayonining o‘zi ham muayyan bosqichlarning umumiy shartlari, har qanday tergov yoki sud harakatining amalga oshirish tadrijiy izchilligi va tartibi qonun bilan o‘rnatilgan muayyan protsessual shaklga muvofiqdir.
Imperativlik – jinoyat protsessual munosabatlarni tartibga solishning jinoyat protsessi subyektlariga qat’iy talablar o‘rnatishda namoyon bo‘lib, ularga protsessual majburiyatlar yuklatiladiki, mazkur majburiyatlarni bajarmaslik protsessual majburlov choralarini qo‘llashga, jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarga yuklatilgan vazifalarni bajarmaslik esa tegishli huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Protsessual shaklning differensiativligi – jinoyat-protsessual qonunida jinoyat ishlari yurituvining differensiatsiyalashgan shakllarini ham mustahkamlanganligida ko‘rinadi. Masalan, yarashuv tartibida ish yuritish, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash, voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish, amnistiya aktini qo‘llash kabi institutlarning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi doirasida amal qilishi.
Protsessual kafolatlar – bu jinoyat protsessining vazifalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan qonun bilan tartibga solingan vositalardir. Umuman olganda, butun protsessual tartibning o‘zi: jinoyat protsessi prinsiplaridan to alohida tergov va sud harakatlari tartibga solinishining detali har bir jinoyat ishining qonuniyligi va asoslanganligini kafolatlaydi.
Jinoyat ishlari yurituvining qonuniyligi va asoslanganligini taminlashda muhim rolni protsessual kafolatlar bajaradi.
Protsessual kafolatlarning muhim qismini jinoyat protsessida ishtirok etuvchi shaxs huquq va qonuniy manfaatlarini taminlashning protsessual qonun bilan tartibga solingan vosita va usullari tashkil etadi.
Jinoyat protsessining ahamiyati shundan iboratki, qonun bilan o‘rnatilgan jinoyat ishini yuritish tartibi jinoyat protsessining vazifalarini taminlashga, jinoyat protsessining barcha ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishga, obyektiv haqiqatni aniqlashga va ish yuzasidan qonuniy va asoslantirilgan qarorlar qabul qilishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |